“Йилнинг энг фаол журналисти – 2021” танловига

Sog‘ayganlarni emas, joni hiqildog‘ida hilpirab turganlarni ko‘rsatish kerak – Otabekov

Intervyu 21 iyul 2020 12:06 16513

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi so‘nggi haftalarda avj olgani sababli shifoxonalarda joy yetmay, bemorlarning uyda qolib ketish holatlari ko‘paydi. Tez tibbiy yordam xizmatlariga yuklama ko‘payib, fuqarolarning noroziligi ortib ketdi.

Muammolarni hal qilish uchun choralar belgilandi, ammo yillar davomida va koronavirus xavfi paydo bo‘lganidan keyingi 6 oyda ham qilinmagan ishlarni birdaniga do‘ndirib bo‘lmaydi. Bu sir emas.

Test topshirish, shifoxonaga yotishdagi qiyinchiliklar, koronavirus statistikasini “jozibali” qilib ko‘rsatishga bo‘layotgan urinish holatlari va aholidan tushayotgan savollarga javob olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bilan suhbatlashdik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: ― O‘zbekistonda koronavirus aniqlangandan buyon odamlar, xalq orasidasiz, lekin sizda koronavirus aniqlanmadi. Buning asosiy siri nimada?

Nurmat Otabekov, Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i: ― Albatta, xalq orasida yuribmiz. Men karantin boshlangandan buyon faqat uyga borganimdagina doka niqobni yechaman. Hatto, avvalo avtomashinamda, ko‘chada, muloqot vaqtida ham niqobda bo‘laman. O‘zimni ehtiyot qilaman. Bemorlar bilan bevosita muloqotda bo‘lmasam ham, men bilan muloqotda bo‘lgan odamlar orasida kasallik aniqlanganini eshitdim. Lekin men o‘z salomatligimga sinchkovman va o‘zim tavsiya qilgan narsalarning barchasiga amal qilaman. Biror bir salbiy odatim yo‘q. Xudo xohlasa shu yoshga yetdim va o‘zimni himoya qo‘rg‘onimga egaman.

F.N.: ― E’tibor bersak vazirlar, yuqori martabali amaldorlar orasida ham koronavirus aniqlanmadi. Holbuki ular karantin boshlanganidan buyon aholi orasida yurishibdi. Yoki “o‘zbekona” himoya qobig‘i yaratilganmi?

N.T.: ― Bilasizmi, biz koronavirus kasalligidan vafot etgan juda katta-katta odamlar haqida eshitdik. Ba’zi holatlarda vazir o‘rinbosarlari, yoki katta amaldorlarni shu virusdan vafot etganini bildik. Meni nazarimda bu holatdagi eng yaxshi himoya qo‘rg‘oni bu – sinchkovlik. O‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslik. Qolaversa, nafaqat o‘zini, balki sohasi vakillari oldida, jamiyat oldida mas’uliyati borligini his qilib yashash bu himoya qo‘rg‘oniga sabab bo‘lyapti.

Yana bir jihat bu kabi odamlar doim hushyor bo‘ladi, mas’uliyatni his qiladi. Aytilgan tavsiyalarga rioya etadi. Qolaversa, biz aniq bilamiz ko‘pincha sog‘lom odamlar, buyuk bir iqtidor egalari o‘zlarini yaxshi parvarish qiladilar. O‘zini o‘tga cho‘qqa urgani bilan himoya qo‘rg‘oniga ega bo‘lgan odamlar, meni nazarimda tabiiy tanlanadi. Biz agarda o‘zimizni himoya qilsak, har qadamimizda xavf borligini his qilsak va unutmasak, mas’uliyatli odamlarda ichki imkoniyatlar ham ishga tushadi. Immun tizimi odamni nafaqat xohishidan, ichki imkoniyatidan balki turmush tarzi majbur qilganlikdan ham sergak va barqaror bo‘ladi. Meni nazarimda bu ruhiy xolat bilan ham bog‘liq bo‘lsa kerak.

F.N.: ― Koronavirus O‘zbekistonga mart o‘rtasida kirdi. Ammo boshqa davlatlarda yanvar oyidan tarqala boshlagandi. Orada uch oy vaqt va O‘zbekiston ham virus bilan 4 oyni o‘tkazdi. Shuncha vaqt davomida Respublika maxsus komissiyasi va SSV nima qildi? Nega muammolar bu darajada ko‘payib ketdi?

