«Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi yoritilishi

2019-02-15T13:11:09+00:0021 January, 2019|Surxondaryo vil.|

Surxondaryo va Qashqadaryo viloyat jurnalistlari misolida

Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash mamlakatni barqaror va jadal rivojlantirishning eng muhim shartidir.
So‘nggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, joylarda yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlash borasida muammolar talaygina.
Xususan, yoshlar tadbirkorligini kompleks rivojlantirish va yoshlarni tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga faol jalb qilish — yangi ish o‘rinlari yaratishning eng muhim sharti hisoblanadi.
Bunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 27 iyundagi «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni bu tadbirkorlikka faol jalb qilish uchun va bandlikni ta’minlashda yangi davrni boshlab berdi. Shuningdek, ushbu hujjat yoshlar bandligini ta’minlashga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Termiz shahrida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi hamda Surxondaryo viloyat hokimligi bilan hamkorlikda «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi ijrosi: yutuqlar, muammolar va vazifalar» mavzuida Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari OAV vakillari ishtirokida o‘tkazilgan mintaqaviy konferensiyada ana shular haqida so‘z yuritildi.
Mintaqaviy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni mazmun-mohiyati, Davlat dasturining ahamiyati, unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish ustidan jamoatchilik va OAV nazoratini olib borish, shuningdek matbuot, telekanallar, radio hamda veb-saytlarda ushbu dastur ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ijodiy izlanishlar tahlil etildi, materiallar mazmundorligi va ta’sirchanligini oshirish, media-makonda yoshlarning o‘zlariga keng o‘rin berish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

—Muxtaram Prezidentimiz yangi yilni yaxshi niyatlar bilan “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qildi, —dedi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov. — Zero, faol investitsiyalar taraqqiyot uchun cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi. Ijtimoiy rivojlanish esa xalqimiz turmush darajasi va sifatini keskin oshirishga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida hamda Oliy Majlisga Murojaatnomasida barchamiz uchun yangi marralar, vazifalar strategiyasi belgilab berildi. Ularning zamirida esa bir maqsad – xalqimiz manfaati, oddiy insonlarni hayotdan, taqdiridan rozi qilish o‘z aksini topgan. Biz istiqbol, ertangi kunimiz haqida o‘ylarkanmiz, ko‘z oldimizda, birinchi navbatda, farzandlarimiz, umid yulduzlarimiz bo‘lgan yoshlar turadi. Hammamizga ayonki, mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ma’ruzada ham, ham Murojaatnomada Prezidentimiz yoshlarning jamiyatimizdagi o‘rni, kelajagi, ularning oldida turgan vazifalar xususida alohida to‘xtalib o‘tdi. “Har bir oila—tadbirkor” hamda “Yoshlar-kelajagimiz” dasturlari doirasida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizning tadbirkorlik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun katta imtiyozlar berildi. Biz yoshlarimizda tadbirkorlik tashabbusini rivojlantira olsak, ularga mablag‘lardan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatsak, nafaqat iqtisodiy, balki ko‘plab ijtimoiy muammolarni ham hal etgan bo‘lamiz”, deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Mana shunday ezgu niyatlar va ishlarni keng jamoatchilik ongiga yetkazish, bu borada joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etishda ko‘makdosh bo‘lish – birinchi navbatda, biz jurnalistlarning vazifamizdir. Biz, OAV xodimlarining oldimizda turgan eng muhim vazifa – ana shu jarayonlarni xalqimizga tezkor, ta’sirchan, xolis va haqqoniy yetkazishdan iborat. To‘g‘ri, bugungi kunda OAVda ushbu mavzuda qator maqolalar, teleko‘rsatuvlar va radio eshittirishlar berib borilmoqda. Biroq, ularning aksariyati xabar yoki informatsiya janri doirasida. Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan sa’yi-harakatlarni, ularning bunyodkorlik jarayonlaridagi ishtirokini yoritishda yanada faol bo‘lishimiz, qamrovni yanada kengroq olishimiz darkor.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 7 ta teleradiokanal, 30 dan ortiq gazeta, Qashqadaryo viloyatida ham 7 teleradiokanal va 28 ta gazeta faoliyat yuritmoqda. Bu viloyatlardagi ommaviy axborot vositalari ushbu mavzuni yoritishda qanday o‘rin tutmoqda? Voha tahririyatlarida faoliyat olib borayotgan jurnalistlar qanchalik faollik ko‘rsatmoqdalar? Bugungi mintaqaviy seminar aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Uning mazkur viloyatlar ommaviy axborot vositalarida qanday yoritilayotgani haqida ba’zi mulohazalar va tahliliy xulosalar aytildi.
«Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash istiqbollari yuzasidan ijobiy jarayonlarning guvohi bo‘lamiz. Jumladan, “Surxon tongi” gazetasida dastur ijrosini keng yoritib borish maqsadida «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi amalda” ruknida bir qator maqolalar chop etilgan. “Qashqadaryo” gazetasining 20 sentyabr sonidagi «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturining bir qishloqdagi in’ikosi” sarlavhali maqolasi ham mazkur viloyatda yoshlar bandligini va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgani xususida so‘z yuritilgan. Bunday ijobiy misollarni viloyat OAVlaridan ko‘plab topish mumkin. Biroq tuman hokimliklari muassisligida chop etilayotgan gazetalarda ushbu mavzuga bag‘ishlangan maqolalar juda kam. Borlari ham xabar yoki axborot darajasida.

