Vatanparvarlik mavzusida yozish ham mas’uliyatli, ham zavqli

2019-08-12T12:07:04+00:0010 January, 2019|Umumiy yangiliklar, Yangiliklar|

Afsuski, bu mavzuda maroq bilan o‘qiydigan maqola kam. Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi harbiy-vatanparvarlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, osoyishta hayotimizni asrash borasida davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan siyosatni xalqimizga to‘laqonli yetkazib bermayotgandekmiz. Birgina sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar borasida ko‘plab tahliliy maqolalar tayyorlash mumkin. Mavzu yuzasidan yoritilayotgan materiallarning aksariyati xabar janrida, tahliliy materiallarga ehtiyoj katta, deya ta’kidlandi yig‘ilishda.

Har yili yurtimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni sifatida bayram qilinadi, “Vatanparvarlik oyligi“ doirasida ko‘plab tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bularning barchasi yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltiradi.

Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayrami bu yil yanada ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!“ degan umumiy g‘oya ostida qarshi olinayotgan bayram munosabati bilan “Harbiy-vatanparvarlik karvonlari“ning ta’lim muassasalariga tashrifi davom etmoqda, yoshlar o‘rtasida “Men, albatta harbiy bo‘laman!“, “Eng yaxshi mahalla“ va “Eng yaxshi Jasorat klubi“, “Temur tuzuklari bilimdoni“ tanlovlari o‘tkazilmoqda.

Yig‘ilishda aksariyat ommaviy axborot vositalari bu tadbirlarni xabar janrida yoritish bilan kifoyalanib qolayotgani tanqid qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilda gazeta va jurnallarda taxminan 1200 dan ziyod maqola, 600 dan ortiq fotosurat chop etilgan. Ularning aksariyati “Vatanparvar” gazetasi va “O‘zbekiston armiyasi” jurnali ulushiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi saytida hamda “O‘zbekiston ovozi”, “Ma’rifat”, “Hurriyat”, “Toshkent oqshomi”, “Mahalla”, “Yoshlar ovozi”, “Milliy tiklanish”, “Xalq so‘zi”, “Harbiylar va kitobxonlik madaniyati”, “Adolat” gazetalari sahifalarida ham muntazam vatanparvarlik mavzulari yoritilgan publitsistik maqolalar, ocherk va lavhalar beriladi. Bu mavzuda “Pravda Vostoka” gazetasi maxsus sahifa ochgan.

Umuman olganda, vatanparvarlik mavzusida g‘oyat samimiy, g‘oyat ta’sirli maqolalar yozish mumkin. Zero, jurnalistlar milliy armiyamiz yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi ma’naviy qudratga egaligini yetkazuvchi asosiy vositadir.

Mohigul Qosimova, O‘zA