N.T.: ― Biz bir narsani aniq bilishimiz kerak, koronavirusni O‘zbekistonga kirib kelganini tasdiqlanishi 15 mart. Lekin meni fikrimcha bu kasallik O‘zbekistonga oldinroq kirib kelgan. U aholi orasida bo‘lgan balki boshqa tashxis bilan og‘rigan, davolangan yoki kasallikni yengilroq o‘tkazgan bo‘lsa, kasallikni boshqaga yuqtirish bilan band bo‘lgan. Aytaylik, biz kasallikka chalinganlarni 15 mart kuni aniqlagan bo‘lsak, 14, 12 mart kuni xorijdan uchib kelgan fuqarolarda kasallik bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Biz ularga karantin tadbirlarini tatbiq qilmadik.

Lekin O‘zbekistonda Maxsus komissiya shakllanib, faoliyat boshlagandan keyin misli ko‘rilmagan ishlar qilindi. Buni tan olish kerak. O‘zbekistonda aholi soniga kasallanish ko‘rsatkichini 40 deb olsak, boshqa davlatlar bilan qiyoslab ko‘rilsa, natija ma’lum bo‘ladi. O‘zbekistonda kasallik qayt etilgani kunlik eng ko‘pi bilan 600 kishiga bordi, Amerika Qo‘shma Shtatlarida bir kundan oltmish besh ming, Braziliyada bir kunda qirq uch ming, Hindistonda sal kam o‘ttiz ming va Rossiya Federatsiyasida sal kam yetti ming bemor qayd etilyapti. Bundan ko‘rinib turipdiki, O‘zbekistonda kasallikni nafaqat kirib kelishi, balki uni oldini olish, vaqtida bemorlarga tashxis qo‘yish, karantin tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha qilingan ishlar samara berdi. Lozim bo‘lgan aholi qatlamini shifoxonaga yotqizib davolash bo‘yicha misli ko‘rilmagan ishlar qilinib katta mablag‘lar yo‘naltirildi.

Butun O‘zbekiston ahli birgalikda ushbu yovga qarshi kurasha oladigan tizim yaratildi. Bizda juda katta fojiali kunlar bo‘lmaydi degan umiddaman. Negaki, biz strategik nuqtai nazardan bu kabi kasalliklar bilan kurasha olishimizni o‘zimizga-o‘zimiz isbotlay oldik. Karantin davrida vaziyat barqarorligiga erishdik. Demak, hali ham kech emas. Agar xalq va davlat birgalikda karantin tadbirlarini davom ettirsak, kasallikni yengish imkoniyatiga egamiz. Biz hozir O‘zbekistonda hukm surayotgan epidemiologik vaziyatda respublikada olib borilgan ishimizni samarasini ko‘rishimiz kerak. Haligacha odamlar doka niqobsiz yurishga qo‘rqmayaptimi, hali-hanuzgacha biz ko‘chaga emin erkin chiqib kelyapmizmi, bu davlatni bu tizimning natijasi. Qachonki, biz ko‘chaga chiqa olmasdan, derazadan ko‘chaga mo‘ralab o‘tiradigan bo‘lsak unda biz davlatni ham sog‘liqni saqlash tizimini ham ishi samarasiz bo‘lgan deyishimiz mumkin bo‘ladi.

F.N.: ― Oxirgi vaqtlarda koronavirusga test topshirish bilan bog‘liq muammolar juda ko‘p. Deylik, bir odam o‘zida alomatlarni sezib, test topshirsa, undagi holsizlik harorat ko‘tarilishi 5-10 kun oralig‘ida o‘tib ketyapti. Shaxsan o‘z yaqinimda kuzatilgan holat 12 kunda test natijasi chiqdi va bu orada u tuzalib bo‘lgan va ish boshlagandi. Lekin unda koronavirus aniqlangani uchun karantinda o‘tirishga majbur bo‘ldi. Buni qanday izohlash mumkin?

