Vijdon uyg‘oq bo‘lsa…

2019-08-12T11:49:19+05:0018 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Plagiat, ko‘chirmachilik va oqibat” maqolasida Hurriyat» gazetasi, 2019 yil 19 iyun) jurnalist Bozor Ilyos al-AMIN juda dolzarb mavzuni qalamga olibdi.

Bozor akaning kuyinchaklik bilan yozgan maqolasini o‘qib, men ham boshimdan o‘tgan ba’zi voqealarni esladim. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari, aniqrog‘i, 1993 yili bir hajviyamni (buni menga 1968 yili tanishim Rahmatulla aka Tashanov aytib bergan edi) «Zarafshon» gazetasiga olib bordim.

– Ikki-uch oy kutasiz, – dedi bo‘lim mudiri Isa Abdurahmon, bir dasta qog‘ozga ishora qilib. – Ikkita qissa, oltita hikoya bor. Shulardan keyin sizga navbat keladi.

Sabrim chidamadi. Hajviyamni markaziy nashrlardan biriga jo‘natdim.

Oltinchi sinfda o‘qiydigan qizim Dilshoda: «Dada, hajviyangiz chiqibdi, – deb qoldi bir kuni qo‘limga yangi gazetani tutqazar ekan. – Faqat imzosi boshqa-ku. Tushunmadim».

Darhaqiqat, hajviya meniki-yu, «egasi» noma’lum bir «ijodkor» edi. Buni qarangki, oradan hafta – o‘n kun o‘tar-o‘tmas chiqib ketibdi.

Faqat bir-ikki jumla o‘zgartirilibdi, xolos.

Men hajviyani Isa akaga olib bordim.

– Bunaqa chigal ishlar barcha zamonlarda bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘laveradi,- dedi u kishi.

Ikkinchi holat.

Maktabimiz bufetida ishlab yurgan kezlarim Tolliboy Xoldor qanday yangi narsa yozsa, menga ko‘rsatar edi. «Yuvilgan do‘ppi»degan hajviya yozgan ekan. O‘qib berdi.

– Zo‘r-ku! – dedim men.

Ikkalamiz pochtaga borib, hajviyani xatjildga solib, Toshkentdagi nashrlardan biriga jo‘natdik. Oradan ancha vaqt o‘tdi. Bir kuni ishdan qaytayotsam, ortimdan Tolliboy chaqirib qoldi.

– Chiqibdi, – dedi u yonimga kelgach, jilmayib. Uning qo‘lidan jurnalni olib, hajviyani o‘qidim. Biron nuqtasi o‘zgarmagan. Ammo hajviya tagidagi imzo begona edi.

– Nimaga xursand bo‘lasan, hajviyaga boshqa odam ismini qo‘yibdi-ku!

– Yaxshi narsa bo‘lsa, chiqarkan-ku! – dedi u o‘sha hayajon bilan. Tolliboy asrning jurnalda chop etilganidan xursand edi.

Uchinchi holat.

«Zarafshon» nashriyotida ishlardim. Bir professor qo‘lyozmasini olib keldi.

Varaqlab ko‘rsam, viloyatimiz gazetasidan o‘ziga ma’qul o‘ttizga yaqin maqolani saralab olib, binoyiday kitob qilibdi. Orasida mening ham besh-oltita maqolam bor.

– Domla, bu yerdagi maqolalarning mualliflari boshqa edi-ku. Siz barchasini o‘zingizniki qilib olibsiz. Bu – plagiatlik. Nega bunday qildingiz? – dedim jahlim chiqib.

– Biznikiyam bir havas-da, uka, – dedi u pinagini buzmay.

Ana xolos, havas emish.

-Havas boshqa, ish boshqa. Bu – qip-qizil ko‘chirmakashlik, o‘g‘rilik-ku!..

“Domla”ning parvoyiga ham kelmadi. Aksincha, o‘zimning asabim buzilgani qoldi.

Kitob chiqarish hikoya yoki u yer, bu yerdan ko‘chirib, roman yozish shunchalik ermakka aylanib ketdimi, deyman o‘zimcha. Yoki Isa Abdurahmon aytmoqchi: bunaqalar avval ham, bunday keyin ham bo‘laveradimi? Uyat, vijdon, qonun degan tushunchalar qayerda qoladi unda!

Ha, mualliflik huquqi bo‘yicha qonun bor. Bunday holatlarni bartarf etish uchun kuchli nazorat o‘rnatish kerak, shekilli.

Taklifim: plagiatlik qilgan “ijodkor”ga qattiq chora ko‘rilishi kerak. Toki, u qilmishi uchun “bu havas-da” deb tirjayib yurmay, tegishli jazosini olsin!

O‘rinboy NORMATOV