Yuzinchining yuzi

2019-11-07T05:30:08+00:007 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

Hash-pash deguncha, mana, oradan chorak asr o‘tib, “Tafakkur” jurnalining naqd 100 ta soni chop etilibdi.

Biz ko‘p narsalarni mustaqillik yillarining chegarasi bilangina o‘lchab, ahamiyatini kamaytirib qo‘yganday bo‘lamiz. Marrani kengroq olib aytilsa, “Tafakkur” – faqat keyingi chorak asrda emas, umuman, millat tarixida misli bo‘lmagan bir nashr. Bu uning ijtimoiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishga ixtisoslashganidan kelib chiqqan yutug‘igina emas. O‘z nomiga munosib ravishda u xalqning tafakkurini o‘stirishga xizmat qildi.

Tafakkur hech qachon tor milliy qobiq doirasida rivojlanishi mumkin emas. Shuning uchun bu majalla bashariyat tamaddunini bir butun ko‘radi. Milliy ong va tafakkurga esa ana shu yaxlit tushunchaning ajralmas uzvi sifatida qarab, uni shunday talqin etib kelyapti. Har sonda qadim tarixdan bugungacha bo‘lgan davrlar, mumtozlik bilan zamonaviylik o‘zaro kesishadi ham.

100-son jurnalda shakllangan shu va shu kabi barcha yaxshi an’analarni davom ettirgan ham, shuningdek, qaysi jihatlari bilan alohida ajralib ham turadi.

Ancha yillardan buyon tanaffus qilib kelayotgan “Bosh muharrir minbari” rukni tiklanib, unda “Rost so‘z, raso fikr” deb nomlangan bor-yo‘g‘i 1 sahifadangina iborat fiqrada, jumladan, “madaniy davralarda “tafakkur”bop, “tafakkur”ona, “tafakkur”xonlik, “tafakkur”chilar singari istilohlar paydo bo‘lgani, “eng ko‘p iqtibos olinadigan nashr”ni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazilsa… “Tafakkur” ahli yana bir karra faxrlanishi mumkinligi qayd etiladi.

“Oriflar majlisi” ruknida 24 muallifning jurnalda bosilgan materiallaridan sara, ta’sirchan, kishini o‘ylantiradigan iqtiboslar keltiriladi. Yana turli sahifalarda A.A’zam, R.Qo‘chqor, N.Karimov, Sh.Rizo, X.Davron, S.Sayyid, A.Sher, X.Do‘stmuhammad kabi millat munavvarlarining sevimli nashrlari haqidagi ixcham-ixcham fikrlari ham berib borilgan.

“Yuksalish yuki” (S. Olim) maqolasida shu kunlarda jamiyatimizning bosh shiori yanglig‘ jaranglayotgan “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!” g‘oyasining mohiyati haqida tahliliy mulohaza yuritiladi. “Saylov: siylovmi yoxud sinov?” (M.Qirg‘izboyev)da maqolasida sarlavhadanoq bilinib turganidek, bugunning dolzarb masalasi muhokama mavzusiga aylangan. “Ilohiy tuyg‘ular tutashuvi” (A. Erkayev)da ma’naviyat tizimi transsendental, ya’ni borliqning umumiy, oliy sifatlarini bildiruvchi tushunchalar asosida tahlil qilinsa, “Urf-odatlar: tanganing ikki tomoni” (M.Yo‘ldoshev)da udumlardagi an’anaviylik va zamonaviylik, jamiyat, shaxs va urf-odatlar o‘rtasidagi murakkab munosabatlar yoritiladi. “Moziyga tikilib mug‘anniy yig‘lar…” (O.Toshboyev) maqolasi amerikalik sayyoh Yujin Skaylerning 1876 yili Londonda bosilgan “Turkiston: Rossiya Turkistoni, Qo‘qon, Buxoro va G‘uljaga sayohat qaydlari” kitobining o‘zbekcha nashri bahonasida xonliklar davrining murakkab muammolaridan bahs ochadi. “Haqiqat qiyosda ko‘rinar” (G‘.Zikrillayev)da Qur’oni karimning o‘zbekcha tarjimalaridagi xato va kamchiliklarga tilshunoslik talablari asosida yondashiladi. “Avlod va e’tiqod” (N.Ergash)da turli davrlar o‘zbek qalamkashlarining e’tiqod masalasiga munosabati muhokamaga tortiladi.

“Men Sizif toshiga egaman boshim” (N.Afoq)da Alber Kamyu talqinidagi absurd hodisasining yangi tahlillarini ko‘rsak, “Pardozdagi musaddir” (V.Alimasov)da taniqli rassom B. Jalol ijodidagi mistitsizm ko‘rsatib beriladi, “Qaqnus: attorona, navoiyona…” (M.Hoshimov)da bir timsol misolida “Mantiq ut-tayr” va “Lison ut-tayr” dostonlari qiyosga tortiladi.

Shuningdek, ushbu sondan mashhur ozarboyjon adibi Anarning “Oq qo‘chqor, qora qo‘chqor” qissasidan boblar (Shohsanam tarjimasi), Shuhrat bisotidan hikmatlar, N.Rahmat fiqralari, “Botindagi bo‘ron (Olim Otaxon mutolaa qiladi)” materiali hamda bir necha muallifning talqin va tadqiqotlari e’lon qilingan.

8 bosma taboq hajmdagi bir “kitob”ga shuncha fikr joylanganini, bashariyat tafakkurining u yog‘idan kirib, bu yog‘idan chiqilganini ko‘rib, “Balli!” deging keladi. Ammo uning bor-yo‘g‘i ming dona bosilgani achinarli.

 

Ziyoda G‘AFFOROVA,

“Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi direktori o‘rinbosari.

 Manba: O‘zA