O‘zbekistonda harbiy jurnalistika: qabul jarayonlari, o‘quv dasturlari va xalqaro hamkorlik

2019-08-12T11:49:24+05:0012 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti joriy yilning sentyabr oyidan boshlab harbiy jurnalist mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim beradi. Mazkur ta’lim muassasasiga qabul jarayonlari, test-sinovbosqichlari va o‘quv mashg‘ulotlari ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Shu bois universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Alisher MATYOQUBOV bilan “Vatanparvar” gazetasi muxbiri suhbat uyushtirdi.

– Harbiy jurnalis­tika ilk bor alohida yo‘nalish sifatida tashkil etilmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, universitet harbiy jurnalistlarga bo‘lgan ehtiyojni qondira oladimi?

– Jahon tajribasiga murojaat qiladigan bo‘lsak, harbiy soha jurnalistikaning ixtisos­lashganyo‘nalishlaridan biri. Fanni umumiy jurnalistikada emas, balki alohida darslik sifatida o‘tish va bo‘lajak harbiy jurnalistlarga ushbu yo‘nalishda chuqurroq ta’lim berish ko‘zda tutilgan. Bugun barchamiz mamlakat mudofaa tizimidagi o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. Bu mavzuda qalam tebratishning o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Chunki har qanday jurnalist harbiy mavzuda yozib ketolmaydi. Biroq harbiy jurnalistlarga doim ehtiyoj bo‘lgan. Ushbu tashabbus harbiy jurnalist kadrlarni tayyorlash bilan birga ularning zaxirasini ham shakllantiradi.

– Harbiy yo‘nalish bo‘lganligi uchun abituriyentlar boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalari singari tibbiy ko‘rik va jismoniy hamda kasbiy-ruhiy tayyorgarliklardan o‘tishlari shartmi?

– Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardagi sahifalarimizga kelayotgan asosiy savollardan biri bu – jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha. To‘g‘ri, boshqa oliy harbiy ta’lim muassasalarida bu sinovlarning asosiy bosqichi hisoblanadi. Ammo jurnalistika ijodiy soha ekanligini, shuningdek, gender tengligini hisobga olsak, joriy yilda jismoniy va kasbiy-ruhiy tayyorgarlik imtihonlari bo‘lmaydi. Kelgusi yildan jismoniy tayyorgarlik imtihonlariga e’tibor qaratamiz. Tibbiy ko‘rikka keladigan bo‘lsak, mavjud “086” forma o‘tgan yillar davomida o‘zini oqlamadi. Hozir barcha oliy ta’lim muassasalarida abituriyentlardan ushbu tibbiy varaqa so‘ralmaydi.

– Qabul tartibi haqida ma’lumot bersangiz. Avval eshitganimizdek 20 nafar talabaning hammasi davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadimi?

– Qabul jarayonida o‘zgarish­lar bor. 20 nafar talaba davlat granti asosida shu yo‘nalishda o‘qitilishi rejalashtirilgan edi. Ammo Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizomiga muvofiq, 2019/2020 o‘quv yillarida harbiy jurnalistika yo‘nalishiga 25 nafar talaba qabul qilinib, ularning 5 nafari davlat granti asosida, 20 nafari shartnoma asosida ta’lim olishi belgilangan.

Kirish imtihonlari ikki bosqichdan: ijodiy imtihon, ya’ni ijodiy suhbat va insho hamda test sinovlaridan iborat. O‘nlab abituriyentlar katta qiziqish bilan hujjat topshirmoqda. Ularni qiziqtirgan savollarga maxsus maslahatxonada mutaxassislar javob bermoqda.

– Talabalarga ta’lim berishda qaysi o‘quv dasturlari va o‘quv qo‘llanmalaridan foydalaniladi? Sohada adabiyotlar yetarlimi?

– Hozirgi kunda o‘quv qo‘llanmalari og‘riqli nuqtamiz. Negaki, harbiy jurnalistika bo‘yicha o‘zbek tilida hali biror-bir o‘quv qo‘llanma ishlanmagan. Mazkur sohada jurnalist kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgandan beri shu masala ustida ishlayapmiz. Ekstremal jurnalistika fani doirasida o‘tilgan darsliklarni kengaytirib, yangi o‘quv dasturlarini tayyorlayapmiz. Milliy jurnalistikamizda to‘plangan tajribalar asosida hamda rus va ukrain olimlari tomonidan yozilgan ilmiy adabiyotlarni tarjima qilyapmiz.

Ko‘p yillik tajribaga ega professor-o‘qituvchilar yordamida sentyabr oyiga qadar ilk o‘zbek tilida harbiy jurnalistikaga oid ikki ilmiy qo‘llanmani chop etish rejalashtirilgan.

– Bo‘lajak harbiy jurnalistlarga kimlar ta’lim beradi? Mahorat masalalari haqida aytib o‘tsangiz.

– Joriy yilda universitetimizda O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda ushbu tizimlarda faoliyat yurituvchi jurnalistlarga to‘rt oylik malaka oshirish kursini tashkil qildik. Ilk bitiruvchilarimizga sertifikat va diplomlar topshirish arafasida turibmiz. Malaka oshirish kursi biz uchun tajriba bo‘ldi. Ayrim xato-kamchiliklarimizni bilib oldik. Ushbu kursda dars bergan, qaynoq nuqtalardan reportajlar tayyorlagan ustozimiz Muhammadjon Obidov, Rahimboy Jumaniyozov, Hikmatulla Po‘latov, Nazira Tosh­po‘latova kabi professor-o‘qituvchilar bo‘lajak talabalarga ham saboq beradi.

Albatta, “Vatanparvar” birlashgan tahririyati birinchi navbatda mahorat maktabimiz hisoblanadi. Talabalar birinchi bosqichdan ­boshlab shu yerda amaliyot o‘tashadi.

– Universitet chet el ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan ekan. Harbiy jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha ham hamkorlik tashkil qilinadimi?

– Bu sirni birinchi bo‘lib sizga oshkor qilaman. Harbiy jurnalis­tika bo‘yicha hamkorlikni allaqachon yo‘lga qo‘ydik. Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar hududida harbiy jurnalistika yo‘nalishi Rossiya Federatsiyasining Moskva shahridagi Harbiy universitet va Voronej davlat universitetida mavjud. Aynan Moskva Harbiy universiteti bilan o‘zaro hamkorlik memorandumini tuzyap­miz. Kelajakda talabalarimiz o‘zaro hamkorlik doirasida o‘qishga yuborilishi mumkin.

Ayjamal JOLDASBAYEVA.

Manba: “Vatanparvar gazetasi