«SHAYTON MOYI» SOTILADI… yoxud «o‘ynab» kitob chiqarish qachon tugaydi?

2019-08-12T11:49:23+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» gazetasi Matbuot yo‘nalishida «Oltin qalam-2019» g‘olibi

To‘g‘risi, o‘qishga yaroqsiz kitoblar haqida maqola yozish fikridan yiroq edim. Ammo kimdir, nimadir atayin qilayotgandek bo‘laverdi: bir-biridan oshib tushadigan «fakt»lar har kuni «qarshimda paydo bo‘lib», oldimdan o‘taverdi. Ular go‘yoki «meni yoz, yo‘q-yo‘q, meni yoz» deyayotgandek edi. Nihoyat borini boricha yozishga qaror qildim. Dastlab «oyog‘im tagi»dan chiqqan dalil haqida…
Yaqinda qo‘limga «Yaponiya xalq ertaklari» kitobi tushib qoldi. Ochib o‘qiy boshladim-u… Ishonsangiz, o‘rnimdan turib ketdim. Ertakning qisqacha mazmuni quyidagicha: «… Bir kuni chol zararkunanda bo‘rsiqni tutib olibdi va kampiriga kechqurun uning go‘shtidan sho‘rva qilishni tayinlab ketibdi. Chol ketgach, bo‘rsiq «o‘g‘ir dasta» bilan kampirning kallasiga urib, uni o‘ldiribdi. Bo‘rsiq kampirning tanasini qiymalab odam go‘shtidan sho‘rva tayyorlabdi. Bo‘rsiq bir yumalab, kampir tusiga kiribdi-da, cholning qaytishini kutib o‘tiribdi… Chol sho‘rvani maqtab, huzur qilib tillarini shapillatib ichibdi. Shunday qilib, chol o‘z kampirining go‘shtidan pishirilgan sho‘rvaga rosa to‘yib olibdi…»
Bilmadim, vahshiylik, odamxo‘rlik aks etgan bu ertak yaponlarda bo‘lsa bordir, lekin uni bolajonlarga «havola etish»ni qanday baholash kerak, qanday?!
Tarjima ham nozik, ham qiyin masala. Unga shunchaki, engil-elpi yondashib bo‘lmaydi. Tarjima qilingan asarda o‘sha xalqning hayot tarzi, ruhiyati, «meni»dan tortib so‘zlashuv ohangi ham buzilmasdan aks etishi kerak. Yapon ertaklari o‘zbek tiliga juda g‘aliz tarjima qilingan. Bunga misollar kitobda «tiqilib yotibdi».
«Sichqonning nikohlanishi» nomli ertakni o‘qib, ham kulasiz, ham kuyasiz. «O‘tgan zamonda bir o‘rmonda er-xotin sichqon juda farovon hayot kechirgan ekan. Lekin ular befarzand ekanlar. Ular kecha-yu kunduz Xudodan farzand so‘rashar ekan.
Kunlardan bir kuni ular bir qiz ko‘rishibdi. Bu qiz voyaga etgach, juda go‘zal bo‘lib ketibdi.
– Bizning qizimiz Yaponiyadagi go‘zallarning go‘zali, — degan fikrga kelishibdi ota bilan ona. – Demak, o‘ziga o‘xshash eng go‘zal kuyov topish kerak.
… Ular qizlarini qo‘shni sichqonga erga berishibdi. Yoshlar ahil va xushchaqchaq hayot kechirishibdi». Qalay, tarjima zo‘rmi? Zo‘r bo‘lmay ketsin!
Yaponiya ma’muriy-hududiy jihatdan 47 ta prefektura va shaharlarga bo‘linadi. Kitobda «prefektura» so‘ziga ko‘zim tushmadi, nuqul «viloyat» deb berilgan. Menimcha, prefektura o‘zbek tiliga o‘girilmasdan berilganda to‘g‘riroq bo‘lardi. Deylik, «Zakovat»da yoki testda «Yaponiyaning ma’muriy-hududiy bo‘linishi qanday nomlanadi?» degan savol berilsa, shu kitobni o‘qigan bola «viloyat» deb javob beradimi?
Knyaz, knyazlik, bosh knyaz… Qoyil, bunisi endi oshib tushdi. Axir, Yaponiyada hech qachon knyazlik bo‘lmagan, yaponlardan hech vaqt «knyaz»lar chiqmagan. «… Knyaz ko‘zachada juda shirin «chaynamang-shiming» saqlar ekan…». Ertak davomida dam «ko‘za»da, dam «kuvacha»da saqlangan o‘sha «chaynamang-shiming» nima o‘zi? Oddiy oqqand yoki «yapon xo‘rozqandi» shevada «ng-ng» bo‘ladimi?