Shuningdek, dasturda belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosini ta’minlashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha tanqidiy-tahliliy materiallarga alohida e’tibor qaratish lozim. Albatta, buguni yoshlar katta maqsadlar bilan yashamoqdalar. Biroq ularni amalga oshirishda turli byurokratik to‘siqlar uchrayotgani ham haqiqat. Islohotlar jarayoniga g‘ov bo‘layotgan ana shunday omillarni ochib berish jurnalistdan katta mahorat talab qiladi. Davlat dasturining ijrosini kengroq targ‘ib etish, uning har bitta bandi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni muntazam ravishda, doimiy ruknlar ostida yoritib borish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjud.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi, deputat Erkin Xolbo‘tayev, “Amaldagi qonun hujjatlariga axborot sohasini yanada demokratlashtirish va rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida” ma’ruza qildi. — Ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi rolini oshirish, jurnalistik faoliyatni himoya kilish masalalari Harakatlar strategiyasining davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish jarayonidagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan, – deydi u. —Ayni paytda OAV bo‘yicha o‘ndan ziyod qonunlar qabul qilingan. Mazkur huquqiy hujjatlar ommaviy axborot vositalari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini belgilab beradi hamda ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning himoyasi va jamoat nazoratini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etayapti. Sohani davlat tomonidan moliyaviy yordam berish, turli iqtisodiy pereferensiyalar taqdim qilish bo‘yicha ham bizga turli takliflar kelib tushayapti. OAVlarga oid qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha jurnalistlarda tavsiyalar bo‘lsa ularni eshitishga tayyormiz. Qo‘mitamizning maqsadi mamlakatimizda jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi huquqiy me’yorlarni yanada liberallashtirish qaratilgan.
—Ushbu dastur bevosita yurtboshimiz rahnamoligi va nazorati ostida izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda, – dedi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Ro‘zimurod Choriyev.—Jumladan, Surxondaryo viloyati misolida oladigan bo‘lsak, “Yoshlar—kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi doirasida izlanuvchan va tashabbuskor yigit-qizlarning 500 dan ortiq loyihasiga 57 milliard 390 million so‘m imtiyozli kredit ajratilib, 4 ming 269 yangi ish o‘rni yaratildi. Jumladan, Termiz tumanida yoshlarning 43ta loyihasi mazkur jamg‘arma tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, 200 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladigan bo‘ldi. Tikuvchilik, mebel, qurilish materiallari ishlab chiqarish, chorva yemi tayyorlash, turli xizmatlar ko‘rsatish, issiqxonalar barpo etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, baliqchilikni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda yangi tashabbuslar bo‘y ko‘rsatdi. Shuningdek, viloyat markazida kovorking markazi qurilishi davom etmoqda. Yaqin orada bu majmua ham yoshlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladigan maskanga aylanadi. Viloyatimizda yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish orqali bandligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, avval xorijda ishga jo‘nab ketgan yoshlarning katta qismi qaytib kelib, o‘zimizda ishlayapti. Topayotgan daromadi ham kam emas. Biz yaqin vaqt mobaynida barcha yoshlarni ish bilan ta’minlashga erishishimiz kerak. Barcha sa’yi-harakatimiz shunga qaratilgan. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan gazeta, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlarda qilinayotgan ishlarni yoritish masalasida ko‘p ishlar qilinayapti. O‘ylamaynki, jurnalistlarimizda dastur ijrosi borasida hududimizda amalga oshirilayotgan amaliy ishlarni yanada kengroq tahlil etish, mazmun-mohiyatini ochib berishda tajriba va salohiyat yetarli. Viloyat hokimligi yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni faol yoritayotgan jurnalistlarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.

