“Йилнинг энг фаол журналисти – 2021” танловига

“Diniy bilimlarni ham oshirish vaqti keldi”. Polkovnik Umida Abdullayeva bilan ayollar haqida suhbat

Intervyu 20 noyabr 2020 21:21 10262

Ayol tabiatan ojiza qilib yarartilgan. U – ona, u – go‘zallik timsoli. Unga mehr, unga muhabbat kerak. Biroq, ayollar huquqiga, ularning sha’ni, qadr-qimmatiga doim ham yetarlicha e’tibor qaratilmaydi.

Ayollarga nisbatan qilinayotgan jinsiy va jismoniy zo‘ravonliklar bugun asosiy muammolar sirasiga kirib ulgurdi. Ularning psixologik, jinsiy va reproduktiv salomatligini asrash hukumatlar oldidagi muhim vazifalardan biri. Ayolni himoya qilish, uning huquqi, unga ham barcha qatori erkinlik va imkoniyatlar berilayotgani haqida ko‘p aytiladi. Ayol o‘zini yoqib yubordi, o‘ldirdi, tahqirlandi, zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi, degan gaplarga yetarlicha kelyapmiz. Achinarlisi bunday fojialar ayol himoyasi uchun bir necha qonunlar qabul qilingan bir vaqtda yuz beryapti. Shundan kelib chiqib, tabiiy savol tug‘iladi: qonunlar amalda qanchalik ishlayapti?

IIV tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar uchun himoya orderi joriy etildi. Himoya orderi o‘zi nima, u ayolni qanchalik himoya qila oladi?  Aynan shu savollar bilan IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayevaga yuzlandik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: — So‘ngi kunlarda lug‘atimizda himoya orderi so‘zi paydo bo‘ldi. Himoya orderi nima va u kimlarga beriladi?

Umida Abdullayeva, IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i: — Himoya orderi IIV va O‘zbekiston tajribasiga kirib kelganiga 1 yildan oshdi. Dunyo tajribasida esa 1996 yilda paydo bo‘lgan. Hozirgi vaqtda 126 ta davlatda himoya orderi joriy etilgan. 1996 yil BMTning Model qonunchiligida barcha davlatlar himoya orderini joriy etishi taklif etilgan. Bu hujjat avvalo Amerika va Yevropa davlatlarida qo‘llanila boshlagan. Asta-sekin MDH davlatlariga ham kirib keldi.

O‘zbekistonda himoya orderi 2019 yil 2 sentyabr kuni xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda. Himoya orderi bu – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat xisoblanadi. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida 4 turdagi zo‘ravonlik qayd etilgan. Bu jismoniy, jinsiy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonliklar. Shu bilan bir qatorda hozirgi kunda “tazyiq” degan tushuncha ham paydo bo‘ldi. Tazyiq deganda, hatto “shilqimlik”ka duchor bo‘lgan xotin-qizlarga ham himoya orderi berilishi nazarda tutilgan. Nafaqat jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxsga, balki harakatida ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladigan holatlar bo‘lmasa ham himoya orderi berilishi mumkin.

F.N.: — Himoya orderi olgan va orderga ega bo‘lmagan ayolning farqi nimada?

U.A.: — Himoya orderi olgan ayol davlat himoyasiga olingan bo‘ladi. Unga nisbatan tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs, himoya orderi amal qilish muddatida qaytadan tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazsa, 2061-moddasi asosida javobgarlikka tortiladi. 2061-moddasi MJKda 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining 640-sonli (O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida – tahr.) qonuni bilan amal qila boshlagan.

Himoya orderi bir nechta cheklovlarni nazarda tutadigan hujjat hisoblanadi. Himoya orderi A4 formatida razmiylashtiriladigan hujjat bo‘lib, uch qicmdan iborat. Birinchi qismi – taziyq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga, ikkinchisi – zo‘ravonlik qilgan insonga beriladi. Uchinchisi – profilaktika inspektorida qoladi.