2016 yilda Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 5000 nusxada chop etilgan «Yapon xalq ertaklari»ni asabim biroz buzilganini aytmaganda hech qanday his-hayajonsiz o‘qib chiqdim. Lekin negadir kitobda undov belgisi bebiliska «ishlatilgan». Oddiy gapda ham undov, darak gapda ham undov, so‘roq gapda ham undov. Mabodo, tinish belgilarini ishlatish-qo‘llash qoidalari o‘zgarmaganmi?!
Kitobda imloviy xatolarni «izlash» shart emas. ­Deyarli har bir ertakda (jumlalarda) uchraydigan, g‘ashga tegadigan g‘alizliklarni-ku aytmasa ham bo‘ladi. Odamko‘zli maymun haqida hech eshitganmisiz?.. «Mana buni guruch» desa bo‘ladi! Faqat, o‘zini shunday eyishga odamning ko‘zi qiymayapti, – debdi maymun».
Ertaklar — yaxshilikka etaklar, deyishadi. Darhaqiqat, ertaklarning sirli olami bolajonlarni ezgulikka undashi kerak. Lekin ezgulikning «e» harfi ham yo‘q «Chars-chars tepaligi», «Jinlar cholni qanday davoladilar», «Shayton moyi», «Maymunning qaylig‘i», «Tentakning hamma gapi poyma-poy» kabi bema’ni, bemaza ertaklar qaysi «kalla» bilan kitobga kiritilgan ekan. Birgina «Shayton moyi» nomli ertakni o‘qisangiz, beixtiyor «e…» deb yuborasiz. «… Yodzironing balig‘i bilan otini shayton eb qo‘yadi… Yodziro shaytonni qozonga «qamab», uni olovda kuydirib, eritadi. Ertasiga qozonning tuvog‘ini ko‘tarib qarasa, qozon qulog‘igacha qora moy bilan to‘la. U yog‘ni shaharga olib boribdi-da, ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan katta pulga sotibdi». Tamom, ertak shunday tugaydi. Dahshat-a! Ana sizga «kirmoshina-yu», mana bolalarga «syurpriz!».
Xullas, ertak kitob har taraflama tahrirtalab. Negadir kitobda na tarjima qilingan manba, na tarjimonning ismi-sharifi ko‘rsatilgan. Bordi-yu, kitob «bunyodkor»lari – tarjimon, muharrir yoki musahhihni uchratib qolgudek bo‘lsam, ularga aytar so‘zim qisqa, ammo savollarim uzun bo‘ladi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi. Kitob qachon xatolardan xoli chiqadi? Qachonki, nashriyotlar qoshida tegishli soha, mavzu va yo‘nalishlar bo‘yicha ham malakali, ham mas’uliyatli mutaxassislardan iborat maxsus badiiy kengash tuzilsa va uning xulosaviy tavsiyasidan so‘ng kitob nashr etilsa. Badiiy kengash doimiy tarzda faoliyat ko‘rsatadimi yoki jamoatchilik asosidami, qat’i nazar, ishlashi kerak! Bu hayotiy ehtiyojdir.
Taniqli yozuvchi Abduqayum Yo‘ldoshevning o‘zi ham, ijodi ham hurmatga loyiq. U kishining 2011 yil «O‘zbekis­ton» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan nashr etilgan «Alvido, go‘zallik» nomli kitobidagi bir-ikkita hikoyani o‘qishga sal qiynalganman. Gap shundaki, kitob sifatsiz chiqqan, yo mening qo‘limga «signalniy variant» tushib qolganmi, bilmadim. Kitobda varaqlar ketma-ketligi 321-dan 337- betgacha buzilgan.
Menimcha, hech bir nashriyot va bosmaxona mas’ullari «bizdan sifatsiz kitoblar chiqmagan, chiqmaydi ham» deb kafolat berolmasa kerak. «Sermahsul» ijodkor Azamat Qorjovovning qaysidir kitobi, adashmasam, «Dizayn press»dan chiqqani yaxshigina «brak» edi. O‘sha kitob oldida «Alvido, go‘zallik» aniq «to‘yga boradi». Men bu misollarni keltirib, vahima qilmoqchi emasman. Shunchaki kitobga ehtiyot bo‘lib, e’tiborliroq bo‘lish kerak, «bo‘laveradi» deyish bilan ish bitmaydi, demoqchiman, xolos. Do‘kondan hech qachon sifatsiz narsa – labi sal uchgan piyola tugul qiyshiq mixni ham olmaymiz. Axir, kitob mix emas-ku!
Kitob chiqarish osonmi? Bu savolning javobi ikkita – «Yo‘q» va «Ha».
…Ketsam ham tanilmay so‘nggi yo‘limga,

