“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivali sayti ishga tushdi

2019-08-12T11:50:19+05:0022 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Vazirlar Mahkamasining qarori asosida “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivali Marg‘ilon shahrida o‘tkaziladi. Shu kunlarda bu bayramga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.

Marg‘ilon ustalari dovrug‘i dunyoga ma’lum bo‘lsa, ustoz san’atkorlari ham sohir iste’dodi bilan mashhurdir. Tamaraxonim, Mukarrama Turg‘unboyeva, Ma’murjon Uzoqov, Jo‘raxon Sultonov, Yulduz Usmonova ana shu safda. Bu san’atkorlarning muxlislari Yevropa va Osiyo qit’asida ham ko‘plab topiladi.

“Buyuk ipak yo‘li” xalqaro folklor musiqa festivalining Marg‘ilonda o‘tkazilishini usta san’atkorlar ijodiga ehtirom namunasi, deyish mumkin. Bugungacha dunyoning 30 ga yaqin davlati ijodiy jamoalari mazkur festivalda ishtirok etish niyatini bildirgani esa tadbirning nufuzi yuksakligidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi bilan festival matbuot markazi tashkil etildi, greatsilkroadfestival.uz sayti ishga tushirildi. Bu saytda o‘zbek, rus, ingliz, arab tillarida festival mazmun-mohiyati, ishtirokchilar, dasturlar haqida ma’lumot berib boriladi, tadbirga doir yangiliklar muntazam yoritiladi. Shuningdek, saytga bayram taassurotlari aks etgan videolavhalar ham joylashtirib boriladi.

 

Muhammadjon OBIDOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi.