ILMSIZLIKDAN KIM MANFAATDOR?

2019-08-12T11:49:22+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» gazetasi Matbuot yo‘nalishida «Oltin qalam-2019» g‘olibi

Muammoni tahlil qilar ekansiz, quyidagi savollar paydo bo‘ladi: «Biz ilmiy va texnologik jihatdan boshqalarga qaram bo‘lib qolaveramizmi? Haqiqiy iqtisodiy taraqqiyotga, farovonlikka erisha olamizmi? Biror sohada erishgan texnologik yutug‘imizni eksport qilib, boshqa sohalarda sotib oladigan texnologiyalar xarajatini to‘liq bo‘lmasa-da, qisman qoplay olamizmi? Yoki faqat qazilma boyliklarimiz, og‘ir mashaqqat-la yetishtiradigan xomashyo, yarimfabrikat mahsulotlarini sotish evaziga yashaymizmi?». Agar ijobiy javob topib, masalani hal qilmasak, yigit-qizlarimiz chet ellarda gastarbayter bo‘lib, xo‘rlanib, haqorat eshitib yuraveradi. Adolatsizlikka chiday olmagan ayrim yoshlarda ularni bunday qismatga duchor qilgan siyosiy tizimdan o‘ch olish istagi tug‘iladi. Natijada ba’zilari chetga chiqib ekstremistik-terroristik guruhlarga qo‘shilib qoladi. Adashgan farzandlarimizdan o‘zimizni himoya qilish uchun yana «katta og‘a» izlaymizmi? Yoki o‘zaro raqobat qiluvchi geosiyosiy kuchlar, buyuk davlatlarning «ko‘nglini» ovlashga harakat qilamizmi? Savol izidan undan-da yoqimsiz savollar chiqaveradi! Bu savollarning bir uchi, istaymizmi-yo‘qmi, ilmiy texnika taraqqiyoti, yangi ish o‘rinlari yaratish istiqbollari, milliy kadrlarimiz saviyasi, umuman, milliy mentalitetimiz, uning ayrim zaif jihatlariga borib taqaladi.

Ilm-fan rivojlanishidagi ba’zi muammolar yaqin sovet davridan meros bo‘lib kelmoqda. O‘tgan asrning 20-30-yillari qoloq va qashshoq, ilmiy kadrlarining ko‘pchiligi muhojirlikka ketgan sovet davlati ularning qolganlari va yosh iqtidorli tadqiqotchilarni yangidan tashkil etilgan ilmiy tekshirish institutlari, laboratoriyalar, konstruktor byurolarida to‘pladi. Asosiy mablag‘lar bu muassasalarga yo‘naltirildi. Oliy o‘quv yurtlari kafedralari, laboratoriyalari murakkab jihozlarni talab qiladigan amaliy va eksperimental tadqiqot bazalariga ega bo‘lmay qoldi. Ularning oldiga faqat o‘quv maqsadlari qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, oliy o‘quv yurtlarining zamonaviy ishlab chiqarish talablaridan ajralib qolishiga olib keldi. Tabiiyki, ularga deyarli hech qanday buyurtma berilmadi. Oliy o‘quv yurtlari buyurtmalarni bajarishga moslashmadi.

70-80-yillarda ahvolni o‘zgartirishga bo‘lgan urinishlar amaliy samara bermadi. Chunki sovet fanining poydevori umuman boshqacha bo‘lib, ishlab chiqarish bilan bog‘lanmagan edi. Shu sababdan ilmiy g‘oyalar, ishlanmalar, tadqiqotlar chop etilib, qog‘ozda qolib ketaverdi. Ularning ahamiyatlilarini chet el kompaniyalari amaliyotga joriy qilib yoki ular asosida yangi texnologiyalar yaratib, patentlab qo‘yardi. Sobiq SSSR ularni qayta sotib olishga majbur edi. Murakkab ilmiy innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarga, agar harbiy va noharbiy maqsadlarda barobar qo‘llanishi mumkin bo‘lsa, «qat’iyan maxfiy» tamg‘alari bosilib, G‘arb mamlakatlaridan farqli ravishda xalq xo‘jaligiga joriy qilinmadi, sovet mahsulotlari sifatsizligicha qolaverdi.

