Abdulaziz Komilov O‘zbekistonda OAV bo‘yicha ombudsman tashkil etilishini ma’lum qildi

2019-08-12T11:49:21+05:0013 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Joriy yil 10—11 iyun kunlari Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Londonda OAV erkinligi bo‘yicha global anjumanda ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Forumga dunyoning 100 dan ortiq mamlakati delegatsiyalari tashrif buyurdi, jumladan, 60 ta davlat tashqi siyosat idoralari va axborot vazirliklari rahbarlari, jurnalistlar, mediasanoat va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida tadbir tashabbuschilari — Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeremi Xant va Kanada tashqi ishlar vaziri Xristya Friland bu konferensiya butun dunyoda OAV erkinligi holatini aniqlash va uni cheklashga harakat qilayotganlar mas’uliyatini oshirishga qaratilgan xalqaro kampaniyaning bir qismi ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari ta’kidlaganidek, axborot sohasini liberallashtirish va demokratlashtirish milliy media bozorining jadal o‘sishiga olib keldi. Bu bozorda 90 yillar boshida faqat 20 ta davlatga qarashli OAV bo‘lgan. Bugungi kunda ularning soni 2 mingga yaqin bo‘lib, ularning aksariyati xususiydir.

O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari uchun zamonaviy mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil etildi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy matbuot markazi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va Xalqaro press klub kabi tashkilotlar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda yetakchi xorijiy OAV vakillari, jumladan Reuters, France Press, BBC, The Economist, Xinhua, «Amerika Ovozi», «Fergana.ru», Eurasianet muxbirlari erkin ishlamoqda.

Har yili jurnalistika sohasida xalqaro tanlov o‘tkaziladi, unda inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurash, sud tizimi bilan munosabatlar va boshqa masalalar bo‘yicha eng yaxshi maqolalar uchun nominatsiyalar mavjud.

Vazir alohida ta’kidlaganidek, ommaviy axborot vositalari mustaqilligi sohasida kafolatlar va xalqaro standartlarni ta’minlash maqsadida ommaviy axborot vositalari bo‘yicha ombudsman tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lib, u jurnalistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning xavfsizligini ta’minlashga asosiy e’tibor qaratadi.

O‘zbekiston OAV erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha ishni davom ettirishga qat’iy sodiq qoladi. Shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali OAV to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish, OAV mustaqilligini mustahkamlashda xorijiy sheriklar bilan faol hamkorlikni davom ettiradi.