Axborot agentliklari2019-01-10T12:47:21+00:00

Dunyoning yetakchi axborot agentliklari

TASS Rossiyaning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblanadi. 1914 yilning aprel oyida tashkil topgan agentlikning axborot mahsulotlaridan bugungi kunda Rossiyaning o‘zida va boshqa davlatlarda 5 mingdan ortiq korporativ obunachilar, jumladan, mingga yaqin ommaviy axborot vositalari, ikki yuzta diplomatik vakolatxonalar, ikki mingdan ziyod ilmiy muassasa va kutubxonalar foydalanishadi.

Ayni kunda dunyoning 63 ta mamlakatida agentlikning oltmish sakkizta xorijiy vakolatxonasi, 70 ta mintaqaviy markazlari faoliyat yuritmoqda. 1 ming 500 nafardan ziyod muxbirlari bor.1918 yil TASS qoshida axborot-ma’lumotnomalar xazinasi tashkil etilgan, unda 7 milliondan ortiq hujjat saqlanadi. Mazkur agentlik bir sutkada 300 ta katta formatdagi gazeta sahifalariga teng rus va ingliz tillarida axborot tarqatadi. Agentlik arxivi qoshida MDHda eng boy hisoblangan “Fotoxronika TASS” studiyasi ham ishlab kelmoqda. Uning sayti on-layn rejimida muntazam ravishda eng so‘nggi yangiliklarni mushtariylariga taqdim etadi.

***

Fransiyaning “Frans-Press” (Agence France-Presse (AFP)) agentligi dunyodagi eng birinchi yangiliklar agentligidir. 1935 yil tashkil topgan. Boshqa agentliklardan farqi – Frans-Press Fransiya hukumati nazorati ostida ishlaydi. Agentlikning ikki yuz nafar foto muxbiri, 1 ming 200 nafar jurnalisti va ikki ming nafarga yaqin stringerlari jahonning bir yuz oltmishdan ziyod mamlakatlaridan materiallar tayyorlaydi.Agentlik har kuni ikki milliondan ortiq so‘zdan iborat yangiliklarni fransuz, ingliz, nemis, ispan, portugal va arab tillarida tarqatadi. Osiyo, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari auditoriyasini axborot bilan ta’minlaydi. Uning arxivida qariyb yetti milliondan ziyot fotosuratlar mavjud. Agentlik Yevropadagi eng katta reklama tarqatuvchi manba hisoblanadi.

***

“Assoshieyted Press” (AP; ingl. Associated Press, AP) – jahondagi nufuzli xalqaro axborot va yangiliklar agentligi. 1846 yilda Amerika-Meksika o‘rtasidagi urushni zudlik bilan ommaga yetkazish maqsadida bir nechta gazeta tahririyatlari uyushmasi negizida tashkil topgan. Qarorgohi –Nyu-York shahrida. Uning qoshida foto, teleradio studiyalari mavjud. Yevropadagi bo‘limi London shahrida joylashgan. 1978 yilga kelib AQShda axborot tarqatish borasida monopoliyaga ega bo‘lib, gazetalarning uchdan ikki qismini, 3 mingdan ziyod teleradiokanallar va 4 mingdan ortiq xorijiy nashrlarga xizmat qiladigan bo‘ldi. Dunyoning yuzdan ortiq mamlakatida agentlikning ikki yuzta muxbirlik punkti faoliyat yuritadi.

***

Reyter (Reuters) agentligi ham dunyo axborot makonida o‘z mavqeiga ega. Agentlik bugungi kunda ingliz, fransuz, arab, ispan, nemis, italyan, portugal, rus, yapon, koreys, urdu va xitoy tillarida yangiliklarni tayyorlab taqdim etmoqda.Agentlik 1851 yil Pol Julius Reyter tomonidan faqatgina Londondagi birja yangiliklarini telegraf kabellari orqali Parijga yetkazish maqsadida tashkil etilgan edi. Keyinchalik uning qoshida gazeta, 1923 yilda esa radio studiyasi tashkil etildi. 2008 yili agentlikni Thomson korporatsiyasi sotib oldi va Thomson Reuters deb nomlandi. Agentlik mahsulotlari – yangiliklar, foto va video materiallar dunyoning ko‘plab yirik informatsion nashrlari orqali tarqatiladi.

Agentlikning 14 ming nafardan ziyod xodimi dunyoning 91 mamlakatida faoliyat yuritadi.

***

Sinxua agentligi Xitoy Xalq Respublikasining Matbuot, radioeshittirish, kinematografiya va televideniye davlat boshqarmasi muassisligida faoliyat yuritadi. Agentlik 1931 yilda tashkil topgan. Qarorgohi Pekinda joylashgan. 7 tilda: xitoy, ingliz, fransuz, rus, ispan, arab, yapon tillarida yangiliklarni taqdim etadi. Osiyo, Yaqin Sharq, Lotin Amerika va Afrika mamlakatlarida muxbirlik punktlari, yuzdan ortiq sho‘’balari mavjud.Agentlik sayti juda faol ishlaydi: bugun agentlik saytiga uyali aloqa vositalari orqali 300, kompyuterdan esa 120 million nafardan ortiq mushtariy muntazam kirmoqda.