Six ham, kabob ham kuydi

2019-09-10T06:16:58+00:0010 September, 2019|Umumiy yangiliklar|

Dolzarb mavzu

Matbuot — odamlarning dardu tashvishlari, maqsad-muddaolari, muammo va istaklarini aks ettiradigan minbar. Qolaversa, u huquqiy demokratiyani ta’minlaydigan asosiy mezon hamdir. “To‘rtinchi hokimiyat”, “Davlat va jamiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik” degan ta’rifu e’tiroflar ham shunga nisbat berib aytiladi aslida.

Biroq tan olib aytish kerakki, mamlakatimizda chop etilayotgan gazeta va jurnallarning adadi yildan-yilga kamayib bormoqda. Buni ko‘pchilik nashrlarda e’lon qilinayotgan maqolalarning mazmun-mohiyati bilan bog‘laydi. Mazkur fikr va e’tirozlarda ham jon bor, albatta. Lekin biz bugun masalaning boshqa jihati — katta mehnat va xarajat evaziga chop etilayotgan kundalik nashrlarimizni o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetkazish haqida mulohaza yuritmoqchimiz. Shu o‘rinda, bir savol tug‘iladi. Xo‘sh, hozirgi kunda pochta xizmati faoliyatdan aholi rozimi?

Yangilik va axborotlarni o‘quvchilarga tezkor yetkazish — matbuotning eng asosiy vazifalaridan biri! Bunda, tabiiyki, pochta xizmatining alohida o‘rni bor. Qars ikki qo‘ldan chiqqanidek, matbuot xodimlari ularning xizmatisiz bugungi media makondagi keskin raqobat muhitida o‘z salohiyatini saqlab qolishi anchayin mushkul.

Taassufki, kundalik gazeta va jurnallarning aholiga o‘z vaqtida yetkazilishida ro‘y berayotgan o‘zibo‘larchiliklar, xizmat vazifasidagi suiiste’molchiliklar shundoq ham inqiroz yoqasiga kelib qolgan nashrlar ahvolini yanada tang qilmoqda. Qashqadaryo, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida olib borgan jurnalistik surishtiruvimiz natijasida bunga to‘liq amin bo‘ldik.

Katta va’dalar berib, majburiyatlarini unutayotganlar

Qashqadaryolik gazetxonlar kundalik nashrlarni hafta — o‘n kunlab, hatto, oylab ham ololmayapti. Pirovardida odamlarning boshqa manbalardan axborot izlashiga moyillik kuchaymoqda. Sir emas, internet ommalashgan bir paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan axborotlarning hammasini ham xolis, deb bo‘lmaydi. Fitna qo‘zg‘atish, odamlar orasida vahima va sarosima uyg‘otishga qaratilgan ayrim xabarlarga ba’zan odamlarimiz ishonib, ularga ergashayotgani ham kishini tashvishga solmay qo‘ymaydi.

Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida, asosan, “O‘zbekiston pochtasi” AJ viloyat filiali hamda “Matbuot tarqatuvchi” shu’ba korxonasi tomonidan aholining kundalik nashrlarga obunasi rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, “Ekspress kurer”, “Tezkor tarqatuvchi”, “Davriy nashrlarni tarqatuvchi”, “Matbuot press obuna”, “Aziya original press”, “Qarshi tezkor matbuot”, “Nasaf press servis” singari mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nomi biri-biridan jozibador tadbirkorlik sub’ektlari ham shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatadi.

Xususiy sektor vakillarining ham mazkur ishga jalb etilgani sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga, obunachi tashkilotlar faoliyatining takomillashuviga xizmat qilishi kerak aslida. Amalda-chi? Shunday bo‘lyaptimi? O‘rganishlar va tahlillardan viloyatda buning mutlaqo aksiga guvoh bo‘ldik. Obuna mavsumida ular gazetxonlarga o‘zlarining bir-biridan “rang-barang” xizmatlarini taklif etib, katta mablag‘ ishlab olishga harakat qilishadi. Biroq mavsum nihoyalangach, ular suvga tushgan toshdek, “yo‘qolib” qolishadi.

Oson yo‘l bilan asal yalashga ishqiboz bu shovvozlar mazkur sohaning nima ekanligini tushunib yetishga ham ojiz, nazarimizda. Ularning nafsini hakalak orttirgan narsa esa mijozlarning obuna uchun to‘layotgan mo‘may pullari! Shu mablag‘ evaziga olib kelinayotgan gazeta va jurnallarni egalariga yetkazishga kelganda esa ular o‘z majburiyatlarini unutmoqdalar.

Masalan, pochta, “Matbuot tarqatuvchi” va obuna bilan shug‘ullanuvchi xususiy tadbirkorlar tahririyat belgilagan narx ustiga 20 dan 40 foizgacha ustama qo‘yadilar. Ya’ni bu mablag‘ shu nashrlarni obunachining idorasiga yoki uyiga yetkazib berish uchun. Lekin amalda obunachilarga xizmat ko‘rsatish darajasi qoniqarsiz, deyishdan ham battar. Chunki bu tashkilotlarda gazeta va jurnallarni egalariga qanday yetkazib berish bo‘yicha aniq mexanizm ishlab chiqilmagan. Reja va jadval ham yo‘q. Har bir tashkilot o‘z holicha ishlaydi. Ayrimlarida avtotransport vositalari u yoqda tursin, oddiy velosiped ham yo‘q. Ushbu firmalarning mahsulotni yetkazib berish imkoniyati bo‘lmagandan so‘ng keltirilgan gazeta va jurnallar omborlarda to‘planib yotaveradi. Oxir-oqibat qancha mablag‘ va ijodiy mehnat mahsuli, ijodkorlarning qalb qo‘ri va ko‘z nuri bilan yaratilgan asarlar, maqolalar birov bahra olmay turib makalaturaga topshirib yuboriladi. Barcha sa’y-harakat havoga sovuriladi. Obunachilar esa ham ma’naviy, ham moddiy jihatdan zarar ko‘rib qolaveradi.

“Yil boshidan buyon gazeta olganimiz yo‘q”

Keling, shu o‘rinda aniq misollarga murojaat qilaylik. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan qishloq maktablari kutubxonalari uchun 10 nomdagi gazeta va jurnallarga mahalliy byudjet mablag‘lari evaziga obuna rasmiylashtiriladi. Chiroqchi tumanidagi 22-umumta’lim maktabi ham pochta aloqa tarmog‘i orqali kundalik nashrlarga obuna bo‘lgan.

— Yil boshidan buyon bir dona ham gazeta va jurnal olganimiz yo‘q, — deydi mazkur umumta’lim maktabi kutubxonachisi Zulayho Choriyeva. — Kutubxonamizda o‘tgan yilgi gazetalar taxlamlari bor, xolos.

Mazkur tumanning 19-maktabida bo‘lganimizda ushbu muassasa kutubxonachisi Jannat Omonova ham xuddi shunday gapni aytdi.

— Mahalliy byudjetdan kutubxonamiz uchun gazeta va jurnallarga obuna qilinganimizni hozirgina sizdan eshitib turibman, — deydi u. — Men ham hayron bo‘ldim, o‘tgan yillari kundalik nashrlar hafta — o‘n kunda kelib turardi. Endi jiddiy surishtiramiz…

Chiroqchi tumanida 178 ta maktab bor. Shundan 150 tasi qishloqlar hududida joylashgan. Demak, shuncha ta’lim muassasasiga byudjetdan mablag‘ ajratilgan. Xo‘sh, bu pullar qayerga sarflangan? Shu savol bilan tuman pochta aloqa tarmog‘i rahbari o‘rinbosari Rustam Eshmurodovga murojaat qildik.

— Hududimizdagi 21 filialimizga gazeta va jurnallarni vaqtida yetkazib berganmiz, — deydi u. — Shikoyat yoki murojaat bo‘lmaganligi uchun pochtachilarimiz ularni tarqatmayotganliklaridan bexabarman. Biz o‘zimizcha tekshira olmaymiz-ku!

“Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining har bir soni kunning birinchi yarmida viloyat markazi — Qarshi shahriga maxsus pochta orqali yetkazib beriladi. Viloyat pochtasi va “Matbuot tarqatuvchi” shu’ba korxonasida ular saralanib, ertasi kuni tumanlardagi bo‘limlarga yuboriladi. Tumandagilar esa o‘zlarining imkoni va xohishi bo‘lgandagina gazetalarni o‘z egalariga yetkazib beradilar. Alaloqibat, bir oy yoki bir haftadan keyin o‘quvchi qo‘liga tekkan gazetadagi tezkor yangiliklarning mutlaqo ahamiyati qolmaydi.

Boz ustiga, ayrim tumanlardagi obuna bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar xodimlari yolg‘on so‘zlab, odamlarni chalg‘itmoqchi bo‘ladilar.

— Biz obunachilarga gazetalarni chiqqan sanasidan bir kundan so‘ng yetkazamiz, — deydi Qamashi tumani pochta bo‘limi operatori Asad Safarov.

Shu o‘rinda uning “tezkorligi”ga bir dalil. Qamashi tumani markazidagi 7-maktab kundalik nashrlarga pochta bo‘limi orqali obuna bo‘lgan. Ushbu muassasa va tuman pochta bo‘limi o‘rtasidagi masofa bor-yo‘g‘i besh yuz metrdan ziyodroq.

— Hozirgina pochtachi bir oylik gazeta va jurnallarni tashlab ketdi, — deydi mazkur maktab kutubxonachisi Muharram Qarshiyeva. — Bugun 7 avgust bo‘lsa, bizga olib kelingan “Xalq so‘zi” gazetasining 28 iyulda chiqqan soni bor. “Ishonch” gazetasining esa 25 iyun soni ekan. Iyulda chiqqan gazetalarni endi sentyabrda olamiz, shekilli…

Tizim islohotga muhtoj

— Gazetalarni o‘quvchilarga vaqtida tarqatish tahririyatlarning eng og‘riqli muammosi bo‘lib qoldi, — deydi “G‘uzor hayoti” gazetasi muharriri Bobonazar Hasanov. — O‘zimizdan misol. Gazetamiz hozir 2120 nusxada chop etilayotgan bo‘lsa, shuning 137 tasi pochta orqali obuna qilingan. Ammo ushbu tuzilma orqali yetkazib berilayotgan gazeta sonlari obunachilarimizga o‘z vaqtida yetib bormaydi. Sababi, pochtada xodimlar shtati qisqarib ketgan. Misol uchun, Mehnatobod, Cho‘michli, Sobog‘ kabi uzoq qishloqlarimizga bir xodim gazeta tarqatadi. U ham haftada bir kun boradi. Buning ustiga, gazeta tarqatuvchilar tahririyatga obuna pullarini vaqtida to‘liq o‘tkazib bermaydi. Oqibatda yana tahririyat zarar ko‘radi. Hozir pochtada 6 million so‘m, “Matbuot tarqatuvchi” MChJda qariyb 4 million so‘m mablag‘imiz turibdi. Bu pullar tahririyat hisob raqamiga kelib tushishini kutib xunobmiz.

Tahririyatlar obuna vaqtida gazeta tarqatuvchilar bilan shartnoma qilish uchun ovora bo‘lishadi. Ular esa 20 — 25 foiz xizmat haqi qo‘yadi. Alam qiladigani, obunadan tushgan pullarni tahririyatlarga vaqtida o‘tkazib berishmaydi. Aslida teskarisi bo‘lishi kerak emasmi?! Shunday ekan, tashkilotlarda tahririyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida obuna tashkil etilib, tahririyat gazeta tarqatuvchini o‘zi tanlashi lozim. Qurilishda tender o‘tkaziladi-yu, bu tizim gazeta tarqatishda qo‘llanilmaydi? Axir bu pullarning ham bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi-ku.

