YUTUQLARI FAXRLI, AMMO… Jahonni lol etayotgan yosh kimyogarlar qanday sharoitda ta’lim olmoqda?

2019-08-12T11:49:22+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» gazetasi Matbuot yo‘nalishida «Oltin qalam-2019» g‘olibi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chexiya va Slovakiyada bo‘lib o‘tgan 50-Jahon olimpiadasida O‘zbekiston yoshlari1 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan taqdirlanganini o‘qib qoldim. Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida! Jahon ilm maydonida eng nufuzi baland bellashuvlardan hisoblanadigan bu olimpiadada ishtirokchi bo‘lishning o‘zi katta sharaf. Ular esa ishtirok etibgina qolmay, kimyo fanidan dunyo bo‘yicha ikkinchi va uchinchi bilimdon deya e’tirof etilyapti. Davlatimiz bayrog‘ini muzaffar hilpiratyapti. Ular bilan albatta tanishish, suhbatlarini olish, ta’lim bergan ustozlari tajribalaridan o‘rganish zarur. Shu niyatda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi Yunusobod akademik litseyiga yo‘l oldik.

Farahli tuyg‘ular bilan litseyga yetib ham keldim. Yetib keldim-u… Xayolimdan boshqa joyga keldim, shekilli, degan o‘y o‘tdi. Qarshimizdagi bino ta’mirtalab, g‘aribgina edi. Hovli sahni ozoda, tartibli bo‘lsa-da, notekis. Zinalar yedirilib, silliqlanib ketgan. Katta oynavand eski eshiklar. Deraza romlari tashqaridagi havoni ham, shovqinni ham oqizmay-tomizmay o‘tkazuvchi xilidan. Ichkarilagan sari xavotir kuchayaverdi: «Bu boshqa manzil bo‘lsa kerak. Bu umuman ta’lim dargohi emasdir». Olis bolalik xotiralarini uyg‘otadigan dahlizlar… Hozirgi zamonga aloqasi yo‘qday holatdagi sinf xonalari… Ko‘ngilni xira qiladigan isitish va sovutish tizimi… «Otam zamonidan qolgan» stol-stullar… Aniq adashdim!

Taassufki, O‘zbekistonning faxri bo‘lgan, milliy boylik sifatida ardoqlanishga arziydigan, ilm toliblari jahonni lol qoldirib, salohiyati bilan mag‘lub qilib kelgan Toshkent pediatriya tibbiyot litseyi chindan ham shu yer ekan!

Devorlarga ilingan stendlarga yaqinlashamiz. 2008 yildan to hozirga qadar jahon va xalqaro olimpiadalarda erishilgan yutuqlar aks ettirilgan. 40 dan ortiq medal shu birgina, xarobgina litsey o‘quvchilariga tegishli ekan. O‘quvchilar surati qachon, qaysi olimpiadada nechanchi o‘rinni olganligi haqdagi ta’rif bilan qo‘yilgan. Ko‘zlari yonib turgan, umidga, ishonchga, g‘ayratga to‘la yoshlar. Bino litseyni medallar soni jihatidan jahondagi yagona ta’lim dargohiga aylantirgan o‘quvchilar idroki, intilishi zo‘ridan to‘kilib ketmasmikan, deb cho‘chiysan kishi.

Balki ta’lim dargohi rahbarining xonasi o‘zgachadir, zamonaviy ta’mirlangan, jihozlangandir degan umid ham o‘zini oqlamadi. Oddiygina, hatto g‘arib deyish mumkin bo‘lgan xona.

Litsey direktori Ortiq Ishonqulov samimiy inson ekan. O‘quvchilari yutug‘idan so‘z ochilsa, ko‘zi porlab ketadi. Choqqina xonasiga sig‘may ketgan hujjatlar-u kitoblar orasidan olimpiada ishtirokchilarining suratlarini topib, har birini zavq-shavq bilan ko‘rsatadi. Jahon olimpiadasi, unda ishtirok etish huquqi, bu huquqni qo‘lga kiritishning yengil kechmagan yo‘li, safardan olingan taassurotlar-u shogirdlari bilan faxrlanishi haqida to‘lqinlanib so‘zlaydi. Beixtiyor direktordagi zavq, baxtiyorlik menga ham yuqdi. Qoniqarsiz sharoit va bundan «hayratlanish»lar xira tortdi.

– Biz Respublika ta’lim tizimi tarixida ilk bor xalqaro va jahon fan olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritganmiz, – deydi Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori Ortiq ishonxo‘jayev. – Litseyimiz o‘quvchilari Rossiya, AQSh, Turkiya, Qozog‘iston, Koreya, Singapur, Italiya, Shvetsiya, Vetnam, Ozarboyjon, Gruziya, Tailand, Belarus singari ko‘plab davlatlardagi jahon va xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz sha’nini himoya qilgan. Bilasizmi, o‘quvchilarim jahon olimpiadalarida ingliz tilida so‘zlashishadi. Bir olimpiadada hay’at a’zolari litseyimizni faqat O‘zbekistonda emas, balki jahonda ham yagonadir, deyishgandi. Sababi, 7 yilda 5 ta oltinni qo‘lga kiritibmiz. Ba’zi 47 yildan beri ishtirok etadigan davlatlar esa hali bitta ham oltin olishmagan… Asosan, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Rossiya qo‘lga kiritar ekan. Demak, biz kimyo bo‘yicha rivojlangan davlatlar bilan tenglashibmiz. Har yili bizning litsey davlatimizga shoda-shoda medallar bilan keladi. Chunki bizning yagona maqsadimiz – O‘zbekiston bayrog‘ini jahon arenalarida ko‘tarish. Ozarbayjonga borganimda bir yurtdoshimiz bayrog‘imizni ko‘rib, ko‘zi yoshlangan, «o‘zga yurtda o‘zbek bolalarining yutug‘ini ko‘rib, faxrlanib ketyapman», degandi.

Darhaqiqat, bu yutuqlar yurtda turgan bizni qanchalar quvontirdi-ku, O‘zbekistondan tashqaridagilarni tasavvur qilish mushkul emas. Direktorning, umuman, butun litsey jamoasining niyati – bolalar iqtidorini nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon bo‘ylab ko‘rsatish. Litsey xalqaro olimpiadada birinchi marta 2008 yilda ishtirok etgan. Mazkur MDH va Yevropa davlatlari miqyosida o‘tkaziladigan Mendeleyev olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. 2013 yilda esa O‘zbekiston nomidan ilk bora jahon olimpiadasida qatnashib, birinchi oltin medalni olgan.

2008 yildan to hozirga qadar xalqaro va jahon olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotgan bu o‘quvchi yoshlarning o‘qish sharoiti bilan qiziqdim. Chunki bunday yutuqlarga mukammal jihozlangan laboratoriyasiz erishish mushkul. Yo‘q, laboratoriya jihozlarini almashtirish, to‘ldirish, yaxshisi, boshqatdan yangi qurib-jihozlab berishga katta ehtiyoj mavjud ekan. Rahbarning aytishicha, litsey o‘quvchilari jahon ilm maydonida kuchli nazariyotchi sifatida e’tirof etilarkan. «Amaliyotdan biroz oqsaymiz. Tajribalar qilish, formulalarni amalga oshirish uchun kuchli laboratoriya bo‘lsa, bu jabhada ham jahonni lol qoldiramiz», dedi tabassum bilan Ortiq aka.

O‘tgan yillar mobaynida litsey kimyo, biologiya, matematika fanlaridan xalqaro va jahon fan olimpiadalarida O‘zbekiston nomini tanita oladigan maktab yaratdi. Janubiy Koreyaning Chanxvon universiteti bilan o‘zaro memorandum imzolangan. Moskvaning Lomonosov universiteti biologiya, kimyo fakultetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Milliy iftixorimiz bo‘lgan, chet davlatlarda esa O‘zbekistonning yuzi, o‘zbek ilmining tashrif qog‘ozi hisoblangan Toshkent pediatriya tibbiyot litseyini qorishiq tuyg‘ular hamrohligida tark etdim. Ko‘ksimni faxr hissi to‘ldirsa, uyat hissi kuydirardi. Nahotki, ona yurt sha’ni uchun shuncha yutuqlarga erishgan yoshlar bunga munosib bo‘lishsa?! Nahot, har bir o‘quvchidagi iqtidorni to‘g‘ri yo‘naltirib, parvarishlab oltin yombiga aylantirayotgan zahmatkash ta’lim xodimlari bunday munosabatga munosib bo‘lsa?! Axir, sportda erishayotgan oltin medallarga qanday e’tibor qilyapmiz. Ilm-fandagi yutuqlarimiz bunga loyiq emasmi? Axir, o‘quvchiga bilim berish, uni oddiy yoshdan jahon ilm-fan arenasida bemalol bellasha oladigan o‘tkir iste’dodga aylantirish oson yumush emas-ku! Bir yili qashqadaryolik bir o‘quvchi olimpiadadan 1 ta bronza medal olganida o‘qituvchisiga «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berishganini eshitgandim. Bu litsey o‘quvchilari esa shu vaqtgacha 43 ta medalni qo‘lga kiritgan! E’tibor bering: Xalqaro va jahon olimpiadalarida mustaqil O‘zbekiston jami 80 ta medal olgan bo‘lsa, shuning yarmidan ko‘prog‘i mana shu bitta litseyga, qolgan 37 tasi butun respublika kollej-litseylari hissasiga to‘g‘ri keladi. Litsey professor-o‘qituvchilari va o‘quvchilariga izzat-ikromimiz shumi?

Umuman, ta’lim jarayoniga boshqa sohalardagi kabi yondashib bo‘lmaydi. Bunda natija hamisha o‘zini kuttiradi va bir qarashda sezilmaydi. Qo‘l bilan ushlab, cho‘ntakni to‘ldirib bo‘lmaydi. Toshkent pediatriya tibbiyot litseyining fidoyi xodimlari ko‘ngilni to‘ldirmaydigan sharoitda ko‘ngilni to‘ldiradigan natijalarga erishishning uddasidan chiqayotgani, aslida, jamiyatning baxti-ku. Ba’zi jihatlarga ko‘ra biz ulardan qarzdor, ular haqdordir. Yorqin kelajak gap bilan qurilmaydi, mana shunday ta’lim xodimlari va dargohlarining yordami bilan bunyod bo‘ladi. Busiz rivojlanish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallash va egallagan o‘rinni boy bermaslik dushvor.

Ko‘nglimda ko‘p kechinmalar alg‘ov-dalg‘ov bo‘lyapti. Bilmadim, Ortiq akadek kishilarning bizga nechog‘li kerakligi bir tomondan, farzandlarga sarflanajak sarmoya – e’tiborning ahamiyati ikkinchi tomondan… Biz qalam ahli, matbuotchilar, jurnalistlarning bu kabi holatlarga bee’tibor bo‘lib kelayotganimiz… Pirovardida… O‘zimni-da ma’nan qarzdor his etib, maqolaga nuqta qo‘yaman…

Muhayyo ISMOILOVA,

«Ishonch» muxbiri

“Ishonch” gazetasi

2018 yil 13 oktyabr, 123-son