Himoya orderida tazyiq va zo‘ravonlikni cheklash bo‘yicha turli cheklovlar nazarda tutilgan. Bu 5 ta cheklovdan iborat:

1)    bevosita tazyiq va zo‘ravonlikni o‘tkazmaslik;
2)    tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs jabrlangan shaxs bilan bevosita aloqa qilmasligi;
3)    tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs, jabrlangan shaxs bilan bir xonada bo‘lmasligi;
4)    tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs jabrlangan shaxsga moddiy-ma’naviy zarar yetkazgan taqdirda unga shu ziyonni qoplashi;
5)    tazyiq yoki zo‘ravonlik o‘tkazgan shaxs qurol olib yurish va saqlash huquqiga ega bo‘lsa, himoya orderi amal qilish muddatida uning ruxsatnomasini to‘xtatib turish.

Yuqorida keltirilgan besh cheklovdan biri qo‘llanilsa va himoya orderi amal qilish davrida ayol kishi yana taziyqqa uchrasa, MJKning 2061-moddasiga, asosan, javobgarlik belgilanadi. Bundan tashqari, ba’zaviy hisoblash kiqdorining bir bavararidan uch baravarigacha jarima belgilanadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq tayinlanadi.

F.N.: — Bir ayol necha marotaba himoya orderi olishi mumkin?

U.A.: — Bu chegaralanmagan. Ayol davlat himoyasiga olindimi? Demak, biz uni havfsizligini ta’minlab berishimiz kerak. Fuqarolarning qonuniy manfaatlari va erkinliklarini biz himoya qilishimiz kerakligi, profilaktika to‘g‘risidagi qonunda yaqqol ko‘rsatilgan. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsga himoya orderi birlamchi 30 kun muddatga berilsa, agar tazyiq va zo‘ravonlik xavfi bartaraf etilmasa, uning muddatini yana 30 kun muddatga uzaytirish mumkin bo‘ladi.

Barchaning xabari bor, Samarqand viloyatida va Mirzo Uliug‘bek tumanida olamshumul voqea ro‘y berdi. Ularga himoya orderi berish bilan birgaklikda jabr o‘tkazgan shaxslar jinoiy javobgarlikka ham tortildi.

F.N.: — Himoya orderi olgan ayol davlat himoyasida bo‘ladi, deb aytib o‘tdingiz. Aslida O‘zbekistoning har bir fuqarosi davlat himoyasida emasmi?

U.A.: —To‘g‘ri aytyapsiz. Lekin bizda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr chekkanlarni himoya qilish aynan xotin-qizlarga qaratilgan bo‘lgani uchun ma’muriy va jinoiy javobgarikka tortilmaydigan holatlarda ham himoya orderi beriladi. Barcha fuqarolar qonun oldida teng.

Bilasizmi, himoya orderi shunchaki hujjat emas, kelajakda huquqbuzarlikning olidini olishga qaratilgan asos hisoblanadi. Asosan, qizlarimiz iffatli, ibo-hayoli. Ular shilqimlikka duch keladigan bo‘lsa uyaladi, o‘zida ham ayb bor deb sanashadi. Agar ularda himoya orderi bo‘lsa, o‘zsha ayolni himoyalash bizni zimmamizda bo‘ladi.

F.N.: — Agar himoya orderini faqat jabr chekkanlarga emas, balki barchaga berilsa, shu kabi tazyiqlarni oldini olgan bo‘lmaymizmi?

U.A.: — Savolingiz yaxshi. Lekin bizga ma’lum bo‘lgan fakt bo‘yicha himoya orderlarini taqdim etamiz. Himoya orderi berilishidan oldin holat o‘rganiladi, tasdig‘ini topadi, undan keyin himoya orderi berialdi.

F.N.: — Zo‘ravonlikka uchrayotgan ayol qayerga murojaat qilishi kerak va uning ma’lumotlari sir saqlanadimi?