N.T.: ― Test topshirish va test natijalarini olish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgani rost. Bunday bo‘lishiga sabab, nafaqat kasallar, balki hech qanday klinik belgilari bo‘lmagan, xavotirga tushib test topshiruvchilar soni keskin oshib ketdi. Dastlabki kunlarda bir kunda uch ming to‘rt ming tahlillar o‘tkazilar edi. Hozir esa bir kunda 22-30 minggacha test o‘tkazilyapti. Bugungi olingan namunalarni bugun tekshirib ulgurmagandan keyin, ertangi olingan namunalar navbat kutib qolyapti. Bu holatga barham berish uchun Respublika maxsus komissiyasi bevosita tegishli topshiriqlar bergan.

Kuni kecha Prezident ham qaytadan yana ta’kidladilar, alohida topshiriqlar berdilar. Hozir yig‘ilib qolgan tahlillar bunga sababchi bo‘lyapti. Bugun topshirilgan namunalarni bir kunda javobini berishga alohida e’tibor berilyapti. Bu bo‘yicha Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligida qo‘shimcha PZR laboratoriya va reogentlar olib kelingan. Kechagi kundan boshlab laboratoriya tahlillarini o‘tkazish imkoniyati faqatgina respublika agentligini o‘zida 2,5 mingtaga ko‘paydi. Bu holat bir ikki kun ichida to‘liq yo‘lga tushadi. Biz hozir xalqimizdan so‘rardikki, kasallikning birorta klinik belgisi bo‘lmasa, kasallikka chalinganlar bilan muloqotda bo‘lmasangiz, hech narsa sizni bezovta qilmayotgan bo‘lsa, laboratoriyaga qo‘shimcha yuklama qo‘ygandan ko‘ra, shu kasallikni klinik belgilari bo‘lgan fuqarolarga tahlil natijalarini vaqtliroq olishga yordam berishsa.

F.N.: ― Koronavirusga topshirilgan tahlil natijalari necha kungacha yaroqli hisoblanadi?

N.T.: ― Biz bir narsani bilishimiz kerak, koronavirusga olingan, ya’ni cho‘pda olingan namuna u suyuqlik bor probirkaga solinadi. Suyuqlikda esa konservant bor, u nafaqat bu virusni tirik saqlab beradi, balki ko‘paytirishga ham imkon beradi. Unda suyuqlik bor davrda suv qurib qoladigan bo‘ls,a imkoniyat chegaralanishi mumkin, negaki virus o‘ladi. Balki qoldiqlari qolishi mumkin. Asosan bugun namuna olingandan keyin, bir necha soat ichida u qo‘yilishi kerak. Sakkiz soat davomida PZR ko‘radi, o‘qiydi, tekshiradi. O‘zi aslida, bugun olingan namunani natijasini ertasiga taqdim qilinadigan imkoniyat bo‘lishi kerak. Namunalar olinib uzoq muddat kutib qolinadigan bo‘sa, uni sifati va olingan natijani sifati ham buzilishi mumkin. Lekin qachonki topshirilgan natija 12 kundan so‘ng aniq bo‘lsa, bu mantiqan to‘g‘ri bo‘lmaydi.

F.N.: ― Bizdagi manbaning xabar berishiga qaraganda kasalxonalardan birining, bitta bo‘limida 50 ta bemor bor va ularning barchasi ikki tomonlama pnevmoniya bilan kasallangan. Shuni alohida aytaman ayni shu 50 kishiga bir dona shifokor qarayapti. Bulardan sizni, vazirlikni xabaringiz bormi? Ularga qo‘shimcha maosh beriladimi ?

N.T.: ― Biz bilamiz Prezidentimiz qarorlari bilan tibbiy yordam ko‘rsatish, laboratoriya tekshiruvlarini o‘tkazish bilan band bo‘lgan shifokorlarga, har 14 kunda yigirma besh million so‘m pul to‘lanyapti. O‘rta va kichik tibbiyot xodimlarining barcha-barchasiga to‘lovlar yo‘lga qo‘yilgan.

F.N.: ― To‘lovlar vaqtida amalga oshirilyaptimi?

N.T.: ― Albatta, aynan men koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullangan shifokorlardan so‘rab, bilganman. Ba’zi xollarda o‘zimizdan qahramon yasab olyapmiz. Negaki biz koronavirus kasalligi tasdiqlanmagan odamlarga yordam qilish barobarida ham o‘zimiz bu kabi mablag‘larni to‘lanishini talab qilyapmiz. Kuni kecha Respublika maxsus komissiya raisi – Bosh vazir alohida yig‘ilish o‘tkazib, tez yordam stansiyalarida o‘tirgan operatorlarga, tez yordam avtomashinasini boshqarayotganlar qolaversa, koronavirus kasalligini davolashga jalb qilingan tibbiyot, o‘rta tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish nuqtai nazaridan alohida topshiriq berdilar.

Bir narsani aniq bilish kerak, shifo o‘rinlari soniga qarab, shifokorlar stavkasi belgilanadi. Bu bo‘yicha O‘zbekistonda o‘rnatilgan tartib bor. Ba’zi holatlarda shifoxona eski tartibda ishlayapti, faqat ularga yotqizilayotgan bemorlar turi o‘zgardi. Eski tartiblar o‘zgartirilmagan bo‘lishi mumkin. Prezident ham, Bosh vazir ham aniq bundan keyin pnevmoniya belgilari bor bemorlarni, koronavirus laboratoriya natijalari aniqlangunga qadar shifoxonaga yotqizish kerakligi to‘g‘risida topshiriq berildi. Biz shunday fikrdamizki, ularni tahlil natijalari yo‘q bo‘lsa ham koronavirus kasalligi sababli pnevmoniyadan aziyat chekyapti. Tabiatning o‘z qonun qoidalari bor. Bir vaqtning o‘zida mikroorganizmga ikkita dushman hujum qilmaydi. Pnevmoniyaning sababchisi bevosita koronavirus bo‘lishi mumkin. Agar qaysidir shifokorga pullar to‘lanmagan bo‘lsa, albatta aniqlik kiritiladi va to‘lanadi. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganda bularni barchasi tahlil qilinadi. Davlat va’da qildimi, demak ustidan chiqadi.

F.N.: ― Bitta bo‘limda ellikta bemor borligi va unga birgina shifokor qarayotganini qanday izohlaysiz?

N.T.: ― Siz aytgan muassasaga mo‘ljallangan shtab birliklari bor, masalan yuqumli kasalliklar shifo o‘rinlarida 30 ta o‘ringa bitta shifokor belgilangan. Lekin hozirgi koronavirus tufayli, bemorlar orasida og‘irlari ko‘pligi tufayli, bu shtat birliklari nechta shifo o‘ringa qancha shifokor stavkasi berilishi masalasi qayta qayta ko‘rilyapti. Agar usiz aytayotgan shifoxona shifokori bemorlarga qarab ulgurmayotgan bo‘lsa, shifoxona ma’muriyati bu masalaga yechim beradi. Bundan boshqa yechim yo‘q, chunki bemorlarning barchasi tibbiy yordam olish niyatida.

F.N.: ― O‘zbekistonda koronavirusga chalingan va undan vafot etgan tibbiyot xodimlari qancha?

N.T.: ― Koronavirus kasalligiga chalingan tibbiyot xodimlari haqida aniq raqamlarni eslay olmasligim mumkin, lekin men bilaman tibbiyot xodimlari koronavirus kasalligiga birinchi ro‘baro‘ keldi. Mendagi raqamlar jiddiy adashtirib qo‘ymasa, koronavirusga chalingan tibbiyot xodimlari soni 300 dan ko‘proq. Ayni shu kasallikdan vafot etgan xodimlar haqida ham eshityapmiz. Ba’zi xollarda ayni shu kasallikdan vafot etgani aytilmasa ham boshqa yondosh kallikdan vafot etib shu vaqtning o‘zida koronavirus kasalligi aniqlangan holatlar bo‘lishi mumkin. Vafot etgan xodimlarga aniqlik kiritishim lozim. Tibbiyot xodimlarini koronavirusdan vafot etgan holati va unga sog‘liqni saqlash vazirligining munosabatini o‘qiganman.

F.N.: ― Kasalxonalarda pnevmoniyadan haftasiga 40 kishi vafot etayotgani aytilyapti. Bu haqiqatda zotiljammi yoki Qozog‘istondagidek hali noma’lum kasallikmi?

