Sherzodxon QUDRATXO‘JAYEV: “Iqtidorli jurnalist osmondan tushmaydi. Tarbiyalanadi”

2019-08-12T11:49:26+05:0010 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 27 iyun kuni Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigida: “Ma’lumki, hozirgi kunda tobora tezkor va kp tarmoqli sohaga aylanib borayotgan ommaviy axborot vositalari uchun global media makonda keskin raqobatga dosh bera oladigan, faol grajdanlik pozitsiyasiga ega zamonaviy kadrlar tayyorlash oldimizda turgan eng muhim vazifadir, — deb alohida ta’kidladi. — Ana shu zaruratni hisobga olgan holda tashkil etilgan zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti an’anaviy bilim va knikmalar bilan birga, innovatsion tafakkur, sohaga oid texnologiyalarni, xorijiy tillarni puxta egallagan kadrlar tayyorlash byicha respublikamizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasasiga aylanadi, deb ishonamiz”.

Muxbirmiz O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub raisi Sherzodxon Qudratxjayev bilan ana shu vazifalarning ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida suhbatlashdi.

—Joriy yil Siz va jamoangizga omadli kelib “Oltin qalam” milliy mukofotiga loyiq deb topildingiz va 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni Prezidentimizning farmoniga binoan “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandingiz. Qo‘shaloq mukofotlarni qabul qilgan kunlarda xayolingizdan qanday o‘ylar kechdi?

—Avvalo tushundimki, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Ya’ni, biz qilayotgan ish bugun nafaqat xalqimizga, balki hukumatimizga ham ma’qul kelmoqda. “Oltin qalam” ham, “Mehnat shuhrati” ordeni ham press klub va menga Prezidentimiz tomonidan jamiyatdagi dolzarb mavzularni yoritganimiz uchun, tahlil, xolis tanqid uchun berildi. Bunday bahoning berilishi O‘zbekistonda erkin jurnalistikaning rivojlanishi, sohaning shunday yo‘nalishdagi, ochiq, shaffof holati qo‘llab-quvvatlanayotganini bildiradi. Yana shuni aytishni istardimki, men necha yillardan beri jurnalistikada faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, shuncha vaqt ichida faqat tajriba to‘plagan ekanman. Bu berilgan mukofotni esa faoliyatimning so‘nggi 3 yili uchun berilgan baho deya, aytgan bo‘lardim.

— Sherzodxon aka, jurnalist kadrlarni tayyorlaydigan va faoliyat boshlaganiga hali uncha ko‘p bo‘lmagan oliy o‘quv dargohining rahbarisiz. Universitet qabulning ikkinchi yilini boshidan o‘tkazish arafasida. Bu yil ushbu jarayonda qanday yangiliklar bor?

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bu yilgi qabul va sinov imtihonlari haqiqat mezonlarini alohida inobatga olgan holda tashkil etilmoqda. Ushbu maqsad yo‘lida abituriyentlarga qator qulaylik va yangiliklar yaratildi. Jumladan, boshqa oliy o‘quv yurtlaridan farqli ravishda, o‘tkaziladigan qo‘shimcha sinovlar: suhbat va yozma esse jarayoniga katta mas’uliyat bilan yondashilmoqda. Abituriyentlardan suhbat olish jarayoniga amaliyotchi jurnalistlarning jalb etilgani ham imtihonlarga bo‘lgan o‘zgacha yondoshuvimizdan darak beradi. Zero, suhbat davomida talabalikka nomzodning ichki olami, kechinmalari, dunyoqarashi, nutqining ravonligi kabi OAV xodimi uchun eng muhim va asosiysi, test orqali aniqlash imkoni mavjud bo‘lmagan jihatlari sinovdan o‘tadi. Yana bir muhim jihat, suhbat chog‘ida yoshlar muayyan voqea yoki hodisaga oid kutilmagan savollarga javob berish bilan birga, favqulotda fikrlash qobiliyatini ham namoyish etishlari mumkin.

Yana bir muhim sinov, yozma esse bilan bog‘liq. Chunki, ushbu sinov davomida bo‘lg‘usi ijodkorlarning leksik, sintaktik, grammatik savodxonligi va eng asosiysi, fikrini yozma ravishda bayon qilish qobiliyati yuzaga chiqadi. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy, ya’ni bo‘lg‘usi mutaxassislarga qo‘yiladigan bu kabi talablar o‘ta mushkul emasmi?

Darhaqiqat, sanab o‘tilgan sinovlar endigina katta hayot yo‘llanmasini qo‘liga olgan yoshlar uchun murakkabdek ko‘rinadi, biroq nomzodga qo‘yiladigan talab darajasi uning kelgusidagi faoliyati va umuman, bazaviy imkoniyati, salohiyatini aniqlash uchun mezongina xolos. Aytaylik, muayyan abituriyent o‘ta qobiliyatli va fikrlash doirasi keng, ammo imlosida kamchilik bor. Bu esa, tuzatsa bo‘ladigan kamchilik. O‘qish davomida oladigan bilimlari bunga imkon beradi. Muhimi, asos va intilish borligi. Shu bois aytgan bo‘lardimki, ijodiy imtihon bu abituriyentlarni qaysidir ma’noda saralash, majoziy aytganda esa, ular bilan yaqindan tanishish imkoniyatidir.

Bu yilgi abituriyentlar uchun ijodiy imtihonlar doirasida katta yangilikka qo‘l urildi. U ham bo‘lsa, ijodiy imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish uchun alohida abituriyentlar uchun ijodiy imtihon qo‘llanmasi yaratilganidir. Unda suhbatga tayyorgarlik ko‘rishda nimalarga e’tibor qaratish, yozma ishga qo‘yiladigan talablar kabi o‘ta muhim ma’lumotlar batafsil keltirilgan. Avvallari bu savollarga hech bir aniq javob bo‘lmagan, barcha ma’lumotlar umumiy bo‘lgan. Lekin hozirgi zamon bizdan barcha sohada aniqlikni talab etmoqda.

Ammo qo‘llanma universitetning yoshlarga tayyorlagan yagona yangiligi emas.

Shu o‘rinda bu yilgi qabul haqida yana aytib o‘tish kerakki, oldingi yili O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bakalavr bosqichiga 100 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich keskin oshib, 270 nafar belgilandi. Joriy yil universitetimizda 9 yo‘nalish bo‘yicha bakalavr bosqichiga hujjatlar qabul qilinmoqda, ular:

– bosma ommaviy axborot vositalari jurnalistikasi;

– tele-radio jurnalistikasi;

– axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar;

– xalqaro jurnalistika;

– internet jurnalistika;

– sport jurnalistikasi;

– mediamarketing va reklama;

-mediadizayn va yangi yo‘nalish — harbiy jurnalistika tashkil etilgan. Bu yo‘nalish jurnalistika sohasida mutlaq yangilik bo‘ldi deya olamiz.

Asosiy masalalardan yana biri topshiriladigan hujjatlar bo‘yicha yengillik bo‘lgani: hozir biz qabul komissiyamizda faqat shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport) va diplom yoki attestatnigina talab qilyapmiz holos. Va, albatta, abituriyentning fanlar kesimi bo‘yicha 3 ta yo‘nalishni tanlash imkoniyati ham bu yilgi muhim yangiliklardan bo‘ldi.

  • Ajoyib! Bu yangiliklarni eshitib, rosti, xursand bo‘ldim. Demak, jurnalist kadrlarni tayyorlashda universitetning o‘rni yuqori bo‘lishi shubhasiz. Lekin har taraflama munosib talabalarni qabul qilish baribir, qiyin jarayon bo‘lsa kerak? Nima deb o‘ylaysiz, abituriyentlar orasida Siz kutganingizdan ham salohiyati yuqori yoshlar ko‘pmi?
  • Universitet tashkil etilganiga bir yildan oshgan bo‘lsa, men qabulning ilk kunlaridanoq bizning universitetimizda tahsil olishni istagan abituriyentlar bilan shaxsan suhbatlashishga harakat qilib kelaman. Bu men uchun avvalo juda qiziq va dorilfununimiz uchun juda muhim. Chunki universitetga kim kelayotganini o‘zim uchun qaysidir ma’noda tahlil va tasavvur qilishim kerak. Bilasizmi, kelayotgan yoshlarning aksariyati, shubhasiz zining qat’iy maqsadi, yuksak bilimiga ega yoshlar. Ammo orasida jurnalistika sohasiga oid oddiy savollar bersam javob bera olishmaydiganlari ham bor. Xususan, veb saytlarning nomlanishi, mavjud janrlar, yoki O‘zbekistondagi ko‘zga ko‘ringan jurnalistlar 10 taligi, televideniye sohasidagi mashhurlar borasida sayoz tasavvurda. Va bu holat meni haqiqatda tashvishga soladi. Ayrimlari xayolida universitetga kelsa bo‘ldi, ta’lim dargohida talabaga jurnalistika o‘rgatiladi degan tasavvur bor. Bu qisman to‘g‘ri, lekin insonning o‘zida xudo yuqtirgan iqtidor, qiziqish, iste’dod bo‘lmasa hammasi bekor. Undan tashqari inson tanlayotgan sohasiga maktab davridan qiziqishi kerak, televizor ko‘rishi, gazeta va kitoblar o‘qishi shart, internetda sohaga oid materiallar o‘qib o‘rganishi kerak, xullas jurnalistikani tahlil qila olishi kerak. Jurnalistika turlariga va uning jamiyatimizdagi o‘rniga nisbatan o‘z mezonlari, alohida dunyoqarashi bo‘lishi kerak. Shu ma’noda meni bugungi abituriyentlarning saviyasi juda tashvishga soladi. Va men dunyoqarashi keng, ichki “men”i shakllangan, motivatsiyasi kuchli yoshlar yanada kpayishini, shakllanib kelishini juda-juda istayman.

Yana bir gap: shubhasiz, iqtidorli jurnalist osmondan tushmaydi. Tarbiyalanadi.

