OMMAVIY MADANIYaT OG‘UMI?

2019-08-12T11:49:23+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

«Ishonch» gazetasi Matbuot yo‘nalishida «Oltin qalam-2019» g‘olibi

Bugun ijtimoiy fikrda G‘arb madaniyati va turmush tarzini «ommaviy madaniyat» deb atash keng tarqalgan. Bunga tadqiqotchilar va jurnalistlar katta «hissa» qo‘shayapti. Masalan, bir hamkasbim o‘zining yostiqday kitobida birorta ham asosli dalil keltirmay «ommaviy madaniyat insoniyat yaratgan butun tamaddunning barbod bo‘lishi xavfini kuchaytirmoqda», deb yozsa, boshqa biri uni «milliy madaniyatning kushandasi», «yovuz, odamzodning fikrlashiga tish tirnog‘i bilan qarshi», «olomonni tashkil etuvchi manqurtlarni shakllantiradigan», «ma’naviy va axloqiy tubanlik illatlarini o‘z ichiga olgan» mutlaq zararli narsa deb ta’riflaydi. Ular «ommaviy madaniyat» ni qoralab, butun G‘arb madaniyati haqida salbiy fikr shakllantirayotganini payqashmaydi ham. Ajablanarli hol shundaki, ular G‘arb madaniyati haqida bitta ham ijobiy fikr bildirishmaydi. Bir jurnalistimiz esa butun mamlakatga «men «ommaviy madaniyat» ga qarshiman. Ma’naviyatga daxl qiladigan har qanday kino va ko‘rsatuvlarga qarshiman», deb jar soladi. Unday bo‘lsa, biz qahramoni boshqa erkak qallig‘ini yo‘ldan urgani uchun «Titanik»ni,insondagi qo‘pol kuchni va odam o‘ldirishni mavzu qilgan «Gladiator»ni, inson ehtiroslariniko‘rsatishga qaratilgan F.Fellini filьmlarini ko‘rmasligimiz, militaristik fikrlari uchunesa Gegelь va Nitssheni o‘qimasligimiz kerak ekan-da?!

Ilgari G‘arb madaniyati va turmush tarzini «ommaviy madaniyat» atab, uni mutlaq qoralash odati bizda yo‘q edi. Mansabdor bir «mutaxassisimiz» ommaviy madaniyatga «axloqiy buzuqlik va zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm» manbai deb ta’rif bergach, ayrim tadqiqotchilar va jurnalistlarimiz bu fikrni keng yoyishga tushdi. Eng taajjubli tomoni shundaki, ularning birortasi ham nafaqat G‘arb madaniyati va turmush tarzini, hatto madaniyatning qanday sirli va ziddiyatli qonunlari borligini sinchiklab o‘rganmagan, bu borada arzigulik tasavvurga ega emas. Aslida, qayd etilgan hech qanday ixtiro yo‘q. 1979 yil 16-17 oktyabrda bo‘lgan ideologiya xodimlarining Butunittifoq kengashida G‘arbning «ommaviy madaniyati» didi past kishilarga mo‘ljallangan, ongni zaharlovchi, zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi, ma’naviyatni emiruvchi va shaxsni tanazzulga etaklovchi og‘u ekani ta’kidlangan. Bizning ma’naviyatshunoslarimiz «ommaviy madaniyat» tushunchasini ushbu ideologik ko‘rsatmadan olayotganini, G‘arb madaniyati va turmush tarziga qarshi fikrlarida unga tayanayotganini bilishmaydi, bilishsa ham buni sezdirishmaydi. Ularga o‘z fikrini kashfiyot qilib ko‘rsatish muhim. Agar «ommaviy madaniyati» shunday zararli narsa bo‘lsa, nega G‘arb davlatlariga Osiyodan har yili 4 milliondan ziyod kishi goh qonuniy, goho g‘ayriqonuniy tarzda ko‘chib boradi? 2018 yilning o‘zida Germaniyaga 1 milliondan ziyod sharqliklar qochib borganiga nima deysiz? AQShga har yili 2 milliondan ziyod janubiy amerikaliklar qochib o‘tadi. Nima uchun axir? Nega davlat boshqaruv tizimimiz (Prezidentlikinstituti, ikki palatali parlament, sud va moliya boshqaruvi, bozor iqtisodiyoti), ta’lim va kadrlar tayyorlash, harbiy tuzilmalar G‘arbga taqlidan tashkil etilgan? Qurilayotgan yangi binolar, hovlilar evropacha uslubda ekanligidan quvonayotganimizning boisi nimada? Ustimizdagi jinsi shimlar, taqayotgan galstuklarimiz, «biznes», «klaster», «lizing», «kollej», «litsey», «partiya» kabi son-sanoqsiz so‘zlar G‘arbdan kelgan-ku?!

G‘arb tafakkuri o‘zini o‘zi tanqid qilish tamoyiliga qurilgan. Antik davr faylasuflari jamiyat, davlat, mavjud an’analarni tanqid qilishni an’anaga aylantirishgan. Bu tanqid Nitsshe nigilizmida o‘zining cho‘qqisiga chiqqan. U butun G‘arb madaniyati, axloqi, dini va an’analarini rad etgan, ular o‘rniga «yangi axloq», «yangi din», «yangi qadriyatlar» yaratmoqchi bo‘lgan. Nigilizm, u yoki bu darajada, XX asr G‘arb faylasuflarining deyarli barchasida kuzatiladi. Agar ular madaniyatni elitar (aslzodalarga, ozchilikka mo‘ljallangan) va ommaviy (xalqqa, ko‘pchilikka mo‘ljallangan) ko‘rinishlarga ajratsa, bu hali xalq madaniyatining rad etilganini, u g‘ayriaxloqiy illatlardan iboratligini anglatmaydi. G‘arbda qo‘llaniladigan «ommaviy madaniyat» (mass culture), bizda ishlatiladigan «xalq madaniyati»ga to‘g‘ri keladi. G‘arb tadqiqotchilarining fikrlariga ko‘ra, keng xalqqa mo‘ljallanganlik (T.Adorno), ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib qilish, yoyish (E. Xaag), ilmiy texnik kashfiyotlar orqali millionlab nusxalarda tarqatilish, iste’mol ne’mati sifatida bozorga olib chiqish (D.Makdonalьd), kelib chiqishi, mavqei va mashg‘ulotidan qatьi nazar — barchani muloqot qilishga chorlash (M.Maklyuen), ijtimoiy hayotdagi demokratlashuvni ifodalash (G. Gans), kishilar ma’naviy ehtiyojlarini kengaytirish (D.Uayt) ommaviy madaniyatga xos. Taniqli ingliz yozuvchisi, ko‘plab detektiv romanlar muallifi J.X.Cheyz ommaviy madaniyatni kishilarni ruhiy zo‘riqishdan xalos qiluvchi, hordiq vositasi, tajribali sotsiolog B. Rozenberg esa «umuminsoniy hodisa», deb ataydi. Ko‘rinib turibdiki, G‘arb olimlari va mutaxassislari «ommaviy madaniyat»ga ilmiy texnik inqilob davriga xos, OAV orqali keng tarqalgan ne’matlar, ijtimoiy hayot demokratlashuvining ifodasi sifatida qaraydi. Ular industrial rivojlanish pul topish imkoniyatini kengaytirib kishilarda iste’molchilik kayfiyatini avj oldirganini, hordiq chiqarishni uyushtirish alohida san’at sohasiga aylanganini, demokratiya istagan faoliyat va ijod turini, hordiq chiqarish usulini erkin tanlash huquqini berayotganini G‘arbda inson huquq va erkinliklarini mutlaqlashtirishga intilish kuchli, bizda esa ular axloqiy normalar doirasidadir. Aynan shuning uchun ham sharqda qonunlarni real kuchga aylantirish, ularni hayotga to‘liq tatbiq qilish yuqori darajada emas. G‘arb tasavvurida Sharqda inson huquq va erkinliklari etarli emas, sharq tasavvurida g‘arbda axloq toptalgan. Ushbu ziddiyat sharqona va g‘arbona qadriyatlar haqida gapirishga undayapti, ba’zi tadqiqotchilar va jurnalistlarimiz esa undan «global muammo» yaratishga intilib, ikki qit’ani biri-biriga qarama qarshi qo‘yadi. Shu tariqa o‘quvchilar ongini yuzaki, havoyi va noxolis axborotlar bilan to‘ldirishga xizmat qiladilar. Ular og‘izda, so‘zda G‘arb madaniyati va turmush tarziga tosh otadilaru, o‘zlari «evrostilь» uylarda, hatto «kanizak uy xizmatchilari» bilan yashashdan tortinmaydi.

G‘arb kishilari pornografiyani ommaviy madaniyatdan ajratadi. Masalan, taniqli faylasuf Erix Fromm pornografik asarlarning xalq ma’naviyatiga, xalq madaniyatiga hech qanday aloqasi yo‘qligini, ular ko‘p pul topish, boylik to‘plashga o‘ch guruhlar mahsuloti ekanini ta’kidlaydi. Ha, bu yo‘nalishda G‘arbda pornoindustriya shakllangan. Lekin u qonun doirasida, zo‘ravonlikni targ‘ib etmagan tarzda faoliyat yuritadi. Uning mahsulotlarini ko‘rasizmi yoki yo‘q — sizning ixtiyoringiz, u sizning tarbiyangiz va madaniyatingizga bog‘liq. Bu ham o‘ziga xos huquq va erkinlikdir. Bizning ma’naviyatshunoslarimiz mana shu o‘ziga xoslikka qarshi.

Ommaviy madaniyatni keng voqelikka aylantirgan ommaviy axborot vositalari va industriallashgan jamiyatdir. AQShda har yuz kishiga bittadan gazeta, har olti yuzga yaqin kishiga bittadan jurnal, yiliga har bir kishiga o‘nga yaqin nomda kitob nashr etiladi. Dunyodagi eng yirik teleinternet kompaniyalari AQSh va Evropada joylashgan. Ular istagan axborotni, manbani sanoqli daqiqalar ichida dunyoga tarqatish quvvatiga ega. Industriallashtirish natijasida keyingi ikki asr mobaynida uy jihozlari, radio, televidenie, qo‘l soati, avtomobillar ommaviy iste’mol mahsulotlariga aylandi. XVIII asrda, masalan, biz cho‘miladigan vanna eng badavlat kishilardagina bo‘lgan. Frantsuz zodagonlari o‘z qizini vannasi bor kishilarga (hatto bu kishilarning yoshi, qizini sevish yoki sevmasligi hisobga ham olinmagan) berishga intilgan. Bugun vanna har bir xonadonda bor. XIX asr boshlarida eng boy, badavlat kishi qo‘l soati taqish imkoniga ega edi. Avtomobilь to‘g‘risida ham shunday deyish mumkin. Industriallashgan G‘arb noyob, qimmatbaho narsalarni ­ommalashtirdi, bugun oddiy kishilar ham ulardan bahramand. Industriallashtirish o‘z navbatida iqtisodiy demokratiyani, ya’ni ochiq bozorlarni taqozo etdi. Bozor iqtisodiyoti esa, o‘z navbatida, ommaviy madaniyatning rivojlanishiga turtki berdi. G‘arb ushbu taraqqiyot bosqichlarini o‘zining tarixiy tajribasi sifatida eslaydi, unda yuzaga kelgan iste’molchilik, pul topishga berilish, hayotdan kayf-u safo izlash, «jamiyatdan qochish», o‘zi uchun yashash istaklari kabi salbiy hollar ham yuzaga kelganini tan oladi, ularni tanqid qiladi. Bu G‘arb tafakkuriga xos bo‘lgan an’anadir. Sharq va G‘arbni qiyoslayotganda, keyingisini baholayotganda, avvalo, yuqoridagi kabi ijobiy tomonlarni e’tirof etishdan boshlash, yosh aql egalarini ana shunday kashfiyotlar qilishga undash kerak. Mutaxassisimiz madaniyat muammolariga oid dissertatsiya tayyorlasa yoki 500, 600 betlik kitob yozsa-yu, unda G‘arb madaniyatining yutuqlari haqida bir jumla ijobiy fikr bildirilmasa, taftologik tarzda «Sharq axloqi unaqa, axloqiy qadriyatlarimiz, an’analarimiz bunaqa» deb maqtanishga berilsa, yumshoq qilib aytganda, noxolislikdir.