Ishlab chiqarishdan uzilganlik akademik va mahkamaviy ilmiy-tadqiqot institutlariga salbiy ta’sir ko‘rsata boshladi, amalda ularning aksariyati davlat byudjetining boqimandasiga aylandi. Ayniqsa, ba’zi gumanitar yo‘nalishdagi institutlar. Ijtimoiy gumanitar fanlarga yana sovet tuzumining boshqa kamchiligi ham xos bo‘lib, ilmiylik mafkuraviylikka bo‘ysundirilgan edi. Bu ko‘pchilik haqiqiy iste’dodlarning ilmga intilishini susaytirdi, o‘z fanidan qoniqmaslikka olib keldi. Iqtidorli yoshlarning kasb tanlashi, ijtimoiy mo‘ljallari o‘zgardi: ular qisman aniq fanlar, tabiatshunoslik, texnika fanlari yoki hayotda ko‘proq moddiy daromad keltiradigan kasblarni tanlay boshladi. Gumanitar sohaga, 30-50-yillardan farqli, 60-80-yillarda iqtidorli yoshlar kam intildi. Ular o‘rnini o‘rtamiyona kishilar to‘ldirdi. Bundan tashqari, bu davrga kelib ilm-fan, olimlarning jamiyatdagi obro‘-e’tibori asta-sekin tushib ketdi.

Mustaqillik yillari ilm-fandagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun uni chuqur isloh qilish lozimligi ayonlashdi. Davlat birinchi navbatda bu boradagi islohotlarni ilm-fanni ishlab chiqarishga yaqinlashtirish, bozor buyurtmasi asosida ishlashga ko‘chirish, davlat byudjetiga boqimandaligini kamaytirish deb tushundi. Raqobat va ijtimoiy buyurtma o‘z-o‘zidan ilm-fan saviyasi o‘sishini ta’minlashi aksioma sifatida qabul qilindi. Lekin ilm-fanni isloh qilish borasida puxta o‘ylangan hayotiy konsepsiya yaratilmadi. Asosiy o‘zgarishlar siyosiy-tashkiliy shaklda o‘tkazildi. Aniqrog‘i, FA institutlari tugatila boshladi, oliy o‘quv yurtlari kafedralari bilan birlashtirildi. Chet ellardagidek ilm-fanni turli kompaniyalar, iqtisodiyot tarmoqlari moliyalashtirishiga, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyalashuviga umid qilindi. Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Sovet davri inersiyasini, ilm-fanning ishlab chiqarishdan begonalashganini yengib o‘tish o‘ta qiyin kechdi. Bundan tashqari, na sobiq akademik ITI, na OO‘Yu kafedralarida xalq xo‘jaligi buyurtmasi bo‘yicha tadqiqot olib borish va faoliyatini to‘liq shu asosda yo‘lga qo‘yishda yetarlicha tajriba va tadqiqot bazasi bor edi.

Bugun ilm-fan sohasini isloh qilishda yo‘l qo‘yilgan xatolar tuzatilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan O‘z FA qator institutlari qayta tiklandi. Ilm-fanga ajratiladigan mablag‘lar ko‘paytirilmoqda, olimlarni, oliy o‘quv yurti o‘qituvchilarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, oylik maoshlarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Lekin hamma masalalarni birdaniga hal qilib bo‘lmaydi, albatta. Ilm-fanni isloh qilish konsepsiyasi muttasil chuqurlashtirib, kengaytirib borilishi zarur. Har bir fan yo‘nalishi va hattoki har bir fan bo‘yicha qilinajak dolzarb va strategik ishlar, vazifalar aniqlab olinishi kerak. Chunki fundamental va ijtimoiy-gumanitar fanlarning aksariyat qismini davlat byudjeti o‘z zimmasiga olishi lozim. Lekin amaliy-texnik fanlar asta-sekin byudjetga boqimandalikdan qutulishi, ishlab chiqarish buyurtmalari, jumladan, chet el kompaniyalari buyurtmalari asosida o‘z-o‘zini mablag‘ bilan ta’minlashi shart.

