Axborot globallashuvi jarayonida jurnalistikaning yangi vazifalari

2019-08-12T12:03:04+00:0019 February, 2019|Ilmiy maqolalar|

Beruniy Alimov,
filologiya fanlari bo‘yicha
falsafa doktori

XX asrning 90-yillarida istiqlolga erishgan davlatlar mustaqil taraqqiyot yo‘lini yaratish bilan bir vaqtda tobora avj nuqtasiga ko‘tarilayotgan globallashuv jarayonlari talablariga moslashishga majbur edilar. Globallashuv hodisasiga shu qadar ko‘p ta’rif berilganki, ular qanchalik xilma-xil bo‘lmasin, barchasida bir katta haqiqat – globallashuv – umumlashuv, yaxlitlashuv, o‘zaro aloqadorlik va hamkorlik ekanligi u yoki bu ko‘rinishda, shakl-shamoyilda ta’kidlanadi, takrorlanadi. Yana bir haqiqat – globallashuv, keng ma’noda olib qaralganda, ko‘proq axborot globallashuvida o‘z ifodasini topmoqda.

Bunday holat jahon media makonida axborot va umuman ommaviy axborot vositalari tushunchasini o‘zgartirib yubordi. Vujudga kelgan “yangi jahon axborot tartibi” har qanday davlat oldiga yangidan-yangi vazifalarni ko‘ndalang qo‘ydi. Qolaversa, ushbu holatga moslashish mustaqil davlatning xalqaro imiji shakllanishida hal etuvchi ahamiyat kasb eta boshladi.

Shunday ekan, xalqaro jurnalistika nima? Jahon media makoni qanday tushuniladi? Ulardagi yo‘nalishlar, manfaatlar, qonuniyatlar nimalardan kelib chiqadi? Global axboriy qarama-qarshiliklar hamda g‘oyaviy-siyosiy texnologiyalarning ta’siri mamlakatimiz jurnalistlari oldiga qanday talab va vazifalarni qo‘ymoqda? Xalqaro jurnalistika dunyosiga O‘zbekistonning integratsiyasi jurnalistlarimiz oldiga qanday yangidan-yangi talablarni qo‘ymoqda?

Bu kabi savollarga ham nazariy, ham amaliy nuqtai nazarlardan javob topa bilish jamiyatning, davlatning zamonaviyligidan, zamon talablari darajasida taraqqiy topayotganligidan, pirovardida esa xalq va davlat imiji nechog‘li mukammal yaratilayotganligidan dalolat beruvchi mezon bo‘lib qolmoqda.

Insoniyat “globallashuv” deb atalgan yangicha hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan va bu aloqalar jadal sur’atlarda kengayib, chuqurlashib borayotgan yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi. Buning natijasida “globallashuv” so‘zi iqtisodiygina emas, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa qariyb barcha sohalardagi umuminsoniy jarayonlarni qamrab oluvchi tushunchaga aylanib ulgurdi.

Axborot globallashuvi dunyo mamlakatlaridagi shart-sharoit va ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizdagi umumiylikni, o‘xshashliklarni keltirib chiqardi. Buning oqibati o‘laroq:

birinchidan, dunyoda oliy darajadagi ilg‘or jamiyat barpo etishning birdan-bir oqilona yo‘li demokratik-huquqiy davlat qurish ekanligini e’tirof etish kuchaydi;

ikkinchidan, demokratik-huquqiy jamiyatning bosh belgisi va shartlaridan biri – ommaviy axborot vositalarining erkinligi ekanligini inkor etish mumkin bo‘lmay qoldi;

uchinchidan, biror taraqqiy etgan mamlakat matbuotini erkinlashtirish sohasida erishilgan ilg‘or tajribalarni uzoq-yaqin davlatlarga tarqatish imkoniyatlari ko‘paydi;

to‘rtinchidan, xalqaro jurnalistika maktablarini qamrab olishga qodir ko‘plab muhim xalqaro hujjatlar yaratildi va hayotga tatbiq etildi ;

beshinchidan, dunyo mamlakatlaridagi matbuot erkinligi ahvolini xalqaro miqyoslarda kuzatish, ular haqida fikr-mulohaza yuritish, bahosini berish va shu asosda muayyan mamlakatdagi ahvol haqida dunyo jamoatchiligi fikrini shakllantirish odati birmuncha ommalashdi.

Sanab o‘tilgan holatlar, tabiiyki, dunyoni yaxlit axborot maydoniga aylantirib ulgurmoqda.

E’tirof etish kerak, endilikda davlatlarning qudrati, salohiyati nechog‘li ko‘p axborotga egaligi bilan o‘lchanmoqda. Eng muhimi, axborotga egalik qilish tevaragida raqobat har qachongidan kuchayib bormoqda.

Mazkur jarayonning o‘zi xalqaro jurnalistikaning qaror topishini, rivojlanishini, pirovard natijada butunjahon jurnalistikasi xususiyatlarining umumiylashuvini jadallashtirmoqda. Filologiya fanlari doktori X.Do‘stmuhamedovning fikriga ko‘ra, bu hol milliy jurnalistikani jahon jurnalistikasi nuqtai nazaridan, ayni chog‘da jahon jurnalistikasini milliy jurnalistika nuqtai nazaridan o‘rganish, tahlil qilish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda (Do‘stmuhammad X. Jurnalistning kasb odobi muammolari. T.: Yangi asr avlodi, 2007. – B. 19.).

To‘g‘ri va aniq belgilab olingan vazifalar qatorida, fikrimizcha, jahon media makoni, unda xalqaro jurnalistikaning o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati, shuningdek, milliy jurnalistikaning jahon media makonida tutgan o‘rni kabi mavzular ham dolzarb masalalar sirasiga kiradi. “Xalqaro jurnalistika”, “xorijiy jurnalistika”, yanada kengroq ma’noda qo‘llanadigan “jahon jurnalistikasi” atamalarining har biri o‘ziga xos baho, ma’no bo‘yoqlari va yo‘nalishlarga ega bo‘lish bilan birga, umuman olganda bir tushunchani ifodalaydi.

Shunga ham ahamiyat berish lozimki, aksar G‘arb mamlakatlarida “jurnalistika” so‘zi bilan bir qatorda “mass media”, “mass communications” ya’ni “ommaviy media”, “ommaviy kommunikatsiyalar” atamalari ham keng qo‘llanadi va ular birinchi navbatda tarmoqlarga bo‘lingan axborotning kompyuterlashgan va elektronlashgan tizimini nazarda tutadi.

Xo‘sh, mazkur atamalar o‘rtasida haqiqatan ham aniq bir farqlovchi mazmun bormi? Hozirgi kunga kelib jamiyatda o‘ziga xos ijtimoiy-siyosiy faoliyat sohalaridan biriga aylangan “xalqaro jurnalistika” tushunchasiga ta’rif berishdan avval shu sohaning jahon mamlakatlari taraqqiyoti jadallashuviga turtki bo‘lgan ayrim omillarini ko‘rsatib o‘tish o‘rinlidir (AQSh va Yevropa jurnalistikasi. Ma’ruza matni. – T.: 2007. – B. 4.):

Iqtisodiy omil. Umumjahon iqtisodiy makonida yangi paydo bo‘lgan davlatlar va mintaqalarni o‘z ichiga olgan iqtisodiy jarayonlarning globallashuvi;

Texnologik omil. Sanoatda, ilm-fanda, madaniyat va xizmat (servis) sohalarida axborot texnologiyalari va zamonaviy kompyuterlar orqali bo‘ladigan aloqalarning keng tus olishi, shu bilan bir qatorda, kommunikatsiya texnologiyalarining globallashuvi, ochiq jamiyatlar sonining ortib borishi;

Tabiiy-ekologik omil. Tobora tugab borayotgan tabiiy boyliklar va ichki zahiralarning jahondagi turli xalqlar va davlatlarni yagona kuch ostiga birlashishga va o‘zaro hamkorlik qilishlariga da’vat etishi hamda pirovardida, mazkur omillardan oqilona foydalanish bo‘yicha birgalikda harakat qilishni ko‘zlovchi yangicha dastur va loyihalarning ishlab chiqila boshlanishi;

Inson omili. Dunyo miqyosida umumta’lim darajasining ortishi, jamiyat bo‘g‘inlari, ilm-fan va ta’limni insoniylashtirish, ya’ni butun inson zotining huquqlarini teng ko‘rgan holda barcha uchun imkoniyat va erkinlik berish zaruratining anglab yetilishi. Insonparvarlik, tenghuquqlilik g‘oyalari, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga xizmat qiladigan o‘zaro hurmatga asoslangan xalqaro munosabatlarning shakllanishi va keng tarqalishi.

