Saodat bekati

2019-08-12T11:49:26+05:0010 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

1999 yilning 21 marti Xolida opaning, viloyatimizdagi ko‘pchilik jurnalistlarning ham yodidan chiqmaydi. Viloyat miqiyosida o‘tkaziladigan Navro‘z umumxalq bayrami tantanali tadbirini yoritish “Sirdaryo haqiqati” gazetasining ma’naviyat bo‘limi mudiri X. Pardaboyevaga yuklatilgan edi.

U tushgacha bayram tantanalarida qatnashib, bayram ishtirokchilaridan intervyular, yugirib-yelib chiroyli suratlar oldi. Taassurotlarini tezroq qog‘ozga tushirish maqsadida uyga shoshildi.

Taqdir ishini qarang, uyda ertalab unga oq yo‘l tilab, bayramga yo‘llab qolgan otajoni bandalikni bajo qilgan, qarindosh – urug‘lar yig‘ila boshlagan edi.

Eshonqul Pardaboyev ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriysi, urushdan keyingi davrlarda ma’suliyatli vazifalarda mehnat qilgan, el-ert hurmatiga sazovor bo‘lgan, o‘z davrining ma’naviyatli kishilaridan edi.

– Ertangi songa beriladigan maqoladan xavotir olmang, bir amallaymiz,- deyishdi hamkasblar.

-Yo‘q, materialni o‘zim yozib, ertalab tahririyatga yetkazaman!..

Darhaqiqat, Xolida opaning jiyani ertasi kuni tongda reportaj qo‘lyozmasini va fotoapparatni ishxononamizga olib keldi. O‘z kasbiga sadoqat, mehr, ma’suliyat degani shuncha bo‘lar. Otasidan ayrilgan, ta’ziyali inson yuragiga maqola yozish qanday sig‘vdi? Kimdir buni tushunadi, kimdir yo‘q…

Tahririyatning navbatdagi ijodiy muhokamasida jurnalistning bu maqolasi ham, har doimgiday pishiq, o‘qishli yozilganligi e’tirof etildi.

– Yurtimizda mehnat qilganlar albatta e’zoz topadi , Xolida qizimiz so‘ngsiz mehnatlarining natijasini ko‘rdi. Men uni “Sirdaryo haqqiqati” gazetasi tahririyatiga maqolalar ko‘tarib kelib yurgan qizaloqlik davridan bilaman,-deydi Ikkinchi jahon urushi va mehnat faxriysi Bektursun Pirmatov.- Bugun viloyatimizdagi eng g‘ayratli, faol jurnalistlardan.

U qariyb 42 yildan beri matbuot sohasida uzluksiz, samarali mehnat qilib keladi.

Mustaqillikning xalqimiz siyosiy-ijtimoiy hayotidagi beqiyos ahamiyatini targ‘ib etish X. Pardabayeva ijodining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunonchi, u o‘z faoliyati davomida Sirdaryo xotin-qizlari hayoti, faoliyati, yoshlar tarbiyasi, viloyatimizning ma’naviy–madaniy hayotini, milliy qadriyatlar, harbiy vatanparvarlik mavzularini muntazam yoritib kelmoqda. Ayniqsa, hukumatimiz tomonidan xotin-qizlarga, yoshlarga va bolalarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar, yaratilayotgan imkoniyatlarni matbuot sahifalarida yoritishga, madaniyat va san’at sohalaridagi islohotlar, bu borada qabul qilinayotgan farmon va qarorlarni keng targ‘ib etishga o‘z hissasini qo‘shgan. Bu mavzularda yuzlab maqolalari chop etilgan.

Jurnalist qator yillardan beri fotojurnalist sifatida ham o‘z mahoratini namoyish etib kelmoqda. Internent orqali dunyoning u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqadi. Jahon

Xolida opaning o‘nlab shogirdlari hozirda OAV da xizmat qilmoqda.

