Yursak deymiz, izingizdan ustozlar

2019-11-08T12:23:11+00:008 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

“Sirdaryo haqiqati” gazetasining faollar zalida viloyat matbuoti rivojiga munosib hissa qo‘shgan, salkam 30 yil “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Sa’dulla Boqiev tavalludining 90 yilligi munosabati bilan xotira kechasi o‘tkazildi.

Tadbirda jurnalist bilan birga ishlagan safdoshlari, shogirdlari va yosh jurnalistlar ishtirok etdilar.

— Men tahririyatga 1970 yilda ishga kelganman,— deya xotirlaydi taniqli jurnalist “Shuhrat” medali sohibi Elmurod Mavlonov. —Sa’dulla aka tahririyatdagi barcha jurnalistlarning ustozi edi. Kamtarliklari, samimiyliklari, fidoiyliklari  bilan hammamizning yodimizda yorqin iz qoldirgan. Ular bilan 30 yilga yaqin birga ishlagan bo‘lsam, biror kishiga biron marta ovozlarini ko‘targanini eshitganim yo‘q.

Birgina misol: Sirdaryo va Jizzax viloyatlari ma’muriy birlashgan yillari u kishi viloyat gazetasiga bosh muharrir bo‘lib tayinlangandilar. Ikki tahririyat jurnalistlari orasida dastlab bir-birlariga yovqarashlar, tushunmovchiliklar bo‘lsada, bir yil o‘tar –o‘tmas  jizzaxlik hamkasblar bilan aka – ukalardek qadrdonlashib ketdik. Chunki rahbarimiz o‘zlarining donoliklari , tashkilotchiliklari, samimiyliklari bilan jamoani birlashtira oldi. Men o‘z xotiralarimda u kishining bebaho xislatlari haqida yozganman.

—Sa’dullo Boqiev viloyatimizdagi barcha jurnalistlarning ustozidir,—deydi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining raisi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi , “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi shoira  Hayotxon Ortiqboeva. —Men hayotimda qancha yutuqlarga erishgan bo‘lsam, barchasida ustozimiz Sa’dulla akaning xizmatlari bor. Rahbar sifatida qo‘l ostidagilar bilan bir oiladek bo‘lib ishlashni, mehnatga sidqidildan munosabatni, barchaga  birdek hurmat–izzatni barchamiz ulardan o‘rganganmiz.

Tadbirda Guliston davlat universiteti prorektori, professor Ravshan Mahmudov, “Universitet ovozi “gazetasi bosh muharriri Munavvar Pardaev, “Xalq so‘zi” gazetasining viloyat bo‘yicha muxbiri Ahmadali Shernazarov, shoira Bahor Xolbekova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Xolida Pardaboeva va boshqalar S. Boqievning xayrli ishlari va ezgu fazilatlarini yodga oldilar.

Shuningdek, kechada ustoz haqida yozilgan xotiralarni “Sa’dulla Boqiev shogirdlari xotirasida” nomli kitobga jamlash hamda “Sirdaryo haqiqati” gazetasi tahririyatida ustoz jurnalistlar ijodi va faoliyatiga oid eksponatlar joy olgan muzey tashkil etishga kelishib olindi.

                     Dilorom ISMADIYOROVA.