Ibratga aylangan umr

2019-08-12T11:49:19+05:0018 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Kitob olamida shundaylari borki, qo‘lga olar ekansiz, qanday bog‘lanib qolganingizni bilmay qolasiz. Yaqinda «Yangi asr avlodi» nashriyotida chop etilgan “Asil Rashidov zamondoshlari nigohida” to‘plami shunday asarlar jumlasidan.

Atoqli adib Chingiz Aytmatov taniqli jurnalist Anvar Jo‘raboyev bilan bo‘lgan suhbatida shunday deydi: “Asil Rashidov tarjima qilgan qissalarim boshqacha chiqqan. Bunga o‘sha yillari O‘zbekistondan olgan maktublarim guvoh. Tarjimon har bir qahramonim siymosini o‘zim tasavvur etgandek oshiqcha bo‘yoqlarsiz ochishga intilgan va bunga erisha olgan ham”.

Chingiz Aytmatovning haqiqatni e’tirof etgani bizni ham quvontiradi. Boshqa bir maqola esa dunyoga mashhur bo‘lgan bir asar va uning yozuvchini o‘zbek kitobxonlari qanday kashf etganligi haqida so‘zlaydi. U—faylasuf, akademik Vohid Zohidov qalamiga mansub Davr adibi”. Olim o‘z maqolasida fransuz yozuvchisi Lui Aragonning “Kultura i jizn” jurnalining 1959 yil, 7-sonida bosilgan “Jamila” qissasi haqidagi maqolasini o‘qigani, so‘ng asarni topib o‘qib chiqqani, undan zavqlanganini va Asil Rashidovdan uni o‘zbek tiliga ag‘darish kerakligini iltimos qilgani haqida yozar ekan,shunday deydi: “ Ko‘p o‘tmay bu iltimos iste’dodli adabiyotchimiz tomonidan do‘ndirib bajarildi. “Jamila” asari o‘zbek xalqining ham mulkiga aylandi. Ana shu qutlug‘ ishga hissa qo‘shganim uchun mamnunman.”

O‘zbekiston Xalq shoiri Erkin Vohidovning e’tirofi undanam go‘zal. U o‘zining “Sokin oquvchi daryo” maqolasida yozadi: ”Asil Rashidovni men o‘zim uchun qirq yillik qadrdon, bir-ikki ko‘ylakni ortiqroq yirtgan akaxon, talay fazilatlari o‘rnak bo‘lgulik inson deb bilaman va ko‘p qirrali faoliyat sohibi bo‘lgan olim, mudarris, tarjimonni dildan hurmat qilaman”.

Akademik Baxtiyor Nazarov esa “Ijodkorning qo‘sh qanoti” maqolasida Asil Rashidovning olimlik va tarjimonlik faoliyatiga to‘xtaladi. Uni Chingiz Aytmatov ijodining chuqur bilimdoni deb baholaydi. Va olimning “Chingiz Aymatovning badiiy olami” nomli maqolalar to‘plamini teran tahlil qiladi. Adibning tadqiqotchilariga to‘g‘ri munosabat bildirganini qayd qiladi hamda ular e’tibor bermagan obrazlar misolida ijodkor mahoratining yangi qirralarini ochib beradi. Tarjimonligi haqida esa ruscha matnni misol keltirib, uni o‘zbekchaga o‘girganda yozuvchi asarlaridagi ichki ohangdorlikni mahorat bilan bera bilganligini fakt va misollarda ko‘rsatadi. Oqibatda Asil Rashidovning olimlik va tarjimonlik salohiyati kishi ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalanadi.

Oliy o‘quv yurtida dars bergan domlalarda katta bilim, dars berish mahorati, yuksak axloq, halollik va to‘g‘rilik kabi xislatlar bo‘lishi lozim. Mana shu fazilatlarning hammasi tarjimonda mujasam. Pedagogika fanlari doktori, professor Marg‘uba Mirqosimova “Umr daftarini bezagan olim “ maqolasida shunday deydi: “Biz hamisha domladan ibrat olishga harakat qilamiz. Ibratga loyiq jihatlari shundaki, professor Asil Rashidov o‘zi to‘g‘ri deb bilgan so‘zni aytishdan cho‘chimaydi, o‘z haqiqatini isbotlashga kuchini ayamaydi. Hatto yoshi ulug‘ domlalarga ham o‘rinli tanbeh beradi, yolg‘onni zinhor hazm qila olmaydi. Fikr qiladigan jihati esa domlaning ibratga aylangan umri, hayot yo‘li, ilmiy-ijodiy faoliyatidir”.

Kitobdagi maqolalar garchi bir shaxs haqida bo‘lgani bilan ularni yozgan odamlar har -xil. Zero,odam va olamning o‘zi turfa. Ammo biz ko‘rib chiqqan to‘plam mualliflari hayotning mohiyatini anglagan, o‘z falsafasiga ega kishilar tomonidan yozilgani uchun o‘quvchining o‘zini va o‘zgalarni anglashiga, ma’naviy boyishiga juda katta imkon beradi.

Hakimjon KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor.