“Йилнинг энг фаол журналисти – 2021” танловига

Ehson pullari sardobaliklarga yetib bordimi?

Intervyu 12 may 19:01 3027

“Sardoba” suv ombori to‘g‘onining yorilishi mustaqil O‘zbekiston tarixidagi eng talafotli ofatlardan biri bo‘lgani shubhasiz. Bu fojiaga ham mana bir yildan oshdi. Ammo toshqin bilan ro‘baro kelganlar hamon o‘sha vaqtdagi dahshatli manzarani unutmagan.

Toshqin vaqtida aholining xavfsiz joyga ko‘chirilishi, toshqindan keyin odamlarni birlamchi mahsulotlar bilan ta’minlash hokimlar, prokuror va ichki ishlar boshliqlari zimmasida bo‘lgan. Ho‘sh, ular toshqin vaqtida aholini evakuatsiya qilish ishlarini qanchalik muvaffaqiyatli tashkillashtirdi?

Sardoba tumani hokimining o‘rinbosari Zafar Musulmonqulov QALAMPIR.UZ’ning Sardoba marafoni jonli efir muloqotida toshqin vaqtida aholini evakuatsiya qilish ishlari qanday olib borilgani haqida so‘zlab berdi.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: – 1 may tongini qanday xotirlaysiz?

Zafar Musulmonqulov, Sardoba tumani hokimi o‘rinbosari: – Bu kun kechagidek yodimda va hech qachon unutilmasa ham kerak. Tong saharda qanday kayfiyatda uyg‘onsangiz, kuningiz shunday o‘tadi deyishadi. 1 may tongidagi kayfiyat butkul boshqacha edi. tongi 4:30-5:00 oralarida Sardoba tuman hokimi Abduazim Murodqosimovich qo‘ng‘iroq qilib Suv ombori yaqinidagi mahallaga yetib kelishimni, suv ombori yorilganini aytdi. To‘g‘risi, juda g‘alati holat edi. Kelgan vaqtimda butun xalq ko‘chaga chiqib olgandi. Kimdir yig‘lagan, kimdir baqirgan yana kimlardir bir-biriga yordam berayotgandi. O‘sha kuni sen-men degan narsa yo‘q edi. hammamiz bir bo‘lib bir-birimizga yordam berdik. Ijtimoiy tarmoqlarga xabar tarqalganidan keyin, boshqa hududda yashayotganlar ham kelib yordam berishdi.

F.N.: – Turli vaziyatlarda hokim va uning o‘rinbosarlarining buyruq berishlariga, qo‘l ostidagilarni ishlatishlariga o‘rganib qolganmiz. 1 may kuni hokim, prokuror va ichki ishlar boshliqlari toshqindan qochayotgan aholi bilan yelkama-yelka kurasha oldimi?

Z.M.: – U vaziyatda hokim, prokuror yoki IIB boshlig‘i degan tushuncha yo‘q edi. Xalq ham ko‘rdi, kim bo‘lishidan qat’iy nazar formalar yechilib, suv kelayotgan tomonga barcha tashkilot rahbarlari borishdi. Kimdir suv ombori urgan tomonga, kimdir boshqa joylarga borib yordam berishi kerak edi. Yarim soat ichida Respublika ishchi guruhi kelib ish boshlagunga qadar ham shu yerda yashaydigan aholi ham ko‘maklashdi. O‘z oilasini qutqarib bo‘lib qo‘ni-qo‘shnisiga yordamga qaytib kelganlar ham bo‘ldi.

F.N.: – Sardoba aholisining deyarli barchasi, chorva va ekin mahsulotlaridan kun ko‘radi. Oldingi yilgi daromadlari suvda oqib ketgan bo‘lsa, bu yil ekilgan ekinlarga suv berilmagan buning sababi nima?

Z.M.: – Birinchi navbatda shukr qilishimiz kerak. Agar men ota sifatida o‘zimdan misol keltirsam, uchta farzandimga bir vaqtda uy olib berolmayman. Prezidentga ming rahmat, qisqa muddatda shuncha xalqni uy-joy bilan ta’minlab berdi. Bu hududdagi ba’zi yerlar klasterga berilgan, ular ham suv ostida qoldi va zarar ko‘rdi. uzog‘i bilan ikki oy davomida barcha muammolar hal bo‘ladi. Gaz, elektr, suv masalalari ham hal etildi, boshqa muammolar ham sekin-sekin barham topadi.

F.N.: – O‘zi gaz, elektr va suv bo‘lganmi? To‘g‘on yorilishidan avval qilishimiz va cho‘zib yurgan ishlarimiz talafot bahonasida bitib ketdimi?