Ilm-fan rivojlanishi to‘rt omilga bog‘liq: birinchisi — uning tadqiqotlariga ijtimoiy buyurtma vujudga kelishi va muttasil o‘sib borishi; ikkinchisi — ilm-fanning moddiy-texnik bazasi va unga yetarlicha mablag‘ investitsiya qilinishi; uchinchisi — kadrlar tayyorlash, haqiqiy iste’dodlarni izlab topish; to‘rtinchisi — ilm-fan vakillarining jamiyatdagi obro‘-e’tiborini ko‘tarish.

Ilmiy-tekshirish instituti maxfiy laboratoriyasi eshigini qo‘riqlaydigan militsioner institut direktori, laboratoriya mudiridan ikki barobar ko‘p maosh olsa, qanday izzat-hurmat haqida gap bo‘lishi mumkin? Yoki institutning yosh o‘quvchisi, vrachlar, hamshiralar birga ko‘cha supursa, chiqindi tashisa, bu kasb jozibali bo‘ladimi? Yaxshiyam, Prezidentimizning qat’iy talabi bilan majburiy mehnatga jalb etishning barcha shakllariga barham berilmoqda. 70-yillarda shunday sotsiologik ma’lumotni o‘qiganman: ilmiy tadqiqot institutlariga ega ayrim transmilliy kompaniyalar butun jahon bo‘ylab turli universitetlarga, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar universitetlariga o‘z vakillari va ekspertlarini jo‘natib, iste’dodli talabalarni aniqlagan. Ular bilan avvaldan shartnoma tuzgan. Xohlasa, AQShga o‘qishini ko‘chirgan, barcha o‘qish xarajatlarini bo‘yniga olgan. Bitirgandan keyin o‘sha iste’dodli talaba kompaniya xodimiga aylangan. Bugun bu amaliyotdan dunyoning yetakchi futbol va boshqa sport o‘yinlari komandalari ham foydalanmoqda.

Bizda-chi? Bizda hatto iste’dodli talabalar ayrim oliy o‘quv yurtlarida o‘qituvchisining «tili»ni topmasa, yo zo‘rg‘a «uch» bahosini oladi, yo yiqilib, sudralib yuradi, o‘qishdan, har qanday fandan hafsalasi pir bo‘ladi. Korrupsiya oliy ta’limda kuchayib ketayotgani, uni siqib chiqarish qiyin kechayotgani hech kimga sir emas.

Ilm-fanda oylik-maosh masalasi ham ikkinchi darajali emas. Yosh olimga yaratiladigan tadqiqot sharoiti bundan-da muhimroq. Yetarlicha oylik olmasa, tadqiqot o‘tkazishga sharoit bo‘lmasa, «aqllar» chetga ketib qoladi. Mustaqillikning birinchi yillari chet elga o‘qishga jo‘natilgan iste’dodli yoshlarimizdan bugun necha foizi yurtimizda ishlab, nimalarga erishdi-yu necha foizi chet ellarga qaytib ketib yoki umuman qolib, nimalarga erishdi? Shunday hisob-kitob, statis­tika bormi? Mayli, aniq ma’lumotlar kerak ham emasdir. Shunday ahvol yuz berganini hamma biladi. Ammo saboq chiqardikmi? Chiqarmoqdamizmi? Oliy ta’limda korrupsion vaziyat vujudga kelishiga vazirlik va tegishli davlat tashkilotlari indamasdan befarq qarab turdi, nega? Bundan kimlardir manfaatdor bo‘lgan. Kirish imtihonlarining o‘rniga test sinovlarining joriy etilishi poraxo‘rlikning bevosita o‘quv jarayoniga ko‘chishiga, kirish imtihonlari daromadlarini fandan o‘tish imtihonlari daromadlari bilan almashtirilishiga sabab bo‘ldi. Sovet davrining oxirgi yillarida izdan chiqqan xasta o‘quv tizimi tuzalishni istamadi va istamayotir. Talabaning ilmsizligi, o‘zlashtirmasligi, mashg‘ulotlarga qatnashmasligidan bir guruh o‘qituvchilar manfaatdor, chunki bunday talaba «sessiyani tekin yopmaydi».

