Evrilish ehtiyoji yoki matbuot qachon o‘qiladi?

2019-08-12T11:50:12+05:001 July, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘tgan asrning 90-yillari, undan ilgarilari ham jurnalistika kasb sifatida jamiyatda sezilarli nufuzga ega edi. Jurnalistlar maqom jihatidan hokimiyat kiborlariga tenglashtirilmasa-da, harqalay, so‘zi va sumbati umumsahndan chetda emasdi. Eng muhimi, odamlar bugungidan farqli o‘laroq matbuotga ishonishar edi.

Bugun-chi?

Oddiygina misol: ko‘pchilikning “gazetalar yolg‘on yozishadi, ularda bizni qiziqtiradigan hech narsa yo‘q”, degan sarkash iddaolarini qaysi muharrir rad eta oladi?..

Siyqasi chiqqan to‘rt-beshta mavzu, chuchmal matnlar, haddidan oshgan maddohlikka yo‘g‘rilgan (eng qizig‘i, buni bizdan hech kim talab qilayotgani yo‘q!) reportajlar… Shu darajaga borib yetdikki, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, dasturxonlarimizdan baraka arimasin, kabi odamlarni ­duoga qo‘l ochishga undovchi duomonand matnlar bugun ham ba’zi bosma nashrlarga xos bo‘lib qolmoqda. Bir qarashda maqolani yozayotgan jurnalistmi, yo masjid imomimi, tushunmay ham qolasan… Matbuot professionallikdan uzoqlashdi. Quvvati-yu g‘ayrati so‘rib olingan ramaqijon tana kabi nomigagina kun ko‘rmoqda. Unga o‘ziga berilgan erkinlik ham malol kelmoqda. G‘alati paradoks – so‘z erkinligi, senzurasiz hayot haqida eng ko‘p orzu qilgan sub’ektning o‘zi bugun uni qabul qila olmayotir… Yo‘qsa, qaysi matbuot haqiqatlarni oshkora yozyapti? Qariyb hech qaysisi… Chunki biz o‘zimiz ichimizdagi qo‘rquvdan hali qutula olmadik. Bir-ikki jiddiy chiqishlar qilganimiz bu jasoratdan darak emas. Ikkinchidan, bironta muammoni chuqur tahlil qilish asnosida asosli taklif ham bildirilgan maqolani o‘qidikmi? Eslolmaymiz. Demak, bu yog‘i ham o‘ziga yarasha.

Odamlar gazeta o‘qimay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Bu – achchiq haqiqat. Biroq ularni matbuotga qaytarish kimning vazifasi va burchi? Ochig‘i, “ishim gazeta chiqarishdangina iborat”, deb xomtama bo‘lib yurgan muharrirlar hali ham yo‘q emas…

Ochig‘i, biz betaraf va xolis (“bespristrastnaya”) jurnalistikani hali o‘zlashtira olmadik. (Ba’zi unsurlar O‘zAdagina uchrab turibdi, xolos). Bu nima degani? Biz, amalda, misol uchun biror mavzuni yozayotganimizda bir tomonga og‘ib ketib qolamiz. Ya’ni, matn orasida jurnalist masala mana bundoq bo‘lishi kerak, degan o‘zining ­fikrini bildirib turadi. Aslida esa bu xolislik mezoniga to‘g‘ri kelmaydi. Negaki, jurnalistning vazifasi mavjud vaziyat va holatni ochiq va haqqoniy yoritish, xulosa chiqarish, fikr yuritish uchun o‘quvchini undashdan iborat. Bizda esa buning aksi urfga aylanib ulgurdi.

Bu “bosh og‘riqlar”ning o‘zagida esa kadrlarning no‘noqligi bosh masala bo‘lib turibdi. Biz bugungi potensial bilan haqqoniy jurnalistika yaratishimiz – bu ertak. Eng uyatli holat shuki, ravon va imloviy xatosiz yozadigan ijodkorlar tanqis. Tan olaylik: qaysi gazetada oltmish foiz odam tahrirsiz yoza oladi? Qaysi matbuot nashrida imloviy bexato yozolmaydigan jurnalist yo‘q? Hech qaysisida!

Xo‘sh, qaysi matbuot nashri dizayni bugun hammani lol qilayotir? Buyam aslida katta muammo.

Xo‘sh, masalaning ildizi qayerda?

Biz ishlayotgan oylik maoshga, aslida o‘zini hurmat qiladigan odamning kelib ishlashi dargumon. Surishtirib ko‘ring: qaysi gazeta nashri xodimlariga qancha oylik berayotir?.. Ular, aksincha yil sayin xodimlar sonini qisqartirish, oylik maoshlar, ijtimoiy ustama va mukofotlashlardan o‘zlarini tiyib yashashga mahkum bo‘lib borishyapti. Bu eng birinchi muammo!

