Gazeta va jurnallar2019-01-14T07:39:05+00:00

Markaziy Osiyo davlatlarida chop etilayotgan gazeta va jurnallarga oid qisqacha ma’lumot

Qozog‘istonda ommaviy axborot vositalari faoliyatini Axborot va kommunikatsiya vazirligi muvofiqlashtiradi. Mamlakatda 2016 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 2 ming 763 ta OAV ro‘yxatga olingan, uning 86 foizi bosma ommaviy axborot vositalaridir.
Bu yerdagi “Yegemen Qazaqstan” (adadi 2017 yilgi holat bo‘yicha 200 ming nusxa) hamda “Kazaxstanskaya pravda” (100 mingdan ortiq nusxa) gazetalari hukumat nashrlari hisoblanadi va davlat tomonidan moliyaviy ta’minlanadi. Gazetalarning 76, jurnallarning 67 foizi nodavlat nashrlardir.

***

Tojikistonda 4 ta markaziy hukumat nashri: “Jumhuriyat” va “Sadoyi mardum” (tojik tilida), “Narodnaya gazeta” (rus tilida) hamda “Xalq ovozi” (o‘zbek tilida) chop etiladi. Bundan tashqari, bir qancha markaziy, shuningdek, Tojikistonning viloyat va tumanlarida davlat va xususiy nashrlar – gazeta va jurnallar chop etiladi.

***

Qirg‘izistonda 200 ga yaqin bosma nashrlar faoliyat yuritadi. Bosma milliy nashrlar mamlakat hukumati muassisligida tashkil etilgan. Bu yerda gazetalarning tiraji unchalik katta emas, o‘rtacha 2 ming 500 nusxani tashkil etadi. Eng katta tiraj “Super-info” nashriga to‘g‘ri keladi – u 100 ming nusxa atrofida chiqadi.
“Vecherniy Bishkek”, “Delo №”, “Respublika”, “Agim”, “Aalam” kabilar nodavlat yetakchi nashrlar hisoblanadi. Qirg‘izistonda “O‘sh sadosi”, “Jalolobod tongi” kabi o‘zbek tilidagi gazetalar ham nashr etiladi.

***

Turkmanistonda 2012 yil holatiga ko‘ra, 39 ta bosma nashr ro‘yxatga olingan. Markaziy nashrlar hisoblanmish “Turkmenistan” va “Neytralniy Turkmenistan” gazetalari haftada 6 marta chiqadi. Bu ikkala nashr ham Turkmaniston Prezidenti gazetasi hisoblanadi.
Turkmanistonda sohaviy nashrlarga e’tibor katta ekanini ta’kidlash joiz.