Rahbar qachon gazeta o‘qiydi?

2019-08-12T11:49:32+05:002 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

Shanba kuni ishlab o‘tirganimda, tahririyatga qo‘ng‘iroq bo‘ldi:

— Men …dan telefon qilyapman. Kim bilan gaplash­yapman?

Aslida, muomala estetikasi bo‘yicha, kishi avval o‘z ism-sharifini aytib tanishtirib, keyin suhbatdoshidan buni so‘rashi kerakli­gini tushunmaganlarning bu kabi savoliga tez-tez duch kelsam-da, bosiqlik bilan javob berdim va nima xizmat bilan qo‘ng‘iroq qili­shayotganini so‘radim.

— Oy yakunlanyapti, shunga, hamma gazetaga maqola e’lon qilishi kerak ekan, hisobot topshiramiz. Shunga yordam qilsangiz… muxbirlaringizdan biroviga buyursangiz, mendan bir bayonnomani olib ketib, yaxshi bir maqola tayyorlasa…

«Kechirasiz, maqolani mual­lif o‘zi yozib, keyin olib ke­lishi, yoki elektron pochta orqali yuborishi kerak»…

«Endi… bizda ish ko‘p… Kelib olib ketsa hech narsa qilmaydi-ku?»

«Yo‘q, o‘zingiz olib kelaqoling yoki elektron manzilga yuboring, ko‘rib chiqamiz, telefon raqamin­gizni ham yozib qo‘ying, ma’lu­mot olish uchun zarur bo‘lishi mumkin…»

«Yaxshi. Xo‘sh qachon chiqadi shunda maqola? O‘zi haftada necha marta chiqasizlar? Qaysi kun­lari?»

Keyingi savollardan ma’lumki, «muallif» gazeta necha marta, qay­si kunlari chiqishini mutlaqo bil­­maydi… Balki, gazetamizga obuna bo‘lish u yoqda tursin, qiyo­fasi qanaqaligi­ni ham bilmasa kerak… Bunga amin bo‘lsam-da, qayta so‘rab ko‘rdim.

«Endii… ish juda ko‘p. Gazeta o‘qishga vaqt yo‘q. Lekin obuna bo‘l­ganmiz shekilli, kanselyariyadan so‘rab ko‘rishim kerak».

«Xo‘sh, «maqola»ngiz chop etildi, deylik, uni qayerdan olasiz? So­tuv­da yo‘q bo‘lsa…»

«Umuman olganda, sizlar maqo­la chiqqan sondan ikki dona yubo­rish­laringiz kerak bizga…»

«Bizda gazetamiz tekin tarqati­lishi shart bo‘lgan idoralar nomi bor, lekin siz ishlayotgan tashkilot bu ro‘yxatda yo‘q…»

«Mayli, maqolani chiqaravering, keyin gapla­shamiz bu masalani. Lekin birinchi betda chiqsin…»

«Siz avval maqolani yuboring, ko‘rib chiqaylik. Ishoning, yaxshi material albatta chop etiladi, hat­to, aytganingizdek, birinchi betda ham. Biz­da hech bir maqola e’ti­borsiz qoldirilmaydi!»

Kunlardan bir kun yana bir hukm­farmo muassa­sa mas’ullaridan biri shunga yaqin amrona muomala bilan qo‘ng‘iroq qildi.

Yana shu tashvish: «oy yakunlanyapti, maqola chiqa­rish kerak, hisobot uchun, bizga majburiy qilib qo‘yilgan».