U.A.: —Yuqorida aytib o‘tilgan “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasida, shaxsga doir ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlangan, deb ko‘rsatilgan. Shu modda asosida barcha shaxsga doir ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlangan.

F.N.: — Gender tenglik, ayollar huquqi deyapmiz. Umuman, O‘zbekistonda ayollarga berilayotgan huquqlar ularning majburiyati soyasida qolib ketmayaptimi?

U.A.: — “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan birga “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun  qabul qilingan. Men buni juda ham ramziy ma’noda qabul qilaman. Gender tengligi to‘g‘risidagi qonun bu ayollarga ortiqcha imkoniyat berish degani emas, ayollarga qo‘shimcha imkoniyat berish demak. Agar ayol kishi o‘qishni istasa, o‘qiy olishi kerak. Bilimi, imkoniyati, salohiyati kuchli bo‘lsa ham yuqori lavozimga tayinlanmagan ayollar bor, bu tomonlama ularga yordam berish ham mumkin. Bundan tashqari sharqona tarbiyamiz bor. Bu – ayollar sabr qilishidir. Ayrim holatlarda ayollardagi sabr-toqat jabr yetkazib qo‘ymoqda. Ayolning sabridan ko‘p erkaklar foydalanyapti. Ayol sabr qilib, erkakning zug‘umlariga chidagani sari, erkak undan ham battarroq zo‘ravonlik qilyapti. Erkak kishida ayolning sabri sabab zug‘um o‘tkazsam ham chidaydi, degan fikr paydo bo‘ladi.

F.N.: — Bizning ayollar o‘z huqularini bilmaydimi yoki juda sabrlimi?

U.A.: — Ikkalasi ham. Bizda shunday ayollar borki, ularning sabriga tan berasiz. Shu bilan birgalikda o‘z haq-huquqini bilmaydigan ayollar ham bor. Sabrli ayollar haq-huquqini bilmaydi, demayman. Biladi, lekin ayollarga birinchi navbatda oila ustun. Fikrimcha, 90 foizdan ortiq ayollar – oilaparvar. Ular birinchi navbatda oila tinchligini ustun qo‘yadi. Shuning uchun ham erta-indin yaxshi bo‘lar, deb kutadi, sabr qiladi.

F.N.: — Yillar davomida zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan ayollar qancha?

U.A.: — Jinoiy huquqiy statistika to‘g‘risidagi ma’lumotlar prokuraturaga berilgan. Shu sababli aniq raqamlar keltirolmayman.

F.N.: — Ayollarga bo‘layotgan zo‘ravonliklar ko‘rsatkichi yillar davomida o‘syaptimi yoki pasayish holatlari kuzatilmoqdami?

U.A.: — Hamma narsa nisbatan hisoblanadi. Agar real oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda aholi soni o‘sib kelyapti. Jinoyat, huquqbuzarlik – ijtimoiy xodisa, insoniyat bilan birgalikda rivojlanib yoki ko‘payib keladi. Shuning uchun men hozir sizga faqat himoya orderi bo‘yicha aytishim mumkin. 1 oktyabr holatiga ko‘ra, 6183 nafar ayolga himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Bu ro‘yxatdagilarning 90% ga yaqini oila, turmush doirasida jabr ko‘rgan xotin-qizlarimizdir.

F.N.: — Hududlar kesimida-chi?

U.A.: — Toshkent shahar, Toshkent viloyatida. Yana shu narsaga qaytamiz, qayerda aholi soni ko‘p bo‘lsa, shu yerda ximoya orderi olish ham ko‘proq bo‘ladi. Undan keyin xotin-qizlarning dunyoqarashiga ham bog‘liq. Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Farg‘ona viloyati yana Samarqand viloyatidagi ayollar dunyoqarashi boshqacharoq. Aynan shu hududlarda ximoya orderi ko‘proq so‘rashadi.