Yuqorida sanab o‘tilgan omillar, boshqa shart-sharoitlar umumdunyo miqyosida kechayotgan muhim ijtimoiy voqeliklarga faol kuzatuvchilik va sharhlovchilik qilish talabini keltirib chiqardi, bu vazifani zamonaviy professional darajada bajarish zaruriyatini tug‘dirdi. Aniqroq qilib aytganda, jahon miqyosida kechayotgan jarayonlar, voqealar dunyo miqyosida ommabop tarzda e’tirof etilishini, dunyo miqyosida ommabop ruhda tahlil

va tadqiq etilishini taqozo qildi – mazkur vazifani ado etishni esa aynan xalqaro jurnalistika o‘z zimmasiga oldi.

Yana bir muhim jihat shundaki, xalqaro jurnalistika diplomatiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning ijtimoiy, huquqiy va siyosiy me’yorlaridan keng foydalanilish zaruratiga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, milliy-madaniy o‘ziga xosliklar, qadriyatlar, mentalitet va axloqiy-tarbiyaviy me’yorlar, an’ana va aqidalar ham xalqaro jurnalistikaning tarkibiy unsurlaridandir.

Hozirgi, zamonaviy ma’nodagi jurnalistika dastlab Angliya hududida 18-asrda xususiy (ya’ni, personal) jurnalistika asosida paydo bo‘ldi va rivojlandi. Jurnalistikaning jamiyatdagi sezilarli kuchga, ta’sirga ega bo‘lishida Jonatan Svift, Daniel Defo, Richard Stil singari atoqli adiblarning o‘rni katta bo‘lgan, binobarin ularning nomlari bugungi kunda ham mamlakat jurnalistikasining asoschilari sifatida tilga olinadi.

Biroq zamonlar o‘zgarishi natijasida har bir mamlakatda ommaviy axborot vositalari tizimi turli ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda, turli holatlarga moslasha bordi. Dunyoning qaysi nuqtasida bo‘lmasin, jurnalistika real voqelikning in’ikosi, mahsuli sifatida vujudga kelgani, taraqqiy topganini ko‘rish mumkin. Har bir mamlakatda milliy jurnalistikaning o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lishi ham aynan mazkur omilga bog‘liqdir.

Sir emaski, ayni davrda Internetdan faqat o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish G‘arb mamlakatlarining asosiy maqsadlaridan biriga aylanmoqda. Rivojlangan mamlakatlarda kiber xavfsizlikni mustahkamlash masalasiga, shuningdek, Internetdan harbiy-psixologik ta’sir o‘tkazish maqsadida foydalanishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Ba’zi bir davlatlar Internetni o‘z maqsad-rejalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘ysundirishni ma’qul ko‘rsalar, ayrimlari uni cheklash, chegaralash orqali himoyalanish chorasini ishlab chiqmoqdalar.

Bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Chunonchi, Eron Islom Respublikasida mamlakatni tashqi Internetdan uzib, mutlaqo milliy ichki “o‘rgimchak to‘ri”ni yaratish ustida ish olib borilmoqda. Xitoy esa xorijiy ijtimoiy tarmoqlarni batamom yopib tashlash hamda matnni filtrlash borasida texnik choralarni ko‘rmoqda.

AQSh ma’muriyati 2012 yilda dunyoda birinchi bo‘lib Kibermakon uchun xalqaro strategiyani e’lon qildi. Ushbu hujjat asosida kiber texnologiyalardan samarali foydalanish orqali mamlakat ichkarisida xayrixoh media muhitini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ta’kidlash joizki, mutaxassislar buni AQSh tomonidan global miqyosda odamlarning ongiga

bevosita ta’sir ko‘rsatishga bo‘lgan urinish sifatida baholamoqdalar. “Rossiyskaya gazeta”da “AQSh davlat departamenti Rossiya bilan yangi urush boshlash ishlarini yakunlamoqda, – degan sensatsion xabar bosildi. – Bu urushda asosiy bosqinchilik quroli siftida kompyuter, jang maydoni uchun esa Internet tanlandi”. Belgilangan rejaga ko‘ra, rus tilida faoliyat yuritadigan barcha saytlar, blog va chatlar qattiq taz’yiq va bosim ostida qoldiriladi (Vorobev M. Belыy dom nazval Internet “polem boya”. // “Rossiyskaya gazeta”. 30 oktyabrya 2008). Mazkur vazifa yuklangan xizmat (“Tashqi raqamli aloqalar jamoasi” deb ataladi – B.A.) mutasaddilaridan biri tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Internet to‘lqinlaridagi bunday axborot jangi arab, fors va urdu tillarida ham olib boriladi.

