Komil Allamjonov: So‘z erkinligi, degani bu – birovni haqorat qilish kerak, birovni sharmanda qilish kerak, degani emas

2019-08-12T11:49:31+05:002 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Bosh direktori Komil Allamjonov blogerlar o‘rtasidagi nizoga munosabat bildirdi.

 

Agentlik direktori davlat olib borayotgan siyosatni shubha ostiga olishga uringan blogerning chiqishlariga munosabat bildirar ekan, jumladan, blogerning hissiyotlarga berilib, post yozganini, ushbu chiqish esa boshqalarni turlicha fikrlarga olib kelganini ta’kidladi.

 

“Blogerlar yarashdi, biroq gapirilgan gap – otilgan o‘q bo‘ladi. Odamlar o‘qidi, fikrlarini yozdi, bahs-muzokaralar bo‘ldi. Bizning agentligimiz va Prezidentimiz, rahbariyatimiz tomonidan olib borayotgan ochiqlik siyosati, umuman, davlatning bu yo‘nalishdagi siyosatini shubha ostiga qo‘yishga o‘xshash, bir sababchi holat bo‘lgandek bo‘ldi. Shuning uchun men o‘rtoq blogerlardan iltimos qilmoqchi edim:

 

His-tuyg‘ularga berilib, birdaniga bunday shoshma-shosharlik bilan butun boshli davlatning qilayotgan katta-katta ishlarini, agentligimizning ishlarini yerga urib, bunday haqoratli so‘zlarni ishlatishlarini bas qilishlarini so‘rayman! Chunki bu – bizga nisbatan hurmatsizlik, deb qaraymiz. Nega deganda har qanday islohot bu – birdaniga bo‘ladigan narsa emas. Agarda biz so‘z erkinligini ta’minlash, so‘z erkinligini qo‘llaymiz, jurnalistlarni himoya qilamiz, degan bo‘lsak, agarda biror-bir davlat tashkilotida jurnalistga nisbatan qo‘pol gapirish yoki jurnalistga nisbatan tazyiq o‘tkazilsa, bu – butun boshli davlatning siyosati yolg‘on degani emas!

 

Buning uchun qonunda belgilangan choralar bor. Xolislik bilan masalaga baho berishlaringizni iltimos qilamiz!

 

So‘z erkinligi, degani bu – birovni haqorat qilish kerak, birovni sharmanda qilish kerak, degani emas va bloger bo‘ladimi, oddiy fuqaro bo‘ladimi yoki jurnalist bo‘ladimi hamma uchun qonun teng bo‘lishi kerak.

Erkin gapirishingiz mumkin, lekin gapirgan gapingizga javobgarlik mas’uliyat hissi bo‘lishi shart. Biz mana shu pozitsiyada qattiq turamiz!

 

Islohotlar orqaga qaytadigan islohotlar emas!

 

Ochiqlik siyosati bu – Prezidentimizning siyosiy irodalari. Va blogerlarni himoya qilish, jurnalistlarni himoya qilish — agentlik shu va’dani berdimi, demak, buni oxirigacha amalga oshiradi, lekin ko‘chada biror odam bilan urishib ketishsa, o‘zlarining faoliyatlaridan tashqari janjalli holatlar bo‘lsa-yu, ularning ustidan kimdir shikoyat yozsa, u yerda biron-bir qo‘pollik bo‘lsa, u bloger ekan, deb biz ularning o‘rtasiga tushmaymiz. Bu – noto‘g‘ri bo‘ladi.

 

Shu fursatdan foydalanib, hamma blogerlarimizni, ommaviy axborot vositalari xodimlarini va jurnalistlarini og‘irroq bo‘lishga, bosiqroq bo‘lishga chaqirib qolamiz”, deya munosabat bildirildi.