6183 nafar xotin-qizlarga ximoya orderi berilgan bo‘lsa, 4280 ta holatda eridan xotiniga nisbatan himoya orderi rasmiylashtirilgan. 306 ta holatda qaynonadan kelinga nisbatan, 167 ta holatda esa kelinning qaynonaga zulm o‘tkazishi ortidan himoya orderi rasmiylashtirilgan.

Hozir profilaktika to‘g‘risidagi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilyapti, unda himoya orderi barcha jabrlangan shaxslarga nisbatan berilishi nazarda tutilgan. Bugungi kungacha faqat tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanganlarga himoya orderi berilgan, yuqoridagi qonun tasdiqlanadigan bo‘lsa, barcha jabrlangan, zo‘ravonlikka uchraganlarga himoya orderi rasmiylashtirib berilishi ehtimoli bor.

F.N.: — Hozirda qaysi yoshdagilarga himoya orderi kerak bo‘lyapti?

U.A.: — 6183 nafar xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ulardan 50 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar. Voyaga yetmagan qizlar orasidagi himoya orderini olish sababi oila va turmush doirasida ularga bo‘lgan zo‘ravonlik. Onasi, otasi va aka-opalari tomonidan tazyiqqa uchrashi sababli murojaat qilishgan va ularga himoya orderi rasmiylashtirib berilgan.

18-30 yoshdagi xotin-qizlar esa 1557 yoki 25% ni tashkil etmoqda. Zo‘ravonlikka uchrayotgan ayolarning ko‘p qismi esa 30 yoshdan oshgan ayollar orasida aniqlanmoqda.

“Xotin qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun 2 sentyabrda qabul qilingan bo‘lsa, ushbu qonunga asosan Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori joriy yilning 4 yanvar kuni qabul qilingan. Vazirlar Mahkamasi qarori asosida nizom ishlab chiqilgan. Ushbu nizomga asosan, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish va himoya orderini rasmiylashtirib berish vakolati, profilaktika inspektorlariga berilgan. Yuqorida aytilgan sonlar 8 oy tahlili hisoblanadi.

F.N.: — Faqat erkaklarni ayblashimiz noto‘g‘ri. Zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan ayollar qatorida zo‘ravonlik qilayotgan ayollar ham bor. Zo‘ravonlik qilayotgan ayollar soni qanchani tashkil etadi?

U.A.: — Tanganing ikki tomoni bor. Bir tomondan ayol jabrlangan bo‘lsa, ikkinchi tomondan jabr o‘tkazuvchi ham bo‘lishi mumkin. Jamiyatning 50%ini ayollar tashkil etadi. Agar maktab davrini eslasak, a’lo baholarga o‘qigan, asosan qizlar bo‘ladi. Qizlar juda faol bo‘ladi. Yillar o‘tgandan keyin esa turmushga chiqib, uy yumushlari bilan ovora bo‘lishadi. Agar shu qiz yaxshi tarbiya olgan, yaxshi o‘qigan bo‘lsa, demak u farzandlariga ham yaxshi tarbiya, bilim bera oladi. Yaxshi bilan birga, yomon insonlar ham bor. Men qizlarni yomon demoqchi emasman. Balki, ular yaxshi tarbiya ololmagan, mehr ko‘rmagan bo‘lishlari mumkin. Yo‘ldan adashib, nafaqat huquqbuzarlik, balki jinoyatga ham qo‘l uradiganlari topiladi. Umumiy jinoyatchilikda ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 9% ni tashkil etadi.

F.N.: — Ayollar orasida qaysi jinoyatlar ko‘p uchraydi?

U.A.: — Ko‘proq firbgarlik va o‘g‘rilikka qo‘l urishyapti. Bu kabi jinoyatlar ishsizlik sabab amalga oshirilyapti, deb aytishim mumkin. Lekin achinib aytamanki, harom bilan halolni farqiga borishimiz kerak. O‘g‘rilikmi, firbgarlikmi, birovning mulkiga ko‘z olaytirdimi, demak harom ishga qo‘l urdi. Farzandlariga harom luqma yediradigan bo‘lsa, uning farzandlari qanday bo‘ladi? Qilgan ishi ortidan uning oqibat qanday bo‘lishini o‘ylashi, nafaqat qonun oldida javob berishini o‘ylashi kerak. Bizda nafaqat qonunga itoatkorlik, balki diniy bilimlarni ham oshirish vaqti keldi, deb o‘ylayman. Chunki jinoyat qilganlar oqibatini o‘ylashmayapti.

F.N.: — “So‘ngi vaqtlarda ayollarga nisbatan tazyiqlar ko‘p bo‘lyapti. Bunga sizning fikringiz…” savoli ostida, aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. Yoshi kattalar ayollarni hurmat qilishi kerakligini aytsa, ko‘p miqdorda erkaklar tilidan yeydi, degan javobni aytishdi. Buni tan olish kerak, albatta. Himoya orderi so‘rab murojaat qilgan ayolni oilasi o‘rganilgan vaqtlarda, ayollarning o‘zi sabab bo‘lgan hollari ham kuzatiladimi?

U.A.: — Albatta. Bizda shunday ayollar borki, himoya orderini o‘ziga bayroq qilib ko‘tarib olishadi. Bu bilan, tili bilan erini unga qo‘l ko‘tarishiga majbur qiladi. Ayollardan ham so‘ragan bo‘lardim, qilayotgan hatti-harakatlarini huquqiy tomonini ham o‘ylash kerak. Har qanday vaziyatda ham u himoya orderini nega olganini unutmasligi kerak. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Ayollar huquqiy bilimi, saviyasini oshirishi kerak. Ayollarimizning huquqiy bilimi yuqori bo‘lsa, o‘zi qonun buzmaydi shu bilan birga turmush o‘rtog‘ini ham to‘g‘ri yo‘lga soladi. Ustoz va murabbiylar kunida Prezidentimiz Indira Gandining “Agar bitta qizga tarbiya, ilm-ma’rifat beradigan bo‘lsang, butun oilaga tarbiya berib, ilm-ma’rifatli qilgan bo‘lasan”, degan iborasini bejiz keltirmagandilar. Bizning xotin-qizlarga juda ko‘p narsa bog‘liq. Uylarga xotin-qizlar masalasi bo‘yicha inspektorlar kirishyapti. Sababi zo‘ravonlikdan jabr ko‘radigan ayol bo‘lsa, profilaktika inspektori erkak kishi. Ayollar erkak kishiga ko‘p narsani aytolmaydi. Ayol kishi bilan barcha mavzuda gaplasha oladi va shuning uchun ham ayollar uylarga kirib o‘rganadi. Ayollarni dardlarini bilib, unga ham qonuniy ham huquqiy, psixologik, pedagogik va ijtimoiy yordam berishga harakat qilamiz.

Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, erkak kishi ishga bormaydi, ish topa olmaydi, oilani esa tebratish kerak. Ayrim hollarda mas’uliyatsiz, ayrim vaqtda mas’uliyatli, alamini ayoli yoki bolalaridan oladigan erkaklar bo‘yicha ham murojaat bo‘ladi. Ayol ketib qolgan, erkak esa ikkita bolasi va onasi bilan qoldi. Shunday vaziyatdan keyin u muntazam ravishda spirtli ichimlik ichishga ruju qo‘ygan, onasini hafa qilib, qizlarini urgan vaqti bo‘lgan. Bu haqda bizga ma’lum qilishgan. Erkak kishini spirtli ichimlikdan xoli bo‘lishi uchun davolanishga yo‘naltirdik. Oila haqida esa obdon o‘rganishlar olib boryapmiz. Agar bu oilaga ayolni qaytarsak, juda yaxshi bo‘ladi.