Ayni vaziyatda axborotga bo‘lgan munosabatning tubdan o‘zgarib, uning shakllanishida mediasavodxonlikning o‘rni tobora ortayotgani bejiz emas.

Axborot jangida tug‘ilayotgan jiddiy muammolardan biri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan davlatlarning rivojlanganlik darajasiga borib taqalmoqda. Deylik, qudratli davlat hali rivojlanmagan yosh mustaqil davlat bilan hamkorlik borasida ahdlashuvga kelishdi. Va qudratli davlat yosh mustaqil hamkor davlatni istalgan tarzda nazorat qilishdan toymaydi, hali bunday imkoniyati bo‘lmagan davlat esa passiv holatda qolaveradi. Xo‘sh, bu holda hamkorlikdagi teng huquqlilik saqlanishi mumkinmi? “AQShda yaratilgan o‘ta qudratli AKT-imkoniyati shu kabi xavotirni keltirib chiqaradi (Rogovskiy Ye.A. Kiber-Vashington: globalnыe ambitsii. M.: Mejdunarodnыe otnosheniya. – 2014. –S. 10.), – deb yozadi Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vazirligining maxsus xodimi, professor A.Krutskix. – Hamkor tomonlardan biri ikkinchi tomon maqsadlarini nazorat ostiga olish imkoni bo‘lsa, ikkinchi tomon bunday imkoniyatdan mahrum bo‘lsa, bunday hamkorlikni teng huquqli deya olamizmi?”

Umuman olganda bunday harakatlar nimalardan dalolat beradi?

Avvalo, AQShning iqtisodiy, texnik imkoniyatlari cheksizligidan, qolaversa, AQSh o‘z manfaatlari yo‘lida hech qanday xatti-harakatlardan toymasligidan dalolat bermoqda. E’tiborli joyi shundaki, AQShdek qudratli davlat bu kabi yangiliklardan ko‘zda tutgan bosh maqsadini yashirmayapti, balki Internet to‘lqinlarida Amerika manfaatlariga zid keladigan har qanday chiqishlarga qarshi kurashishga bel bog‘laganini ochiq-oshkora e’tirof etmoqda. Ya’ni, AQSh shu yo‘l bilan ham xalqaro axborot makonidagi imiji salmog‘ini yanada kuchaytirishni ko‘zlamoqda.

E’tiborli tomoni shundaki, bu singari tizimlarni qudratli davlatlardan tashqari hech bir davlat yoki markazlar cheklash yoki nazorat qilish imkoniga ega bo‘lmaydi. “Aslida, – deb yozadi o‘zbek publitsisti

J.Meliqulov, – buning ortida G‘arb qadriyatlari va qoliplariga moslangan g‘oyalarni butun dunyoga joriy etish va shu orqali o‘z ta’sir doirasini kengaytirish istagi yotadi. Maqsad esa ongni eksport qilish” (Meliqulov J. Importlashayotgan ong yoxud globallashayotgan dunyo muammolari. // “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi. 2006 yil, 1 dekabr. 48-son (3877), 2-bet).

Jahon media makoni – xalqaro jurnalistikaning hozirgi tarixiy palladagi insoniyat, jumladan, davlatlar, xalqlar, millatlar taqdiridagi o‘rni, ahamiyati shu qadar ulkanki, bir so‘z bilan aytganda, “Shuni alohida ta’kidlash joizki, butun dunyo yagona axborot makoniga aylangan bugungi kunda insonni kamolotga chorlaydigan ezgu ta’limotlar bilan yovuz g‘oyalar o‘rtasidagi kurash tobora keskinlashmoqda” (Mirsaidova M. Hayot bilan hamqadam. / O‘zbekiston matbuoti. 2014, №5. – B.15.).

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, jahon jurnalistikasini tahlil etishda unda ro‘y berayotgan barcha jarayonlar, yangi tendensiyalarni to‘la-to‘kis qamrab olishning imkoni yo‘q, albatta. Lekin ayni paytda saqlanib kelayotgan milliy o‘ziga xosliklarni milliy manfaatlarga putur yetkazmagan holda ko‘rib chiqish va axborot jamiyati sari intilish jarayonida asqotadigan birmuncha samarali bo‘lgan tamoyillarni belgilab olish bugungi milliy jurnalistikamiz uchun zaruriy vazifalardandir.

Globallashuv va hozirgi turmush jarayonining keskin sur’ati, ilmiy-texnika taraqqiyoti, yangi axborot texnologiyalari hayotimizni, umuman jamiyatni jadal ravishda o‘zgartirmoqda. Bunday sharoitda kishilik jamiyatining jurnalistlar oldiga qo‘yadigan talablari ham o‘zgarmoqda.

Darhaqiqat, bugungi rivojlangan davrda barcha sohalar singari OAV sohasida ham tub burilishlar yasaldi. Yadro poligonlaridan ham qudratli bo‘lgan axboriy xurujlarga, yangi tamaddun – globallashuv jarayonining “xurmacha qiliq”lariga dosh berish uchun esa professional jangchilar – jurnalistlar tarbiyalanmoqliklari darkor. Global axboriy makonda esa jurnalistlar ham siyosatchi, ham davlat arbobi, ham millat himoyachisi sifatida faoliyat yuritmog‘i joiz.

Gap g‘oyaviy-siyosiy texnologiyalar haqida borar ekan, uning destruktiv usullari endilikda eng aktual bo‘lgan axborot makoni orqali davlat va jamiyat qurilishiga, fuqarolar ongi va erkinligiga birdek xavf soladi. Bunday holat yana bir karra jurnalistlarimizdan faollikni va dadil pozitsiyada bo‘lishni talab etadi. Chunki, matbuotda, mutaxassislar tomonidan e’lon qilinayotgan suhbatlar, tadqiqot va tahlillarda takror-takror ta’kidlanayotganidek, “Bugun axborot texnologiyalari orqali boshqa bir mamlakatdagi haqqoniy vaziyatni ongli ravishda buzib ko‘rsatish, u

yerdagi siyosiy rahbariyat va fuqarolar kayfiyatiga maqsadli ta’sir qilish amaliyoti borgan sari keng ko‘lam kasb etmoqda. Bu esa jahon hamjamiyati uchun katta muammo bo‘lib qolayotir” (Mirnosirov M. Global ta’sir vositasi. // Tafakkur. – 2004, №2. B.83).

Maqolada bayon etilgan fikr-mulohazalar, tahlillar asosida quyidagi xulosalar chiqarildi:

– globallashuv jarayonlari juda ko‘plab o‘zgarishlar qatori mutlaqo yangi jahon axborot tartibini vujudga keltirdi, bu tartib katta-kichik davlatlarda deyarli barcha sohani, jumladan axborot va OAV sohasini tubdan isloh etishni taqozo qildi;

– yangi jahon axborot tartibi sharoitida dunyodagi barcha mamlakatlar uchun umumiy bo‘lgan xususiyatlar shakllandi, bu hol xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tajriba almashishni osonlashtirdi;

– jahon jurnalistikasida ikki xil tendensiya kuzatildi: birinchisi – deyarli barcha davlatlar o‘xshash islohotlar jarayonlarini boshdan kechirdilar, ikkinchisi – ayni vaqtda har bir davlat o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘ldan bordi. Xususan, yosh mustaqil davlatlar mazkur ikki yo‘l orasida muvozanatni saqlash, uyg‘unlikni ta’minlashga harakat qildilar. Ushbu holat ham davlatlarning xalqaro imijini oshirish va mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etdi;

– globallashuv sharoitida dunyo axborot makonini egallashga urinishlar, unga mutlaq egalikka intilish kayfiyatlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Bu xalqaro mediamakonda axborotning monopollashuviga yo‘l ochmoqda, ayrim hollarda esa qudratli davlatlarning endigina rivojlanayotgan, endigina mustaqillik yo‘lini tanlagan yosh davlatlar manfaatlari bilan hisoblashmagan holda ish tutishlarida o‘z aksini topmoqda;

– axborotlashuv sharoitida axborotga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi va uning shakllanishida mediasavodxonlikning o‘rni tobora ortib bormoqda;

– jahon mediamakonidagi real shart-sharoit va tinimsiz yuz berayotgan o‘zgarishlar milliy jurnalistikamizda keng ma’nodagi professionallashuv masalasiga alohida e’tibor qaratilishini taqozo etmoqda.