Allohni yolg‘izim – Haq deb yuribman.

Tiriklik mangudir bunday o‘limga,

Umrimning davomi – Xalq deb yuribman –

Men – kitobi chiqmagan shoir.

Bu satrlar tirikligida kitobi chiqmagan shoir Abdulla Turdievga tegishli. Agar kitob chop etish hozirgidek oson bo‘lganda edi, 55 yoshdan oshib ham «kitobini ko‘rmay ketgan» shoirning kim biladi nechta kitobi chiqqan bo‘lardi? Aytishlaricha, Abdulla aka o‘ziga juda talabchan bo‘lib, «She’rlarim kitob bo‘lishga loyiqmi?» degan istihola bilan kitob chiqarishga ko‘pam oshiqmagan ekan.

Ha, kitobi chiqmagan, ammo o‘z ijodiga o‘ta talabchan, hech narsani da’vo qilmasdan jimgina yuradiganlar bor. Ularning bir chekkada taxlanib yo sarg‘ayib yotgan «narsa»lari «semiz-ozg‘in» kitoblardan «o‘lsa o‘ligi ortiq». Afsuski…

Mashhur yozuvchi-dramaturg Sharof Boshbekov keyingi yillarda hamqishloqlaridan to‘rt nafari kitob chiqarganini bilmasa ham kerak. «Temir xotin»ning «xo‘jayini»ni kitobxonlar juda yaxshi bilishadi, anovi to‘rtta «ijodkor»ni esa tanish-bilishlaridan boshqa hech kim tanimaydi.

Hech kimga sir emas, yiliga bitta, hatto, bir yilda ikkita kitob chiqaradiganlar bor. O‘tgan yilgi kitobiga bu yil 10-15 ta she’r qo‘shib, kitob muqovasini alьbom bilib, suratini, suratlarini beradiganlar bor. Omma e’tiborini tortadigan allambalo sarlavhalar qo‘yib, deyarli har yili potirlatib kitob chiqaradigan «konveyer yozuvchi»lar bor. Ularning «ertasi yo‘q» asarlariga hozircha «chanqoq»lar bor.

Ikki xil ism bilan bitta kitob chiqarish mumkinmi?.. Mumkin ekan. Hatto, bitta kitobni ikkita nom bilan chiqarsa ham bo‘larkan. Abdug‘ani Abdullaev yoki G‘ani Abdullaev – «20 dan yaqin nasriy va nazmiy asarlar muallifi». Siz «20dan yaqin»ni 20ga yaqin deb to‘g‘rilab o‘qishga shoshmang. Bu imloviy xato bir emas, «bor-yo‘g‘i» to‘rt-beshta kitob muqovasida berilgan, xolos. Muallifning o‘zi qisqacha ijodiy tarjimai holiga e’tibor bermagandan keyin ­«mas’uliyatli noshir»larga nima. Ular «mendan ketguncha, egasiga etguncha» qabilida ish ko‘rib, «fleshka»da nima bo‘lsa, o‘shani bosib beraveradi. Natijada «ichi» aynan bir xil, ammo nomi ikki xil – «Kitobim – mehribonim» va «Kitobim – eng yaqin do‘s­tim» paydo bo‘ladi. Nashriyot va bosmaxona manzili ko‘rsatilmasdan 2018 yilda «nashr etilgan» bu kitoblarda yozuvchi Zoir Ziyoning muallif haqida muxtasar so‘zi berilgan. Kitoblar qaerdan chiqqan? Buni balki Zoir Ziyo yaxshi bilar?!

«Oxirat sandig‘i» g‘irt g‘alati kitob. Bu kitob 2005 va 2018 (?) yillarda «Movarounnahr» nashriyoti tomonidan chop etilgan. Birida muallif G‘ani Abdullaev, ikkinchisida Abdug‘ani Abdullaev. «Ichi» o‘zgarmagan kitobning har ikkala varianti ham aslida bir vaqtda chiqarilgan: «Bosmaxonaga 2005 yil 6 avgustda topshirildi. Bosishga 2005 yil 29 iyulda ruxsat etildi». Qiziq, kitob avval bosmaxonaga topshirilib, so‘ng bosishga ruxsat etilardi, shekilli. Kitobga O‘tkir Hoshimov so‘zboshi yozgan ekan va uni «qayta nashr»da berishda «noshir»lar xol qo‘yishgan.

Yoshi ulug‘ inson Abdug‘ani Abdullaevni kechirsa bo‘lar, ammo «iltimos» qilinsa, «ega-kesimi» yo‘q kitob chop etayotgan «noshir»larni-chi? Kompьyuter va rangli printerdan foydalanib, «qo‘lbola» kitob chiqarayotganlarni ham topsa bo‘ladi. Ularni «muallif»lar topib berishi mumkin. So‘ng ular «Noshirlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun hujjatlari talablarini buzgani uchun belgilangan tartibda javobgarlikka tortilib, «otning kallasi»day jarima to‘lashsa, litsenziyadan ayrilsa… bu boshqalarga saboq bo‘lar, qolganlar «bilib-bilmay» ish qilmaydigan bo‘lishardi.

So‘nggi paytlarda maktab o‘quvchilari ham kitob chiqaryapti. Buning nimasi yomon dersiz? Agar o‘quvchi favqulodda iqtidorli, iste’dodli bo‘lsa, uni har qancha qo‘llab-quvvatlash lozim. Ammo buning aksi bo‘lsa-chi? «Iltimos, shuni chiqarib bersangiz» deya farzandi yo nabirasining «asari»ni qo‘ltiqlab yuruvchilarga duch kelmagan bosh muharrir bo‘lmasa kerak.

Tunov kuni «Otchopar»dan qaytayotib, yo‘nalishli taksida haydovchi bilan kelajakda «shoira» bo‘ladigan qizchaning suhbatini eshitib keldim. «O‘tkir Hoshimovning she’rlarini ko‘p o‘qigan, ammo hozir eslolmayotgan» qizcha gap orasida maqtanib qoldi: «Kelasi yil dadam kitobimni chiqartirib, tug‘ilgan kunimga sovg‘a qilar ekan». Bo‘lajak «shoira»ning savodi va so‘zlaridan «ta’sirlanib» bekatda tushib qoldim.

Bir ertak-kino bo‘lardi. Unda kimda-kim yalmog‘izga «bo‘laveradi» desa, u bundan qopday semiradi va aksincha, «bo‘lmaydi» deyishsa, butkul tobi qochadi.

Bugun ana shu «bo‘laveradi»larning davri o‘tdi. Kitobxonlikka e’tibor va munosabat davlat darajasida o‘zgardi. Ammo barchani kitobxon bo‘lishga, mutolaaga chorlayapmiz-u, lekin qanday kitob o‘qiyotgani bilan qiziqmayapmiz. Shakli kitob bo‘lsa, uni mutolaa qilish mumkin, deb o‘ylaymizmi? Chop etilayotgan kitoblarning mazmuni bilan nashriyotlarning ishi yo‘q ekan, unda BOShQALAR-chi? Yoki ular faqat tomoshabinmi?..

Alijon ABDURAHMONOV,

jurnalist

“Ishonch” gazetasi

2018 yil 12 iyulь, 82-son