Yuqumli kasalliklar tarqalish maydonida, odamzodni bir vaqtning o‘zida ikkita dushmani bo‘lmaydi. Qozog‘istonda pnevmoniya tarqalayotganligi to‘g‘risida yoki noma’lum pnevmoniya odamlarni o‘limiga sabab bo‘layotgani haqidagi axborotlarga men ishonmayman. Bitta odamni ikkita do‘sti dushmanlik qilishi mumkin, lekin mikroorganizmilar bu borada bir-biriga sadoqat qiladi. Biri bor maydonga ikkinchisi burnini tiqmaydi. Ularda antagonizm va sinirgizim degan holat bor. Hozir bizni ro‘paramizda turgan kasallik qo‘zg‘atuvchi bu COVID-19 virusi. Boshqa pnevmoniya haqida gap bo‘lish mumkin emas. COVID-19 virusi ko‘payib ketgan, gripp parogripp vena va reya virus qo‘zg‘atuvchilar ham qisman kamayib unga yo‘l berib turipdi. Qachonki bu virus ortga chekinsa, bu bo‘shliqqa boshqa kasallik qo‘zg‘atuvchi kirib kelishi mumkin. Agar bizda pnevmoniya ko‘payib ketdi desak, buning sababchisi sifatida koronavirusni ko‘rishimiz kerak.

F.N.: ― Lekin tahlil davomida aniqlanmasachi?

Albatta, testlarni ham o‘ziga yarasha sezgirlik darajasi bor. Bilasizmi, qachon biz kasallik bo‘la turib manfiy natija olamiz, ya’ni kasallik borligini tasdiqlay olmaymiz. Birinchidan, kasallik endi boshlangan davrda, hali virus miqdor jihatidan ko‘p bo‘lib, virus yuklamasi o‘ta past bo‘lgan vaqtida tahlil olinsa, reogentlar virusni ilg‘ab ololmagan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi sabab kasallik o‘tib ketib virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga kelgan va shu darajada yuqorilagan bo‘lsa reogentlar chalg‘ishi mumkin. Yana bir sabab ishlatayotgan test sistemalarimiz sifat nuqtai nazaridan pand berishi mumkin. Hozir O‘zbekistonda to‘rt xil test sistemasi ishlatilyapti, har namuna olish texnikasiga amal qilmaslik, olingan namunani tashish texnikasiga amal qilmaslik, namunani olgan vaqtda joylashtiradigan konservantni sifatini buzib qo‘yish holatlarda shunday laboratoriya natijasiga ta’sir qilish holatlari mavjud.

F.N.: ― Bir narsani aytib o‘tish kerak, avval ham bizda ikki tomonlama pnevmoniyadan kasallangan bemorlar bo‘lgan. Lekin o‘lim holati kam bo‘lgan. Ayni ikki tomonlama pnevmoniyadan kasallansa, ham ularda qayta-qayta tahlil topshirsa, ham natijada koronavirus yo‘qligini ko‘rsatyapti. Haftalab harorat ko‘tarilib, aziyat chekishsa ham shifoxonalar qabul qilmayapti. Bu vaziyatda kimga murojaat qilish kerak?

Bu bo‘yicha alohida Respublika maxsus komissiyasi ikki kun muqaddam ayni shu masalani muhokama qildi. muhokama mavzusi fuqaroda koronavirus testi bo‘lmasa, shifoxonaga qabul qilinmayotgani bo‘ldi. Alohida topshiriq berildi. Koronavirus natijasi bor yo‘qligidan, laboratoriyada tekshirilgan tekshirilmaganidan qat’iy nazar, tana harorati ko‘tarilib pnevmoniya belgilari ko‘rilsa, barcha shifoxonalarga yotqizilishi bo‘yicha. Buning uchun mavjud shifoxonalar profilini o‘zgartirishi kerak bo‘lsa, nafaqat sog‘liqni saqlash tizimi, balki IIV, Temir yo‘l yoki Mudofaa vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarni ham aynan profilini o‘zgartirib, bu kabi bemorlarni qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha topshiriq bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, bu kabi shaxslarni davolanishi uchun barcha sharoitlar ishga solingan. Hozirning o‘zida respublikani qaysi shifoxonalarni qanday ketma-ketlikda profilini o‘zgartirib provizor shifoxona sifatida, nafaqat provizor shifoxona sifatida, balki kasalligi tasdiqlanmagan shu bilan birga pnevmoniya klinik belgilari mavjud bemorlarni ham davolash uchun sharoitlar qilinadi. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Anvarovich Musayev boshchiligida, laboratoriya tahlillaridan tortib, shifoxonaga yotqizish, qolaversa Call-markazlar, tez yordamni aloqa tizimini mukammallashtirish va uni bir tizimga qo‘yish bo‘yicha alohida shtab tashkil etilgan va kecha-kunduz ishlayapti. Muammolar kam vaqtida unchalik ko‘rinmadi, endi bemorlar va murojaatchilar soni ortgandan so‘ng, qanday muammolar borligi, nimalar e’tibordan chetda qolgani ko‘rindi. Kechagina Prezidentimiz huddi siz berayotgan savollarni alohida e’tirof etdilar. Biz vaziyatni muammoni bilib uni yechimini topishga harakat qilyapmiz