Ikkinchisi, jurnalist kadrlar tayyorlashning ahvoli o‘ta achinarligi! Bugun mutaxassis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan har uchala universitetda ham Ochil Tog‘ayev, Tal’at Soliyev, Boybo‘ta Do‘sqorayev, Tilak Jo‘ra, Najmiddin Komilovlar o‘rnini bosa oladigan, millat fidoyilari, ziyolilari darajasida shogird yetishtirish quvvatiga ega bo‘lgan ustozlar yo‘q. Xafa bo‘lishmasin, bugun bo‘lg‘usi jurnalistlarga saboq berayotgan ustozlarning ko‘pchiligining o‘zlari malakaga tashna. Chunki ta’lim bilan amaliyot bir-biridan o‘gaylashib qolgan.

Ilgari…

Biz o‘qigan kezlarda “Jurfak”ka bolaligidan adabiyotga qiziqqan, badiiy tafakkuri shakllangan, savodli yoshlar kelishardi. Ularning bitta niyati bo‘lgan: Jamiyatda haqiqat uchun kurashadigan, adolatni o‘rnatishga bel bog‘laydigan, hech kimdan qo‘rqmaydigan jurnalist bo‘lish!.. Garchi bu bodilikday tuyulsa-da shu o‘yning bori katta gap edi.

Esimdan chiqmaydi. 1987 yilning 4 iyuli edi, chamamda. Biz abituriyentlar birinchi imtihon – inshodan baholarimizni e’lon qilishlarini kutib auditoriyada o‘tiribmiz. Shaxsan men ikki yil oldin umri erta xazon bo‘lgan opam xotirasiga bag‘ishlab, erkin mavzuda yozgan ishimdan ko‘nglim to‘q edi. Yozgan inshoim o‘qituvchilarga ta’sir qilganiga va maqtov-u olqishlar bilan “a’lo” baho qo‘yishlariga ishonib o‘tiribman. Lekin e’lon qilinayotgan talabgorlar orasida negadir “besh” baho egalari ko‘rinmasdi. To‘g‘risi, aksariyat, qariyb yetmish foiz abituriyent inshodan yiqilmoqda edi. Shundanmi, uch baho olgani ham o‘zida yo‘q xursand chiqib ketayotgandi. Qizig‘i, eshik oldidagi xabarkash yiqilganlarning bahosini aytmay, qog‘ozni ko‘rsatib chiqarvoryapti, baho olganlarnikini aytyapti. Hayajonli daqiqalar… Nihoyat, ismi-sharifim tilga olinganda yuragim to‘lqinlanib o‘rnimdan turdim: “Uch!”

Ochig‘ini aytib qo‘ya qolay, meni xafa bo‘ldi, deyish qiyin edi. Rostakamiga aytganda, men boyagi hovurimdan tushib, qog‘ozga qarab chiqib ketayotganlar safiga qo‘shilishdan qo‘rqib o‘tirgandim. Hozirgacha o‘shanda “balkim bironta imloviy xatoga yo‘l qo‘yganman”, degan gumonda yuraman. Balki bo‘lgandir?.. Lekin bu baho bitta imlo xatosi uchun qo‘yiladigan baho emas edi. Inshoni baholashning bir qator mezonlari bor edi o‘sha mahallar: mavzuning ochilishi, kompozitsiya, uslub, til boyligi, dunyoqarash darajasi, xulosa, kulminatsiya…

Hozir-chi? Hozir ham jurnalis­tika fakultetlariga yozma ravishda imtihon topshiriladi. Lekin hamon o‘sha mezonlar bormi? Nega fakultetga kirayotgan emas, hatto uni tugatayotgan yoshlarimizning ham savodi bu qadar g‘arib, yozgan matnini o‘qib bo‘lmaydi: g‘ij-g‘ij xato! Xo‘sh, masalaning yechimi kimga bog‘liq?

O‘tgan yili yangi ochilgan O‘zbekis­ton Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektoriga bir iltimos qildim. Agar shu yoshlar haqiqatdan ham jurnalist bo‘lishini istasangiz, iltimos ularning gazeta tahririyatlariga majburan borishini, u yerda musahhihlik mashaqqatini anglab, tahrir nima, matn nima, adabiy tahrir qanday bo‘ladi, uslub degani qanaqa bo‘lishini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlarini majburiy qilib qo‘ying. Bugun men SherzodxonQudratxo‘jayevdan bag‘oyatda xursandman. Universitetning birinchi kurs talabalari gazetalar tahririyatlariga qatnab yuribdi. Bu taklifimning sababi shu ediki, o‘zim ilk faoliyatimni gazetadan bosh­laganim bois televideniye­­da matn yozishda qiynalmadim.

