“Йилнинг энг фаол журналисти – 2021” танловига

Narxi qancha “dacha”ni ayting? Gulnora Karimovaning saroyiga xaridor bormi?

Jamiyat 17 aprel 20:05 30051

O‘zbekiston ijtimoiy tarmoqlarida o‘ziga xos “inqilob” yasay olgan Gulnora Karimova bir qator moliyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga tegishli bo‘lgan mablag‘lar hamda O‘zbekiston hududagi ko‘chmas mulklari musodara qilingan edi. Xususan, unga tegishliligi aytib kelingan “Poytaxt” biznes majmuasi, “Sijjak” dam olish oromgohi hamda “Ichan qal’a” mehmonxonasi ayni damda sotuvga qo‘yilgan. Shu munosabat bilan joriy yilning 16 aprel kuni mahalliy va xorijiy OAV, jurnalistlar va blogerlar uchun Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidan ommaviy savdolarga chiqarilgan davlatning 3 ta yirik aktiviga press-tur tashkil qilindi.

Ushbu press-tur davomida yuqoridagi ob’ektlardan biri bo‘lgan “Sijjak” dam olish maskani OAV vakillari tomonidan ko‘zdan kechirildi. Ta’kidlash kerakki, ushbu oromgoh binolarining arxitekturasi ham, joylashish landshafti ham, ichki dizayni ham O‘zbekistondagi boshqa dam olish maskanlari va qimmatbaho saroylardan ajralib turadi. 2007-2008 yillarda qurilib, foydalanishga topshirilgan ushbu “saroy” 2017 yilning 10 fevralida musodara qilinishiga qaramasdan, shu paytgacha hech qanday zarar ko‘rmagan. Ya’ni, na biror devor nuragan, na biror daraxt qulagan.

Oromgohga bo‘lgan press-tur davomida shunga amin bo‘ldikki, ushbu dam olish maskanining umumiy qiymati anchagina qimmatga baholanadi. Sababi, birgina oromgoh hovlisiga ekilgan daraxtlarni oladigan bo‘lsak, ularning deyarli hech biri mahalliy daraxtlar emas. Ya’ni, dam olish maskanida ekilgan manzarali daraxtlarni siz-u bizning hovlimizdan topish qiyin.

“Tyan-Shan marvaridi” deb nomlangan Sijjak kurort zonasi dengiz sathidan 959 metr balandlikda, Pskem daryosi vodiysining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 5,4 ga, bino va inshootlarning maydoni 5016,1 kv metrga teng. Kompleks hududida mehmonxona, bir nechta suzish havzalari, amfiteatr, kottej, suv minorasi va boshqa inshootlar bor.

2017 yilda “Sijjak” dam olish maskaniga sanksiya qo‘yilgan va keyinchalik oromgoh O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga mashg‘ulot bazasi sifatida foydalanishga berish bo‘yicha  Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Oromgoh Otabek Umarov rahbarligidagi Triatlon federatsiyasiga rostan ham berilgan joyidami? Biz bu haqdagi savollarga javob olish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Otabek Ortiqboyev bilan muloqot qildik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Gulnora Karimovaga tegishli “Sijjak” oromgohi Otabek Umarov rahbarligidagi Triatlon federatsiyasiga berilishi haqida Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida aytilgan edi. Dam olish maskani Triatlon federatsiyasiga berildimi?

Otabek Ortiqboyev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Toshkent viloyati hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i: — “Sijjak” oromgohi Sijjak qishlog‘ida joylashgan. Ob’ekt Triatlon federatsiyasiga o‘tganidan keyin deyarli bir yil vaqt davomida foydalanildi. Bugunga kelib zamonaviy ob’ektlarni xususiylashtirish jarayonida, yirik davlat aktivlarini ham xususiylashtirish ishlari olib borilmoqda. “Sijjak” oromgohini ham xususiylashtirish bosqichiga yetib keldik. Yirik davlat aktivlariga xorijiy investorlarni jalb qilish orqali, ob’ektlarni sotishdan tushgan mablag‘lar mahalliy byudjetga yo‘naltiriladi va byudjetda uning hissasi katta bo‘ladi.

F.N.: — Oromgohni ko‘zdan kechira turib, uni qurishda juda katta mablag‘ sarflanganini bilish qiyin emas. Hozirgi kunga qadar “Sijjak” dam olish maskanini sotib olaman, deb taklif bergan investor yoki tadbirkorlar bo‘ldimi?

O.O.: — Obekt joylashuvi, holatiga qarab narx belgilanadi. Kelayotgan investor yoki mahalliy tadbirkorlar ham dam olish maskanini ko‘rib, joylashuvi, hozirgi ta’mir holati, imkoniyatlari, jihozlari, bino inshootlaridan kelib chiqib sarmoya kiritadi.

F.N.: — “Sijjak” oromgohidan faqat dam olish maskani sifatida foydalanilganmi?

O.O.: — Ushbu ob’ekt dam olish maskani sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Belgilangan tartibda dam olish maskani sifatida foydalanilgan. Bugunga kelib esa xususiylashtirish rejalashtirilgan.

F.N.: — Obekt narxi elon qilinganmi?

O.O.: — Baholash tizimi yakunlanganidan so‘ng qiymati kelib chiqadi.

F.N.: — Yuqorida aytganimizdek “Sijjak” oromgohi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. Agar oromgoh sotilsa, undan kelib tushgan mablag‘ uning qarzlariga ham yo‘naltirilishi mumkinmi?

O.O.: — Yo‘q, belgilangan tartibda bu dam olish maskani sotilganidan so‘ng, mablag‘ mahalliy byudjetga kelib tushadi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi, Fond Forum vasiylik kengashi raisi, professor va maishatsevar Gulnora Karimovaning “saltanat”i 2013 yilga kelib quladi. 2005 yildan boshlab o‘zini madaniyat va san’at, sport, ilm-fan, axborot texnologiyalari va yoshlar g‘oyalari rahnamosi sifatida ko‘rsatishni boshlagan Googoosha 2013 yilgacha mamlakatda mislsiz qudrat sohibi bo‘lgani hech kimga sir emas. Qo‘sha-qo‘sha korxonalar, qimmatbaho saroylar, do‘kon, restoran, telekanal va radiolar, gazeta va jurnallar, mehmonxonalaru oromgohlar xonim Karimovaning bir kiprik qoqishiga teng vaqt davomida yo obod, yo barbod bo‘lardi. U o‘z saltanati baxtidan chin ma’noda va yetarlicha sarmast bo‘lib yashadi. Yashagandaki…

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

O‘tgan yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N.Sodikovga 20 yil, O.Sviridovga 17 yil 3 oy, A.Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh.Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G.Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J.Abduraxmanov va B.Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.

Qalampir.uz Tahririyati

 

Baholang!

  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • 5

O'rtacha baholar 0 / 5. Baholaganlar soni: 0

OAV nomi va parolini kiriting!