Axborot agentliklari2018-12-29T05:55:49+00:00

O‘zA HAQIDA MA’LUMOT

O‘zbekiston Milliy axborot agentligi davlat rasmiy axborot manbai va mamlakatdagi yetakchi axborot agentligidir.

Agentlik solnomasi 1918 yili Toshkentda RosTA bo‘limi ochilganidan boshlanadi. Keyinchalik u TASS tizimidagi O‘zTAG – Respublika Telegraf Axborot agentligiga aylantirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan 1992 yil 5 fevral kunidan e’tiboran agentlik O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) sifatida qayta tashkil etildi.

Bugungi kunda O‘zA O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari faoliyati va mamlakatdagi muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarni to‘laligicha yoritib kelmoqda. Agentlikning viloyatlardagi muxbirlar tarmog‘i mamlakatning barcha hududlaridagi o‘zgarishlar va yangiliklar haqida tezkor va obektiv axborot uzatish imkonini beradi.

O‘zA axboroti o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, arab va xitoy tillarida tarqatiladi.

 

QORAQALPOG‘ISTON AXBOROT AGENTLIGI (QAA) HAQIDA

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi – QAA 1954 yil avvalgi O‘zbek axborot agentligi – O‘zTAGning Qoraqalpog‘iston bo‘limi sifatida faoliyat boshlagan. Bo‘lim asosan mahalliy gazetalarda chop etiladigan, televideniye va radio orqali efirga uzatiladigan TASS xabarlarini hamda boshqa rasmiy materiallarini qoraqalpoq tiliga tarjima qilish bilan shug‘ullangan.
1976 yil O‘zTAGning Qoraqalpog‘iston bo‘limi huzurida xabar tayyorlash tahririyati tashkil etilgan.
Ayni paytda bo‘lim xodimlari faqat tarjima bilan shug‘ullanmasdan, kunning eng dolzarb mavzusidagi axborot, maqola va reportajlar ham tayyorlamoqda. Shtat-birligi kengaygan (13 nafar jurnalist, tarjimon va texnik xodimlar faoliyat yuritadi.).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yil 5 fevraldagi Farmoniga asosan, O‘zbek axborat agentligi–O‘zTAG O‘zbekiston Milliy axborot agentligi–O‘zA bo‘lib qayta tashkil etilgandan keyin O‘zTAGning Qoraqalpog‘iston bo‘limi negizida Qoraqalpog‘iston axborot agentligi tashkil etildi. (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi agentlikning ta’sischisi hisoblanadi)
QAA Prezidentimiz va Hukumat tomonidan qabul qilinayotgan farmon, qaror va farmoyishlarni, shuningdek, muhim siyosiy ahamiyatga molik va boshqa materiallarni qoraqalpoq tilida uzatib kelmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qarg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi faoliyatiga oid rasmiy materiallarni tayyorlaydi va respublika miqyosida bo‘lib o‘tadigan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarini yoritib boradi.
QAA xabarlari qoraqalpoq, o‘zbek va rus tillarida uzatiladi.