Ochiqlik va oshkoralik hayotimiz mezoniga aylanib bormoqda

2019-08-12T11:49:31+05:002 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Munosabat

Bu yilgi Matbuot va ommaviy axborot vositalari bayrami ko‘tarinki ruhda kutib olindi. Boisi ayni bir kunda, ya’ni 27 iyunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan soha xodimlariga bayram tabrigi yo‘llandi, kasbdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risidagi farmonga, shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekildi. Salkam qirq besh yildan beri jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotgan bo‘lsam, hali bunaqasini O‘zbekiston tarixida kuzatmagan edi.

Xalqaro tashkilotlar hamda ularning ekspertlari e’tirof etayotganidek, O‘zbekiston Respublikasi keyingi uch-to‘rt yildan beri ochiqlik siyosatini muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Shu yilning o‘zida bir qator xorijiy axborot agentliklarining muxbirlari akkreditatsiyadan o‘tkazildi, fuqarolarimiz xorijiy veb-saytlardan ochiq foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘tgan hafta qabul qilingan Prezident qarori ham mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Bugungi zamon va islohotlar shiddati ancha-muncha odamni shoshirib qo‘ymoqda. Tabiiyki, bu jarayonda islohotlar maqsadi, mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, uning natijalari haqida to‘liq va tezkor axborot yetkazish, jamoatchilik fikrini shakllantirish, voqea-hodisalarga xolis munosabat bildirish, jurnalistlarga soha faoliyati bilan bog‘liq zarur axborotlarni taqdim qilishda axborot xizmatlarining o‘rni beqiyosdir.

Qayd etish lozimki, axborot xizmatlari faoliyatini zamon talablari darajasida takomillashtirishga ehtiyoj sezilayotgan edi. Davlatimiz rahbarining ushbu qarori davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat, xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish, shu bilan birga, mazkur yo‘nalishdagi muammolarga yechim topishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi, albatta.

Chunki matbuot kotibi bir vaqtning o‘zida davlat organi va tashkilotining axborot siyosati masalalari bo‘yicha rahbarning maslahatchisiga, mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlariga ko‘ra esa rahbarning o‘rinbosariga tenglashtirilmoqda. Bundan tashqari, axborot xizmatlari xodimlarining lavozim maoshlariga boshqa to‘lovlardan qat’iy nazar, 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda oylik ustama to‘lanishi, moddiy-texnik vositalar bilan mustahkamlanishi, o‘ylaymanki, kelgusida axborot xizmatlarining faoliyatini yanada jonlantirish va rivojlantirishda o‘z samarasini beradi.

Ushbu qarorning ahamiyatli jihatlaridan yana biri – tuman va shahar hokimliklari tuzilmalarida ham axborot xizmati tashkil etilishi belgilanganidir. Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, bugungi kunda Namangan viloyati, Namangan shahar va Yangiqo‘rg‘on tumani hokimliklarida axborot xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu qarordan so‘ng qolgan tumanlar hokimliklarida ham axborot xizmati tashkil etiladi. Bu nima degani?

Mazkur qarorda axborot xizmatlarining asosiy vazifalari belgilandi. Demak, shahar va tumanlar hokimliklarida axborot xizmatlari tashkil etilsa, o‘z navbatida, ularning rasmiy veb-saytlari faoliyati jonlanadi, shahar va tumanlar kesimida ham brifinglar, mediaturlar va matbuot anjumanlari yo‘lga qo‘yiladi, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi va boshqa shakllarda jamoatchilik fikri o‘rganiladi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident qarori axborot xizmatlari davlat, xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati ochiqligi va oshkoraligining ta’minlanishi, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini o‘tashi uchun zarur huquqiy asosni yaratib bermoqda.

 

Mahmudjon PARPIYEV,

“Namangan haqiqati” gazetasi Bosh muharriri,

xalq deputatlari Namangan viloyat

Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi