PRESS-RELIZ

2019-08-12T12:03:12+00:007 February, 2019|Press-relizlar|

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Ijtimoiy-iqtisodiy va ekologiya kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, talabalar, internet tarmog‘ida ushbu sohani yoritayotgan mutaxassislar, blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar yurtimiz ommaviy axborot vositalari mazkur sohalarda amalga oshrilayotgan islohotlarni jamolatchilikka yetkazishdagi ishtirokini alohida ta’kidladilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taklifiga muvofiq 2019 yil mamlakatimizda «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb e’lon qilindi. Bu o‘z navbatida 2018 yilda mamlakatimizda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va davlat boshqaruviga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amalga oshrilgan chora-tadbirlarning uzviy davomidir. Yurtimizda 2018 yilgi Davlat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida 21 trillion so‘m va bir milliard AQSh dollariga teng 76 mingta loyiha amalga oshirildi. Bundan tashqari «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga muvofiq 400 dan ortiq qishloq va mahallada munosib turmush sharoitlarini yaratishga qaratilgan qurilish va obodonlashtirish ishlariga 3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. «Har bir oila — tadbirkor» va «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlari doirasida ikki trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilib, joylarda 2 600 dan ortiq biznes loyihalar amalga oshirilgan.
Tadbirda kengash a’zolari ushbu vazifalar haqida to‘xtalib, mazkur vazifalarni mazmun-mohiyatini xalqimizga targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni haqida to‘xtaldilar.
Bundan tashqari Ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mehnatga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini 2019 yil —Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ham bu sohalarda bajariladigan ishlar belgilab berilgan. Jumladan, iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb etish sohasida — makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, valyuta siyosatini erkinlashtirishni davom ettirish belgilangan. Ijtimoiy rivojlanish sohasida — aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlarning daromadlarini oshirish, fan va uzluksiz ta’limni rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va ular bilan aholini qamrab olishni kengaytirish, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularni munosib turar joy bilan ta’minlash va farovonligini oshirish, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, turizmni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek anjumanda, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘qituvchisi, adabiyotshunos olim, filologiya fonlari doktori Rashid Zohidov Alisher Navoiy ijodida insonparvarlik, ko‘ngil va tabiat uyg‘unligi, odamiylik g‘oyalarining o‘rni va ahamiyati xususida ma’ruza qildi. Olim Navoiy ijodida tabiat va inson manzaralari haqida to‘xtalar ekan, ona-zaminni asrashda ulug‘ shoirning asarlari va g‘azallarini teranroq anglash zaruratini ta’kidladi.
Kengash yig‘ilishida jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob qaytarilib, tegishli taklif va tavsiyalar qabul qilindi.