Mening birinchi mezonim– matnni his etish, yoza olish malakasini shakllantirish. Og‘zaki nutq badiiy saviyaga yuz foiz bog‘liq. Odam nima haqida gapirayotganini birinchi bo‘lib o‘zi yaxshi anglashi kerak. Matn ustida ishlash, o‘qib-o‘rganish esa o‘sha didni charxlaydi. Shu ma’noda har bir boshlovchi jurnalist amaliyotini gazetadan boshlasa maqsadga ancha yaqinlashgan bo‘lamiz. Afsuski, shu paytgacha bunga panja orasidan qarab keldik. Hurmatli professorlarimiz, dotsentlarimiz meni ma’zur tutsinlar, haqiqatni yuzga aytgan yaxshi, o‘tgan o‘n besh-yigirma yilda yetishib chiqqan kadrlarning yetarli qismi sohada ishlab keta olmadi. Uning bir qator ob’ektiv sabablari borligi haqiqat. Biroq uning eng bosh omillaridan biri, ta’lim uslubining eskirganidir.

Ikkinchi masala – tahririyatlar ishidagi o‘zibo‘larchilik. Achchiq haqiqatni aytish kerak bo‘lsa: bugun tahririyatlarning shtatlar jadvalini teng yarmiga, balkim undan ham ko‘prog‘iga qisqartirsa bo‘ladi. Darrov qarshilik qilishga shoshilmang. Mana, bu nima uchun kerak: e’tibor bering, gazetalarimizda tosh bosadigan maqolalar kimlar tomonidan tayyorlanyapti? Asosan chet mualliflar tomonidan! Tahririyatlarda o‘nlab yillar davomida hatto biror jo‘yali xabar yozmagan, to‘g‘risini aytganda, yozishga saviyasi yetmaydigan xodimlar anchagina. Nega tahririyatlar ularga pul sarflashi kerak? Manfaatdorlikniyam, rag‘batniyam xodimning ishiga qarab belgilash vaqti kelmadimi?! Men ba’zi markaziy va dongdor nashrlarimizda yuzdan ortiq odam nima qilayotganiga aqlim yetmaydi. Shuncha odam ertadan kechgacha kuyib-pishib yuguradi, ertalab gazetani varaqlasang – hech gap yo‘q… Albatta, birovning tovog‘iga qozilik qilish beadablik bo‘lar, lekin ish uslubimizni isloh qiladigan vaqt o‘tib borayotganini bir-birimizga aytmaslik sohani bundan-da battarroq holga tushirishi mumkin.

Bir o‘ylab ko‘ring: oyda bitta yaxshi maqola yozmaydigan muxbir, bir yilda hech bo‘lmaganda o‘nta maqolasi bilan tilga tushmagan tahririyat xodimi bizga kerakmi? Albatta, ularning ham bola-chaqasi bor, ko‘p yildan beri ishlab yuribdi, gap qaytarmaydi, achchiq gapingizni bo‘ynini egib turib eshitadi, ha ana, bir-ikki kattakon “tankasi” bordir…

Biroq holat bilan murosa qilaversak, qachon to‘rtinchi hokimiyat egasi bo‘lamiz?..

Endi gap kelganda hurmatli muharrirlarga bir taklifni bildirib o‘tmoqchiman. Agar obunani tashkil qilish va uni tarqatish tizimini o‘z qo‘limizga olmasak, bu yo‘nalishda kuchlarimizni birlashtirib, yagona tizimni o‘zimiz tashkil qilmasak, bundan buyongi ishlarimizning ahvoli o‘ng‘arilmaydi. Kuchlarni birlashtirish faqatgina markaziy nashrlargagina tegishli emas, barcha hududiy, viloyatlar va tumanlar nashrlarining ham boshi qovushishi kerak.

Tasavvur uchun aytsak: deylik, Baxmal tumani gazetasi “Baxmal hayoti” barcha viloyat va markaziy nashrlarni tuman bo‘ylab tarqatishga mas’ul bo‘ladi. Tahririyatlar o‘zaro proporsional tarzda moliyaviy ulush qo‘shib, a’zosiga aylanadigan o‘sha korporativ tashkilot bu gazetaga bir avtotransport ajratadi. Yillik to‘rt-besh ming nashrni tumanga tarqatishga ketadigan umumiy xarajatlar hisob-kitob qilinib, bir tomondan o‘sha tashkilotda yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi, ikkinchi tomondan hammamiz gazetani olib borishni nazorat qila olish imkoniga ega bo‘lamiz, uchinchidan o‘rtadagi vositachi tashkilotlarning “reketchi”ligidan, millionlab mablag‘larimizning ko‘chada izsiz yo‘qolishidan, to‘rtinchidan va eng muhimi, biz chiqarayotgan nashrlarning pul to‘lab mahtal bo‘lib o‘tirgan gazetxonga yetib borishiga erishamiz. Buning uchun faqat halol yondashuv va xohish kerak.

