Nizomi2020-03-19T09:57:07+00:00
O‘zbekiston RespublikasiAdliya vazirligi tomonidan

2019 yil ___  ______________

_____________  -son bilan

“QAYTA RO‘YXATDAN O‘TKAZILGAN”

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining2019 yil 17 iyuldagi konferensiyasida

“TASDIQLANGAN”

 

O‘ZBEKISTON JURNALISTLARI IJODIY UYuShMASI USTAVI

(yangi tahrirda)

 

Toshkent shahri

 

 

  1. I. UMUMIY QOIDALAR

 

  1. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi (bundan buyon Uyushma deb yuritiladi) Uyushma a’zolarining ushbu Ustavda belgilangan maqsad va vazifalariin hamkorlikda amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan mustaqil, o‘zini o‘zi boshqaruvchi jamoat birlashmasi shaklidagi notijorat tashkilotidir.
  2. Uyushma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”, O‘zbekiston Respublikasi “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi qonunlariga, boshqa normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur Ustavga muvofiq amalga oshiradi.
  3. Uyushma uning a’zolari tomonidan ixtiyoriylik, oshkoralik, teng huquqlilik, qonuniylik asosida tuzilgan bo‘lib, o‘zini o‘zi boshqarish tamoyiliga ko‘ra faoliyat olib boradi.
  4. Ushbu Ustav qonunda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan kundan boshlab Uyushma yuridik shaxs hisoblanib, o‘zining mustaqil balansiga, muhr va shtampiga, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan ramziga, bank muassasalarida hisob raqamlariga va boshqa zarur rekvizitlariga ega bo‘ladi.

Uyushma O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan tartibda o‘z bayrog‘i, emblemasi, vimpeli va boshqa ramzlariga ega bo‘lishga haqli.

  1. Uyushma davlatning majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. O‘z navbatida, davlat Uyushma va uning a’zolari majburiyatlari yuzasidan javob bermaydi. Shuningdek, Uyushma a’zolari Uyushmaning majburiyatlari uchun, Uyushma esa o‘z a’zolarining majburiyatlari uchun javob bermaydi.
  2. Uyushmaning barcha a’zolari teng huquqqa ega.
  3. Uyushma faoliyatidan olingan daromadlar Ustavda nazarda tutilgan maqsadlar uchun yo‘naltiriladi, Uyushma a’zolari o‘rtasida taqsimlanmaydi.
  4. Uyushma faoliyatining muddati cheklanmagan.
  5. Uyushma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.

Uyushma o‘zining maqsad va vazifalariga muvofiq xalqaro va xorijiy jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik qiladi, jurnalistlarning xalqaro va boshqa uyushmalariga kirishi va ulardan chiqishi mumkin.

  1. Uyushmaning to‘liq nomlanishi:

o‘zbek tilida kirill alifbosida: to‘liq nomi – O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi. Qisqartmasi – O‘zJIU.

o‘zbek tilida lotin alifbosida: to‘liq nomi – O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi. Qisqartmasi – O’zJIU.

Rus tilida: to‘liq nomi – Tvorcheskiy soyuz jurnalistov Uzbekistana. Qisqartmasi – TSJUz.

Ingliz tilida: to‘liq nomi – Creative union of Uzbekistan journalists. Qisqartmasi – CUUJ.

  1. Uyushmaning doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organi manzili: 100011, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy.

 

  1. Asosiy yo‘nalishlar va vazifalar

 

  1. Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlari:

Uyushma a’zolarining moddiy va man’naviy manfaatlarini, ijodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, gazeta-jurnallar, teleradiokanallar, nashriyotlar, axborot agentliklari va  internet nashrlarida ishlayotgan jurnalistlarning, shuningdek,  erkin  ijodkorlarning ijodiy hamda mualliflik huquqlarini, sha’ni va qadr-qimmatini, qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga tegishli ijodiy-uslubiy yordam va ko‘mak berish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishga ko‘maklashish;

