O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

2019-08-12T11:53:09+00:0030 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlik rivojida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.  Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib, ishlab chiqarish kooperatsiyasi ko‘lami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik rivojlanmoqda.

Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha komissiya yig‘ilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qat’iy intilish mavjudligini ko‘rsatdi.

Suhbatda ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.

Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish muhim va iqtisodiy jihatdan dolzarb ekani ta’kidlandi.

Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro anglashuv mavjudligini va ularning hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muloqot so‘nggida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaati yo‘lida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

O‘zA