F.N.: — Ayol o‘zini yoqib yuborsa, bolasini yetim qildi deyishadi. Ayol kaltak yeb ko‘chaga chiqsa, tilidan yegan deyishadi. Qachongacha o‘zbek ayoli ko‘kargan ko‘zini berkitib ko‘chaga chiqishi kerak? Zo‘ravonlikka uchragan ayolga himoya orderi berayotganda, bunga turmush o‘rtog‘ining munosabati qanday bo‘lyapti?

U.A.: — Himoya orderini rasmiylashtirish jarayonida oilani o‘rganamiz. Yuqorida aytganimdek, mahalla oqsoqollari, psixologlar bilan kirishga harakat qilamiz. Himoya orderi berib oilani parokanda qilmaymizmi, degan fikr bizda ham bor. Fuqarolarning havfsizligi, shaxsiy daxlsizligi birinchi o‘rinda turadi. Agar biz himoya orderini bermasak va oila saqlanib qolsin desak, bu oilada shu kunnning o‘zida janjal bo‘lsa yoki buning oqibatida oila a’zolari jabr ko‘rsa yoki hayotdan ko‘z yumsa, bizga bunday yo‘l bilan ayollarni saqlash nega kerak?! Qosh qo‘yaman deb ko‘z chiqarish yaramaydi.

Himoya orderi berayotganda, avvalambor, oilaning xavfsizligi va butunligini o‘ylaymiz, shu bilan birgalikda, oila a’zolarining xavfsiligi ham birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Yuqorida aytganimdek, barchasiga kompleks yondashish juda kerak. Biz kiradigan oilada erkak spirtli ichimlik ichgan yoki giyohvand bo‘lsa, ularga tibbiy yordam beriladi. Huquqiy yordamga muhtoj bo‘lsalar ham darhol chora ko‘riladi. Yaqinlarini urgan, ozor berganda, JPKning ma’lum moddalari bilan javobgarlikka tortilishi haqida tushuntiriladi. Aynan shunday vaziyatlarda erkaklar ham o‘ylanib qolishyapti. Uning qilayotgan harakati tegishli moddalar bilan baholanadi, shundan keyin ular o‘zlarini idora qilishni boshlayaptilar. Yana shuni aytishim mumkinki, 6183 nafar xotin-qizlarga himoya orderi bergan bo‘lsak, ulardan 2500 mingtaga yaqin oila yarashtirildi. Shu bilan birga 269 ta oila ajrashdi. Yuqorida aytib o‘tganim kabi holat kuzatildi: Xorazm viloyatida ayol bilan erkak ajrashish uchun ariza bergan, mol-mulk nizolari davom etavergan. Ayol himoya orderi so‘rab murojaat qilgan va unga rasmiylashtirilgan. Erkak kishini MJKning 52-moddasiga asosan, sudga ham olib chiqildi. Lekin er ayolini chaqirib gaplashib olishni taklif etib, uni bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘yyapti. Himoya orderi olib ham o‘zini idora qila olmadi. Hozir u erkak JPKning 97-moddasiga asosan, javobgarlikka tortildi.

F.N.: — Yuqorida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani kabi zo‘ravonlik qilayotgan ayollar ham borligi haqida gaplashdik. Ayol va erkak bir xil jinoyat qilsa, ularga belgilanadigan jazo turlari bir-biridan faqr qiladimi?

U.A.: — Qonun oldida barchamiz tengmiz. Qonun oldida erkak ham, ayol ham teng jazo olishi belgilangan. Shu bilan birga gumanizim prinsiplari bor, ayolning yoshi, voyaga yetmagan farzandlari inobatga olinadi. Yoshini nazarda tutarkanman shuni aytib o‘tish kerakki, 60 yoshdan oshgan ayol va erkaklarga ham yengilliklar beriladi. Ayolni yana ona, uy bekasi, turmush o‘tog‘i deb qabul qilinadi va shular inobatga olinadi.

Feruza Najmiddinova

 

Baholang!

  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • 5

O'rtacha baholar 0 / 5. Baholaganlar soni: 0

OAV nomi va parolini kiriting!