Uyushma a’zolariga sog‘lom ijodiy muhit yaratishga, mashaqqatli mehnatini adolatli baholashga ko‘maklashish;

jurnalistlarning  fuqarolik mas’uliyati va ijtimoiy faolligini oshirish, mamlakatimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealar, bunyodkorlik jarayonlari, yurtimizda mavjud ulkan iqtisodiy va tarixiy-madaniy salohiyatni mamlakat aholisi va butun jahon ahliga tanishtirishga tizimli ko‘mak berish;

so‘z va axborot erkinligi qaror topishiga, fuqarolarning bosma va elektron nashrlar orqali xolis va haqqoniy axborot olishga bo‘lgan huquqlarining  kafolatlarini mustahkamlashga ko‘maklashish;

jamiyat hayotida demokratiya va oshkoralik tamoyillarini qaror toptirish maqsadida fikrlar xilma-xilligi, turli qarash va yondashuvlarga keng yo‘l ochishga ko‘maklashish;

belgilangan tartibda matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilik yaratilishida va ijrosini ta’minlash jarayonida ishtirok etish;

matbuot va ommaviy axborot vositalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha sotsiologik tadqiqotlar o‘tkazish, ular faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan konsepsiyalar, takliflar, tavsiyalar ishlab chiqish hamda tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga hamda nashrlar muassislariga takliflar kiritish;

jurnalistikaning umume’tirof etilgan kasb axloq-odobi tamoyillari asosida xolis va erkin jurnalistika madaniyatini shakllantirishga ko‘maklashish;

jamiyatda barcha xalqlar va elatlarning tili, madaniyati, milliy an’analariga hurmat bilan yondashish, jamiyatda tinchlik-osoyishtalik va  millat yaxlitligiga  rahna soluvchi, millatlararo va dinlararo nizo uyg‘otishga qaratilgan har qanday xatti-harakatga murosasizlik muhiti qaror topishiga ko‘mak berish;

jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘layotgan nuqson va illatlar, muammo va kamchiliklarni xolis va haqqoniy yoritish yuzasidan ommaviy axborot vositalarida chop etilgan tanqidiy-tahliliy  materiallar monitoringini olib borish;

jurnalist kadrlarning professional mahoratini oshirishga qaratilgan,  muayyan yo‘nalish va sohalar bo‘yicha ixtisoslashgan ijodiy kengashlar, klublar, markazlar va boshqa tuzilmalarni belgilangan tartibda  tashkil etish;

respublika matbuot va ommaviy axborot vositalari ijodiy va texnik xodimlarining kasb mahoratini oshirish, ularning ijodiy-amaliy tajriba almashuviga ko‘maklashish;

jurnalist kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish yuzasidan oliy o‘quv yurti muassasalari, vazirlik va idoralar bilan yaqindan hamkorlik qilish;

davlat byudjeti va “Ilhom” jamoat fondi mablag‘lari, homiylik va xayriya mablag‘lari hisobidan yosh ijodkorlarning kitoblari, to‘plamlarni chop etishga ko‘maklashish;

jurnalistlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlarga tavsiya etish;

bosma, elektron va boshqa ommaviy axborot vositalari sanoati rivojiga ko‘maklashish;

joylarda ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash.

  1. Uyushmaning asosiy vazifalari:

Uyushma a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish, rag‘batlantirish, ularning mehnat, turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilashga yordam berish, keksa, ko‘makka muhtoj jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash;

matbuot va ommaviy axborot vositalarida til sofligi, teranligi, uslubiy rang-baranglik qaror topishiga erishish, jurnalistlarning notiqlik va suxandonlik mahoratini oshirish, manfaatli tashkilotlar bilan hamkorlikda seminarlar, muloqot va munozaralar, o‘zaro fikr almashuvlarini tashkil etish;

dolzarb mavzularda konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, davra suhbatlari, ijodiy tanlovlar va boshqa turli tadbirlar uyushtirish;

o‘ziga xos ijod maktabini yaratgan o‘zbek jurnalistlari, yetuk matbuot xodimlari tajribasini ommalashtirish, “Ustoz-shogird” an’analarini qo‘llab-quvvatlash va keng yoyish;