  • Ha, jurnalistikaga qabul qilingan talabalarning hammasi ham o‘qishni bitirgach, shu sohada faoliyat olib bormaydi. Buni O‘zMU va Jahon tillari universitetining jurnalistika fakultetlari misolida bilamiz. Shu bois, bo‘lajak jurnalistlarni o‘qishga qabul qilishda iqtidoriga qarab saralab olish kerakmikan? Aytmoqchimanki, bu dargohlarda, haqiqattan ham, jurnalist bo‘lib faoliyat olib borishni niyat qilganlarni ma’lum me’zonlar asosida tanlab olish payti kelmadimi? Bu borada sizning fikringiz qanday?
  • Biz ham harakat qilamizki, test savollarini ko‘r-ko‘rona yechib o‘qishga kirib qolishmasin. Shu uchun testdan tashqari ijodiy imtihon o‘tkazib, imtihonlarga ijodkorlarni ekspert sifatida taklif etib, kulrang omma (massa) ichidan ko‘zlari yonib, yalt etib ajralib turgan yoshlarni tanlab olishga, ularga iloji boricha imtiyozlar berishga harakat qilib kelyapmiz. Shuning uchun ham sinov jarayonlarimizga 2- blok sifatida ijodiy imtihonlarni kiritganmiz. Bu imtihon 2 bosqichda: og‘zaki-suhbat va yozma-esse tarzida o‘tkaziladi. Suhbat bu abuturiyentning dunyoqarashini bilish uchun, soha haqida so‘zlaganda ko‘zlari yonayaptimi yo‘qmi, asli qiziqishi bormi, yo‘qmi? Jarayonga nisbatan emotsiyalari qanday ekaniga qarab, u haqida tasavvur uyg‘onadi bizda. Keyingisi — esse. Esseda ham blajak talabaning fikrlashi, fikrlarini qog‘ozda ifoda eta bilishi, savodi bo‘yicha ancha xulosalar chiqarish mumkin. Chunki bilamiz ko‘pchilik savol bersangiz istaganicha to‘xtamay gapirishi mumkin, lekin yozishga kelganda oqsaydi. Yoki gaplari quruq va yuzaki gap, bo‘sh bo‘ladi, qog‘ozga tushirganda shu gaplarining mazmuni boshqacha namoyon bo‘ladi. Shu bois, bu bosqichlarning har ikkisi ham abituriyentlar orasidan aynan sohaga kerakli kadrlarni tanlab olish uchun juda muhim jarayon deb bilaman. Lekin ko‘p narsani afsuski, test hal etadi, eng ko‘p ball yig‘ish imkoniyati, albatta, testda qoladi. Buning nimasi achinarli bilasizmi, ba’zi yigit – qizlar ilmli bo‘lmaydi, shunchaki test yechish bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ketgan, ular testni ko‘r-ko‘rona ishlab chiqib ketadilar. Mana shunday yoshlar o‘qishga kirsa, biz juda qiynalamiz. Ularni o‘qitish, sohaga qiziqtirish, jurnalistika olamiga olib kirish uchun biz ancha ter to‘kishimizga to‘g‘ri keladi. Yana bir narsani aytish kerakki, bizga kelayotgan yoshlar bu — jamiyatimizning bir qismi. Ta’lim, bilim darajasi jamiyatda qanday bo‘lsa yoshlar ham, kelayotgan abituriyentlarning saviyasi ham shu darajada bo‘ladi. Bizga juda zo‘r ham, juda bsh yoshlar ham boshqa joylardan “adashib” kelayotgani yo‘q, bu qaysidir ma’noda jamiyatimizga ko‘zgu. Shuning uchun o‘ylaymanki, haqiqatdan ham, jurnalistikaga qiziqqan, shu sohada faoliyat olib borishni niyat qilganlar kelsa va eng iqtidorlilari o‘qishga qabul qilinsa, mana shu sohamiz uchun katta foyda beradi.
  • Sir emaski, jurnalistika fakul’tetlarida Ozod Sharaffidinov, Umarali Normatov, G‘aybulla As-Salom, Abdug‘afur Rasulov, Ochil Tog‘ayev kabi ko‘plab atoqli ustozlar, pedagoglar dars berishgan. Haqiqiy vatanparvar va sohadagi kuchli kadrlarni tayyorlash uchun salohiyati yuqori o‘qituvchilarning, ustozlarning o‘rni albatta katta. Bu borada kadrlar masalasida hal etilishi kerak bo‘lgan qanday muammolar bor? Talabani uyg‘ota oladigan, fikr beradigan o‘qituvchilar haqida gapirsangiz?
  • Bugungi kunda Jurnalistika universiteti yoki jurnalistika fakultetlari oldida iqtidorli, iste’dodli o‘qituvchilar qatorlashib turgani yo‘q. Buni ochiq-oydin tan olish kerak. Bu sohada yillar davomida o‘zgarishlar bo‘lmagani, talim darajasining pasayib ketishi, so‘z erkinligida muammolar bo‘lgani, ko‘p vaqt davomida jurnalistikaga faqat dastyor, yugurdakdek qaralgani uchun sohada siz aytganingizdek, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov kabi ustozlar kam. To‘g‘ri, hozir bizning oramizda ham savodli, malakali ustozlar yo‘q emas. Ammo ularga hozir baho berishning iloji yo‘q, bunga yillar o‘tgandan keyin ularning shogirdlari, bergan darslari, yozgan darsliklari, qoldirgan kitoblari orqali baho berish mumkin bo‘ladi. Bizda ham malakali muallimlar bor, universitet jamoasida faoliyat olib boruvchi ustozlardan men — Muqimjon Qirg‘izboyev, Qudrat Ernazarov, Gulnora Nishonova, Nozima Muratova, Muqaddas Isroil, Latofat Toshmuxammedova, Nazira Toshpo‘latova va boshqa kabi ustozlarni bir nechtalarini keltirib o‘tishim mumkin. O‘z sohalarida yaxshi dars bera oladigan amaliyotchilarimiz – Mirzahakim To‘xtamirzayev, Ilmira Rahmatullayeva, Beruniy Alimov, Perxan Allambergenova, Gulmira Shukurovalarni ham universitet ta’lim jarayoniga jalb qilganmiz. Kelgusida yana boshqa amaliyotchi jurnalistlarni universitetga chaqirish niyatimiz bor. Lekin ulardan darsga kirganda talabalar bilan masofani unutgan holda muloqotga kirishishlarini, kreativ usullar bilan, bamisoli o‘ziga teng suhbatdosh kabi bo‘lishlarini istab qolardik. Talabalarning ichidagi olovni uyg‘ota olish, boshqacha aytganda, talabalarga bilimni chaynab berish emas, ularning o‘zlarini fikrlashga undash, talabalarning ichida uxlab yotgan maqsadlarni, orzularni uyg‘otishga yordam berishsa juda yaxshi bo‘lardi. Biz amaliyotchi ustozlarimizdan ochig‘i shuni kutamiz.
  • Bilishimcha, jurnalistik faoliyatingizni televideniyada boshlagansiz. Hukumat va davlat idoralari matbuot xizmatlarida samarali mehnat qilgansiz. Pedagoglik faoliyatingizni esa O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida davom ettirdingiz. Mumkin bo‘lsa, ushbun bosqichlar haqida gapirib bersangiz…
  • Mening hayotimda ilk siyosiy maktab sifatida katta rol o‘ynagan dargoh bu — Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi. U vaqtda biz cheklangan, kam sonli inson kapitali bilan juda katta saylov kompaniyalarini o‘tkazganmiz. Saylov kompaniyasini ko‘pchilik yoritgan, ham mahalliy, ham xorijiy jurnalistlar bilan ishlaganmiz. Og‘ir va qaltis jarayonlar bo‘lgan. O‘zbekistonda demokratik saylovlarni o‘tkazish va yoritishga ilk urinishlar edi bu davr.

