Jurnalistlarning kasb etikasi kodeksi tasdiqlandi, a’zolikka qabul tiklandi

2019-08-12T11:49:19+05:0017 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Milliy Matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat va jamoat tashkilotlarining matbuot xizmati rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiya kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigidan kelib chiqadigan vazifalar, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvining 2014-2019 yillardagi faoliyati haqidagi hisobot va uyushmaning kelgusi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining 2014-2019 yillardagi faoliyati bo‘yicha taftish komissiyasi hisoboti, O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksini qabul qilish, O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi bo‘yicha jamoatchilik kengashi nizomini tasdiqlash, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a’zolik bilan bog‘liq masalalar qo‘yilgan edi.

Dastlab O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimovning Uyushma tomonidan 2014-2019 yilllar mobaynida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Shundan so‘ng Uyushmaning Jurnalistlar ijodiy uyushmasining 2014-2019 yillardagi faoliyati bo‘yicha taftish komissiyasi hisoboti bo‘yicha «Qishloq hayoti» gazetasi bosh muharriri Chori Latipov ma’ruza qildi.

O‘zbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksini qabul qilish, O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi bo‘yicha jamoatchilik kengashi nizomini tasdiqlash, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a’zolik bilan bog‘liq masalalar ham qizg‘in bahs munozalarga sabab bo‘ldi. Ushbu masalalar bo‘yicha «O‘zbekiston ovozi» – «Golos Uzbekistana» gazetalari bosh muharriri Safar Ostonov, «Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, «Ishonch» va «Ishonch-Doveriye» gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherboyev, Erkin Xolbo‘tayev va boshqalar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, konferensiya kun tartibiga qo‘yilgan masalalarni tasdiqlashni so‘radilar. Konferensiya delegatlari kun tartibidan o‘rin olgan barcha masalalarni bir ovozdan tasdiqlashdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yildan-yilga ommaviy axborot vositalarini demokratlashtirish kuchayib bormoqda. Bu milliy media muhitda nodavlat OAV ko‘payib borayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Hozirda mamlakatimizda 1 726 OAV ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ularning 667 tasi gazeta, 398 tasi jurnal, 16 tasi axborot byulleteni, 5 tasi axborot agentligidir. Shuningdek, ayni paytda O‘zbekistonda 70 telekanal va 37 radio kanal ham faoliyat olib bormoqda. Shu o‘rinda barcha telekanallarning qariyb 53 foizi, radiokanallarning esa 85 foizi, gazeta va jurnallarning 60 foizidan ziyodi nodavlat ommaviy axborot vositalaridan iboratligini ta’kidlash joiz.

Eng tezkor axborot vositasi – Internet hayotimizga tobora chuqur kirib borayotir. Hozirgi vaqtda global tarmoqda ommaviy axborot vositasi siftaida ro‘yxatga olingan Uz domenli veb-saytlar, axborot portallari soni 533 tani tashkil qiladi, ularning aksariyati nafaqat o‘zbek, balki turli xorijiy tillarda ham faoliyat ko‘rsatayotgani, ushbu yo‘nalishda yangi ijodiy avlod – Internet jurnalistlari va blogerlar safi tobora kengayib borayotgani kamol topib borayotgani e’tiborga sazovordir.

Prezidentimiz shu yil 27-iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositalariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlaganidek, “Keyingi paytda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili, sog‘lom tanqidiy ruh kuchayib borayotgani alohida e’tiborga loyiq. Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samarasini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi”. Agar biz faoliyatimizga shu mezondan yondashadigan bo‘lsak, qilayotgan ishlarimizga har jihatdan to‘g‘ri baho bergan bo‘lamiz.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, 2017 yil barcha ijodiy tashkilotlar qatori O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatida tub burilish yili bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” deb nomlangan ma’ruzasida ilgari surilgan takliflar va g‘oyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, 2017 yil 15 avgustdagi “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari milliy mediamuhitda, chinakam ma’noda, katta voqea bo‘ldi.

Bevosita qarorlar ijrosi bo‘yicha so‘z yuritadigan bo‘lsak, Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Ilhom” jamoat fondining Ustavi va Nizomi tasdiqlandi. Fondning Homiylar kengashi tashkil etildi va Fond o‘z faoliyatini boshladi.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda “O‘zbekiston respublika tovar xom-ashyo birjasi” AJ o‘rtasida tuzilgan “Do‘stlar klubi” uyushma faoliyatini va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ijodiy tanlovlar o‘tkazishdir.

Birgina misol: “Oltin qalam” milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovlarda shu vaqtga qadar 7000 dan ortiq jurnalist 110 mingga yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik materiallari bilan qatnashdi. Ular orasida 300 ga yaqin jurnalist va OAV jamoasi tanlovning asosiy va rag‘batlantiruvchi mukofotlari bilan taqdirlandi 130 dan ortiq jurnalist tanlov doirasida milliy hamkorlar, shuningdek, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar elchixonalari tomonidan ta’sis etilgan nominatsiyalar g‘olibi bo‘ldi.

“Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovi ham o‘tgan vaqt davomida juda ko‘plab iqtidor egalarini kashf etdi. Hisobot davrida tanlov besh marta o‘tkazilgan bo‘lsa, unda mingdan ortiq jurnalist 12 mingga yaqin materiali bilan qatnashdi. Tanlovlar hay’atlari tomonidan har yili 25 nafardan g‘olib va sovrindor aniqlanib,(jami 125 nafar) ularga diplom va qimmatli mukofotlar topshirildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi bayramiga bag‘ishlangan “Eng ulug‘, eng aziz” respublika ko‘rik-tanlovi ham jurnalistlar o‘rtasida muhim ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

Konferensiyada xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash, jurnalistlar haqidagi ma’lumotlar bazasini yaratish, soha xodimlarining kasbiy bilim va mahoratini muttasil oshirib borish, ustoz ijodkorlarning mahorat maktabini shakllantirish zarurligi aytildi. Uyushma faoliyatini yanada rivojlantirish va uni jurnalistlarning haqiqiy tayanchitga aylantirish uchun barcha jipslashishi dolzarb ekaniga alohida e’tibor qaratildi.