yosh jurnalistlar bilan muntazam ish olib borish, kasb mahorati oshishiga ko‘maklashish, belgilangan tartibda ular ishtirokida turli klublar va to‘garaklar tashkil etish;

mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari va xalqaro jurnalistik tashkilotlar bilan hamkorlik qilish;

sohaga oid qonun hujjatlari loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

nazariy va amaliy jurnalistikaga oid xalqaro e’tirof etilgan standartlar, yangilik va ilg‘or tajribalarni o‘rganish, O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarining milliy va umuminsoniy standartlarini ishlab chiqish va ular ijrosini ta’minlashga ko‘maklashish va boshqa vazifalar.

 

III. Uyushmaning huquq va majburiyatlari

 

  1. Uyushmaning huquqlari:

Uyushma a’zolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish;

o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga takliflar kiritish;

Uyushma a’zosi bo‘lgan marhum jurnalistlarning ijodiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish;

Uyushma a’zolari orasidan  davlat mukofotlari, faxriy unvonlar va boshqa mukofotlarga nomzodlar ko‘rsatish;

Uyushmaning mukofotlarini ta’sis etish;

milliy va xorijiy valyutadagi kreditlardan foydalanish;

o‘z mol-mulkiga, jumladan, asosiy va aylanma vositalariga ega bo‘lish;

o‘z ramziga ega bo‘lish;

ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish;

belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

o‘z nomidan bitimlar tuzish, mulkiy va nomulkiy huquqlarga ega bo‘lish;

sudda da’vogar va javobgar bo‘lish.

Uyushma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

  1. Uyushmaning majburiyatlari:

ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga hisobotlarni belgilangan tartib va muddatlarda taqdim etish;

Uyushma faoliyatining shaffofligini ta’minlash;

Ushbu Ustav talablariga amal qilish.

Uyushma qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.

 

  1. Uyushma a’zoligiga qabul qilish, a’zolikning to‘xtatilishi va a’zolikdan chiqarish

 

  1. Uyushma Ustavini tan oladigan, matbuot va ommaviy axborot vositalarida kamida uch yillik ish stajiga ega ijodiy xodimlar, shuningdek yuridik shaxsda shtatlar jadvali asosida mehnat qilmasa ham jurnalistik faoliyat bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan, shu bilan birga jurnalistika sohasida ilmiy-tadqiqotchilik, pedagogik, tashkilotchilik faoliyati olib borayotgan, kirish badalini to‘lagan, o‘n sakkiz yoshga to‘lgan va Uyushma faoliyatida shaxsan ishtirok etayotgan shaxslar Uyushma a’zosi bo‘lishi mumkin. Buning uchun nomzodning markaziy matbuotda yigirmadan ziyod yoki tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida qirqdan ziyod materiallari (maqolalari) yoxud publitsistikaga oid kamida bitta risolasi e’lon qilingan bo‘lishi lozim.
  2. Uyushma a’zoligiga kirish ixtiyoriy bo‘lib, nomzod hujjatlari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zoligiga qabul qilish, a’zolikka kirish va badallarni to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi.

Uyushmaga a’zolik nomzodning Boshqaruv raisi nomiga yozgan arizasi, Uyushma a’zosi bo‘lgan uch nafar jurnalistning tavsifnomasi, tegishliligiga ko‘ra Uyushmaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘limlari tavsiyasiga ko‘ra Boshqaruv qaroriga asosan amalga oshiriladi.

  1. Uyushma tomonidan a’zolikka qabul qilish bo‘yicha tegishli hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab uch oy ichida ko‘rib chiqiladi va tegishli qaror qabul qilish uchun Boshqaruvning navbatdagi yig‘ilishiga kiritiladi.
  2. Muqaddam Uyushma a’zosi bo‘lgan kasbiy faoliyatini to‘xtatgan jurnalistika faxriylarining Uyushmaga a’zoligi tegishli badallar to‘lanmagan holda saqlab qolinadi.
  3. Kirish va a’zolik badali miqdori Boshqaruv qaroriga ko‘ra belgilanadi.
  4. Uyushma a’zolariga a’zolik bileti hamda Uyushmaning ko‘krak belgisi Uyushma boshqaruvi yig‘ilishida topshiriladi.

 

  1. Uyushma a’zolarining huquq va majburiyatlari

 

  1. Uyushma a’zolarining huquqlari:

belgilangan tartibda Uyushma faoliyatiga doir barcha masalalarni muhokama etish va qaror qabul qilishda qatnashish;

Ustavga asosan Uyushmaning saylanadigan organlariga nomzodlar ko‘rsatish, saylash va saylanish;

kasbiy vazifalarini ado etishda Uyushmadan ijodiy va huquqiy yordam olish;

Uyushma tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish;

dam olish, salomatligini tiklash, ijodiy faoliyatini yaxshilashga qaratilgan shart-sharoitlardan foydalanish, ijtimoiy va moddiy yordam olish;

ixtiyoriy ravishda Uyushma a’zoligidan chiqish.

  1. Uyushma a’zolarining majburiyatlari:

Uyushma Ustaviga rioya etish;

mamlakatimizda Vatan ravnaqi, xalq farovonligi, yurt tinchligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, odamlar ongida ro‘y berayotgan yangicha dunyoqarash, milliy o‘zlikni anglash va yuksalish jarayonlarini, davlatimizning ichki va tashqi siyosatiga oid insonparvarlik tamoyillarini, mavjud muammo va kamchiliklarni mamlakat ichida va undan tashqarida xolis va haqqoniy yoritish;

mazkur Ustav doirasida Uyushma rahbar organlari qarorlarini bajarish;

o‘z ijodi va ishlari bilan Uyushma faoliyati samaradorligini oshirishga hissa qo‘shish;

Uyushma va uning a’zolari manfaatlarini himoya etishda birdamlik ko‘rsatish;

kasb mahoratini muttasil oshirib borish;

faoliyati davomida  jurnalist axloq-odobi me’yorlariga qat’iy rioya qilish;

a’zolik badalini to‘lash;

Uyushma faoliyatini obro‘sizlantirish yoki unga moddiy zarar yetkazishga qaratilgan nojo‘ya harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik;

barcha xalqlar va elatlarning  tili, madaniyati, milliy an’analariga hurmat bilan qarash, jamiyatda qaror topgan tinchlik-osoyishtalik va millat yaxlitligiga rahna soluvchi, millatlararo va dinlararo nizo uyg‘otishga qaratilgan har qanday xatti-harakatga qat’iy qarshi turish.

  1. Uyushma a’zosi quyidagi hollarda a’zolikdan chiqariladi:

Uyushmaning Ustavi talablarini qo‘pol ravishda buzganda;

Uyushma Ustavida belgilangan maqsad va vazifalariga zid faoliyat olib borganda;

jurnalistning kasb etikasi va odob-axloq qoidalarini buzganda;

a’zolik badalini to‘lamaganda;

sababsiz bir  yil ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanmagan taqdirda;

sud qarori bilan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;

sudlanganligi olib tashlanmagan bo‘lsa;

o‘z arizasiga binoan.

 

  1. Uyushmaning rahbar organlari
  2. Uyushmaning rahbar organlari quyidagilar hisoblanadi:

Konferensiya;

Boshqaruv;

Rais.

Taftish komissiyasi.

