E’TIBOR, E’TIROF, EHTIROM

2019-08-12T11:50:17+05:0027 June, 2019|Umumiy yangiliklar|
27 iyun – mamlakatimizda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Yurtimiz taraqqiyoti yo‘lidagi ezgu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, istiqlol ruhiga mos yangicha tafakkur tarzini shakllantirish, umuminsoniy qadriyatlarni qaror toptirish, xalqimiz ma’naviyatini boyitish sohasidagi xayrli ishlarda jurnalistlarning munosib xizmati bor.
Bugun O‘zbek Milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan tantanali marosim shu sanaga bag‘ishlandi. Unga vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlari jurnalistika fakultetlarining professor-o‘qituvchilari va talabalari taklif etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Olqishlar va yuksak ehtirom bilan kutib olingan tabrikdan so‘ng davlatimiz rahbarining milliy jurnalistika sohasini rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, mamlakat va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida fidoyi ijodiy faoliyat olib borayotgan bir guruh OAV xodimlarini vatanimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan mukofotlash haqidagi Farmoni o‘qib eshittirildi, taqdirlanganlarga mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirdi.
Mamlakatimizda fuqarolarning so‘z erkinligiga doir huquqlarini ro‘yobga chiqarish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini ta’minlash, soha xodimlarining manfaatlarini himoyalash borasida barcha huquqiy asoslar yaratilgan. Shu o‘rinda Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan 2017 yil 3 avgust kuni Toshkent shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishidagi “Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” deb nomlangan ma’ruzasida ilgari surilgan takliflar va g‘oyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berganini qayd etish lozim. Prezidentimizning “O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Madaniyat va san’at tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari milliy mediamuhitda katta voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgani ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda ommaviy axborot vositalari son, sifat va tarkib jihatdan yuksalmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 1700 ga yaqin OAV faoliyat olib bormoqda.
—To‘g‘risini aytganda, kamtarin mehnatim davlatimiz tomonidan shunchalik yuksak mukofotga loyiq topiladi, deb o‘ylamangan edim, — deydi «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist» unvoni bilan taqdirlangan, «Sirdaryo haqiqati» gazetasi bo‘lim mudiri Xolida Pardaboyeva. —Hozirgina olganim ushbu davlat mukofotini faqat o‘zimga emas, birinchi navbatda meni voyaga yetkazgan, tarbiyalagan, o‘qitgan ota-onam, ta’lim bergan aziz ustozlarimning xizmatlari tufayli, deb bilaman. 42 yildan buyon shu gazetada mehnat qilaman. Hamisha izlanishdamiz. Zero, kasbimiz doim oldingi safda bo‘lishni talab qiladi. Bunday kezlarda diling quvonchga limmo-lim to‘lishi, kasb-koring, mehnating qadr va rag‘bat topayotganidan shukronalar keltirishing tabiiy. Shu bois, biz qalam ahliga, jumladan, jurnalistlarga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga chin dildan minnatdorlik bildiraman.
—Men uchun bugun tarixiy kun,—deydi «Mehnat shuhrati» ordeni bilan taqdirlangan, «Mening yurtim» telekanali ijodiy badiy kengashining mas’ul kotibi Zafar Saidov. — Har bir kasbning o‘z zahmati, qiyinchiligi bor. Agarda odam o‘z kasbini sevsa, chin dildan mehnat qilsa, uning qiyinchiligi ham ko‘zga ko‘rinmaydi. Dunyo tadqiqotchilari jurnalistlik sohasini eng qiyin kasblardan biri, sifatida keltiradi. Bunda aslo mubolag‘a yo‘q, deb o‘ylayman. Ta’bir joyiz bo‘lsa, jurnalist bir vaqtning o‘zida ham ham siyosatchi, ham jamoatchilik fikri dengizida, axborot olamida suzuvchi o‘ziga xos g‘avvosdir. Dunyoda ong va tafakkur, dunyoqarash uchun kurash ketayotgan, axborot xurujlari avj olib turgan davrda bu ijodkordan butun olamda kechayotgan jarayonlarga yanada teranroq nigoh bilan qarashni, ularni tahlili va tanqid qila bilishni, katta bilim, salohiyat, ya’niki guruchni ko‘rmakdan ajrata olishni, ogohlik va fidoyilikni talab qiladi. Bugungi o‘zbek jurnalistlarida ana shunday yuksak fazilatlar tobora mustahkamlanib borayotganidan quvonaman. O‘zim ham Prezidentmizning kasb bayramimiz munosabati bilan yo‘llagan tabrigida bildirilgan yuksak ishonchiga munosib bo‘lishga harakat qilishimiz kerak.
Bayram tadbiri san’at ustalari va yosh xonandalarning konserti bilan yakunlandi.
Toshkentdagi G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida ham bayram sayillari bo‘lib o‘tdi.