F.N.: ― Bot-bot koronavirus statistikasi yashirilmayotgani aytildi. Ammo IIV xodimlari shu kasallikdan o‘lgani 3 kun o‘tib majburan aytildi. Buni qanday izohlaysiz?

N.T.: ― Bir narsani aytishim kerak, yuqumli kasalliklarni yashirish juda ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bundan hech kim foyda ko‘rmaydi. Xalqimizda maqol bor “kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi”, bu maqol ayni shu vaziyatga as qotadi degan fikrdaman. Yashirishdan naf yo‘q. Hozirgi kunda kasallanganlar soni o‘n to‘rt ming emas, yigirma besh ming deb aytib, yoki o‘lganlar sonini ko‘paytirib aytilgani bilan SSV yoki Respublika komissiyasi faoliyati keskin qoralab yuborilmaydi. Negaki ular barcha imkoniyatlarni ishga solyapti. Barcha imkoniyatlar ishga solingani uchun ham bizda har kuni bir necha minglab kasallanish holatlari yo‘q. Buni yashirishdan manfaat yo‘q. Ba’zi holatlarda bir shaxsni koronavirusdan vafot etganini ommaga aytish uchun ham, uni tasdiqlovchi hujjat bo‘lishi kerak. Balki vafot etgan odam koronavirusga chalingandir, lekin laboratoriya testini topshirmagandir. Pnevmoniyadan vafot etgan. Axborotni taqdim etishdan avval uni chuqur o‘rganish nimaga asoslanganini bilish undan keyin xalqqa yetkazadigan shaklga keltirish kerak. Men sog‘ayganlarni emas, shifoxonada yotib istirob chekib, joni hiqildog‘ida hilpirab turganlarni ko‘proq ko‘rsatish kerak, deb aytaman. Odamlar ularni ko‘rsin ko‘zi ochilsin, ehtiyotini qilsin degan gapni juda ko‘p ta’kidladim. Bilasizmi, biz kasallanganlar sonini ko‘proq qilib ko‘rsatib odamlarni xushyor tortirishga chaqirishimiz mumkin. Lekin bundan hech kim manfaat kutayotgani yo‘q.

F.N.: ― IIV xodimlaridan birida tahlil natijalari bo‘lgan birida esa olamdan o‘tganidan so‘ng natijalar unda virus borligini ko‘rsatgan. Lekin bu haqda SSVni xabari yo‘q biz ma’lumotlarni IIV dan oldik. Va xabar QALAMPIR.UZʼda e’lon qilinganidan so‘ng “SSVdan javob kutamiz”, degan so‘zlarni qo‘shimcha qildik va keyin munosabat bildirildi.

N.T.: ― Men Vazirlar Mahkamasi huzuridagi sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasida ishlayman. Biz SSV tarkibidagi tizim emasmiz, ularda alohida shtab va matbuot xizmati bor. O‘ylaymanki, ular bu savolga aniq javob berishadi. Lekin yashirishdan foyda yo‘q ekanini aniq ayta olaman.

F.N.: ― Ijtimoiy tarmoqlarda COVID aniqlanmagan va muolaja qilinmagan fuqarolardan 30-35 mln so‘mga xizmat ko‘rsatilgani to‘g‘risidagi hujjatni imzolash talab qilingan. Bu holatga munosabatingiz?

