O‘zbekiston delegatsiyasining Mozori-Sharifga tashrifi Afg‘oniston OAVlari nigohida

2019-08-12T11:49:29+05:004 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Mozori-Sharifga tashrifi Afg‘oniston Islom Respublikasi matbuotida keng yoritilib, jamoatchilik va siyosiy doiralar vakillari tomonidan yuqori baholandi.

Xususan, Afg‘onistonning yetakchi “Tolo news” telekanali quyidagilarni qayd etadi:

“O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Afg‘oniston hukumati rahbari Abdulla Abdulla bilan uchrashuvda “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i qurilish loyihasi qiymatining 45 million AQSh dollariga tushirilishi haqida ma’lum qildi. Bu o‘zbek xalqining haqiqiy do‘stona munosabatidan darak beradi. Biz O‘zbekistonning afg‘on xalqi bilan doim yonma-yon ekaniga, har qanday vaziyatda ko‘makka tayyor ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik”.

Xabarda, shuningdek, O‘zbekiston hukumati qo‘shni va birodar mamlakatda tinchlikka erishish maqsadida Afg‘oniston xalqi va hukumatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni bundan keyin ham mustahkamlab borishdagi qarori qat’iy ekani ta’kidlanadi.

Afg‘oniston tomonining fikricha, Mozori-Sharifda tashkil etilgan O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi afg‘on ishbilarmon doiralari vakillarining e’tiborini jalb qilish barobarida, kelajakda ikki tomonlama mahsulot ayirboshlash hajmining ortishiga, O‘zbekistonning Afg‘oniston bozoridagi ishtirokini kengaytirishga ham xizmat qiladi.

Afg‘onistonlik tadbirkor K.Nabi-zodaning e’tirof etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Afg‘onistonga tashrifi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bilan do‘stona va yaqin aloqalar o‘rnatish, Afg‘oniston iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga qaratilgan siyosatining amaliy ifodasidir”.

– Bu o‘zaro munosabatlarimiz tarixida yangi davr, – deydi tadbirkor. – Bu o‘zbek xalqining Afg‘onistonda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘lida qo‘shgan bebaho hissasidir.

Bu kabi ijobiy fikrlar “Daily outlook Afghanistan” gazetasida chop etilgan maqolada ham qayd etiladi. Maqolada shunday deyiladi: “Shubhasiz, O‘zbekiston hukumati rahbarining Afg‘onistonga tashrifi kunning muhim yangiligi bo‘ldi. Mohiyatan mazkur tashrif Afg‘oniston uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi. Avvalo Afg‘onistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston mahsulotlari hajmi, qolaversa, Afg‘oniston mahsulotlarining O‘zbekistonga eksporti ortadi. O‘zbekiston Afg‘onistonga investitsiya kiritishga, mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu qardoshlik munosabatlarining yorqin namunasidir“.

“Afghanistan news” yangiliklar portalida chop etilgan xabarda O‘zbekiston Bosh vaziri asosiy e’tiborni iqtisodiy masalalarga qaratgani, bu bugungi kunda Afg‘oniston uchun juda muhim ekani ta’kidlanadi.

“Bu “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘i qurilishi narxining 45 million AQSh dollariga tushirilishi, Afg‘oniston bilan hech qanday vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo amaliyotlarini amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekistondan iste’mol mahsulotlarini Afg‘onistonga arzon narxlarda yetkazib berishda namoyon bo‘ladi“, deyiladi xabarda.