Ijod ahliga ehtirom

2019-08-12T11:50:14+05:0028 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘imi tashabbusi hamda viloyat hokimligining moliyaviy ko‘magida bayram tantanalari tashkil etildi. Jizzax shahridagi “Visol” tantanalari majmuasida 300 kishilik dasturxon bezaldi. Bayram tadbiriga viloyatdagi barcha gazeta, radio, televideniye, internet nashrlarida mehnat qilayotganlar, faxriy jurnalistlar, Respublika OAVning viloyatdagi muxbirlari taklif etildi. Dastlab, viloyat hokimining o‘rinbosari B. To‘xtamishev to‘planganlarni shodiyona munosabati bilan qutladi. Shundan so‘ng bir guruh jurnalistlar va soha fidoyilariga viloyat hokimining faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir davomida qirq nafarga yaqin faxriy jurnalistlar, o‘ttizga yaqin Respublika OAVning viloyatdagi muxbirlari ham munosib rag‘batlantirildi.

Shu kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “Yilning eng faol jurnalisti-2018” ko‘rik tanloviga ham yakun yasaldi. Uning g‘olib va sovrindorlari, turli nominatsiyalar bo‘yicha nomlari etirof etilgan jurnalist va boshqa xodimlar ham taqdirlandi.

Bayram doirasida uyushma tomonidan uyida yotib qolgan keksa, nogironligi bo‘lgan va moddiy yordamga muhtoj jurnalistlarning ham holidan xabar olindi.

Bir so‘z bilan aytganda, Jizzaxda bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri davomida o‘zining bilimi, tafakkuri, fidokorona, halol va zahmatli mehnati bilan jamiyatimizning ma’naviy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan barcha ijodkorlarga yuksak hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. O‘z navbatida matbuot va OAV xodimlari o‘zlarining ijod mahsuli bilan bundan buyon ham millat, Vatan manfaati, kelajagini o‘ylab, jamiyat hayotida yangi munosabatlarni shakllantirishda tashabbuskorlik ko‘rsatishga va’da berdilar.

Said DONISHEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi mutaxassisi