“OMMAVIY MADANIYaT” – EVTANAZIYA

2019-08-12T11:49:22+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» gazetasi Matbuot yo‘nalishida «Oltin qalam-2019» g‘olibi

Falsafa fanlari doktori Viktor Alimasovning «Ishonch» gazetasining shu yil 19 iyundagi sonida chop etilgan «Ommaviy madaniyat OG‘Umi?» maqolasida juda dolzarb masala ko‘tarilgan. Unda muallifning har bir odam har bir axborotni aql tarozisida tortib, ma’naviyat elagidan o‘tkazib, yaxshini ajratib olsin, degan ezgu niyati o‘z aksini topgan. Darhaqiqat, turli tahdid va xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifat, tarbiya masalasi umummilliy mavzular qatorida turibdi. Bu bejiz emas, chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «ommaviy madaniyat» xavfi va boqimandalik kayfiyati paydo bo‘layotgan, odob-axloq, qadriyatlarning yo‘qolish xavfi yuzaga kelayotgan hozirgi globallashuv sharoitida bu g‘oyat muhim ahamiyat kasb etmoqda».

Maqolani o‘qib, beixtiyor «ommaviy madaniyat» va milliy madaniyatning bundan yuz yil oldingi va hozirgi ikki misoli ko‘z oldimga keldi. Bizga «Ommaviy madaniyat»ning tajovuzi ilgari ham bo‘lgan. «Shum bola» filmini eslaylik. Unda XX asr boshida bir ajnabiy Toshkentning Eskijo‘va bozorida o‘zbeklarning bir tangasini olib, evaziga «oinai jahoni»dan yalang‘och ayolning suratini ko‘rsatadi. Shum bola «Men yalang‘och ayoldan qo‘rqaman», deb yuzini o‘giradi.

XXI asr boshi. O‘zbek to‘yxonasi. 80 yoshlar chamasida yupun kiyingan bir mo‘ysafid to‘yxonaga kirib keldi. U ikki hassaga osilib, oyoqlarini zo‘rg‘a ko‘tarib bosar edi. Nuroniy jilmayib, «Bolam, meni mana bu yerga, eshikka yaqin o‘tqazsangiz ham bo‘ladi», deb eng yaqin stolni ko‘rsatib, imladi. Otaxonga «keling-keling» qilib turgan yigitlar bir-birlariga «Nima qildik?» deb ikkilanib qolishdi…

Nihoyat, «tabarruk otaxonning hurmati joyiga qo‘yilishi kerak», degan o‘zbekona sezim g‘olib keldi: «Xush kelibsiz», deb turgan yigitlardan biri otaxonni quchoqlab, dast ko‘tardi. «Otajonim, otaginam, sizning joyingiz mana bu yerda», deb to‘yxonaning to‘riga eltib o‘tqazdi. Otaxon yo‘l-yo‘lakay o‘zining mard, notanish mehribonidan ko‘zlarini uzmasdan, kulimsirab borardi.

Barcha mehmonning ko‘zi ularga qadaldi. «Lagan va qoshiqlar simfoniyasi» bir zumga susaydi. Hamma yigitning aql-u farosatiga, shijoatiga, ma’naviyatiga hamd-u sano aytdi. Ko‘zlarda mehr porladi. Bu 25 yoshlardagi bir yigitdagi o‘zbek ma’naviyatining kuchi, qudrati namoyishi edi.

«Ommaviy madaniyat» hukmron elda shunday bo‘lishi mumkinmi? Aslo. Chunki, birinchidan, mo‘ysafid qariyalar uyida yotgan bo‘lardi; ikkinchidan, to‘yga kelsa ham (tantana-shou egasining imijiga zarar yetkazmasligi uchun) to‘yxonaga kiritilmas edi (Dress kod degan talablar bor); uchinchidan, mabodo kirgizilsa ham yigit «Menga nima. Zaril keptimi shu qiltiriq cholni ko‘tarib?», deb o‘zini chetga olardi-qo‘yardi.