—Ustozimizning yo‘llaridan yurgimiz keladi,— deydi shogirlaridan biri Namuna Norqulova. —Sarishta ayol, ibratli uy bekasi sifatida ham ularga havas qilamiz.

Xolida opa taqdir hukmiga ko‘ra ikki nafar farzandini yolg‘iz o‘zi tarbiyalab, oliy ma’lumotli qildi, elga qo‘shdi. “Yaxshi farzand to‘rga chiqaradi”, deganlaridek uning obro‘siga obro‘ qo‘shdi.

O‘g‘li Umidjon Abdullayev viloyat xorijiy tillarga ixtisoslashgan maktab- internatni imtiyozli shahodatnoma bilan tugatdi. 2004 yili Kanadaning Edmonton shahridagi xalqaro Alberto universitetiga xalqaro grant bilan o‘qishga qabul qilindi. Amaliyotlarni Germaniyada o‘tadi. 2009 yili universitetni dizayn intereri muhandisligi bo‘yicha imtiyozli tugatib, bir necha yil arxitektura kompaniyasi filialida ishladi, so‘ng loyiha guruhi rahbari bo‘ldi. 2015 yil Kanadaning Vinnipeg shahridagi Manitoba universiteti magisturasini imtiyozli ravishda arxitektor-dizayner muhandisi yo‘nalishi bo‘yicha imtiyozli tamomlab, Edmonton arxitektura kompaniyasida ishni davom ettirdi. Hozir Kanadaning Kalgari shahrida arxitektura kompaniyasida guruh rahbari bo‘lib ishlayda.

Qizi Manzuraxon ham oliy ma’lumotli iqtisodchi. Tashqi iqtisodiy aloqa Milliy banki Sirdaryo viloyati bo‘limida bosh mutaxassis.

—Har kuni dasturxon atrofida oila a’zolarimizning barchasi o‘zlarining eng yaxshi niyatlarini so‘rashardi. Onajonim ko‘pincha «Shu qizim mehnatlarining rohatini, farzandlarining kamolini ko‘rsin!» deb duo qilardilar, — deydi Xolida opa. — Orzularining barchasi amalga oshyapti. Umidjonim ishlay boshlagach, meni ko‘p mamlakatlarga sayohatga taklif etdi. Erta-indin diydorlashish uchun Kanadaga uchib ketayapman. Safar oldidan Prezdentimiz Shavkat Mirziyoyevning meni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoni bilan taqdirlaganlaridan boshim osmonga yetdi. Taqdirlash marosimidan so‘ng bu haqda o‘g‘limga yozdim. Hayajonni, xursandchiligimni jurnalist bo‘lsamda, so‘z bilan ifoda etolmay qoldim. O‘g‘limning ham, qizimning ham, hamkasblarimizning, archa yaqinlarimizning bu xushxabardan ko‘ngillari tog‘day ko‘tarildi. Bu unvon faqat menga emas, viloyatimizdagi barcha jurnalistlarga berilgan yuksak mukofotdir. Bayram tadbirida muhtaram Yurtboshimizning soha xodimlariga tabrigini tinglab, bizga bildildirilgan katta ishonch, ko‘rsatilgan yuksak hurmat va ehtiromdan qalbim g‘ururga, quvonchga to‘ldi. Shu kasbni tanlaganim, taqdrimni u bilan bog‘langaniga ming-ming shukrona keltirdim. Chunki kasbimni yaxshi ko‘raman. Hayotimdagi barcha quvonchlarim, yaxshi kunlarim u bilan bog‘liq. Aslini olganda, baxt deganlari shu emasmi?!

Ha, o‘z kasbiga yuksak mehri, zahmatli mehnatlari Xolida Pardaboyevani saodat bekatiga yetkazdi.

 

Dilorom ISMADIYoROVA,

Jurnalist.

Sirdaryo viloyati.

Manba: «Hurriyat» gazetasi