Yilning eng faol jurnalistlari ma’lum qilindi

2019-08-12T11:50:18+05:0026 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

27 iyun —Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiatsiyasining «Zarafshon» kino-konsert zalidagi Media xolida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Taqdirlash marosimiga mamlakatimiz mediastrukturalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, sohada uzoq yillar faoliyat olib borgan fahriy jurnalistlar, shuningdek, talaba yoshlar taklif etildi.

Tanlovdan ko‘zda tutilgan maqsad – jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, intellektual saviyasini yuksaltirish, ularning mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi faolligini rag‘batlantirish, ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi respublika miqyosidagi tanlov bo‘lib, jurnalistikaning barcha yo‘nalishlarida – televideniye, radio, bosma OAV, internet, fotojurnalistika sohasida tahririyatlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng faol jurnalistlar aniqlandi.

Bu yilgi tanlovda 200 ga yaqin jurnalistlar tomonidan 2000dan ziyod ijodiy ish taqdim etildi. Ular orasidan 10 nafar asosiy mukofot egalari, 15 nafar sovrindorlar aniqlandi.

—Bugun siz bilan qutlug‘ ayyom – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida uchrashib turibmiz,—dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov.—Shu shukuhli onlarda, tabiiyki, sohada amalga oshirilgan ishlarga bir nazar solamiz. Oldimizda turgan vazifalarni bir rejalab, chamalab olamiz. Shu haqda so‘z borarkan, aytish lozimki, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi paytda ommaviy axborot vositalarining faoliyat ko‘lami, inson va jamiyat hayotiga ta’siri nihoyatda kuchayib bormoqda. Bugungi kunda axborot nafaqat odamlarni yangilik va o‘zgarishlar bilan tanishtirish vositasi, balki axborot va kommunikatsiya tarmog‘i amalda ishlab chiqarishning yetakchi yo‘nalishlaridan biriga, moddiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning rivoji va o‘sishiga xal qiluvchi asos va turtki beradigan, tez rivojlanayotgan eng zamonaviy sohaga aylanib bormoqda. Bugungi kunda chin ma’noda jurnalist qadam qo‘ymagan, ommaviy axborot vositalari dahldor bo‘lmagan biron soha yo‘q.

Tanlov g‘olib va sovrindorlariga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish, uning doirasida “Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovini tashkillashtirish bilan bog‘liq barcha sarf-xarajatlar O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari hisobiga moliyalashtirildi.