Yana bir mulohaza. Viloyatda obunani tashkillashtirish bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining moddiy-texnik bazasi umuman yo‘q yoki talabga javob bermaydi. Lozim darajadagi avtotransport vositalari va xodimlar bilan ta’minlanmagan. Bundan tashqari, ushbu tadbirkorlik sub’ektlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri gazeta va jurnallar tahririyatlari bilan shartnomalari mavjud emas. Ular kundalik nashrlarni poytaxtdagi vositachi tashkilotlardan oladi. Bu esa kundalik nashrlar obuna bahosining asossiz ravishda oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Xizmat taqozosi tufayli respublikamizning barcha tuman va shaharlarida bo‘lganmiz. Lekin birorta qishloqda, hatto, tuman markazlarida ham matbuot do‘koni yo‘q. Borlari ham attorlik shoxobchasidan farq qilmaydi. Gazeta va jurnallar o‘rniga tamaki, saqich va boshqa mahsulotlar sotiladi. Obuna orqali gazeta olay, deganlar esa gazeta va jurnallarni haftalab yoki oylab kutishi joiz. Shu kabi omillar odamlarimizning gazeta va jurnallar o‘qishga bo‘lgan hafsalasini pir qilmayaptimikan? Gazetxonlarning kamayib borayotganligiga shular dalil emasmikan?

Eng achinarlisi, OAV nashrlarini obuna qilish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi tashkilot va firmalarning bu ishga panja orasidan, nopisandlik bilan qarayotganligi, xizmat talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi fuqarolarni o‘z vaqtida tezkor axborot bilan ta’minlashni yo‘qqa chiqarish bilan birga, ma’naviyatimizga jiddiy zarar yetkazayotir. Ushbu yo‘nalish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning faoliyat yuritishiga izn beradigan sertifikat va litsenziya beruvchi mutasaddi idoralar mazkur firmalarning xizmat ko‘rsatish layoqatini, moddiy-texnik bazasini har tomonlama mukammal o‘rganganlaridan keyingina ruxsat berganlarida edi, shu masalada bugun xalqning haqli e’tirozlari kelib chiqmagan bo‘larmidi?

— Har kuni bitta gazeta yoki jurnal olsak, xonadonimizga nur kirib kelgandek bo‘ladi, — deydi Qarshi tumani madaniyat bo‘limi mudiri Nortoji G‘aniyeva. — Uyimizga olib keltirilgan har bir nashrni oilamizdagilar navbatma-navbat o‘qib chiqishadi. Ko‘p narsadan xabardor bo‘lishadi. Lekin keyingi vaqtda gazeta o‘qishga havas bor, lekin imkon yo‘q. Albatta, bu ularning narxi bilan bog‘liq emas. Gazetani topish muammo. Do‘konda bo‘lmasa, obuna bo‘lsak, yetib kelmasak, bilmadim, nima qilish kerak?

Kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan…

Mehriddin Nurov, o‘ttiz yildirki, Vobkent tumani pochta aloqa tarmog‘ida mehnat qilib keladi. Kasbini yaxshi ko‘radi. Gazeta va xat-xabarlarni egalariga o‘z vaqtida yetkazishga harakat qiladi. U xizmat ko‘rsatayotgan hudud qamrovi, oz emas, ko‘p emas, 40 kilometrni tashkil etadi.

— Qishloqda gazeta o‘qishga ishtiyoqmand fuqarolar bor, — deydi u. — Markaziy, viloyat, tuman gazetalarini o‘z vaqtida tarqatib kelyapman. Masalan, 7 avgustda chop etilgan gazetani hududdagi 5-umumta’lim maktabiga 9 avgust kuni tumandan olib yetkazaman.

7 avgustda chop etilgan gazetaning ikki-uch kun, ba’zan undan ham ko‘proq vaqt o‘tgach, gazetxonga yetkazilishini eshitish kishiga g‘alati tuyuladi, albatta.

Qishloq pochtachisining so‘zlaridan ma’lum bo‘lishicha, gazeta va xatlarni “Ko‘lxatib” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan aloqa bo‘limiga ba’zan aloqa tarmog‘i mashinasida yetkazishadi, gohida esa ularni o‘zlari borib olib kelishadi. Shu kichik bir dalil tuman pochta aloqa tarmog‘ining moddiy-texnik ahvoliga bir qur nazar tashlashga undadi. Tashkilotda “Damas” rusumli 2 ta avtomashina bor. Biri nosoz. Tarmoq shu paytga qadar 1939 yilda qurilgan, avariya holatidagi binoda faoliyat ko‘rsatib kelgan. U “snos”ga tushgach, jamoa ijaraga olingan binoga ko‘chdi. Bundan ikki yilcha muqaddam tarmoqda 72 nafar xodim mehnat qilgan. Hozir esa ishlovchilar soni atigi 34 nafarni tashkil etyapti. Joylardagi aloqa bo‘limlari soni ham to‘rttaga qisqargan. 2017 yilda jamoa tomonidan davriy nashrlarga 264 million so‘mlik, 2018 yilda 219 million so‘mlik obuna qilingan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 144 million so‘mni tashkil etdi. Bu ham tashkilot iqtisodiy ahvolining haminqadarligidan dalolat beradi.

Aytmoqchi, muassasa binosi oldida “Vobkent pochta aloqa tarmog‘iga 2017 yil obuna mavsumi boshlandi” degan yozuv tushirilgan pannoni ilib qo‘yishibdi. Uni ko‘rib, kulishni ham, kuyishni ham bilmaysan, kishi.

“Rang ko‘r, hol so‘r”, deyishadi. Boshqa tumanlarda ham, afsuski, shunga o‘xshash manzara hukmron. Deylik, Jondor pochta aloqa tarmog‘i joylashgan binoning ahvolini qanday qilib tasvirlashga ham hayronmiz. Qaroli aloqa bo‘limi esa ijara binoda joylashgan. Ijara haqini bo‘lim rahbari Latifjon Hamdamov o‘z hamyonidan to‘layotganiga nima deysiz? Tarmoq ixtiyorida 2005 yilda ishlab chiqarilgan “Damas” rusumli bitta avtomashina bor, xolos. Agar tumanda 52 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjudligini, xizmat ko‘rsatish qamrovi 190 kilometrni tashkil etishi inobatga olinsa, gazeta-jurnallarni bitta avtomashinada qanday qilib o‘z vaqtida yetkazish mumkin, degan haqli savol tug‘iladi, albatta.

— Bir qator nashrlarga pochta orqali obuna bo‘lganmiz, — deydi Vobkent tumanidagi D. Boboqulov nomidagi qishloq vrachlik punkti umumiy amaliyot shifokori Muhabbat Afzalova. — Ammo ularni o‘z vaqtida olmayapmiz. Vaholanki, kundalik yangiliklardan, xususan, sohamizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonidan xabardor bo‘lishimizda gazetalarning o‘rni katta.

— Davriy nashrlar biz, o‘qituvchilar uchun ham juda kerak, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, tumandagi 21-umumta’lim maktabi muallimasi Sanobar Hamroyeva. — Ular kasb mahoratimizni oshiradi, davlatimiz olib borayotgan siyosatni o‘quvchilar ongu shuuriga singdirishimizda qo‘l keladi.

Mazkur maktab jamoasiga “Matbuot tarqatuvchi”ning tuman bo‘limi xizmat ko‘rsatadi. Ammo uning xizmati ham kishida e’tiroz uyg‘otadi. Masalan, maktabga 10 avgust kuni yetkazilgan gazetalar orasida “Ishonch”ning 1 avgust, 5 avgust, 6 avgustdagi, “Xalq so‘zi”ning 1 avgust, 5 avgustdagi sonlarini ko‘rdik. Tuman markazidan, nari borsa, 5-6 kilometr olisda joylashgan maktabga gazetalarni o‘z vaqtida yetkazish shu qadar mashaqqatli ishmi? O‘z vazifasiga yuzaki yondashayotgan pochtachilarda vijdon bormi o‘zi, degan savol tug‘iladi.

— Men jamoamiz obuna bo‘lgan nashrlarni “Matbuot — qalblar ko‘zgusi” tashkiloti vakilidan qabul qilib olaman, — deydi Buxoro shahridagi 7-poliklinika hamshirasi Dildora Qurbonova. — Bu yumushni jamoatchilik asosida bajaraman. Mana, bir haftadirki, poliklinikamizga gazetalar kelgani yo‘q.

Xizmat ko‘rsatishning “surxoncha” usuli

Surxondaryoda ham haqiqiy ahvolni o‘rganganimizda, afsuski, matbuot uchun obuna rasmiylashtirish va uni manziliga yetkazib berish ishlari deyarli izdan chiqqanligiga guvoh bo‘ldik. “O‘zbekiston pochtasi” AJ, “Matbuot tarqatuvchi” shu’ba korxonasi bilan birga xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ham bu maydonda “ot surishi” tizimda jiddiy muammolarni vujudga keltirayotir.

Yuqorida keltirib o‘tganimizdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, qishloq joylardagi umumta’lim maktablari kutubxona fondi o‘ntagacha nomdagi gazeta va jurnallarga obuna qilinishi belgilangan.

Bu jarayonda yetkazib beruvchilar viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan tanlov asosida tanlab olinadigan bo‘ldi-yu, bu yog‘i haqiqiy bozorga aylandi. Oqibatda davriy nashrlar qishloq maktablariga yo qisman, yo umuman yetkazilmay qoldi. Har holda, bu bilan bog‘liq 5 yillik faoliyat taftish etilsa, uncha-muncha qing‘irliklar yuzaga qalqib chiqishi aniq. “Tanlov”ga ko‘ra ajratilgan byudjet mablag‘lari xususiy firmalar hisobiga o‘tkazilib, sarf etilgani aniq! Ammo qishloq maktablaridan ana shu mablag‘ asosida yetkazilgan gazeta-jurnal taxlamlarini topish amri mahol. Har nechuk biz so‘rab-surishtirganimizda, maktab kutubxonachilari ularni ko‘rsata olishmadi…

Bir misol. Mazkur masalada Muzrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi hamda “Surxon ekspress matbuot” MChJ o‘rtasida 2019 yil 17 aprelda 1096-son shartnoma tuzilgan. Unga ko‘ra, 2019 yil 29 aprel kuni to‘lov topshiriqnomasi asosida 19018836,0 so‘m “Surxon ekspress matbuot” MChJ hisob raqamiga o‘tkazilgan.

Surxondaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati xodimlari tomonidan shartnomalarning tuzilishi va shartnoma shartlarining bajarilishi o‘rganilganda, 2019 yil 17 apreldagi 1096-sonli jami 60 805 836 so‘mlik qishloq joylarda joylashgan (taqsimot bo‘yicha) 42 ta umumta’lim maktabiga 10 turdagi gazeta va jurnallar yetkazib berish bo‘yicha muayyan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan. Jumladan, tuman xalq ta’limi kadrlar bo‘yicha inspektori B. Toshtemirov o‘z tushuntirish xatida bayon etishicha, “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalari va “Til va adabiyot” jurnalini joriy yilning may oyi oxirida qabul qilib, reyestr orqali maktablarga tarqatgan, xolos.

“Pravda vostoka”, “Ma’rifat”, “Uchitel Uzbekistana” gazetalari hamda “Boshlang‘ich ta’lim”, “Til va adabiyot”, “Xalq ta’limi”, “Xalq ta’limi axborotnomasi”, “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” jurnallari esa umuman yetkazib berilmagani yuzasidan maktab direktori va kutubxona mudirlari o‘z tushuntirish xatlarida bayon etishgan. Endi savol tug‘iladi. Nima uchun byudjet mablag‘i o‘z vaqtida ish bajaruvchiga o‘tkazilmagan? Bunday sharoitda ta’minotchi kerakli davriy nashrlar uchun o‘z vaqtida buyurtma berishi va uni yetkazib berishga doir imkoniyati cheklanadi-ku.

Joriy yil uchinchi choragi ham yarmidan oshdiki, Muzrabot tumani xalq ta’limi bo‘limi qolgan 42 million so‘mlik mablag‘ni yetarli darajada xizmat ko‘rsatmagani uchun “Surxon ekspress matbuot” MChJga o‘tkazib berishdan bosh tortgani masalaning bir tomoni bo‘lsa, byudjet mablag‘idan o‘z vaqtida va to‘g‘ri foydalanish lozimligiga panja orasidan qarayotgani taajjublanarli. Umuman aytganda, tumanlar xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan moliyaviy mablag‘ o‘z vaqtidan ancha kechiktirilib, ta’minotchi korxonalarga o‘tkazib berilishi tufayli deyarli barcha joyda “xo‘roz bir xilda qichqirmoqda”.

— Kutubxona fondimiz uchun 10 turdagi gazeta va jurnallar yetkazib berish ishlari tamomila qoniqarsiz, — deydi Muzrabot tumanidagi 2-umumta’lim maktabi kutubxona mudirasi Mehriniso Ro‘ziqulova. — O‘qituvchi va o‘quvchilarimiz uchun axborot olish imkonini kengaytirish, ayniqsa, pedagogik xodimlarning bilim va kasbiy malakasini oshirish maqsadida byudjet mablag‘i evaziga bepul ajratilayotgan gazeta va jurnallar bizning maktabimizga aperel oyi boshidan buyon deyarli olib kelinmayapti. Faqatgina “Xalq so‘zi” va “Narodnoye slovo” gazetalarini muntazam olyapmiz, xolos. Hozir axborot olish maydoni kengaygan bo‘lsa-da, markazdan uzoqda joylashgan maktablar uchun gezeta-jurnallar eng qulay axborot vosita ekanligini unutmaslik lozim.

— “Termiz maxsus matbuot” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakillari maktabimizga kelib, 2019 yil uchun o‘quvchi va o‘quvchilarimizdan “Ma’rifat”, “Tong yulduzi” gazetalari, “G‘uncha” jurnali kabi davriy nashrlarga obuna rasmiylashtirishdi, — deydi Muzrabot tumanidagi 12-son maktab direktori Sayfiddin Tog‘ayev. — Afsuski, hozirgi kunga qadar bir dona ham gazeta-jurnal yetkazib berilgani yo‘q.

— Hozirgina bir oylik gazetalar to‘plamini “Matbuot tarqatuvchi” shu’ba korxonasi xodimlari qo‘limga tutqazishdi, — deydi Sherobod tumanidagi 33-umumta’lim maktabi direktori Ixtiyor Abduxalilov. — Gazeta va jurnal tarqatuvchi korxonalar o‘z majburiyatini bajarmay qo‘ydi.

O‘rganish va tahlillarimizdan olingan xulosa shuki, moddiy-texnik bazasi nochor, belgilangan talab va obunachi bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarishga ojiz mazkur tashkilotlar orqali ma’rifat ziyosini xonadonlarga olib kirish anchayin mushkul masala.

Xalqaro tajribalar asosida sohada jiddiy islohotlar o‘tkazish davri keldi. Aks holda, bundan yutqizadigan yana sizu biz, xalqimiz.

Jamshid MUSURMONOV.

 Manba: O‘zA