“Al-Yamama”: “O‘zbekiston — ipakchilik, kulolchilik va allomalar yurti”

2019-08-12T11:50:22+05:0020 June, 2019|Umumiy yangiliklar|

Saudiya Arabistonining “Al-Yamama” jurnali sahifalarida O‘zbekiston haqida turkum maqolalar chop etildi. Bu bejiz emas. Gap shundaki, shu yilning 25 may — 5 iyun kunlari 11 nafar farg‘onalik jurnalist ushbu mamlakatga ziyorat va ijodiy safar uyushtirdi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi tashabbusi bilan tashkil qilingan ushbu safar davomida dastlab Umra amallari to‘la-to‘kis ado etildi. So‘ngra O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasida Saudiya Arabistonining yirik gazetalari, jurnallari bosh muharrirlari, mashhur telejurnalist va internet saytlari rahbar hamda blogerlari bilan o‘zaro tajriba almashuv, O‘zbekiston imijini xorijiy OAVlarda targ‘ib qilish mavzuida ijodiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Saudiyalik jurnalistlarga O‘zbekistonda turli sohada olib borilayotgan islohotlar, jumladan, matbuotdagi so‘z erkinligi, fikrlar xilmaxilligi borasida, internet saytlari hamda blogerlarga yaratilgan sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shunisi e’tiborliki, biz O‘zbekistondagi islohotlar, Farg‘onadagi yangilanishlar xususida bir necha maqolalar yozib, ularni arab tiliga tarjima qilib, fotosuratlar ilova etgan holda olib kelgan edik. Uchrashuv chog‘ida ularni saudiyalik hamkasblarga taqdim qildik. Ularning aksariyati “Al-Yamama” jurnalida nashr etildi.

“Al-Yamama” arab dunyosidagi eng katta tirajda nashr etilib, eng ko‘p tarqaladigan jurnaldir. Binobarin, u 1963 yilda Saudiya Arabistonida birinchi tashkil etilgan, hozirgi kunda mamlakat ichkarisida va xorijda 60 ta filiali, 1500 nafar ijodiy jamoasi bo‘lgan Podshohlikning eng yirik axborot-matbuot majmuasi hisoblanadi. “Al-Yamama” arab tilidan o‘girilganda, xabar eltuvchi kabutar ma’nosini anglatadi.

“Al-Yamama” matbuot muassasasi tarkibida arab tilidagi“Ar-Riyod” kundalik gazetasi, “Al-Yamama” haftalik jurnali, ingliz tilida “Riyadh Daily” kundalik gazetasi, “Dot” gazetasi (ingliz, urdu tillarida) hamda “Ar-Riyod” nashriyoti bor. Shuningdek, “Al-Yamama” muassasasida ma’lumotlar va tadqiqotlar markazi mavjud.
u jurnal orqali arab o‘quvchisi Saudiya Arabistoni xalqining bugungi muammolari, uni qiziqtirgan masalalar, dunyo mamlakatlari, ularning xalqlari hayoti bilan tanishib boradi.

Nashrning har bir soni 45 — 50 ming nusxada chop etiladi.

“Al-Yamama” jurnalining 2019 yil 13 iyun kungi 2562-soni muqovasida “O‘zbekiston — ipakchilik, kulolchilik va allomalar yurti” sarlavhasi o‘rin olgan bo‘lib, u jurnalning bosh mavzusi sifatida urg‘ulangan.
Jurnal “Farg‘ona — Markaziy Osiyo gavhari” maqolasi bilan boshlanadi. Shuningdek, unda “Burhoniddin Marg‘inoniy — tiriklayin dafn etilgan olim”, “Marg‘ilon — ipakchilik poytaxti” va “Rishton — kulolchilik san’ati” sarlavhali maqolalar Ar-Riyoddagi Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazining akademik direktori, Podshoh Saud universiteti assotsiat-professori, hamyurtimiz Murtazo Saydumarov tarjimasida nashr etilgan.

“Al-Yamama” jurnali tahririyati rahbari (bosh muharriri) Abdullo Hamad as-Sayxan bundan keyin ham bu nashr O‘zbekistondagi islohotlar, uning muqaddas ziyo¬ratgohlari, buyuk allomalari, go‘zal sayohat maskanlari haqida maqolalar berib borishga tayyorligini bildirdi.
Darvoqe, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘lgan kunlari mamlakatdagi gazeta, televideniye va internet saytlarining mashhur jarnalistlaridan to‘rt nafarini O‘zbekistonga taklif etdi. Farg‘onaga keladigan saudiyalik jurnalistlar safida “Al-Yamama” axborot markazining bosh muharriri va jurnalistlari ham bo‘lishi kutilmoqda.

 

Muhammadjon OBIDOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi
Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi.

Manba: xs.uz