Imloviy xatolar qachon barham topadi?

2019-08-12T11:53:11+00:0029 April, 2019|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Prezidentimizning kitob mutolaasi, kitobxonlik targ‘iboti bo‘yicha qabul qilgan qarorlari minglab, millionlab insonlarni kitob sari yetakladi. Butun respublikamiz bo‘ylab kitobxonlar safi kengaydi.

Darhaqiqat kitob eng avvalo aholining savodxonlik darajasini o‘stiradi. Kitob, gazeta o‘qib yurgan odamlar ma’rifatli, ma’naviyatli bo‘lishlari bilan birga, xatosiz yozishni ham uddalaydilar.

Ishga kirish uchun yozgan  arizasida bir nechta imloviy xatolarga yo‘l qo‘ygan mutaxassis kitob mutolaasi bilan shug‘ullanmagan.. Tibbiy tavsiyalarida  imloviy va uslubiy xatosi bor shifokorning muolajalarida ham qandaydir kamchiliklar bo‘liщi uning savodini hamin qadar ekanidan dalolat.

Alisher Navoiy tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz, deya bejiz hikmat bitmagan. Chunki tilning o‘ziga xos qonuniyatlarini, tartib-qoidalarini bilmagan kimsa elning dardu tashvishlari, quvonchlarini ham his qilmaydi.

Bugun yangilanib borayotgan dunyo bo‘sag‘asida, globallashuv jarayonida har qachongidan ham xalqimizni savodli bo‘lishi muhim shartlardan biridir.

Tahririyatimizga nafaqat gazetxonlardan, balki turli soha mutaxassislaridan qo‘lyozma yoki elektron shaklda xatlar oqimi bir kun ham to‘xtamaydi. Ha, tahririyat har kuni kimningdir ko‘ngliga tugib qo‘ygan gaplaridan, qiynayotgan muammolaridan, quvonchli kunlaridan, ijod atalmish ilohiy ne’matga oshno bo‘lganlarning nomalaridan boxabar bo‘ladi.

Biroq… Ming afsuslar bo‘lsinki, bu xatlarning ayrimlari ruchka siyohidan bo‘yalib ketadi.

Hoh elektron shaklda bo‘lsin, hoh qo‘lyozma xatlardagi imloviy xatolarni o‘qib, bu manzarani  so‘zga e’tiborsizlikning achinarli ko‘rinishi deb bilamiz. Aksariyat hollarda muallif ismi  yozilmagan yoki ismning bosh harfi yozilgan, boz ustiga, Djamalov, Xodjayev, Kasimova, Gaffarova kabi familiyalar mustabid tuzumning asorati bo‘lib  qog‘ozlarda “aks-sado” berayotgani qalbni bir tirnab o‘tadi. To‘g‘ri, bu xatolar o‘sha vaqtlardagi notarial idoralar xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolardir. Lekin muallifning bu xatoni to‘g‘rilab yozishga huquqi bor-ku.

Tahririyatga kelgan xatlarni o‘qigach, mulohaza qildik va mualliflarning ismi shariflarini nomma-nom keltirishni, manzillari, kasb-korlarini aytishni lozim topmadik. Xatolarni ko‘rsatib o‘tishimizdan  – maqsad tilimizga hurmat va sadoqatni shakllantirish, uning boy imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanishni targ‘ib qilish, qo‘polroq qilib aytadigan bo‘lsak, savodsizlikka barham berishdan iborat.

“Bonu”dan bong urib” sarlavhali maqolani  o‘qiylik. Takror aytyapmiz, bu yerda gap maqolalar mazmun-mohiyati haqida emas, balki imloviy va tinish belgilaridagi xatolar haqida boryapti….

“Uxlab yotganlarni uyog‘otdi, be’g‘amlarni sergak torttirdi”, “Bu g‘usnijamol qizni albatta sevgi-muxabbat aylanib o‘tmadi.”, “Hammayoqqa yetmagan oqling”, kabi imloviy xatolar bilan  birga matnlarda“ H” harfi belgisining tushib qoldirilishi…

Turkum she’rlar muallifi esa  “ham” so‘zini “xam” deb qo‘llagan. Holbuki, shoir boshi egik, bukilgan holatdagi kishini “boshi xam” deb ta’riflanishini boshqalardan  ko‘ra yaxshi bilishi kerak.

Kimdir “h” bilan “x” harfida nima farq bor, deya bu holatni oddiy sanashi mumkin. Lekin bu xato qog‘ozlardan jamoat joylaridagi poster, pannolarga, ogohlantirish lavhalariga ko‘chib o‘tsachi?

Tibbiyot muassasasi bosh vrachi shifokor maslahatiga oid maqolasini yo‘llagan. Unda shunday jumlalar bor. “Xar bir bemor bu qoidalarga  amal qilishi kerak” . Bu yerda “har” so‘zining belgisi tushib qoldirilib “xar” deb yozilgan. “Xar” fors-tojik tilida eshak bo‘lsa, mumtoz adabiyotda bu so‘z ahmoq ma’nosida qo‘llaniladi. Lug‘atga tayanib o‘qiydigan bo‘lsak, shifokor yozgan jumladan “Eshak yoki ahmoq bir bemor bu qoidalarga amal qilishi kerak” degan ma’no kelib chiqadi.

Maqolalarda chetdan kirib kelgan so‘zlar o‘zbek tiliga tarjima qilinmasdan  yozilganiga guvoh bo‘lyapmiz. Tekst (matn), remont (ta’mir), analiz ( tashxis), komissiya( hay’at), konkurs(tanlov) kabi so‘zlar…

Keyingi paytlarda inglizcha atamalar asl holida, xatto yozuvi ham shu tilda matnlarga kiritilayotgani gazetxonga mutolaa jarayonida qiyinchilik tug‘diradi.

Krill yozuvini to‘liq o‘zlashtirolmagan o‘quvchi yoki talaba yozuvda adashadi.. Shu bois asosan ular tomonidan yuborilgan maqolalarda harfiy xatolar ko‘p.

Masalan, yaqin, yer, erkak, yulduz, quyosh so‘zlari yaqin, yer, yerkak, yulduz, quyosh  shaklida yozilib, xatoga yo‘l qo‘yilmoqda.

Tinish belgilarga ahamiyat bermaslik yozuvda ham, talaffuzda ham jumlani tushuniksiz holatga olib keladi. Ya’ni, jumlalarni vergul, nuqtali vergullar bilan ayirmaslik, qo‘sh nuqta, qo‘shtirnoq, chiziqchalar bilan ifodalamaslik sintaksis xato, ya’ni so‘z ma’nosiga putur yetkazishdir. Bunday holatlar yana talabalar va o‘quvchilarning yozgan maqolalarida uchraydi..

Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarda yo‘l qo‘yilayotgan harfiy, imloviy xatolar, tinish belgilarni umuman qo‘ymaslik holatlariga shunchaki voqea sifatida qarab bo‘lmaydi. Bu o‘zbek tilining tobora qashshoqlashuviga olib kelayotgan savodsizlikning o‘zginasidir.

Biz tahririyatimizga kelayotgan xatlarning ayrimlari haqida fikr yuritdik xolos. Ijodiy jamoa talabga javob beradigan maktub-maqolani  diqqat bilan o‘qib, tahrir qilib, xatolarini tuzatib, chop etishga tayyorlaydi.  Bu bilan mehnatlari zoye ketmaydi,  albatta.

Lekin bu kichik jarayon. Endilikda mehnat jamoalarida, ta’lim-tarbiya maskanlarida qog‘ozlarga muhrlanayotgan imloviy  xatolarga ham barham beradigan vaqt keldi.

Ma’mura ABDURAXIMOVA.

Manba: “Farg‘ona haqiqati” gazetasi.