O‘sha vaqtlar O‘zbekiston Davlat televideniyesida 4 ta kanal bo‘lar edi, men uchun yana bir maktab bu menga 4-xalqaro kanal direktorligini ishonib topshirilishi bo‘lgan. O‘shanda 24 yoshda edim. Telekanal jamoasi esa 130 kishi, turli millatlar tahririyatlaridan iborat bo‘limlardan tashkil topgandi. Katta bir telekanal rahbarligining ishonib topshirilishi yelkamga og‘ir, ammo bu mening sevimli ishim bo‘lgani bois, qaysidir ma’noda yoqimli mas’uliyatni yuklagan. Kanal har kuni 12-13 soat efirga chiqar, uni qanday to‘ldirish, boshqa kanallar bilan qanday raqobat qilish, xodimlarni faollik ishlashga undash, jalb qilish men uchun yechimini topishi kerak bo‘lgan masalalar edi, o‘shanda. Chunki o‘sha vaqtdagi ko‘p xodimlarimiz sobiq sovet davrining yoshlari yetmishdan oshgan odamlari edi. Kanal rahbari bo‘lib juda qisqa muddat ishlagan bo‘lsam-da, kechalari yelkamdagi mas’uliyatdan uxlolmay, amalga oshirishim kerak bo‘lgan vazifalarni o‘ylab chiqqan kunlarim hozirgidek esimda. Undan tashqari “Axborot”ning tahliliy va rasmiy qismiga ham javob berardim, “Tahlilnoma”ni olib borar edim. Og‘ir damlar bo‘lgan, lekin hozir o‘sha vaqtlarni mazza qilib, xursandchilik bilan eslayman. Bilasizmi, o‘sha kunlar, o‘sha jarayonlar meni toblagan. Ijodkor sohaning qiyinchiligi, muammoli vaziyatlaridan qancha ko‘p o‘tsa, bu uni shuncha chiniqtiradi. Arablar iborasi bilan aytsam: “Cho‘lda yashab, uning qiyinchiligini ko‘rgan odam shaharda butun umr yashay oladi, shaharda butun umr yashagan odam esa sahro qiyinchililariga aslo dosh bera olmaydi”. Shu bois men yoshlarimizga ham tanlagan yo‘llarida murakkabliklarga duch kelsalar ham aslo og‘ishmay, yo‘lda sabot ila davom etishlarini maslahat berardim. Qiyinchiliklar doimiy emas, ularni yengib o‘tish, maqsadingiz marrasini yanada totli qiladi.

  • Rektorlikdan tashqari, Xalqaro press klub raisisiz. Tashkilot tashkil bo‘lganidan beri undagi mavzularni qay tarzda ishlab chiqasiz, shakllantirasiz?

Xalqaro press klub raisi sifatida mavzularni o‘zim ishlab chiqmayman, ularni shakllantirmayman. Ochig‘i, ularni hayot, vaziyatlar, islohotlar shiddati shakllantiradi. Aniqroq aytsam, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari, ularning ko‘p fikrlari xalqqa qiziq bo‘ladi, lekin bilamanki, bu narsalarning barini odamlarga kengroq, atroflicha tushuntirish, maQzini ochib berish kerak. Shuning uchun biz Xalqaro press klubning kun tartibini O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, yangiliklar, yangi qarorlar, yangi yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda shakllantiramiz. Demak, kun tartibimizni hayotimiz belgilaydi.

Xalqaro press klub tomonidan haqiqatdan ham juda muhim vazifalar mavzu sifatida tanlanadi. Har safar turli xil dolzarb mavzular muhokama markaziga olib chiqiladi. Bu tahsinga loyiq, albatta. Biroq, ayrim mavzular esa yana shu mavzuga qaytishni talab qiladi, to‘g‘rimi? Bugungi kungacha, qaysi muhim masalalarga yechim topildi?

Bilasizmi, Xalqaro press klub bu bir muammoni boshidan oxiriga qadar yechib beradigan tashkilot desak, noto‘g‘ri bo‘ladi. Jamiyatimizda shunday nosog‘lom qarash bor, muammolarni barcha o‘zidan soqit qilishga urinadi. Kimdir muammolarimni kelib hal qilib beradi, degan kayfiyatda yashash asli noto‘g‘ri. Jamiyatdagi muammolarni, og‘riqli masalalarni barcha iloji boricha birgalikda, birdam bo‘lib hal qilishga urinishi kerak. U tibbiyot sohasimi, baliqchilikmi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarmi barini press klub bir maydon sifatida o‘rtaga olib chiqadi, muammolarga oydinlik kiritadi, yana tashxis qo‘yadi, muhokamaga tashlaydi va yiQilganlar bilan birgalikda o‘sha masalalarni hal etishga urinadi. Shu bois press klubdan masalalar yechimini, muammolar uchun choralarni kutish noto‘g‘ri. Biz har bir muammoning yechimiga qaytib, qaytadan ko‘rib chiqishimiz to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu uchun mas’ul tashkilotlar bor, aynan o‘sha tashkilotlar sessiyalar davomida ko‘tarilgan masalalar uchun masuliyatni o‘z bo‘yniga oladi. Lekin biz uchun ustuvor bo‘lgan bazi mavzular bor – bu inson kapitali, uzluksiz ta’lim, fuqarolik jamiyati mavzulari. Xabaringiz bor, press klub 24 kun davomida butun O‘zbekiston viloyatlarini aylanib chiqdi, tahlillar olib bordi, ta’limga qaratilayotgan e’tibor, islohotlarni xalqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri tushuntirishga harakat qildi. Uchinchi mavzu bu — Mo‘ynoq. Mo‘ynoqdagi islohotlar, o‘zgarishlar, u yerdagi Orol tubiga saksovul ekish, daraxtzor barpo qilish, o‘rmonlar yaratish yoki yana shunga o‘xshash yurtimizdagi katta o‘zgarishlar borasidagi mavzularga biz yana qaytamiz, natijalarni ko‘ramiz, kuzatamiz va xalqimizga namoyish etamiz.

