So‘z mas’uliyati

2019-08-12T11:49:25+05:0010 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Prezidentimizning soha xodimlariga tabrigida “Keyingi paytlarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili oshib borayotgani alohida e’tiborlidir — deb ta’kidlandi. — Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samaralarini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi”.

Bu jurnalistlarimiz amalga oshirayotgan faoliyatning yorqin e’tirofidir.

Darhaqiqat, yurtimizda OAV sohasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Buni ommaviy axborot vositalari soni yil sayin oshib borayotganidan ham bilsa bo‘ladi. Ayniqsa, jurnalist kadrlarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga, ularning haq-huquqini himoya qilishga katta ahamiyat berilmoqda. Jurnalistika sohasida samarali xizmat qilayotgan insonlarning xizmati munosib taqdirlanmoqda.

OAV turlari va tahririyatlari sonining ko‘paya borishi, kuchayayotgan media raqobat muhiti, o‘z navbatida, yuqori malakali jurnalistlarga ehtiyojning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois mamlakatimizda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiya universiteti tashkil etilgani ham ushbu sohaning rivojiga qaratilayotgan katta e’tiborning ifodasidir.

Sohada faoliyat olib borish uchun, eng avvalo, yosh mutaxassislarda ma’lum ko‘nikma va tajriba bo‘lishi talab etiladi. Shuning barobarida, jurnalist kadrlarni tayyorlash uchun ta’lim sohalari, ta’lim yo‘nalishlarining malaka talablari va o‘quv rejalari hamda fan dasturlari yil sayin takomillashitirilmoqda. O‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu esa talabalarning o‘zlariga nisbatan talabchanligini oshirish, zamonaviy texnologiyalar bilan bemalol “tillashish”, katta-kichik dasturlar yaratish va maqsad sari dadil intilishlari uchun keng yo‘l ochmoqda.

Davlatimiz rahbari barchamizni mamlakatimizdagi ulkan o‘zgarishlar va islohotlarimiz tizimliligini ta’minlashda yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishga undaydi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazishda esa asosiy vositachi – jurnalistlarga yanada e’tiborni kuchaytirish, sohadagi kadrlar salohiyatini yuksaltirish, davr talabiga aylanib borayotgan internet jurnalistikasini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarda ham hali oldimizda bajarishimiz lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar ko‘p.

Demak, OAV xodimlari endi yangicha usullarda ishlashga o‘tishlari lozim. Axir, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar davrida har bir sohadagi yangiliklarni yoritib borayotgan jurnalist davlat va jamiyat boshqaruvining barcha sohalariga keng ko‘lamda tatbiq etilayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini mukammal darajada o‘zlashtirishi va ulardan o‘z vaqtida unumli foydalanishi darkor.

O‘z ustida yetarli darajada ishlagan, zarur bilimlarni egallagan jurnalist qo‘yilgan aniq maqsad va vazifalarni o‘z vaqtida bajaradi, jamiyat hayotida o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘ladi.

Shunday ekan, jurnalistika sohasida joriy etilayotgan islohotlarni qonunchiligimizda ham joriy etishimiz, soha vakillari bilan hamkorligimizni yanada mustahkamlashimiz zarurdir.

 

Akmal BURXONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasidagi “Adolat” SDP

fraksiyasi a’zosi.