Mavzuga doir bir ma’lumotni aytib o‘tay: o‘tgan yili bir viloyatda tahririyatimizning qariyb yarim milliard puli ko‘chada qolib ketdi. Uni shu qadar chigal to‘rdan sug‘urib olishning imkoni ham yo‘q, bunga uncha-muncha asab ham yetmasa kerak. Obunani shuning uchun tahririyatlar faqat va faqat bevosita o‘zlari bilan shartnoma asosida rasmiylashtirilishini yo‘lga qo‘yishlari lozim.

Umuman olib qaraganda, “majburiy obuna”dan tahririyatlar asosiy manfaatdor bo‘lmagan. Biz bu mavzuga chuqur kirsak, ba’zi hamkasblarimizga yoqmasligimiz tayin. Lekin aslida ular ham o‘sha o‘rtadagi tarqatuvchi va uyushtiruvchi, qisqasi, vositachi tashkilotlarning qarmog‘ida bo‘lib kelishganini bilishmasa ham kerak.

Tahririyatlar reklama masalasida ham birlashishi zarur. Bu jipslashuv o‘zaro hamjihatlikda mavzular va yo‘nalishlar bo‘yicha chuqurroq ixtisoslashuvlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qaysi bir nashr tibbiyot mavzusini, boshqasi sportga oid yo‘nalish­larni zimmasiga olsin… Ammo targ‘ibotda bir-birini halol qo‘llasin.

Shu o‘rinda yana bir masala ko‘ndalang bo‘ladiki, u ham o‘z yechimini kutib turibdi. Bu “Axborot xizmatlari kerakmi? Kerak bo‘lsa, nimaga?” degan haqli so‘rovdir.

Aytish lozimki, bir paytlar, ya’ni bundan o‘n-o‘n besh yil ilgari barcha vazirlik va idoralarda axborot xizmatlari tashkil etish ilgari surilgandayoq qadamning bir tomoni egri bo‘lgan. Ochiq ayt­ganda, o‘sha paytda axborot xizmatlari matbuotni jilovlash uchun kerak bo‘lgan edi. Eslasangiz, o‘sha idoralarning tasdig‘isiz bu mavzuga oid axborotlar berilmas edi. Bu temir qoida ham matbuotning patagiga tushgan qurt edi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatida ishlagan kezlarim menga jurnalistlar biror ob’ektdan qo‘ng‘iroq qilishardi, aka, mana bu mavzuda lavha tayyorlamoqchi edik, bu yerdagilar buning uchun sizning ruxsatingiz bo‘lishi kerakligini aytishyapti… Men boshida hayron qolganman. O‘zim jurnalist va sohada o‘n yildan ko‘proq taj­ribam bo‘lib bunday holatni qabul qilishim qiyin kechgan. Asta-sekin ang­lab bordimki, axborotlar tizginini qo‘lda tutib turish uchun ham bu tizim ishga tushirilgan ekan.

Yana bir muammo mutasaddilarni dovdiratadigan, masalani chuqur biladigan jurnalist kadrlar masalasi bilan bog‘liq edi.

Mutasaddilar matbuot anjumaniga jiddiy tayyorgarlik ko‘rib kelishadi. Bir qator masalalarni gapirishadi, umuman savollarga tayyor. Lekin mavzu haqida jo‘yali tasavvuri, taassuroti, tayyorgarligi bo‘lmagan OAV vakillari ularni faqatgina eshitib qaytishadi. Keyin gazetalarga nazar solaman: ikki-uchtasida shunaqa matbuot anjumani o‘tkazilgani va unda falonchilarning so‘zga chiqqani haqidagi xabar beriladi. Shu xolos…

Tan olib aytish kerakki, biz hali-hamon eskicha ishlayap­miz. Kunda-kunora Milliy matbuot markazi rahbari Shavqiddin G‘aniyevning “Muhtaram…”, deb boshlanuvchi xatini olar ekanmiz, oshkoralik butun jamiyat bo‘ylab qanot yozayotganini ko‘rib suyunamiz. Biroq gazetalarimizni varaqlasangiz hamon o‘sha mahzunlik… G‘ayrat yo‘q. Shijoat yo‘q. Kim jurnalistning og‘zini yopyati, kim uning qalamini tortib olyapti, kim uning ijodi, intilishiga qarshilik qilyapti? Hech kim! Xo‘sh, ayb kimda unda?..

Hamonki, aybdor o‘zimiz ekanmiz, yechimni ham o‘zimiz topishimiz kerak. Buning uchun ko‘p narsa kerak emas. Faqat ozgina vatanparvarlik, fidoyilik va prinsipial jasorat…

 

Husan ERMATOV

Manba: “ISHONCH” gazetasi