Nafsilamrini olganda, muta­xassis tomoni­dan yozilgan ma­qola, sharh yoki munosabat keng ga­zet­xonlarga tushunarli tilda bayon etili­shi, tushuntirib berilishi kerak. Olingan maqola esa…

«Aslida, sizlar biz bilan mus­tahkam hamkorlik qi­­li­shin­giz ke­rak. Chunki odam­larga bugungi qo­nunlar, farmon va qaror­lar mo­hiya­tini bir­ga­likda tushuntirib berishimiz kerak»

«To‘g‘ri, biz ham aynan shunday qilishimiz ke­rak, deb hisob­lay­miz va shunga ha­rakat qilib ke­l­yap­miz. Biroq sizning «ma­qola»ngizda far­mon­ga sharh yo‘q-ku! Oldin holat qan­day edi, huj­jat qabul qilin­gan­dan keyin nima qulaylik va qo‘­shimchalar bo‘l­di, endi ahvol qay da­ra­jada o‘z­ga­radi, degan savol­larga javob, tahlil yo‘q. Huj­jat, ayrim o‘rin­­lari olib tash­lanib, shundoq ko‘chirib qo‘­yilgan… Undan ko‘ra, ga­zetada o‘sha huj­jatni to‘liq chop etganimiz ma’­qul­­masmi, o‘quv­chi­ni chalg‘itmay?..»

Norozilik, keyin sal tushib, «siz­lar xalqning tilini bila­siz­lar» degan maqtovga o‘xshash fikrlar bilan mutaxassisning «hisobot-ma­­qola»si yana muxbir­ning gardanida qoladi…

Qissadan hissa shuki, bugun mat­­buot ko‘pchilik idoralar rah­bar va mas’ul xodimlari uchun «hisobot davri»da zarur bo‘lgan nimadir. Achi­­­narli jihati, ke­yingi payt­larda bu ro‘yxatga ta’­lim va tibbiyot muassa­sa­lari xodimlari ham kir­moqda…

Tan olish kerak, maqola chop etishni so‘rovchi ayrim tashki­lot­­lar nash­rimizga obuna ham bo‘lishgan. Biroq buni ularning o‘zlari bosh­qacha ifo­da etishadi: «Obuna bo‘lib qo‘yganmiz. Chiqa­ra­siz-da!»

Aslida, maqola obuna bo‘lganlik yoki bo‘lmaganlikka qarab chop etil­maydi. Agar shunday qiladigan bo‘l­­sak, gazeta sahifalari bo‘­shab qol­gan bo‘lardi… Maqolalar xalqimiz — rahbardan tortib od­diy in­songacha — xalqimiz to­monidan o‘qilishi umid qi­linib yoziladi, nashr qilinadi. Ayrim tan­qidiy yondashilgan maqola chiqqan gazeta soni te­­gish­li ho­kimlik, idora yoki tash­ki­lotga xat­ga ilova qilinib yubo­riladi, toki ko‘ta­rilgan masala­ga bir en­lik javob bo‘lsa… deb.

Lekin afsuski, keyingi payt­lar­da bunga ham e’tibor su­say­gan, yoki no­miga yuborilgan ja­vob xatida masalaga umuman javob bo‘lmaydi…

Xo‘sh, rahbar, xodim yoki oddiy o‘quv­chi qachon gazeta o‘qiydi?

Agar gazetada chop etilgan ma­qola xolis, xalq dardini va ha­qiqatni bayon etgan bo‘lsa, mavzu chuqur o‘rganilib, oqilona mulo­haza bilan yozil­sa, albatta o‘qi­ladi. Bu gapni hozir oddiy odam­lar ham biladi. Ayni paytda, matbuotda faqat qiziqarli si­fatida o‘qilishi mumkin bo‘lgan emas, bilish foydali va shart hisoblangan maqolalar ham chop eti­ladi! To‘g‘ri, yaxshi maqolalar kam, lekin bor! Siz qaysi biri­nidir o‘qiganmisiz? Ha, o‘qigan­lar bor, faqat ular aksariyat hollarda, ham­kasb­larimiz, xo­los. Ular maqola bo‘yicha o‘z e’ti­roflari, muloha­zalari, masalaga yondashuv bo‘yicha tajribalari bi­lan o‘rtoqlasha­di­lar. Va bu, yoqimli. Qaniydi shu odam boshqa soha vakili bo‘lsa!..

