Hamkorlik davom etadi

2019-08-12T11:49:30+05:003 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Rag‘bat

“Hurriyat” mustaqil gazetasi tahririyati o‘tgan yil iyulь oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda mazkur Fond tomonidan davlat subsidiyasi ajratilgan “Harakatlar strategiyasi — yuksalish strategiyasi” ijtimoiy buyurtma loyihasi asosida «Harakatlar strategiyasi: tarraqqiyot va demokratiya poydevori» mavzuidagi eng yaxshi materiallar tanlovini e’lon qilgan edi.

Tanlovdan maqsad — O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” va uning asosida qabul qilingan davlat dasturining maqsad va vazifalarini ommaga keng tushuntirishdan iborat. Bunda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar, jumladan, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy sohani yuksaltirish, mamlakatimiz davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mintaqamizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini vujudga keltirish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni yanada kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning tub mohiyati va berayotgan yuksak samaralarining mohiyatini ochib berishga alohida e’tibor qaratilishi belgilandi.

Tanlovda o‘nlab jurnalistlar, yozuvchilar, olimlar, deputatlar va oddiy gazetxonlar o‘zlarining «Harakatlar strategiyasi: taraqqiyot va demokratiya poydevori» mavzuidagi publitsistik asarlari bilan ishtirok etdilar. O‘tgan bir yil mobaynida “Hurriyat” gazetasida yuzga yaqin material – maqola, suhbat va boshqa janrlardagi, jumladan, foto asarlar chop etildi. Tanlov hay’atining qaroriga binoan birinchi o‘rin, kompьyuter jamlamasi, O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti dotsenti, publitsist Beruniy Alimovga, ikkinchi o‘rin, noutbuk, “Hurriyat” gazetasi bo‘lim mudiri Xolida Fayzievaga, uchinchi o‘rin, planshet, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA fotomuxbiri A’lo Abdullaevga berildi.

Shuningdek, tanlovning rag‘batlantiruvchi mukofotlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Pirmatov, Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Mash’al” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Otabek Isroilov, “Ma’naviy hayot” jurnali bo‘lim mudiri Shodmonqul Salomov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi xodimi Jobir Xo‘jaqulovga nasib etdi.

Tanlov yakunlandi. Faol ijodkorlar bilan ijodiy hamkorligimiz davom etadi.

Manba: «Hurriyat» gazetasi