Bolalarni jurnal o‘qishdan kim mahrum qildi?

2019-08-12T11:49:27+05:0010 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Ota-onalar bundan yarim yil avval farzandlari uchun bolalar nashrlariga obuna bo‘lishgan edi. Ammo hanuzgacha ularning birorta sonini olishgani yo‘q.

Jizzax viloyatining Forish tumanidagi “Kulba” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Malika Haydarovaning gazetamizga yo‘llagan maktubida shunday so‘zlar bor:

“Ko‘pchilik 2019 yil uchun “G‘uncha” va “Gulxan” bolalar jurnallari uchun
obuna rasmiylashtirgandi. Shundan buyon olti oydan ko‘p vaqt o‘tdi, ammo obunachilar ushbu nashrlarni haligacha olishmadi”.

Bu odamlar shu paytgacha nahotki hech qayerga murojaat qilishmagan bo‘lsa, desangiz, yanglishasiz. Obunani rasmiylashtirgan “Matbuot tarqatuvchi” MChJning tuman bo‘limi eshigini bir necha bor taqillatishdi. Uning rahbari Allayor Rabbimov esa barcha buyurtmani viloyat bo‘linmasiga topshirganman, biroq u yerdagilardan sado yo‘q, deya gapni qisqa qilaverdi. Bolajonlar esa orziqib kutilgan jurnallarni pochtachi amaki va xolalari olib kelishidan hamon umidvor.

— Nevaralarim oldida juda noqulay ahvolda qoldim, — deydi Malika Haydarova. — Axir ularga hademay jurnal o‘qiysizlar, deb va’da berib qo‘ygandim. Shundan beri kichkintoylar holi-jonimga qo‘ymay so‘rashadi, lekin qani tayinli javob topa olsam?!

— Qizim uchun “Gulxan”ga bir yillik obuna bo‘lgandim, — deydi yana bir mahalliy aholi vakili Feruzabonu Mamadiyorova. — Yanvardan iyulga qadar birorta sonini olganim yo‘q. “Matbuot tarqatuvchi” MChJning tuman bo‘limiga qilgan murojaatlarimizdan biror naf chiqmadi.

— “G‘uncha” jurnalini juda yaxshi ko‘raman, buvim uni menga ko‘p o‘qib berardilar. Hozir sakkiz yoshga to‘ldim, endi o‘zim o‘qiy olaman, — deydi 12-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi Bonu Sandiboyeva. — Shu yil ota-onam bu jurnalga yana obuna bo‘lishdi. Faqat olib kelishmayapti-da…

Bonu tahsil olayotgan maktab kutubxonachisi Nazokat Arslonovaning so‘zlariga ko‘ra, o‘quvchilarning ota-onalari bolalar davriy nashrlariga yuz nusxadan ortiq obuna bo‘lishgan. Ammo shu paytgacha birorta jurnal kelmagan.

“Matbuot tarqatuvchi” MChJ Forish tumani bo‘limi boshlig‘i Allayor Rabbimovning aytishicha, joriy yilda tumanda “G‘uncha” jurnaliga 325 nusxa, “Gulxan”ga 90 nusxa obuna rasmiylashtirilgan. Ammo ularning birorta sonini o‘z egalariga yetkazib bera olishmagan. Ya’ni tumandagilar obuna bo‘yicha barcha tegishli hujjatlarni “Matbuot tarqatuvchi” MChJga topshirgan. U yerdagilar esa yetkazib keltirish uchun hatto buyurtma ham bermagan(!!!)

Xo‘sh, bunday befarqlik, loqaydlikni qanday izohlash mumkin?

— Davriy nashrlar yetib kelmaydi, — deydi Forish tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Oybek Erxonov. — Aralashuvimizdan so‘ng bir oylik gazeta taxlamini olib kelishdi. Birma-bir ajratib ko‘rsak, bu taxlamlar ichida bo‘limimiz xodimlari yozilgan nashrlarning ko‘pchiligi yo‘q. O‘rniga boshqa nashrlar kelgan. Demak, ularning ham manzili o‘zga. Ana shu “adashgan” gazeta-jurnallarni ham o‘z obunachilari ilhaq kutib yotgani aniq.

— Viloyatimizda “G‘uncha” jurnali uchun 495, “Gulxan” uchun 110 nusxa obuna amalga oshirilgan. Shuningdek, “Boshlang‘ich ta’lim” jurnaliga 63, “Yosh kuch”ga 14 nusxa obuna rasmiylashtirilgan. Ular uchun to‘lovlar hisobimizga kelib tushgan, — deydi “Matbuot tarqatuvchi” MChJ Jizzax viloyati rahbari Ma’mura Urdusheva. — Biroq sud tartibida bizning korxonaga bank operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlab qo‘yilgan. Barcha moliyaviy mablag‘lar qarzni uzish uchun yo‘naltirilyapti. Biz bankrotlik yoqasidamiz. Shtat bo‘yicha belgilangan 42 nafar xodim o‘rniga hozir uch kishi ishlayapti. Qariyb har besh kunda Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib, bizdan qarzlarni to‘lashni talab etmoqda. Ikki yil ichida 800 million so‘m to‘ladik. Nima qilishni ham bilmayman. Agar hisobimizning yarmi ochilganda ham, vaziyatdan chiqib ketgan bo‘lardik.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: ushbu qarzdorliklar qanday kelib chiqdi va nega buning uchun obunachilar aziyat chekishi kerak?

Yuz ming aholiga ega Forish tumani hududi katta. Bu yerda
64 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritadi. Ularning ko‘pchiligida tez-tez internet aloqasi uzilib qoladi. Gazeta va jurnallar esa aholini mamlakatimiz hamda xorijda yuz berayotgan voqea-hodisalardan xabardor etuvchi vosita. Biroq bu yerga davriy nashrlar ham katta uzilishlar bilan olib kelinayotgani, hatto aksariyat hollarda yetib kelmayotgani achinarli.

Bu hol uchun kim javobgar? Nima sababdan huquq-tartibot organlari qarzdorlikni hosil qilganlarni aniqlab, ularga nisbatan tegishli chora ko‘rmayapti? Obunachi pulini cho‘ntagiga urib, boshqalar hisobiga qarzlarini qoplashga urinayotganlar kimlar o‘zi? Bunday noxush holat kelgusida yana sodir bo‘lmasligi uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?

Oxirgi savolga Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga bayram tabrigidan javob topish mumkin. Zero, unda noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna va targ‘ibot masalalarida butun dunyoda o‘zini oqlagan bozor mexanizmlarini keng joriy etish kerakligi ta’kidlab o‘tildi. Bu yoshini yashab, umrini o‘tab bo‘lgan almisoqdan qolgan faoliyatsiz tashkilotlar o‘rnini yangi, iste’molchilar huquqlariga qat’iy rioya etadiganlari egallaydigan davr keldi, degani emasmi?!

 

Lenura ADILSHAYEVA,

Tolibjon ERGASHEV.

Manba:“Xalq so‘zi” gazetasi