Binobarin «ommaviy madaniyat» zamonaviy, texnokratik, zinhor milliy emas. U sevgini seks, mehnatni biznes, birovga yaxshilik qilishni zararli investitsiya, «resurslarni maqsadsiz sarflash», hayo va andishani «imkoniyatni boy berish», ota-bobolarimiz o‘gitlarini «eskilik sarqiti», deb tushuntiradi. Shu tarzda u insonni o‘z milliy qadriyatlaridan, xalqidan ajratib, o‘z sigmentiga qo‘shib oladi. Bu esa uning jahondagi barcha milliy madaniyatlar kushandasi ekanini ko‘rsatadi.

Tan kasalligi og‘izdan kirsa, ma’naviy kasallik ko‘z, quloqdan kirib, egasini yo‘ldan ozdiradi. Ma’naviy kasallikning isitmasi odamning niyatlari, aytgan gaplari, qilmish-qidirmishlarida oshkor bo‘la boshlaydi. O‘z qadrdonlari orasida o‘zini o‘zgacha, begona tutishga o‘tadi. Ota-bobolarining milliy urf-odat va ma’naviy qadriyatlariga bepisand qarash darajasigacha tubanlasha boradi. Afsuski, shunday bo‘layotir. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, «ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, «ommaviy madaniyat» kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzot asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, oilaviy qadriyatlarga putur yetkazmoqda. Mana shunday va boshqa ko‘plab tahdidlar insoniyat hayotida jiddiy muammolarni keltirib chiqarayotgani ayni haqiqat va buni hech kim inkor etolmaydi.

XX asrning boshida Patrik Byukenen amerikaliklarni «Evtanaziya Yevropani chulg‘ab oldi, endi Amerikaga sirg‘alib kiryapti», deb ogohlantirgan edi. Mana, uning faryodi: «Bu gedonistik qo‘shiqlarni kim to‘xtatadi? Bunday jozibali o‘lim qo‘shig‘ini yoshlarga qarab hamma – Gollivud, MTV, «ko‘pik operalar», teleko‘rsatuvlar, glamur jurnallar, shou biznes, ayollarning ishqiy g‘iybatlari, mish‑mishlari, bestsellerlar kuylayapti. O‘qituvchidan tortib dindorgacha, hamma o‘smirlarga «kondom» tutqazyapti. Bu ahvolda ota‑onalarga qanday yordam bersa bo‘ladi?

Endi nima qilsak, Amerika ayollari onalari, momolari kabi: «yuvosh er, shahar atrofida hovli va bir etak bola»ni qo‘msaydilar? Bu sho‘rpeshonalik «ommaviy madaniyat» kasofatidan bo‘ldi. Chunki, «ommaviy madaniyat» o‘z qadriyatlari iyerarxiyasida shahvoniy hirsni onalik baxtidan yuqori qo‘yadi. Ayollar jurnallari, «ko‘pik operalar», ayollarning ishqiy romanlari, praym‑taym teleko‘rsatuvlar – hammasida karera, seks, yosh juvonning mustaqilligi (yolg‘izligi) madh etilmoqda».

Amerikalik hamkasbimiz, ma’naviyatshunos Byukenenning bu faryodi nimaning oqibati? Loqaydlikning. Kirib kelayotgan «ommaviy madaniyat»ga qarab avval «Har kim o‘zi biladi»; keyin «Nima qipti?!»; hozir esa «Nima qilib qo‘ydik?!», degani emasmi? Bugun bu munosabatlarning qaysi biri bizga xos?