  1. Uyushmaning oliy rahbar organi Konferensiya hisoblanadi. U har besh yilda kamida bir marta Boshqaruv tomonidan chaqiriladi. Konferensiyaning chaqirilishi hamda uning kun tartibi bir oy oldin e’lon qilinadi. Konferensiyaga vakillik miqdori Boshqaruv tomonidan belgilanadi. Navbatdan tashqari Konferensiya Boshqaruv yoki Uyushma a’zolari umumiy sonining uchdan biri yoxud ro‘yxatga oluvchi organ talabiga binoan chaqiriladi. Navbatdan tashqari Konferensiyada vakillik miqdori muqaddam o‘tkazilgan Konferensiyadagi vakillik miqdori kabi bo‘ladi.
  2. Agarda oliy rahbar organni chaqirishga vakolatli bo‘lgan organning yig‘ilish o‘tkazilishiga yetarli kvorumi bo‘lmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra rahbar organlar tomonidan oliy rahbar organni chaqirish imkoni bo‘lmasa, oliy rahbar organ ro‘yxatga oluvchi organ tashabbusi bilan ham chaqirilishi mumkin. Ro‘yxatga oluvchi organ tashabbusi bilan oliy rahbar organ chaqirilganda vakillik normasi va soni muqaddam o‘tkazilgan oliy rahbar organ yig‘ilishidagi tartibda bo‘ladi. Ro‘yxatga oluvchi organ tomonidan oliy rahbar organ chaqirilganda ro‘yxatga oluvchi organ nodavlat notijorat tashkilotining ichki ishlariga aralashmaydi.
  3. Konferensiya vakolatiga quyidagilar kiradi:

Uyushma faoliyatiga taalluqli barcha masalalar yuzasidan qaror chiqarish;

Uyushma boshqaruvi a’zolarini, Boshqaruv raisini hamda Taftish komissiyasini besh yil muddatga saylash va muddatidan oldin ularning vakolatlarini zimmalaridan soqit qilish;

Boshqaruv va Taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish;

Uyushma Ustavini tasdiqlash va unga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish;

Uyushmani qayta tashkil etish va tugatish hamda boshqa huquqlar.

  1. Konferensiyada a’zolar tomonidan belgilangan tartibda saylangan vakillarning uchdan ikki qismi qatnashganda Konferensiya vakolatli hisoblanadi. Konferensiyada qatnashgan vakillarning yarmidan ko‘prog‘ining ovozi bilan qarorlar qabul qilinadi. Ovoz berish tartibi (ochiq yoki yopiq) Konferensiya tomonidan belgilanadi.
  2. Boshqaruv Konferensiyalar oralig‘ida Uyushmaning rahbar organi hisoblanadi. Boshqaruv besh yil muddatga saylanadi, uning tarkibi Konferensiya tomonidan belgilanadi. Boshqaruv majlislari zarurat tug‘ilgan hollarda, ammo yilda kamida bir marta o‘tkaziladi.
  3. Boshqaruvning vakolatlari quyidagilardan iborat:

Konferensiyalar oralig‘ida Uyushma faoliyatiga rahbarlik qilish;

Uyushma faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

Konferensiyalar oralig‘ida boshqaruv a’zolarini tasdiqlash;

rais o‘rinbosarlarini  vazifaga tasdiqlash, ular o‘rtasida xizmat vazifalarini taqsimlash  va vazifasidan ozod etish;

navbatdagi  Konferensiya kun tartibini tasdiqlash uchun kiritish;

Uyushma raisi va boshqa rahbarlarining hisobotini eshitish;

Uyushmaga a’zolar qabul qilish va a’zolikdan chiqarish;

Uyushma hududiy bo‘linmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish hamda ularning nizomlarini tasdiqlash;

Uyushma ramzi, Uyushma a’zolik bileti va Uyushma ko‘krak belgisining yagona shaklini tasdiqlash;

Uyushmaning yillik ish rejasini tasdiqlash;

Uyushma shtatlar jadvalini tasdiqlash;

Uyushmaning va uning hududiy bo‘limlarining yillik moliyaviy xarajatlari smetasini tasdiqlash;

Uyushma mol-mulkini tasarruf qilish;

Rais va uning o‘rinbosarlari, Uyushma apparati, xizmatlari, bo‘limlari va mutaxassislarining lavozim yo‘riqnomasini tasdiqlash;

Uyushma qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tuzilmalar-matbuot nashrlari, ijodiy markazlar, teleradiokanallar va boshqa ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish va tugatish;

jurnalistlarni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun Uyushma Faxriy yorlig‘i, turli nomdagi mukofotlar ta’sis etish hamda turli yo‘nalishlarda tanlovlar tashkil etish;

o‘z vakolatiga kiradigan boshqa turli masalalarni ko‘rib chiqish.

