Yurtboshimiz besh tashabbusi – ma’naviyatimiz yuzi va ko‘zi

2019-08-12T11:50:21+05:0021 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

OTChOPARDAGI MAROQLI UChRAShUVLAR

Otchopar mahallasi Andijon tumanining chekka hududlaridan. Keksalarning ta’riflashicha, o‘tgan asrning boshlarida Hakan qishlog‘i, Buloqboshi va Asaka tumanlaridan kelgan aholi shu yerda dehqonchilik qilib, Otchoparga asos solgan ekan. 1928 yilda hashar yo‘li bilan qatortol arig‘i ochilgan. Mahalla nomining kelib chiqishi esa Otchopar ota ismli mo‘ysafidga borib taqaladi.

Hozirda aholi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Viloyatimizdagi qaysi bir dehqon bozoriga kirmang, Otchopar adirliklarida rang olgan tarvuz xaridorgir. Qayroqi bug‘doy yetishtirish, gulchilikda ham o‘ziga xos maktab yaratilgan.

Kuni kecha Prezidentimizning muhim besh tashabbusi bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi bilan “Tasviriy oina” ijodiy uyushmasi hamkorligida aynan shu hududda esda qolarli tadbir o‘tkazildi.

MAHALLAGA YaRAShGAN BAYRAM

Ikromjon Masaidov traktorchilik orqasidan oila boqadi. Surnayni qoyillatib chalishi bilan to‘y-to‘rkinga fayz kiritadi. U kabi yana besh nafar havaskor jamoa tuzib, bayramda turib berishdi. Chor atrofga taralgan yoqimli sadolar barchani stadionga chorladi.

Tadbir bolajonlar ijrosidagi «Mening yurtim» deya nomlangan kompozitsiya bilan boshlandi. Qo‘lida bayroqchalar tutgan kichkitoylar baxtli bolalikni kuyladilar. «Andijon polkasi» yangraganda bolajonlar safiga katta yoshdagilar ham qo‘shildi.

Boks, stol tennisi, kurash, arqon tortish va shaxmat-shashka musobaqalarida yuz nafardan ortiq yigit-qiz kuch sinashdi. Kik boksing bo‘yicha respublika va xalqaro turnirlar g‘oliblarining chiqishlari kelgusida katta maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishlariga umid uyg‘otdi.

Musiqa sadolari ostida mahalla yoshlaridan tashkil topgan futbol jamoasi maydonga kirib keldi. Havaskor futbolchilar o‘z mahallasining sharafini himoya qilish uchun qo‘shni Do‘ngqishloq mahallasi bilan bellashdi hamda tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

XALQ RASSOMI OTChOPARDA

Sayilgohga aylangan maydon har qanday ijodkorga ilhom beradi. O‘zbekiston xalq rassomi Obidjon Bakirov o‘tkazgan mahorat darsi yoshlar bilan bir qatorda kattalarning e’tiborini tortdi. Ustoz shu joyning o‘zida Otchopar va otchoparliklar siymolarini qog‘ozga muhrladi. Musavvirga taqlid qilib qalam tutgan Dilshoda Sobirova, Ro‘zimuhammad Mamasodiqov kabi yosh iqtidorlar bedapoya chetidagi ustoz sabog‘ini bir umr yodda saqlashlari tayin.

Asosiy mavzu ona Vatan, go‘zal tabiat va baxtli oila bo‘ldi.

– Bugungi tadbir chinakam ma’naviyat bayramiga aylandi, – deydi Obidjon Bakirov. – Bundayin go‘zal yurt kishiga faqat ilhom beradi. Yoshlarning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash kerak. Shahar markazlaridagidan sira qolishmaydigan ijodiy muhit yaratilgan. Oila, mahalla va maktab hamkorligining natijasi bu. Mening ijodimda otchoparliklar yangi mavzu bo‘ldi.

 

RIMNI ALIShMASMAN BEDAPOYaNGGA

Muщammad Yusuf qalamiga mansub yuqoridagi misra tadbirning to‘rtinchi yo‘nalishdagi kitobxonlik, she’riyat qismining o‘zagini tashkil qildi. 11-maktabda tashkil etilgan adabiyot to‘garagi a’zolarining ifodali o‘qishi mushoiraga aylanib ketdi. Yosh ijodkorlar Mehriniso Yo‘ldosheva va Barno Odilovalarning she’riy mashqlari sodda va xalqona tilda. Vatanparvarlik ularning bosh mavzusi. Murg‘ak qalblardagi o‘z mahallasiga bo‘lgan muhabbatining ifodasi bu.

Taniqli shoir Saydullo Ortiqov Otchopar Zahiriddin Muhammad Bobur qadami yetgan muqaddas joy ekanligini e’tirof etib, o‘zining yangi she’rlarini o‘qib berdi.

– Otchoparliklarning ajdodlari Ikkinchi jahon urushi davrida front ortida ko‘rsatgan jasoratlari haqida ko‘p eshitganmiz. Bugun esa ularning avlodlari mustaqilligimizni mustahkamlash, farzandlarini shu Vatanga sadoqatli qilib tarbiyalashga astoydil intilayotganliklarini ko‘rib quvondik, – dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi raisi Nazirjon Saidov. – Otchoparlik yoshlarning bugungi mehnati va turmushi, ijodi va ilm-fanga intilishi, san’atu sportga mehr-muhabbati ana shundan dalolat berib turibdi. Mahallaning go‘dagidan tortib nuroniysiga qadar Yurtboshimiz boshlagan ulug‘ niyatlarga hamohang ekanligi dillarni yayratishi shubhasiz.

GULLAR MALIKALARI

Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash beshta tashabbusda ko‘rsatilgan asosiy vazifalardan biri. Mahalla faollari bu masalaga alohida e’tibor qaratmoqdalar.

– 2 ming 925 nafar aholining 1 ming 500 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi, – deydi MFY raisi U. O‘rinboyev. – «Gullar malikalari» nomini olgan Chinnixon Xoshimova va Munojatxon To‘xtasinovalar mahallada «Ustoz-shogird» maktabini yaratishgan. Uy bekalari yetishtirgan gullar qishin-yozin barchaga go‘zallik ulashadi.

Mahallada kasanachilikka alohida e’tibor qaratilib, Andijon davlat universiteti pedagogika fakulteti umumtexnika fanlari va mehnat ta’limi kafedrasi bilan hamkorlikda ish olib borilyapti. Ana shu asosda chevarlik, zardo‘zlik kabi yo‘nalishlar rivojlantirilmoqda.

Oqshomga qadar davom etgan tadbir mahalla ahli uchun haqiqiy ma’naviyat bayrami bo‘ldi. Tadbirda faolik ko‘rsatgan har bir ishtirokchi engg yaxshi sovg‘a – kitob bilan taqdirlandi.

SAIDAXMAD ShUKUROV,

AKBARJON NAZAROV.

Suratlarda: Otchopar mahallasida o‘tkazilgan tadbirdan lavhalar ifodalangan.