Imtiyozli kreditning imkonsiz daromadi. Bundan kimga foyda, kimga zarar?

2019-08-12T11:49:29+05:005 July, 2019|Hafta maqolasi|

Yaxshi yashashga, farovon hayot kechirishga intilgan kishi borki, qandaydir qo‘shimcha ishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik qilish, ko‘proq daromad topish harakatida. Zotan, Prezidentimiz tomonidan aholining tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va pirovard natijada odamlarning real daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan qator farmon va qarorlarning qabul qilinayotganidan ko‘zlangan maqsad ham shu aslida.

Shunga mutanosib odamlarning ham oilaviy tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishi kun sayin ortib boryapti. Buni tadbirkorlikni boshlash istagidagi yurtdoshlarimiz soni ko‘pligidan ham bilish mumkin.

— Imtiyozli kredit olib tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishimni aytishganda, to‘g‘risi biroz cho‘chidim, — deydi G‘uzor tumani «Sherali» mahallasida yashovchi nogironligi bo‘lgan fuqaro Husnora To‘rayeva. — Lekin onam bilan kelishib tovuq boqish rejasini aytdik, so‘ng bunga imkoniyatimiz yetmasligini o‘ylab, ikki bosh ona-bola qo‘y olishga qaror qildik.

Ammo oradan bir necha kun o‘tib, qizning uyiga ona-bola qo‘y emas, balki ikki bosh qo‘chqor olib kelishadi. Eng qizig‘i, ona-bola qo‘yning narxi bir yarim million, deyilgandi, ikkita qo‘chqorning narxi ham shuncha ekan.

Tabiiyki, bu qo‘chqorlar puliga mos emasligini ko‘rgan qiz va uning yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan nafaqadagi onasi avvaliga ularni olishni rad etadi. Keyin esa shirin xayollar bilan «nima bo‘lsa bo‘lar» qabilida yo‘l tutib, qabul qiladi. Mutasaddilar ana shu vaziyatdan foydalanib, qizdan mahsulotdan rozi ekanligi haqidagi xatni oladi, onasining rahmat aytib qilgan duosini videotasvirga tushiradi.

Ammo qo‘ylarning narxi haddan ortiq qimmatligi bois baribir oilaning bundan ko‘ngli to‘lmaydi. Tanish-bilishlar ham bu pulga mahalliy bozordan to‘rtta shunday qo‘chqor olish mumkinligini aytishadi. Husnora yaqinlari orqali qo‘ylarni bozorga ham chiqarib ko‘radi, ammo yarim narxiga ham so‘rashmaydi. Shundan so‘ng bank xodimiga telefon qilib, qo‘ylarni olmasligini aytadi, lekin «endi buning iloji yo‘q», degan javobni eshitadi.

Uning tinimsiz bankka, mahalla faollariga qo‘ng‘iroq qilaverishiga mutasaddilar jiddiy e’tibor qaratishmay, o‘ziga xos injiqlikka yo‘yishadi. Chunki qo‘yni olgan vaqti u juda xursand bo‘lgan, onasi rahmat aytib, uzundan-uzoq duo qilgan.

Ajoyib xayolparastlik

Birgina «Sherali» mahallasining o‘zida beshta kam ta’minlangan oila imtiyozli kredit asosida qo‘y olgan. Ammo shu vaqtga qadar ikki fuqaro qo‘ylarni qaytargan. Husnora ham qaytarmoqchi. Mas’ullarning gapiga ishonadigan bo‘lsak, bu holatlarning bariga fe’l-atvor sabab emish…

Shu mahallada yashaydigan Bahodir Habibov ham oilasiga qo‘shimcha daromad keltirish maqsadida imtiyozli kredit olib, ta’minotchi orqali to‘rtta qo‘chqor xarid qilgan. Oila bekasi Zubayda Jumayeva hovliga mol kirgani, yana bir qo‘shimcha daromad olish imkoniyati paydo bo‘lganidan xursand.

— Bu ishimizdan, ayniqsa, o‘g‘limning sevinchi cheksiz, — deydi Zubayda Jumayeva. — Kecha-kunduz ana shu qo‘ylarning oldidan jilmaydi. Juda mehr bilan parvarishlayapti. Shu mol bo‘lmasa, bekorchilikdan ko‘cha changitib ham yurardi-da. Men o‘g‘limga ish topilganiga xursandman.

«Bu qo‘chqorlarni boqib, qancha daromad olmoqchisiz?», degan savolimiz esa ayolni o‘yga toldirdi.

— Ha, narxi ancha qimmat. Boqaveraylik-chi, balki o‘z puliga borib qolar, — deydi Zubayda opa.

To‘g‘ri aytadi, balki o‘z tanini qoplar, bu holda daromad, foyda haqida gapirish esa ajoyib xayolparastlikdan boshqa narsa emasdek.