 

  1. Uyushmaga Rais rahbarlik qiladi.

Rais:

Konferensiya va Boshqaruv majlislarini olib boradi;

Konferensiya qabul qilgan qarorlar ijrosini ta’minlaydi;

davlat organlari, jamoat tashkilotlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan Uyushma nomidan ish yuritadi;

Uyushmaning moliyaviy va bank hujjatlarini imzolaydi;

Uyushmaning pul mablag‘laridan Boshqaruv  tasdiqlagan byudjet doirasida foydalanadi;

Uyushmaning shtatiga xodimlarni ishga oladi va ishdan bo‘shatadi;

Uyushmaning barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;

Uyushmaning tarkibiy tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Uyushma hududiy bo‘limlari Ustavlarini, xodimlar lavozim yo‘riqnomalarini tasdiqlaydi;

Uyushma apparati va hududiy bo‘limlar xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantiradi;

Uyushma apparati va hududiy bo‘limlar xodimlariga qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda intizomiy chora ko‘radi;

turli idora, muassasa va tashkilotlarda, shu jumladan, xorijiy tashkilotlarda Uyushmaning vakolatli vakili hisoblanadi;

Boshqaruv qaroriga binoan Uyushma qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tuzilmalar – matbuot nashrlari va markazlari, teleradiokanallar va boshqa ommaviy axborot vositalari ta’sis hujjatlarini, shuningdek Uyushmaning hududiy bo‘limlarini tuzish va faoliyat yuritishiga oid hujjatlarni imzolaydi, ularning rahbarlarini vazifaga tayinlaydi va ishdan bo‘shatadi;

vakolati doirasida boshqa vazifalarni ham bajaradi.

  1. Raisning mehnat ta’tilida bo‘lishi, vaqtincha betobligi, xizmat safarida yurganligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra uning vakolatlari va vazifasi to‘liq yoki qisman boshqa shaxsga yuklanishi mumkin.
  2. Rais biron-bir sabab tufayli yoki ishdan chetlashtirilganligi yoxud boshqa sabablarga ko‘ra lavozimidan ozod qilinganda Boshqaruv tomonidan uning vazifasini vaqtincha bajaruvchi tayinlanishi mumkin.

 

VIITaftish komissiyasi

 

  1. 35. Uyushmaning Taftish komissiyasi Konferensiyada 5 yil muddatga saylanadi. Taftish komissiyasi o‘z tarkibidagi a’zolardan 5 yil muddatga komissiya raisini saylaydi.

Taftish komissiyasi a’zosi Uyushmaning boshqaruv organlari a’zosi bo‘lish huquqiga ega emas.

  1. Taftish komissiyasi Konferensiya va Boshqaruv qarorlarining bajarilishini nazorat qiladi.
  2. Taftish komissiyasi Uyushmaning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini bir yilda kamida bir marotaba taftishdan o‘tkazadi. Taftish komissiyasi o‘tkazilgan yillik tekshirish natijasi bo‘yicha Boshqaruvga (umumiy tekshiruv natijalari bo‘yicha Konferensiyaga) hisobot beradi.

 

VIII. Uyushmaning hududiy bo‘limlari

 

  1. Uyushmaning hududiy bo‘limlariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi bo‘limlari kiradi. Hududiy bo‘limlar yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi.
  2. Hududiy bo‘limlar o‘z faoliyatini mazkur Ustav va Boshqaruv tomonidan tasdiqlanadigan Nizom asosida amalga oshiradilar. Bo‘limlarning huquq va majburiyatlari, ularni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi, mol-mulkni boshqarish borasidagi huquqlari, ularning rahbar organlari bo‘yicha batafsil qoidalar bo‘limlar Nizomida belgilab beriladi.
  3. Uyushmaning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hududiy bo‘limlari hududiy adliya organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi va yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan bo‘limlar esa hududiy adliya organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.
  4. Hududiy bo‘limlar qonun hujjatlariga muvofiq mol-mulkka ega bo‘lishi va tegishli hududda qonun hujjatlariga muvofiq Uyushmaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishi va boshqa huquqlarga ega bo‘ladi.

