“Qiziltepa tongi” gazetasi tajribasini o‘rganish kerak

2019-08-12T11:49:28+05:0010 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Navoiy viloyatida bugungi kunda 10 ta shahar-tuman hokimliklari muassisligida davlat nashrlari hamda 5 ta xususiy tahririyatlar faoliyat olib borayapti. Mazkur bosma mahsulotlarning haftalik umumiy adadi 70 ming nusxani tashkil etadi.

“Qiziltepa tongi” mazkur nashrlar orasida o‘z nufuzi va obro‘yiga ega gazeta sanaladi. Biroq, bugungi davr, ayni paytdagi o‘quvchi talabi har bir tahririyat faoliyati tubdan o‘zgarishini talab qilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida mazkur tahririyat tomonidan gazetaning 24 ta soni chop etilgan. Gazeta 2019 yil boshida 8670 nusxada chiqqan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatgich 8830 nusxani tashkil etmoqda.

Nashrni tuman aholisining minbariga aylantirish borasida ijodiy jamoa tomonidan ijodiy yangiliklarga qo‘l o‘rilmoqda. Xususan, gazetada e’lon qilingan qator maqolalarda tumanda amalga oshrilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga g‘ov bo‘layotgan muammolar yoritilgani uchun o‘quvchilarga manzur bo‘ldi. Jumladan, A.Umedovning “Pomidor. Undan ayrilib qolyapmiz…mi?” (2019, 25 yanvar), “Qiziltepa asali va uning istiqboli” (2019, 22 fevral), N.To‘layevaning “Ota kasbi baxtga yetaklar” (2019, 26 aprel), “Bolajonlar quvonchi osmon qadar” (2019, 24 may) kabi maqolalarida jiddiy va dolzarb mavzular qalamga olingan. Shuningdek, gazeta sahifalarida tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, sohalardagi islohotlar, voqea va yangiliklar imkoniyat darajasida o‘quvchilarga yetkazilishiga harakat qilingani ko‘rinib turibdi.

Gazetaning 2019 yil 17 may, 20-sonida “Ochiq muloqot” ruknida chop etilgan “Yetim bola: U nega ko‘paymoqda?” sarlavhali maqola jamiyatimizdagi holatga oyna tutgan. 2019 yil 31 may, 22-sonda “Dolzarb mavzu” ruknida “O‘qituvchi obro‘sini kim oshiradi? Bu haqda kim, qanday fikrda” sarlavhali tahliliy maqola Rahim Maqsudov muallifligida chop etilgan. Ushbu maqolada ham faktlar aniq fikrlar va raqamlar hamda soha xodimlarining fikrlari keltirilgan.

8 iyun, 23-sonidagi “Gazeta bong uradi” ruknida “Ajdodlar merosiga munosabat yoki ro‘yxatga kirmagan kanparak” sarlavhali maqolada yana bir muhim mavzu – madaniy meros ob’ektlari muhofazasi haqida so‘z boradi. Asosiysi maqola orqali tumandagi ko‘plab madaniy obidalarning taqdiri jonkuyarlik bilan tilga olingan.

Bir so‘z bilan aytganda, gazeta ijodiy jamoasi o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib dolzarb mavzularni o‘quvchilar muhokamasiga taqdim etib bormoqda.

Gazeta dizaynida avvalgi yillarga nisbatan izlanishlar qilinganligi seziladi. Ammo, hozirgi “imij”ga oddiy ko‘z bilan qarab, uning mukammal emasligini payqash qiyin emas. Bugun o‘quvchini katta maqolalar, odatiy suratlar, tig‘iz materiallar, an’anaviy sarlavhalar bilan jalb etish qiyin. Chiroyli va noodatiy dizaynda joylashtirilgan maqola mushtariyning diqqatini tortadi. Shundan so‘ng maqolaning sarlavhasini, keyin “LID”ini o‘qiydi. Ana shu 3 ta jihat o‘quvchida qiziqish uyg‘otsagina maqolani oxirigacha o‘qishi mumkin. Aks holda bir ko‘z yugurtirib, gazetaning keyingi sahifasiga o‘tib keta qoladi.

Masalan, “Barchasi xalq uchun” (4.01.2019 №1-2), “Shijoat bayrog‘in tutib” (4.01.2019 №1), “Osmonimiz musaffoligi – baxtimiz”, “Ustuvor vazifalar” (24.05.2019 №21) singari an’anaviy sarlavhalar bugungi o‘quvchining ham hatto e’tiroziga sabab bo‘lishi mumkin. №24 sondagi “Mavzuga qaytib rukni ostida” “Xatolarga nega beparvomiz” sarlavhali maqola chop etilgan bo‘lib, unda tumandagi targ‘ibot va reklamalarda davlat tili qoidalari buzilayotgani tilga olingan. Bilaks, maqolaning o‘zida imloviy va uslubiy xatolar yetarlicha topiladi.

Umuman olganda, “Qiziltepa tongi” viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa nashrlarga nisbatan peshqadamlikni qo‘ldan berayotgani yo‘q. Yuqorida tilga olingan juzeiy kamchiliklarni esa tahririyatning bugungi keksa, zabardast ijodkorlari bilan birga yosh va shijoatli jamoasi tuzatishlariga, nashrning kelgusida yanada o‘qimishli bo‘lishiga ishonamiz.

Maqola so‘ngida yana bir so‘z: tahririyatning gazeta bilan hamkorlik olib borayotgan, jamoatchi muxbirlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini viloyat miqyosida ommalashtirish lozim. Sababi, yaqinda o‘tkazilgan kasb bayrami munosabati bilan tumanda tashkil etilgan tantanalarda 50 nafarga yaqin mualliflar rag‘batlantirildi. Mazkur chora-tadbirlar aholining “Qiziltepa tongi”ga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda.

 

Ozod MUSTAFOQULOV,

Uyushmaning Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi.