Kimgadir kerakligingni his qilish baxti

2019-08-12T11:53:10+00:0029 April, 2019|Umumiy yangiliklar|

Yoshi ulug‘larni e’zozlash, ularning holidan xabar olish xalqimizga xos jihatlardan sanaladi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi tomonidan hududdagi faxriy jurnalistlar holidan xabar olinayotgani zaminida ham shu an’ana mujassam.

Faxriy jurnalist Bahrom Yahyoyev Sirdaryo tumani hokimligi nashri – “Sirdaryo” gazetasida ko‘p yillar bosh muharrir bo‘lib mehnat qilgan. Ayni chog‘da keksalik gashtini surayotgan 93 yoshli jurnalist bir vaqtlar o‘zi boshqargan gazetaga hozir ham maqolalar berib turadi.

– Ko‘p yillar jurnalistika sohasida ishladim, – deydi Bahrom Yahyoyev. – Tuman gazetasi tahririyatidan, hokimlikdan vakillar tez-tez yo‘qlab turadi. Ammo O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasidan shu paytgacha hali biror kishi kasb bayramida ham, boshqa tantanada ham yo‘qlamagan edi. Oxirgi paytlar biror bayram, biror tadbir sabab sovg‘a-salom bilan kelishyapti. Seni kimdir so‘rab kelsa xursand bo‘lasan, uyigga xuddi nur kirgandek bo‘ladi. Aslida gap sovg‘ada emas, gap e’tiborda.

Bugungi kunda viloyatda 20 nafardan ortiq O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi sanalgan faxriy jurnalist bor. Uyushmaning viloyat bo‘limi tomonidan belgilangan jadval va ro‘yxat asosida keksa, nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan jurnalistlar holidan tizimli ravishda xabar olinib turibdi.

Birinchi guruh nogironi, jurnalist Nuriddin Tursunov jurnalistlar ijodiy uyushmasi faollarining o‘z xonadoniga ketma-ket tashrifdan mamnunligini yashirmadi.

– Hokimlik va boshqa idoralardan tez-tez yo‘qlab turishadi, – deydi Nuriddin Tursunov. – Lekin jurnalistlar ijodiy uyushmasidan kelishlari, bir vaqtlar faoliyat ko‘rsatib, bugun jismoniy harakatlari cheklanib qolgan qolgan jurnalist uchun bu o‘zgacha quvonch bag‘ishlaydi. Mana oxirgi bir yilda uyushma a’zolari bir necha bor yo‘qladi. Bundan ruhlanib, ularga ishlashim – shu sharoitimda matnlarni o‘zbek tilidan rus tiliga, rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishim mumkinligini aytdim. Uyushma a’zolari “Sirdaryo haqiqati” gazetasi rahbariyatiga bu taklifimni yetkazishibdi. Ular bajonidil rozi bo‘lishibdi. Bu xabar meni butunlay ruhlantirib yubordi. Kimgadir kerakligingni his etish katta baxt.

Abdujalol Qayumov,

O‘zA