Hududiy bo‘limlar xodimlari mehnatiga haq to‘lash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan “Ilhom” jamoat fondiga ajratiladigan byudjet mablag‘lari (subsidiya) hisobidan qoplanadi.

  1. Hududiy bo‘limlarni tashkil qilish, qayta tashkil qilish va tugatish, ularning mol-mulkini tasarruf qilish va shtatlar jadvalini tasdiqlash Boshqaruv qaroriga asosan amalga oshiriladi.
  2. Hududiy bo‘limlar qonun hujjatlariga rioya qilish, Uyushma rahbar organlari qarorlarini bajarish va boshqa majburiyatlarga ega bo‘ladi.
  3. Hududiy bo‘limlarning tegishli hududdagi rahbar organlari bo‘limlarning Umumiy yig‘ilishidir.

Bo‘limlarning Umumiy yig‘ilishi tarkibi tegishli bo‘limning faoliyat ko‘rsatish hududidagi Uyushma a’zolari vakillaridan tarkib topadi. Hududiy bo‘limlarning Umumiy yig‘ilishi besh yilda kamida bir marta Uyushmaning rahbar organlaridan biri yoki bo‘lim rahbari tomonidan chaqiriladi. Umumiy yig‘ilishning vakolatiga Konferensiyaga vakillar saylash va boshqa vakolatlarni amalga oshirish kiradi.

 

  1. IX. Uyushmaning mol-mulki va ularni shakllantirish manbalari

 

  1. Uyushma o‘z Ustavida ko‘zda tutilgan faoliyatini moddiy ta’minlash uchun uy-joy fondi, madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish maskanlari, asbob-uskuna, inventarlar, transport vositalari, pul mablag‘lari, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, intellektual mulk ob’ektlariga egalik qilish, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlar o‘tkazish, binolar, inshootlar hamda har xil ko‘char va ko‘chmas mulklarga ega bo‘lish, ularni sotib olish, ijaraga berish yoki ijaraga olish, qarzga yoki haq evaziga berish huquqiga ega.
  2. Uyushma mablag‘larini shakllantirish manbalari quyidagilardan iborat:

davlat subsidiyalari, grantlari, bank kreditlari;

O‘zbekiston ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi  mablag‘lari;

yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy homiylik yordami;

kirish va a’zolik badallari;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

  1. Uyushma qonunlarda belgilab qo‘yilgan tartibda ishlab chiqarish va boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish, Ustavdagi vazifalarni bajarish maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxonalar va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar barpo etish huquqiga ega.
  2. Uyushmaning ishlab chiqarish va tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlari uning a’zolari o‘rtasida qayta taqsimlanmaydi va undan faqat Ustav vazifalarini bajarish uchun foydalaniladi.

 

  1. Hisob va hisobot
  2. Uyushma o‘z faoliyati yuzasidan hisob yuritadi hamda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi, soliq va statistika organlariga belgilangan tartibda hisobotlar taqdim etadi.

 

  1. XI. Uyushma ustaviga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish

 

  1. Uyushma Ustaviga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish Konferensiya qaroriga asosan amalga oshiriladi.
  2. Uyushma Ustaviga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan tegishli tartibda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

 

XII. Qayta tashkil etish va tugatish

 

  1. Uyushmani qayta tashkil etish va tugatish Konferensiya qaroriga asosan amalga oshiriladi.
  2. Uyushmani tugatish Konferensiya qarori bilan yoki qonunlarda nazarda tutilgan hollarda sudning qarori asosida amalga oshiriladi.
  3. Uyushma tugatilganda kreditorlarning talabi qondirilgandan keyin qolgan mol-mulk Uyushma a’zolari, boshqaruv organi a’zolari yoki Uyushma xodimlari o‘rtasida taqsimlanishi mumkin emas. Mol-mulk Uyushma Ustavida ko‘rsatilgan maqsadlarda sarflanadi.

 

 

O‘zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi raisi                                             S.HAKIMOV