Z.M.: – Men shu tumanda katta bo‘lganman. Biz ertalabdan o‘tin topishga chiqardik. Ota-onam farzandlariga maktabga borishi uchun etik olib berardi. Hozir nafaqat katta ko‘chalar balki ichki ko‘chalar ham obod bo‘lgan. Oqova suvlari uchun katta texnikalar jalb qilingan, uzog‘i ikki oydan so‘ng barcha muammolar hal bo‘ladi.

F.N.: – Suv ombori yorilganidan so‘ng tadbirkorlar, saxiy insonlar tomonidan karvon-karvon oziq-ovqat va kiyim kechaklar keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa oziq-ovqat va kiyim kechaklar o‘z egalariga yetmasdan talon-taroj bo‘lgani haqida aytildi. Sardoba fojiasi uchun davlat tomonidan ajratilgan va ehson pullari hokimlik tomonidan vijdonan taqsimlandimi?

Z.M.: – Savolingiz o‘rinli. Haqiqatdan ham bir kunda 5-10 tagacha murojaatlar tushdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilindi. Aslida, rahbarimiz tashabbusi bilan taqsimlash shtabi tuzildi. Uning nazorati esa prokuraturaga topshirildi. Yetib kelgan ehsonlar bazaga olib kiritilib, tegishli hujjatlar orqali taqsimot qilindi. 8 mingdan oshiq aholi bo‘lsa, ular orasida o‘z xohishi bilan vodiy yoki boshqa hududga ketganlari bor. Sardobada qolganlari esa hamma narsa olishdi, ketganlari esa qaytib kelib men olmadim degan masalalarni ko‘ndalang qo‘ygan holatlar ham bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqish qilganlar, birinchi navbatda kimga murojaat qilishni bilmagan. Ularga ishchi guruh tomonidan barcha kerakli mahsulotlar yetkazib berildi. Mahsulotlar turgan omborga Respublikadagi huquq organlaridan bittadan vakil biriktirilgandi. Ulardan qochishning iloji yo‘q edi.

F.N.: – Bugungi kunda uyi suv tagida qolgan fuqarolarga hamma narsa 100 foiz ta’minlab berildi deb aytolasizmi?

Z.M.: – Ish bor joyda kamchilik bo‘ladi. Ayrim xonadonlarda bir nechta oila yashagan, maishiy texnika uchun sertifikatlar berish jarayonida fuqarolar “biz bir necha oila bo‘lib yashaganmiz”, degan gapni aytib norozi bo‘lish holatlari ham kuzatilgan. Sertifikatlar berilishida nafaqat hokimlik vakillari balki deputatlar ham bosh bo‘lishgan. Har bir oilaning yashagan sharoiti, bir oilada necha kishi istiqomat qilgani o‘rganilgan.

F.N.: – Sardoba fojiasida hokimlikning har bir vakili vijdonan ishladi deb aytolasizmi?

Z.M.: – Bunga bahoni xalq beradi.

F.N.: –  Sardoba fojiasi hokimlik va boshqa rahbarlarga qanday signal bo‘ldi?

Z.M.: – Bunaqa vaziyatlar uchun bir taklif aytgan bo‘lardim. Bolaligimizda “Favqulodda holatlar” darsi bo‘lardi. Dars jarayonida misol tariqasida zilzila bo‘ldi deb, qo‘ng‘iroq chalib, xabar berishardi va hammamiz ikki qator bo‘lib zinadan tushardik. Sardoba fojiasida ham qiynalgan vaziyatlarda yoshi ulug‘larimiz bir tomonni ochib berishdi va ishimiz nisbatan oson bo‘ldi. Shu singari vaziyatga hamma tayyor turishi kerak. Kamchiligimiz, ofatlarga haqiqatdan ham tayyor emasmiz. Yuqorida taklif deb aytdim, maktablarda bolalarga falokatlarga tayyorgarlik bo‘yicha darslar o‘tib, favqulodda mashqlarni o‘tishsa, yaxshi bo‘lardi.

F.N.: – “Maxsus qo‘ng‘iroqcha” deb aytdingiz. Nima uchun Sardoba suv ombori yorilganida “maxsus qo‘ng‘iroq”lar chalinmadi. XXI asrga kelib rivojlangan mamlakatlar qatoriga kirishni istayotgan O‘zbekistonning bir viloyatida “maxsus qo‘ng‘iroq”lar nega yo‘q?

Z.M.: – Har bir maqsadga birdaniga erishib bo‘lmaydi. 5 yil ichida bu qadar o‘zgarishlarni tasavvur ham qilmagan edik. Ogohlantirish qo‘ng‘irog‘ini ham, albatta, o‘rnatamiz.

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov bilan intervyuning to‘liq shaklini yuqoridagi videopleyerda va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Feruza Najmiddinova

 

Baholang!

  • 1
  • 2
  • 3
  • 4
  • 5

O'rtacha baholar 4.3 / 5. Baholaganlar soni: 10

OAV nomi va parolini kiriting!