Yana bir gapni yurak yutib aytish mumkinki, agar davriy nashr­larga e’tibor kuchaysa, hozir ko‘p­chilik uchun najot minbariga ay­langan dav­lat va hukumat rah­ba­rining virtual va xalq qabul­xonalariga muro­jaatlar soni kamaygan, ko‘plab muammolar mux­birning aralashuvi bi­lan o‘z yechi­mini topgan bo‘lardi. Bunday deyishga sabab shundaki, bugun mavzuga noprofessional yonda­shil­gan, imlo va boshqa xatolari bi­lan bo‘lsa-da, qaysidir hudud­dagi muammoni elektron nashrda e’lon qilgan jurnalist etikasi va estetikasidan yiroq bir xa­bar­chining tanqidiga rahbarlar e’tibor qaratishi, ular bilan hisob­lashishi ko‘p kuzatilmoqda. Istalgan nashrni faqat «tanqid chiqib qol­ma­dimikin», «atrofda qanaqa mish-mishlar ekan», «bi­ron bir rahbar haqida shov-shuvli xabar yo‘qmikan» deganga o‘xshash istaklar yoki bosh­qa tax­minlar bilan o‘qish — o‘sha o‘quv­chining ma’naviy saviyasi da­ra­jasini ko‘rsatadi. Ayni payt­da, davriy nashrlarni muntazam kuza­tish, faqat o‘z idorasi yoki hududiga tegishligina qismini emas, boshqa maqolalar bilan ham tanishib borish rahbarning ham dunyo­qarashi doirasi kengli­gini anglatadi. Yaqinda shu gapni ayt­ganimda mutasaddilardan biri, «agar xohish, ma’naviy istak bo‘l­sa, qunt, gazeta va jurnal­lar­ni o‘qishga vaqt albatta topiladi, chunki, inson mod­diy ehtiyojlari — suv ichish, ovqatlanish uchun vaqt, imkon to­pa­di-ku!», degan mulo­ha­zani bildirdi. Nahotki, jamiyat­da ana shu ma’­naviy istak susa­yib ketayotgan bo‘lsa, deb o‘ylab qolasan, kishi.

Davriy bosma nashrlar, ko‘p­chi­lik o‘ylaganidek, yopilib ket­maydi, buni rivojlangan dav­latlar taj­ribasi ham ko‘rsatib tu­ribdi. Bosma ga­zeta va jurnal­larni ommalash­tirish esa, faqat jurnalist­ning­gina vakolati, meh­nati, salohiyati yoki maho­rati doirasida emas, bu ish ja­miyat­ning barcha a’zolari, rahbaru mu­tasaddi, o‘qituvchiyu quruvchi, shifokoru dehqon va boshqa barcha soha vakillari bilan birga­likda amalga oshiriladi. Zero, matbuot, haqiqatan ham, ja­miyat ko‘zgusi! Ja­miyat a’zolari­ning munosabati mat­buotning na­faqat sahifa­lari­da, nufuzi va mav­qei­da ham o‘z aksini topadi.

Mamlakatimizda matbuot va ommaviy axborot vositalari fao­­liya­tini moddiy, ma’naviy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quv­vatlash, erkin­lashtirish, xalq va davlat o‘rtasidagi ko‘prik vazi­fasini o‘tovchi ha­qiqiy «to‘rtin­chi hokimiyat» darajasiga olib chiqish borasida xayr­li ishlar amalga oshirilmoqda. Ishona­manki, jamiyatning faol bo‘g‘i­ni bo‘lgan soha xodimlari bu maq­sadlarga erishish uchun sharafli va mashaqqatli mehnatdan qoch­maydi, odamlar orasiga va di­liga yanada chu­qurroq kirib borish yo‘lidan og‘ishmaydi. Ana shunday ishonch va yakdillik sizni hech qa­chon tark etmasin, aziz ham­kasb­lar. Bayramingiz muborak bo‘l­sin!

 

Bektemir PIRNAFASOV,

“Do‘stlik bayrog‘i” “Znamya drujbы” gazetalari

Bosh muharriri.