Ommaviy madaniyatni xolisona o‘rganish bizga o‘zimizni, xalqimiz madaniyatini anglashga yordam beradi. Qarang, musiqa va qo‘shiqchilik san’ati qanchalik siyqalashib ketgan. Ertadan kechgacha radio va televidenieda o‘ldim-kuydim mavzusidagi kliplar tinmaydi. Xonanda bir qarasangiz Parijda Eyfelь minorasi yonida, bir qarasangiz Ozodlik toshhaykali oldida, bir qarasangiz Misrdagi piramidalarga tikilib ashula aytayapti, unga o‘zini ko‘z-ko‘z qilish muhim. Hech kim, shu jumladan, xonandaning o‘zi ham klip va qo‘shiq sifatiga javob bermaydi, radio va televidenie esa «yashavor-e!» deb ko‘rsataveradi. G‘arbda videokliplar mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkaziladi, hatto Belьgiyada havaskor va professional videoklipchilar festivallari uyushtiriladi. Bizning san’atkorlarimiz indust­riya ahamiyatini tushunmaydi, uning imkoniyatlaridan foydalanishga no‘noq. Tomoshalar va ko‘rsatuvlarni efirga uzatuvchi operatorlarimiz ham shunday. Ular juda nari borsa, ob’ektni ikki nuqtadan suratga olish bilan cheklanadi. Vaholanki, har bir tadbirni qiziqarli, nigoh va diqqatni jalb qiladigan, betakror san’at darajasida uzatish mumkin.

O‘zbek xalqi madaniyati ichida ham, xuddi G‘arb e’tirof etayotganidek, elita, ya’ni ozchilikni qiziqtiradigan va ma’lum bir kishilargina shug‘ullanadigan san’at turlari mavjud. Masalan, mashhur yog‘och o‘ymakorlari Abdulla Boltaev, Haydar Najmiddinov, Qodirjon Haydarov, qandakorlar Sobir Xudoyberganov, Usta Fozil, Mulla Sodiq, Shodi Muhammad Barotboy, kulolchilar Raimberdi Matchanov, Muzaffar Saidov yaratgan asarlarni ikkilanmay elita san’at deyish mumkin. Ular ijodini davom ettirish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi, hamma ham ularning asarlarini to‘g‘ri baholayvermaydi. Elita san’ati betakrorligi, noyobligi, alohida salohiyatni talab etishi, yagonaligi bilan ajralib turadi. G‘arbda bunday san’at turlarini baholovchi ekspertlar mavjud, boy-badavlat xaridorlar ular maslahatiga muvofiq san’at asarlarini xarid qiladilar. Ba’zan bu asarlar million-million dollar turadi, xaridor aldanib qolmaslik uchun ekspert xizmatidan foydalanadi. Bu ham, bizning fikrimizcha, G‘arbning ibratli tajribasi.

Miqdor sifatga ta’sir etadi. San’atkorlar sonining ko‘payishi san’at sifatiga aks ta’sir qilayotgani haqiqat. Masalan, «Lazgi» ni Komiljon Otaniyozov aytganida borlig‘ingizni titratib, junbushga keltiradi. Sizni tushkun xayollardan xoli qiladi, hayot kabi jo‘shqin yashashga chorlaydi. Bugun «Lazgi» ning yigirmaga yaqin ijrosi «yaratildi», ammo ular hayot haqida fikrlashga undamaydi, oyoq-qo‘llarni bema’ni lakillatishga chorlaydi, xolos. Ushbu nusxalarning sayoz fikrlovchi va san’at sirlaridan uzoq ixlosmandlar uchun, ulardan osongina pul undirish uchun yaratilganini sezish qiyin emas. Lekin bu «Lazgi» xalq madaniyatining muhim qismi ekanini rad qilolmaydi. Ommaviy madaniyat, shu jumladan, xalq madaniyati ham nusxalarni ko‘paytirishni qo‘llab-quvvatlaydi, ulardagi mazmun-mohiyatni, uslubning etukligini hisobga olavermaydi. Demak, shaxsning badiiy estetik didi baholovchi mezonga, elita madaniyatini ommaviy madaniyatdan farqlovchi me’yorga aylanadi. Biz qanchalik dod-voy ko‘tarmaylik, madaniyatning ommaviylashuvini to‘xtolmaymiz, ommaviy yoki xalq madaniyati qo‘ynida yashash bizning qismatimizdir. Globallashayotgan dunyo an’anaviy hayot tarzimizga, tasavvurlarimiz va axloqiy me’yorlarimizga ta’sir etmay qolmaydi. Biz global tarzda o‘zgarayotgan dunyoga moslashib, o‘rni kelganida esa o‘zligimizni asrab yashashga majburmiz. Muhimi, o‘zimizdagi qanday ijobiy fazilatlarni e’zozlayotgan bo‘lsak, boshqalardagi ijobiy yutuqlardan ham shunday shod bo‘lishimiz, ulardan o‘rganishdan to‘xtamasligimiz kerak.

Viktor Alimasov,

falsafa fanlari doktori

“Ishonch” gazetasi

2018 yil 19 iyunь, 72-son