Virtual olam: musbatdan manfiyga

2019-08-12T12:03:11+00:007 February, 2019|Hafta maqolasi|

Venesueladagi hozirgi holat dunyoni yana ikkiga ajratib yubormoqda. Buni quyidagi diagrammadan ham ko‘rishingiz mumkin:

Ammo asosiy masala bu emas. Venesueladagi voqealarni kuzatayotgan oddiy odamlar bularning barchasi tabiiy ravishda ro‘y berayapti, deb o‘ylayotgan bo‘lsa ne ajab. Biroq mustaqil bir davlatda xalq tomonidan saylangan prezidentga qarshi ochiqcha sabotaj uyushtirilib, parlament rahbari o‘zini prezident vazifasini bajaruvchi, deb e’lon qilishi, buning oqibatida xalq ikkiga bo‘linib, mamlakatda notinchlik ro‘y berayotgani o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmayapti. Mazkur jarayonlar puxta o‘ylangan tadbirlar tufayli kelib chiqmoqdaki, mazkur maqolada ushbu «spektakl»ni tashkillashtirishda qo‘llanilayotgan ayrim usullarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Venesuelada nima bo‘lyapti o‘zi?

2018 yil mamlakat Prezidentligiga o‘tkazilgan saylovlarda amaldagi prezident Nikolas Maduro 67,79 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Rossiya va Xitoy bilan yaqin aloqadaligi uchun u mintaqadagi yirik kuchlar tomonidan xush ko‘rilmas edi. Nega bir kichik mamlakat rahbarining siyosiy pozitsiyasi katta kuchlarni bezovta qiladi, degan savolga esa quyida keltirilayotgan diagrammaga nazar tashlansa, javob oydinlashadi:

Ko‘rib turganingizdek, Venesuela jahon iqtisodiyotini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan eng katta tovar – neft zaxirasi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Tabiiyki, bunday mamlakatning siyosatini belgilovchi shaxs kim bo‘lishi katta davlatlar uchun muhimdir.

Saylov jarayonida Maduroga nisbatan tuhmat uyushtirilgani, uni jamoatchilik nazarida obro‘sizlantirishga urinishgani, hatto, hayotiga qasd qilingani mamlakat ommaviy axborot vositalarida yoritib borilgan. Bularning ortidan biror natijaga erisholmagan kuchlar ushbu saylovda hatto qatnashmagan, ammo o‘zini muxolifat yetakchisi sanagan Xuan Guaydoni xalqaro huquq normalari hamda BMT ustaviga zid bir shaklda hokimiyat tepasiga keltirishga urina boshlashdi.

Albatta, eng asosiysi, Xuan Guaydoni qo‘llab-quvvatlovchilarni topish, ularni sotib olish uchun kattagina mab­lag‘ zarur. O‘zlarini dunyo siyosatining xojasi, deb biladigan kuchlar uchun bu pul miqdorining ahamiyati yo‘q. Chunki dunyodagi eng yirik xalqaro valyutaning banknotalarini bosish huquqi aynan ularning qo‘lida-ku, axir.

Shunga qaramay, butun bir xalqni sotib olish imkonsiz. Venesuelalik­lar qiziqqon bo‘lsa-da, shuursiz emas. Shu sababli ham «buyurtmachilar» katta pul evaziga uch-to‘rt ming kishini o‘z tomonlariga og‘dirib, keyinchalik ular orqali xalqning asosiy qismini o‘z tanlovidan voz kechtirishga erishishni ko‘zlagani aniq. Mana shu nuqtada bir jihatga e’tibor bering – yillardirki, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning feysbukdagi sahifasi verifikatsiyadan o‘tganiga qaramasdan, ushbu jarayonlar boshlanishi bilan feysbuk uning sahifasidan verifikatsiya belgisini olib qo‘ydi. Bu belgi sal o‘tmay, o‘zini Prezident vazifasini bajaruvchi deb e’lon qilgan Xuan Guaydo sahifasida paydo bo‘lib qolganiga nima deysiz?! Qiziq-a? O‘zini faqat tijorat kompaniyasi o‘laroq tanitayotgan va qayta-qayta bizning siyosatga aloqamiz yo‘q, deyayotgan kompaniya nega siyosiy jarayonlarga ta’sir o‘tkazuvchi qadamni qo‘ydi? Aytilmasa ham anglashiladigan haqiqatga kengroq to‘xtalish shartmas menimcha…