— Ajratilgan mablag‘lardan hozirgacha yosh tadbirkorlarimiz 33 milliard 486 million so‘mini o‘zlashtirdi, — deydi “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasi Surxondaryo viloyati bo‘limi direktori O.Saparov. —Misol uchun “Yoshlar mehnat guzari” va “Kovorking markazi” qurilishi uchun 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Viloyatning Angor tumanida ikkita, Jarqo‘rg‘on va Qiziriq tumanlarining har birida bittadan “Yoshlar mehnat guzari” barpo etilib, 40 ga yaqin yoshlarning bandligi ta’minlandi. Joriy yilda esa tashabbuskor yoshlarning 874 loyihasi uchun 167 milliard 172 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratishni mo‘ljallayapmiz. Bu mablag‘ evaziga vohada yoshlar uchun yana 6 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
Tadbir doirasida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatidan bittadan gazeta tahririyatlariga, jumladan, Muzrabod tumani hokimligi muassisligidagi «Muzrabod» hamda «Yakkabog‘ ovozi» gazetasi tahririyatiga Uyushma va Respublika tovar-xomashyo birjasi o‘rtasida tuzilgan «Do‘stlar klubi»ning zamonaviy kompyuter jamlanmasi, faol jurnalistlarga esa, Uyushmaning Faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari topshirildi.
— Uyushmaning tahririyatimiz moddiy texnik bazasini mustahkamlash borasida tahririyatimizga kompter jamlanmasi taqdim etilganidan xursandmiz. «Do‘stlar klubiga» minnatdorlik bildiraman,—deydi «Yakkabog‘ ovozi» gazetasi bosh muharriri Bozor Azizov.— Moddiy-texnik ahvolimizning yaxshi emasligi chop etilayotgan gazetamizga ham ta’sir etardi. Gazeta dizaynini o‘zgartirish uchun mavjud kompyuterlarimizning imkoniyati ham yetarli emas edi. Tahririyat ish faoliyatini yanada takomillashtirish uchun zamonaviy kompyuter va printerga muhtoj edik. Bu o‘z navbatida ishimiz ko‘lamini yanada ko‘tarishga, tuman mushtariylariga sifatli gazeta yetkazib berilishiga xizmat qiladi. Gazetamizda tajribali va o‘z ishining usta jurnalistlari jam bo‘lgan. Ular yurtimizda, xususan tumanimizda bo‘layotgan islohotlarni tezkorlik bilan yoritib, gazetxonlarga yetkazib berayapti.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha ishtirokchilar qo‘yidagi taklif va tavsiyalar qabul qilindi:
-“Yoshlar kelajagimiz” Davlat dasturi—amalda” ruknini barcha OAV doimiy ravishda tashkil etish. Har bir tumanda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ul rahbar va mutaxassislardan iborat yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish komissiyalari faoliyati, shuningdek, Prezident farmoniga binoan joylarda qad rostlayotgan “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari, “Yoshlar mehnat guzari” majmualari faoliyatini keng va muntazam yoritib borish;
-Aksariyat materiallar mutasaddilarning yoshlar bilan uchrashuvi bilan bog‘liq xabarlardan iborat bo‘lib qolmoqda. Materiallarda ta’sirchanlik, hodisa va jarayonlarga jurnalistlarimizning daxldorlik hissini kuchaytirish maqsadida voqea joylaridan lavhalar, reportajlar, fotolavhalar tashkil etish;
-Mamlakatimiz bo‘ylab yoshlar o‘rtasida turli ko‘rik-tanlovlar ishtirokchilari va g‘oliblari bo‘lgan yoshlar faoliyatiga oid maqola yoki ocherklar chop etish;
-Yoshlar haqidagi materiallarda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratish: O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi va OAV o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini, yangi ish o‘rinlari yaratish, oilaviy tadbirkorlik borasidagi tajribalar, ibratli oilalar faoliyatini keng yoritish;
-«Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar yoritilgan eng yaxshi maqolalar to‘plamini O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi homiyligida chop etish.
Xulosa qilib aytganda, ushbu Davlat dasturining ijrosini kengroq targ‘ib etish, uning har bitta bandi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni muntazam ravishda, doimiy ruknlar ostida yoritib borish jurnalistlarimiz oldida turgan eng muhim vazifalardan biridir. Jurnalistlar uyushmasi konferensiyada bildirilgan fikrlar va dastur ijrosini ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalarini diqqat bilan kuzatib boradi va doimiy monitoringini yo‘lga qo‘yadi.

Jobir Xo‘jaqulov,
Mastura Hamroyeva,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi 
yetakchi mutaxassislari

Leave A Comment