—Xalqaro press klub ko‘proq mamlakatimiz ichidagi hayot — vazirliklar, korxonalar, hokimliklar atrofida bo‘layotgan mavzularni yoritib, atroflicha o‘rganib kelmoqda. Lekin o‘z nomiga monand birinchi navbatda xalqaro masalalarga ham ko‘proq e’tibor qaratish joiz emasmi? Bunga o‘zingizning imkoniyatingiz yetishiga ham ishonamiz?

Xalqaro press klubni tashkil etayotganimizda birinchidan maqsadimiz, xalqaro arenaga chiqish bo‘lgan, hozir ham shu niyatdamiz. Istardimki, Xalqaro press klubning dunyoning kamida besh nuqtasida kichkina bo‘lsa-da, vakolatxonasi bo‘lsa, vakillar bilan internet orqali boQlansak, halqaro efirlarni shakllantirsak. Lekin biz endi oyoqqa turmoqdamiz, bu jarayon yo‘lga qo‘yilishi katta mablaQni talab etadi. Ochig‘i, niyatimizga erishmaganimiz faqat bizning aybimiz emas. Chunki ko‘p sessiyalardan keyin yonimizga kelib, yelkamizga qoqib, “Press klub yaxshi chiqdi, yaxshi gapirdinglar, dadilsizlar, qo‘rqmay tanqid qilinglar, o‘zgarishlar bo‘lsin!”, deyishadi. Xorijda esa bunday emas, siz biror nodavlat tashkiloti sifatida faoliyat yuritsangiz, jamiyatning demokratlashuvida hissangiz bo‘lsa, qilayotgan ishlaringiz ko‘pchilikka manzur bo‘layotgan bo‘lsa, tadbirkorlar yoningizga kelib, “Men so‘z erkinligini, sizdagi g‘oyalarni qo‘llab — quvvatlayman, bu jarayonlarga mening ham hissam qo‘shilsin” deb, yanada rivojlanishingiz va jamoangiz ishtiyoq bilan ishlashi uchun qonuniy tarzda hisobingizga mablag‘ o‘tkazib beradi. O‘zimizda esa shunchaki kelib yelkaga qoqib ketiladi xolos… Shu bois men press klub hali ham xalqaro darajaga chiqa olmayotganida nafaqat biz, balki bizni qo‘llab- quvvatlashni istamayotgan, sarmoyasini so‘z erkinligi, yangi g‘oyalarga sarf qilishni istamaydigan homiylarga ham bog‘liq deb bilaman. Chunki bu jarayon — so‘z erkinligi, jurnalistika rivoji butun mamlakatimiz uchun muhim va kerakli jarayon.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev o‘zbek jurnalistikasining kechagi, buguni va ertasini qanday tahlil qiladi?

— Oh-ho, (kuladi). Endi bu alohida, katta mavzu. Keling, bu savolingizga javobni keyingi suhbatlarimizga qoldiramiz.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

 

Feruza RAHIMOVA

suhbatlashdi.