Aynan ana shu holat ushbu maqolani yozishimga turtki bo‘ldi. Ya’ni, meni bir savol qiynadi: Xudoning o‘zi asrasinu, davlatimiz boshiga ham shunday sinov tushsa, bunday vaziyatda Feysbuk va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazayotgan o‘zbekistonliklarni qanday birlashtirish mumkin? Xalq va omma fikrini shakllantiruvchi milliy mexanizmlar bormi? Venesueladagi notinchliklarni keltirib chiqargan omillar, yuqorida aytib o‘tganimiz, Feysbuk bilan yuz bergan holat ko‘rsatmoqdaki, tashqi kuchlar o‘z manfaatlari yo‘lida istalgan usuldan foydalanishdan tap tortmaydi.

Bizdagi holat

Bugun deyarli barcha davlat organlari va ularning rahbarlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalariga, ayrimlari esa Telegramda kanallariga ega. Feysbukda hatto Oliy Majlis deputatlaridan tortib, Bosh vazir o‘rinbosarlarining ham sahifalarini uchratish mumkin. Prezident Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining talabi o‘laroq, ochilgan mazkur sahifalar amaldorlarning xalq bilan yaqinlashuvida muhim ahamiyatga ega.

Oddiy aholi rahbarlar bilan ochiqcha muloqot qila olish, o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumot yoki qiynayotgan muammoni yechishda yordam so‘rash, murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart. Qolaversa,  jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda, jamoatchilik fikrini o‘rganishda bu muhim va kerakli instrument. Bugun dunyo miqyosida ijtimoiy munosabatlar va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishida ijtimoiy tarmoqlarning o‘rni oshib bormoqda. Bu haqiqat. Ammo foydalanayotganimiz bu platformalar kimniki? Bu maydon kimniki?

Bir misol keltiraman (asranganni Xudo asraydi): hozir telegramda kanal yuritish urf bo‘lgan. Birgina diniy targ‘ibot sohasini olaylik. Bugun o‘zbek tilida faoliyat yurituvchi mingdan ziyod diniy telegram kanallari mavjud. Shulardan 38 foizi bizning mazhabimiz va diniy qarashlarimizga mos, qisqa qilib ayt­ganda radikal bo‘lmagan kanallar. 44 foizi esa radikal va ekstremistik kanallar. 18 foizi esa kommersiyalashgan, ya’ni diniy ma’lumotlar taqdim etish evaziga auditoriya yig‘ib, shu orqali rek­lama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kanallardir. Ya’niki, o‘zbekcha aytganda, dindan foydalanib pul topuvchi kanallar. Ko‘pchilik mutaxassislar bu kanallarni na foydali va na zararli, deb baholasa-da, shaxsan men ularni zararli kanallar deb hisoblayman.

Biz hozir ijtimoiy tarmoqning bir ko‘rinishi bo‘lgan telegram haqida gapiryapmiz. Xalqaro tahlil institutlari ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan IShID ekstremistik tashkiloti safiga yollanganlarning 81 foizi onlayn, ya’ni Internet orqali bay’at keltirgani ijtimoiy tarmoqlar kuchini jiddiy qabul qilish kerakligini ko‘rsatadi. Mana hozirgi holatimiz: 38 foizga qarshi 62 foiz. Ya’ni radikal guruhlar Telegram kanallari son jihatidan bizdan shundoq ham ustunlikka ega. Endi tasavvur qiling: bir kunda shu 38 foiz ham bloklanib qolsa nima bo‘ladi?

Yana bir misol: deylik feysbuk tarmog‘ida O‘zbekiston Markaziy banki va Valyuta birjasi sahifalarida ayni onda ertadan O‘zbekiston so‘mi ikki barobar qadrsizlanishi kutilayotgani va fuqarolarga o‘z naqd pullarini tezlik bilan yarim kun davomida chet el valyutasiga almashtirish tavsiya etiladi, qabilidagi ma’lumot e’lon qilinsa, nima bo‘ladi? Yuz minglab odamlarning ertalabdan bank oldida to‘planishini, to‘s-to‘polon vujudga kelishini, toki davlat o‘z telekanallari va gazetalari orqali bu xabarning feyk (yolg‘on) ekanini aholiga yetkazguniga qadar nimalar sodir bo‘lishini, bu soxta xabar bo‘lgani aytilgani taqdirda ham, bekorga bu ma’lumot chiqmagan deb bor budini valyutaga almashtirib qo‘yaman, deb ahdidan qaytmaslar harakatlari nimalarga olib keladi? Birja katirovkalari va bank tizimiga bir kunda qancha zarar keltiriladi, bilasizmi? Davlat kamida trillion so‘m zarar ko‘radi. Bunaqasi bo‘lmaydi deguvchilarga esa bir haqiqatni eslatib o‘tmoqchiman: istalgan elektron tizim uning egalari qanday xohlasa, o‘shanday ishlaydi.

Nikolas Maduroning feysbukdagi sahifasi bilan bog‘liq yuqoridagi holat buning kichik isbotlaridan biri, xolos. Yana bir dahshatli misol: biz bugun internetni yer orqali boshqa mamlakatdan olib kelamiz. O‘zbekistondagi to‘lov tizimlarining barchasi internet bilan bog‘liq bo‘lgani holda, uchinchi mamlakat internetni bir kunga o‘chirib qo‘ysa, nima bo‘ladi, tasavvur qilolamizmi?

Muloqot.uz, Davra.uz kabi milliy loyihalar nega rivojlanmay qolib ketganligining ob’ektiv va sub’ektiv sabablari ko‘p. Lekin, ko‘rinib turgan haqiqat shuki, bugun milliy elektron tizimlar, maydonlar, eng asosiysi, bosh­qa davlat chegarasidan kirib kelmagan Internet tizimi kerak.

Afsuski, bugun zo‘r foydalanyapmiz deya o‘zimizni ovutayotganimiz feysbuk tarmog‘idagi holatimiz ancha achinarli. Birgina misol keltiraman: feysbukda — «Xalq bilan muloqot» degan guruh bor. Bu guruhga nazar tashlasangiz aksariyat hollarda verifikatsiyadan o‘tmagan soxta profillar orqali shaxslarni obro‘sizlantirish yoki siyosiy islohotlarga nisbatan ishonchsizlik uyg‘otishga yo‘naltirilgan postlar qo‘yilgan holatlari uchrab turadi. Albatta, erkin fikr bildirish huquqi qonunda belgilangan va ta’minlangan. Bu guruh ham xuddi shuning uchun tashkil etilgan. Ammo bu soxta profillar, trollar uchun maydon degani emas-ku?!

Prezident Mirziyoyev mamlakatda shuncha ijtimoiy muammolar turgan vaqtda nega fazoda o‘z sun’iy yo‘ldoshimiz bo‘lishi kerakligini aytayotganining mohiyatini endi tushunayotgandirsiz — Internet, kiber qaramlikka barham berish uchun; Internetga qaysidir davlat orqali emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish uchun. Ya’niki, o‘zimiz anglab yetmaganimiz, his qilmaganimiz kiber qaramlikka barham berish uchun kerak bu.

Biz kiber qaram emasmiz, deya og‘zimizga urishga, bu haqiqatni tan olmaslikka harakat qiluvchi «ma’naviyat yalovbardorlari»ga esa bir ma’lumot keltirib o‘tamiz: milliy ma’naviy targ‘ibot Telegram kanallarining soni 2018 yil dekabr holatiga taxminan 156 ta, o‘zbek tilidagi pornografik kanallar soni 400 dan ziyod. Xulosa o‘zingizdan.

Said-Abdulaziz Yusupov