V.Alimasovning maqolasida G‘arbda pornoindustriyaning ma’naviy emas, huquqiy tomoni yaxshi ochib berilibdi. Olim «…g‘arbda pornoindustriya shakllangan. Lekin u qonun doirasida, zo‘ravonlikni targ‘ib etmagan tarzda faoliyat yuritadi. Uning mahsulotlarini ko‘rasizmi yoki yo‘q – sizning ixtiyoringiz, u sizning tarbiyangiz va madaniyatingizga bog‘liq. Bu ham o‘ziga xos huquq va erkinlikdir. Bizning ma’naviyatshunoslarimiz mana shu o‘ziga xoslikka qarshi», deganlar. Haq gap. Ma’naviyatchilar nega bunday qilishadi? Balki hayotdan orqada qolishgandir?! Yoki ular kreativ, komparativ fikrlay olmaydimi?

Ularni qanday tushunish kerak? Masalan, aroq, sigaretalar ishlab chiqarish – qonuniy. Ichish, chekish huquqimiz bor. Unda nega yoshlarga ichmaslikni, chekmaslikni targ‘ib qilamiz? Chunki ichish-chekishning oqibatini bilamiz. Ma’naviyat va ma’rifat xodimi xalqimiz, yoshlarimizning ma’naviy salomatligini himoya qilish, ma’naviy kasalliklarning oldini olish uchun mas’ul. Chunki «ommaviy madaniyat» yoshlarda porno, erotik mahsulotlarga ehtiyojni shakllantiradi. Natijada yoshlar o‘z ixtiyorlari bilan, qonuniy asosda, o‘zlarini nafaqat ma’naviy, balki jismoniy notavon qila boradilar.

Agar ma’naviyat ahli bunga qaramasa, «har kim o‘zi biladi», desa yomonlikka qarshi targ‘ibot to‘xtaydi. «Ommaviy madaniyat» qo‘shtirnoqdan chiqib, chinakam ommaviy madaniyatga aylanadi. Oqibatda bizni milliy madaniyat emas, begona, surrogat madaniyat boshqaradi. Byukenen bundan 25 yil oldin Amerikani ogohlantirgan voqea bizda ham sodir bo‘ladi. Millat o‘z ixtiyorini «ommaviy madaniyat»ga, u esa – gedonistik o‘limga – evtanaziyaga topshiradi.

Muallif maqolada «G‘arbda qo‘llaniladigan «ommaviy madaniyat» (mass culture) bizda ishlatiladigan «xalq madaniyati»ga to‘g‘ri keladi», deydi. Lekin «ommaviy madaniyat»ni bundan 50 yillar oldin tadqiq qilgan atoqli bolgar olimi Bogomil Raynov o‘zining «Ommaviy madaniyat», degan fundamental asarida bu fikrni rad etadi. «Ommaviy madaniyat», – deydi olim, – eng avvalo va butun mohiyati bilan madaniyatning xalqchilligini to‘la inkor qiladi».

Darhaqiqat, ommaviy madaniyat, «ommaviy madaniyat» va milliy madaniyat degan uch tushunchani farqlab olmasak, uzumni turk, fors, arab tillarida aytib talashayotgan do‘stlarga o‘xshab qolamiz. Ommaviy madaniyat bilan «ommaviy madaniyat»ning farqi og‘zaki aytilganida, eshitilganida bilinmaydi. Yozilganida ko‘rinadi. Farq – qo‘shtirnoqlarda.

Ma’lumki, qo‘shtirnoqlar so‘zning teskari ma’nosini ko‘rsatadi. Shu tufayli qo‘shtirnoq ichidagi «oq»ni – qora, «qora»ni oq deb tushunamiz. Misol uchun, «Eshmat – to‘g‘ri odam» bilan «Eshmat – «to‘g‘ri» odam». Mana shu qo‘shtirnoq «ommaviy madaniyat»ning mohiyatini tushunish va tushuntirishga xalaqit berib kelayotir. Biz ommaviy madaniyat deganda hammaga maqbul, ijobiy, to‘g‘ri, foydali, chiroyli, mantiqli madaniy me’yorlarni tushunamiz. «Ommaviy madaniyat», deganda esa ommaviy madaniyatning ziddini, soxta, kimlardir tomonidan yasalgan, feyk, surrogat, mantiqsiz madaniyatni anglaymiz.

