“Ta’lim nashrlari o‘qituvchining birinchi maslahatgo‘yi bo‘lmog‘i lozim”

2019-11-07T07:44:11+00:007 November, 2019|Umumiy yangiliklar|

4-5-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatida “Matbuot kunlari” o‘tkazildi.

Tadbir dastlab Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ona tili va adabiyot fani chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lib o‘tdi. Unda Qashqadaryo viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari, viloyat “Barkamol avlod” bolalar markazi o‘qituvchi va to‘garak rahbarlari, Qarshi shahri, Qarshi, Kasbi, Nishon, Mirishkor, Koson, Muborak tuman xalq ta’limi bo‘limi metodistlari, maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, ilg‘or fan o‘qituvchilari hamda gazetxon mushtariylar ishtirok etdi.

Uchrashuvda bugungi kunda ta’lim nashrlarining sohada olib borilayotgan islohotlarni, mavjud kamchilik va muammolarni yoritishdagi ahamiyati xususida so‘z bordi. Tadbirda asosan ishtirokchilar fikri tinglandi. Mushtariylar kelgusida ta’limnashrlari sahifalarida qanday mavzulardagi maqolalarni o‘qishni istashi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. ― O‘qituvchi puxta ta’lim berishi uchun, eng avvalo, o‘qimishli bo‘lmog‘i kerak, ― dedi qarshilik faxriy muallim Jomurod Jilovov. ― Bugungi kunda internet olami tezkorlik bilan rivojlanmoqda, albatta, o‘qituvchilardan internetdan foydalanishda ham ilg‘or bo‘lish talab etiladi. Lekin bu gazeta va jurnallar mutolaasiga ta’sir qilmasligi kerak. Chunki o‘qituvchilar uchun matbuot sahifalarida yoritilayotgan metodik tavsiyalar muhim manba hisoblanadi. Buni ko‘p yillik ish tajribasiga ega faxriy pedagog sifatida ochiq-oshkor aytaman. Ijtimoiy tarmoq qanchalik rivojlanmasin, gazeta va jurnal biz — pedagoglar uchun hamisha kerak. Gazetalarimiz sahifalarida ko‘proq o‘qituvchilarni qiynab kelayotgan muammolarni o‘zimiz ko‘tarib chiqishimiz kerak. Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsam, gazeta o‘qituvchining birinchi maslahatdoshi bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, sevimli ta’lim nashrlarimiz.

― Biz kerakli ma’lumotlarni ta’lim nashrlari sahifalaridan topib o‘qiymiz va pedagogik faoliyatimiz davomida qo‘llashga harakat qilamiz, ― dedi yana bir faol muallif, Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori Abdunabi Abdiyev. ― Gazetalar sahifalarida qomusiy olimlarimiz haqida ham kengroq metodik tavsiyalar berib borilsa, yaxshi bo‘lardi.

Shuningdek, tadbirda Kitob tumani-dagi 74-maktab o‘qituvchisi Komila Oqqo‘ziyeva, Shahrisabz tumanidagi 15-maxsus maktab-internat direktori Umida Xushvaqtova, Qamashi tumanidagi 42-maktab o‘qituvchisi Risolat Jumanazarova, Muborak tuman XTBning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha sho‘ba rahbari Sherzod Qurbonov ta’lim nashrlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Mushtariylar fikriga ko‘ra, joylarda, ayniqsa, o‘quv muassasalarida gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish har bir mushtariy yoki o‘quvchining xohish-istaklaridan kelib chiqib amalga oshirilishi, ommaviy yoki majburiy tarzda tashkil etilmasligi shartligi ta’kidlandi. Yakkabog‘ tumanidagi 2-umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan tadbirda ham o‘qituvchilar ta’lim nashrlarining buguni va ertasi xususida fikrlarini bildirishdi.

― Ona tili va adabiyotdan dars beraman, ― dedi Yakkabog‘ tumanidagi 103-maktab o‘qituvchisi Ortiq Behutov. ― Doim davriy matbuot bilan tanishib boraman. Ayniqsa, “Ma’rifat” gazetasini qoldirmay kuzataman. “Sinab ko‘ring”, “O‘qituvchi nimani o‘ylaydi?”, “Mushtariy muhokamasi” kabi ko‘plab ruknlar ostida berilayotgan maqola va fikrlar bizni befarq qoldirmaydi. Ta’lim nashrlari bundan keyin ham bizning hamrohimiz bo‘lib qoladi.

― Gazeta va jurnallarga obuna bo‘lish qaysidir yuqori tashkilotning turtkisi bilan tashkil etilmasligi kerak, ― deydi Kitob tuman XTB metodisti Zulxumor Rahmonova. ― O‘tgan zamonlarda shunday ham bo‘ldi. Lekin bugungi yangilanish davrida har bir mushtariy ushbu jarayonga aql bilan yondashib, o‘zi sevgan gazeta va jurnallarga obuna bo‘lishi shart. Biz bu xususida bir necha yig‘inlarimizda maktab direktorlari va o‘qituvchilarga kerakli tushunchalarni berib bormoqdamiz. Obuna jarayoni hech kimga va hech qachon majburiy emas.

Tadbirda “Xalq ta’limi”, “G‘uncha”, “Gulxan”, “Tong yulduzi”, “Til va adabiyoti ta’limi” kabi bir qancha davriy nashrlarning ijodiy xodimlari ishtirok etdi. Yig‘ilish so‘ngida ijodkor o‘qituvchilar hamda hozirjavob mushtariylar tahririyatlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 O‘ktam MEYLIYEV