N.T.: ― SSV rasman bergan ma’lumotda karantinda bo‘lgan shaxs uchun kun davomida 2,5 million so‘m sarflangan. Bu yerda asosan taom, telefon aloqasi, kanalizatsiya va elektr tizimi uchun hisoblangan. Karantinda turgan odamga Davlat qancha pul sarflaganini aytib tursa qanday qilib u 30-35 millionga qo‘l qo‘yadi mantiqan asosni ko‘rmayapman.

F.N.: ― Lekin bu birmas bir necha o‘nlar fuqarolarning gapi.

N.T.: ― Qani o‘sha odamlar, ma’lumotni qayerdan oldi. Hozir biz axborot maydonida yashayapmiz. Har bir gapimiz turli ko‘rinishda yetib borishi mumkin. Aniq ayta olaman bunday bo‘lishi mumkin emas. Karantindagilar u yerda davolanmaydi. Aynan shu gapirayotgan odamlar muloqot maydoniga chiqishsin. Qayerda saqlangani va qaysi tibbiyot xodimi unga imzo chektirgani haqida aytsin. Agar biz faktlar bilan gaplashadigan bo‘lsak, unday odamlarga albatta javob beriladi. “Har to‘kisda bir ayb”. Hozir ijtimoiy tarmoqlarda sanitariya epidemologiya osoishtaligi viloyat markazlarining ba’zilarga jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi, ularni uyidan hatto pul topilganligi, jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida gaplar taraqlayapti. Bu rost gap, bu isbotlangan. Buni agentlik ham SSV ham tan oldi. Bu haqda axborotlar ketdi. Mana shunday mushkul davrda bu kabi qabixliklarga qo‘l urgan odam, albatta jazolanadi. Qonun ustuvorligi albatta ta’minlanadi. Biz bugun bo‘lmasa, erta bir kun har birimiz nazorat ostiga tushamiz. Ayni shu davrda nima ish qildik, nima samara keltirdik, qancha ziyon-foyda keltirdik barchasi sarhisob bo‘ladi. Kimnidir talab, kimnidir tunab, jazosiz qolish mumkin emas.

F.N.: ― O‘zi shifokorga murojaat qilish yo‘l yo‘rig‘i qanday?

N.T.: ― Koronavirus kasalligiga chalingan odamlarga tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Demak, bemor yoki kasallikni klinik belgisini bilgan shaxs, poliklinikasiga murojaat qilishi kerak. Telefon orqali murojaat qilib agar namuna olish kerak bo‘lsa, tuman sanitariya-epidemologiya osoyishtalik agentligiga murojaat qiladi va ular borib xonadonda namuna olib laboratoriyaga olib borishadi. Laboratoriyalar viloyat darajasida bo‘lgani uchun bu Toshkent shahri viloyatlar markazidagi sanitariya-epidemologiya osoyishtalik markazlari ilmiy tekshirish instituti markazlarida bo‘lishi mumkin. Laboratoriya natijasi chiqsa, bu haqda shoshilinch xabarnoma aynan sanitariya-epidemologiya osoyishtalik markaziga xabar beriladi. Bir vaqtning o‘zida bu xabar IIV va Milliy gvardiyaga aytiladi. Undan keyin tuman tibbiyot birlashmasi, ya’ni poliklinika bemorni uyidan olish va kasalxonaga joylash masalasi bilan shug‘ullanadi. Agar shu tizim bo‘lmasa, 1003 Call-markazi va 103 raqami orqali tez yordamga murojaat qilish mumkin. Aslida odamlarni murojaati bilan poliklinikalar shug‘ullanishi kerak. U yerda mobil guruhlar tashkil etilgan.

F.N.: ― Lekin ular qo‘ng‘iroqqa javob berishmaydi.

N.T.: ― Endi bu masalani ikki kun bo‘ldi bu tartib ishlanganiga va ular shakllantirilyapti. Nazarimda biz bir haftadan so‘ng suhbatlashsak bu savollarga o‘rin qolmaydi. Hozir shu tizimni yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratilgan.

F.N.: ― Vaqt ajratganingiz uchun katta rahmat. Sog‘-salomat bo‘ling.

Feruza Najmiddinova

 

Baholang!

  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • 5

O'rtacha baholar 0 / 5. Baholaganlar soni: 0

OAV nomi va parolini kiriting!