Texnologiyalarni o‘zimizda rivojlantirmasdan mahsulotlarni chetdan olib kelishdan manfaatdor davlat va kredit tashkilotlari, turli lavozimdagi amaldorlar yo‘q deysizmi? Yuksak texnologiyalarni-ku qo‘ya turaylik. Nega oddiy iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishda sezilarli o‘zgarishlar yo‘q? Chunki markaziy ta’minotchi bozor bilan hududiy, mahalliy bozorlar narxi orasida farq bo‘lsa, joylarda ishlab chiqarish rivojlanmaydi. To‘g‘rida, nima qilasiz boshingizni og‘ritib korxona qurib, mablag‘, texnologiya va xomashyo izlab, ishchilarni yollab, ularni texnologiyalarni o‘zlashtirishga o‘rgatib? Yaxshisi, Toshkent «otchopari»dan istagancha mahsulot keltirib, 30-40 foiz ustama qo‘yib sotavering, boyiysiz, tashvishi ham kamroq. Aynan shu hol yangi ish o‘rinlari, kichik va o‘rta korxonalar yaratilishining ashaddiy dushmanidir. Mazkur qonuniyatni bundan 90 yil avval mashhur iqtisodchi Keyns ochgan edi. Buni iqtisodchi olimlarimiz bilmaydimi? Bilsa, nega hukumatni ogohlantirmaydi? Biz qachongacha topgan valyutamizni texnologiyalar, ishlab chiqarishga emas, xorijning sifati past, arzon mahsulotlarini xarid qilishga sarflaymiz, amalda chet mamlakatning ushbu sohasini rivojlantiramiz.

Maktab ta’limida korrupsiya boshqacharoq — yashirin shaklda tobora ildiz otmoqda. O‘qituvchilar darslarini yuzaki, xo‘jako‘rsinga o‘tadi. Ayniqsa, yuqori sinflarda. «Bolangiz yaxshi o‘zlashtirishi uchun repetitorga qatnasin» deya, 5-sinfdan ota-onalarga tazyiq o‘tkazila boshlanadi. Tabiiyki, ko‘chada repetitor to‘lib-toshib yotgani yo‘q. Repetitorlikni o‘sha o‘qituvchining o‘zi zimmasiga oladi. Bu yashirin shaklda davlatning bepul ta’limini pulli ta’limga aylantirish, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunni qo‘pol ravishda buzish emasmi?

Oliy maktabda o‘qitiladigan ijtimoiy-gumanitar va umumta’lim fanlari sonini hamda nomenklaturasini qisqartirish, mutaxassislik fanlari soatlarini ko‘paytirish to‘g‘ri. Ammo qaysi fanlar qolishi kerak degan masala bahsli. Oliy matematikani nega bo‘lajak tarixchi yoki til-adabiyot, chet tili, musiqa va jismoniy tarbiya o‘qituvchisi o‘rganishi lozim? Hattoki axborot texnologiyalarini bo‘lajak talaba o‘rta maktabda o‘zlashtirib kelishi, oliy maktabda faqat dasturlashtirish bo‘yicha bilimini takomillashtirishi kerak. Ijtimoiy fanlardan uchta fan: falsafa, iqtisodiyot nazariyasi va ma’naviyatshunoslik o‘qitilsa, kifoya. Lekin falsafa doirasida politologiya (siyosatshunoslik) va sotsiologiya, ma’naviyatshunoslik doirasida etika, estetika, dinshunoslik, iqtisodiyot nazariyasi doirasida mehnat huquqi va ijtimoiy muhofaza bo‘yicha bilim berilishi lozim. Buning uchun prinsipial yangi o‘quv dasturlari va darsliklari yaratilishi kerak.

Konstitutsiya va huquqning turli yo‘nalishlari asoslarini o‘qitish o‘rta maktabga ko‘chirilishi maqsadga muvofiq. Chet ellarda umumiy o‘rta maktab ta’limi o‘n ikki yillik. Balki bizda ham o‘rta maktablarni o‘n bir yillik emas o‘n ikki yillikka o‘tkazish kerakdir… Shunda oliy ta’limni ko‘p qo‘shimcha fanlardan xalos qilish barobarida maktabni tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yoshlarimizga ko‘proq bilim bergan bo‘lardik.

Boshqa bir muammo. Biz yangi sanoat inqilobi arafasida, hatto boshlanishida yashayapmiz. Bu mushtaraklashgan axborot texnologiyalari va «sun’iy» intellektning barcha sohaga kirib borishidir. Masalan, bemorning buyragi yoki ishdan chiqqan biror a’zosini tiklashning iloji bo‘lmasa, u donor organi bilan almashtiriladi. Transplantatsiya, aslida o‘zga a’zoni o‘tkazishni bildiradi. Hozir esa insonning g‘arovli hujayrasidan «qurilish ashyosi» tayyorlab 3D printerlari yordamida, ishdan chiqqan a’zoning mutlaq nusxasini yaratish mumkin. Inson tanasining falaj bo‘lgan a’zolarini ishlatishda nanotexnologiyalar, «sun’iy» intellekt istiqbollaridan foydalanish ustida tadqiqotlar ketmoqda. Haydovchisiz mashinalar, avtobuslar, elektropoyezdlar, metrolar bugun sinovdan o‘tmoqda. Boshlanayotgan yangi sanoat inqilobi o‘rta maktab va oliy ta’lim o‘quv rejalarini tubdan yangilashni taqozo etmoqda. Bo‘lajak jarroh-transplantolog tibbiyotga oid fanlar qatorida AKT va sun’iy intellektga oid fanlarni, 3D printerida ishlash texnologiyalarini mukammal o‘zlashtirishi lozim.

Kim bugun maktab va oliy ta’lim o‘quv rejalari, dasturlarini boshlanayotgan yangi sanoat inqilobiga moslashtirish ustida o‘ylayotir? Axir, ertaga kech bo‘ladi!

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgani ilmiy tadqiqotlarni yangi pog‘onaga ko‘tarishidan umid qilamiz. Yosh tadqiqotchilar g‘oyalarini o‘rganish, ishlanmalarini sinab ko‘rish, amaliyotga joriy qilish maqsadida yangi vazirlik tarkibida maxsus bo‘lim va jamg‘arma tashkil etilishidan tashqari Yoshlar ittifoqi, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari huzurida ham maxsus tuzilmalar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Ular real mablag‘ga va imkoniyatga ega bo‘lsa, foyda keltiradi. Sobiq ittifoq davrida Yosh texniklar stansiyasi, Yosh naturalistlar (tabiatshunoslar) stansiyalari bo‘lardi. Yosh texniklar stansiyasida aloqa, radiosozlik, aviamodelchilar to‘garagi, mashinasozlik, kemasozlik to‘garaklari bo‘lardi. Bugun ularni qayta tiklash zarur. Yoshlar ittifoqi huzurida esa yosh talabalar va konstruktorlar uchun maxsus konstruktorlik sexi tashkil etish kerak. Istagan yosh izlanuvchi, konstruktor o‘z g‘oyasini himoya qilgandan keyin uning namunasini yaratish imkoniga ega bo‘lsin.

Xullas, oldimizda turgan masalalarga tubdan yangicha yondashish zarur. Kosmetik islohotlar bilan ishni o‘nglab bo‘lmaydi. Ta’limning barcha bo‘g‘inlari, FA, mahkamaviy tarmoq ITI, innovatsion siyosat, iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga qaratilgan faoliyat mushtaraklikda, birgalikda isloh qilinishi lozim.

Abdurahim ERKAYeV,

Qarshi davlat universiteti professori

“Ishonch” gazetasi

2018 yil 26 may, 62-son