4 ta qo‘chqor — 6 million so‘m

Mana, o‘zingiz hisob-kitob qilib ko‘ring. Ularga nari borsa, 20 kilogrammdan go‘sht beradigan to‘rtta qo‘chqor 6 million so‘mga narxlab berilgan. Uch yil ichida qaytariladigan kredit foizini ham qo‘shsangiz, har birining bahosi qariyb 1 million 800 ming so‘mni tashkil etadi. Agar bu qo‘chqorlarni 6 oy juda zo‘r boqsangiz, qirq kilogrammning nari-berisida go‘sht berishi mumkin. O‘shanda iste’molchi olgan qo‘ylarning narxi qoplanishi mumkin. Ular yegan yem-xashak, kredit foizi nima bo‘ladi endi? Bunday holda kambag‘al boy bo‘ladimi yoki yanada g‘aribga aylanadimi?!

Xo‘sh, ta’minotchi korxonalar nimaga asosan narx belgilayapti? Nega bozordan 800 ming so‘mga olish mumkin bo‘lgan qo‘chqorni ular bir yarim milliondan sotishmoqda?

— Biz Qozog‘istondan zotdor qo‘ylarni olib kelyapmiz, — deydi G‘uzor tumanidagi «Nozima Abdulloh fayz» fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Samandar Usmonov. — Bilasiz, boshqa davlatdan mol olib kelish oson ish emas. Bir «partiya» mol olib kelish uchun odamlarimiz haftalab yuradi. Bu juda qiyin ish, yo‘l uzoq. Barcha xarajatlarni hisob-kitob qilsangiz, bizga ham ko‘p foyda qolmayotganini tushunasiz.

Shu o‘rinda bir qator savollar paydo bo‘ladi. Nega imtiyozli kreditga faqat xorijdan keltirilgan qo‘ylarni olish kerak? Bu borada barcha mas’ullar bir xil javob aytishmoqda: tegishli qarorda aholiga zotdor mollarni berish ta’kidlangan. Ta’minotchiga ham, tijorat bankiga ham qo‘yilayotgan talab shunday.

Ammo olib kelinayotgan qo‘ylarning haqiqatan ham, zotdor ekanligiga qanday kafolat bor? Misol uchun, Germaniya, Ukraina yoki Polshadan keltirilayotgan naslli sigirlar tegishli pasportga ega va bunda ularning zoti, aniq yoshi, nasl xususiyatlari, sotgan tashkilot nomi haqida to‘liq ma’lumotlar bor. Qozog‘istondan olib kelinayotgani aytilayotgan qo‘ylarda bunday emas. Ko‘rinishidan ham hech qanday zotdorga o‘xshamaydi. Xuddi o‘zimizning bozorlardan terib olingan xashaki qo‘ylarni eslatadi. Ona-bola deb sotilayotgan, aslida bir-biriga begona qo‘ylar, tumshug‘i oqarib, qariligidan, orig‘ligidan munkillab qolgan sovliqlar chindan ham, naslli mollar sifatida qo‘shni respublikadan olib kelinyaptimi?!

— «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida «Sherali» mahallasi ishchi guruhiga biriktirilganman, — deydi «Agrobank» G‘uzor tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Baxtiyor Normamatov. — Nizom talabidan kelib chiqib joriy yilda ushbu mahallaning o‘nga yaqin fuqarosiga chorva, parranda, asalarichilik, issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit ajratilgan. Har hafta kredit olgan xonadonlarga kirib, ahvolni o‘rganib boramiz. Chorva krediti bo‘yicha olingan qo‘chqorlarni shu mahallada yashovchi, chorva bo‘yicha mutaxassisi bor fuqarolarning o‘zlari borib, ta’minotchi korxonadan tanlab olib kelishgan. Husnora To‘rayeva ham o‘z xohishi bilan ikkita qo‘chqor olgan. Agar xohlamasa, qo‘ylarni qaytarib beraman desa, ularni boshqa kredit olmoqchi bo‘lgan fuqaroga olib beramiz. Bu bo‘yicha muammo bo‘lmaydi.

Xo‘sh, bunday «muruvvat»dan kim naf ko‘radi?

Shunday ekan, bugun statistik raqamlarni bo‘rttirish uchun yelib yugurayotgan, bizning hududdan mana shuncha fuqaroga imtiyozli kredit berildi, qo‘y, tovuq olib, issiqxona qurib shuncha kishi oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi, deya bong urayotgan mutasaddilar bu haqda o‘ylab ko‘rishmas ekan, kam ta’minlangan aholining real daromadini oshirish borasida boshlangan bu islohotlardan katta samara kutish qiyin.

 

Shohista BOZOROVA

Manba: «Mahalla» gazetasi