Bu fikrni 60 dan ortiq filmni suratga olgan, Gollivudning atoqli kinorejissyori Alfred Xichkok qo‘llab-quvvatlagan. Unga filmining ayrim joylarida mantiq yo‘qligini aytishganida u «Men ba’zida ssenariy muallifiga g‘oya bersam, u «Bu mumkin emas. G‘oyangiz yaxshi-yu, lekin uni joriy qilsak, mantiq oqsaydi-da», deydi. Keyin biz mantiqni derazadan uloqtiramiz», deydi. «Siz nima uchun film suratga olasiz?», degan savolga u baralla «Pul ishlash uchun», ­deydi.

Maqolada muallifning «ommaviy madaniyat»ga g‘oyaviy qarashlari qat’iy, yoshi ulug‘ kishi pozitsiyasi sezilib turadi. Yillar bizni ota-bobolarimizning milliy madaniyati naqadar haqligiga yetkazadi. Shu ma’noda katta avlod «ommaviy madaniyat»dan cho‘chimasa ham bo‘ladi. Bobolar hikmatiga yetishganlarni avrab, yetaklab bo‘lmaydi.

Ko‘pincha 20 yoshlilar bobolar hikmatini inkor qiladi. Lekin baribir 50-60 yoshga yetgach, «Bobolarimiz naqadar dono, aqlli bo‘lishgan-a?!», deyishadi. Hozir ular ana shu hikmatga qo‘shilish uchun borayotgan yo‘lovchilardir. Buni «ommaviy madaniyat» sanoatchilari yaxshi biladi. Shuning uchun ular yoshlar uchun kurashadi. Mahsulotlarining asosiy xaridori ham, g‘oyaviy hujumining asosiy nishoni ham – yoshlar, o‘smirlar.

Bir savol… Saqichdan qay maqsadlarda foydalanish mumkin? Bu savolga «Tomingiz ketganmi? Saqich bo‘lganidan keyin chaynaladi-da!», deymiz. Ana endi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan saqich o‘ramlaridagi «beozor bitik»lardan ayrimlarini keltiramiz. Saqichlar O‘zbekiston bolalariga mana bunday buyruq va topshiriqlarni olib kirmoqda:

Qo‘lingdan kelganicha baqir, keyin, o‘zingni hech narsa sodir bo‘lmagandek tut. Videoga olib, uni «Twitter»ga joyla.

Kunning qolgan qismini yalangoyoq sayr qilib o‘tkaz. Rasmlarga ol.

Saqich markasini sochingga yopishtirib, keyin qirib tashla.

Sen qanday so‘kinishni yoqtirasan? So‘kinganingni yozib, «Twitter»da qoldir.

Qo‘lingdagi saqich o‘rami ustiga ishqiy so‘z yoz. Yoningdagiga ber.

Atrofingdagi odamlardan kimning shahvoniy ovozi jozibaliroq?

Shahvoniy ovozda o‘zingga mos gif yarat va instragrammga joyla.

Chiroyli saqich o‘ramlarida fleshmob orqali g‘oya tarqatish, jinsiy axloqsizlik va tartibbuzarlikka chaqirishlar ham bisyor. E’tibor bersak, bir o‘ram saqichning g‘oyaviy foydasi uning iqtisodiy foydasidan ortiqligini ko‘ramiz. Bunga asosiy sabab – yosh bolalarning did, munosabatlari boshqarilayotganida. Mana shularni ko‘rib, bilib, indamaslik – kelajakka, bolalarimizga xiyonat emasmi? Bunday vaziyatda Prezidentimiz aytganlaridek, «avvalambor, «ommaviy madaniyat» ko‘rinishida kirib kelayotgan turli tahdidlar, giyohvandlik, diniy ekstremizm, missionerlik kabi balo-qazolardan yoshlarimizni asrash, ularning ta’lim-tarbiyasiga har birimiz mas’ul ekanimizni hech qachon unutmasligimiz kerak».

«Nodon o‘z xatolaridan, dono birovning xatolaridan xulosa chiqaradi», deydilar. Demak, bu kasallikka bizdan – 50-70 yil oldin chalinganlarning bugungi oh-nolalaridan xulosa qilsak, nodon emasmiz. Shu ma’noda bolalarimizning quloqlariga, ko‘zlariga kirmoqchi bo‘layotgan ma’naviy mahsulotlarni tekshirib ko‘rib, keyin iste’mol qilishga o‘rgatishimiz zarur. Ana shunda o‘zimizning emas, boshqalarning boshidagi g‘urralar bizni xatolardan saqlaydi.

O‘tgan asrdan turib hayqirayotgan amerikalik mashhur iqtisodchi Jon K.Gelbreytning mana bu fikrlaridan biz hushyor tortaylik. U «Ommaviy madaniyat» bilan sanoatning birlashishi «iste’molchilarning didini nazorat qilish, ularni sanoat manfaatlariga moslashtirishga olib keldi. … Endi iste’molchi hukmron emas. U xizmatkorga aylandi», degan edi.

Keling, yaxshisi, madaniy mutelik yanada tushunarli bo‘lishi uchun kvars va mexanik soatlarni olaylik. Kvars soat batareyasiz ishlamaydi. «Avval batareyaning pulini to‘lab qo‘ying, xo‘jayin», deydi go‘yo. Faqat mexanik soatning ishlashi sizga bog‘liq. Qulog‘ini burab, «dam solsangiz», yuraveradi. Batareyasiz kvars soat – temir-tersak. Soatingiz bor, lekin ishlashi sizga emas, batareya ishlab chiqaruvchiga bog‘liq. Mana endi siz batareya ishlab chiqaruvchining qaramiga aylandingiz. Kimdir kompyuteringizga tushsin, deb turli viruslarni tayyorlamoqda. Virus tushsa, antivirusini topishga ham o‘zlari «qarashvorishadi». Pulini to‘lab qo‘ysangiz, bas. Ana shunday.

Maqolada V.Alimasov «ommaviy madaniyat»ga G‘arb madaniy hodisasi sifatida qaragan. Aslida «ommaviy madaniyat» mahsulotlarini, xizmatlarini ishlab chiqaruvchi, reklama qiluvchi va bundan otning kallasidek foyda ko‘ruvchilar hamma joyda bor. Toshkentda, viloyatlarda, ayniqsa, to‘y, marosim masalasida urchib ketgan o‘zimizning «ommaviy madaniyat»ni tiyib qo‘yadigan ma’naviy muhit yaratilishida biz ziyolilar faol bo‘lishimiz zarur.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev masalaning shu jihatiga alohida to‘xtalib, «Biz bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur. Agar «ommaviy madaniyat» tahdidi faqat chetdan – G‘arbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, o‘zimizdan, o‘z oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yo‘q. Yurtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan ba’zi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qo‘shiq va raqslarni kuzatib, sog‘lom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy», degan fikrni bildiradi.

Bugun yoshlarimizning o‘ng qo‘lidan milliy madaniyat, chap qo‘lidan «ommaviy madaniyat» tortayapti. Kim yengar ekan? Har birimizning oldimizda uch yo‘l bor. Biri – milliy madaniyatimizga yordam berish, ikkinchisi – befarq qarab turish, uchinchisi – «ommaviy madaniyat»ga yordam berish. Hurmatli olimimiz, ustoz Viktor Alimasovning «Ommaviy madaniyat OG‘Umi?» deb nomlangan kuyunchak maqolasi har birimizga «O‘ylang», degan signal bo‘ldi.

Buyuk tariximiz, milliy madaniyatimiz, ajdodlarimiz oldidagi burchimizni unutmaylik.

Muhammadjon Quronov,

Respublika Ma’naviyat va

ma’rifat markazi

rahbarining birinchi

o‘rinbosari, pedagogika

fanlari doktori, professor

“Ishonch” gazetasi

2018 yil 23 iyun, 74-son