Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi Harbiy-vatanparvarlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

2019-08-12T12:07:05+00:007 January, 2019|Press-relizlar|

Anjumanda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimiz mustaqilligini mustahkamlash va xalqimiz farovonligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida barcha sohalarda yuksak natijalarga erishilayotgani ta’kidlandi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida o‘tkazilayotgan islohotlar mamlakatimizning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi, barqaror rivojlanishi va xalqimiz tinchligini yanada ishonchli himoyasini ta’minlash imkonini bermoqda.

Milliy armiya jamiyatimizning ajralmas qismiga hamda o‘sib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi yetakchi kuchga aylanmoqda. Vatanni himoya qilish yoshi, faoliyat sohasi va kasbidan qat’i nazar har bir fuqaroning chinakam sharafli burchidir. Har yili yurtimizda 14 yanvar—Vatan himoyachilari kuni umumxalq bayrami sifatida qarshi olinadi. Ushbu kunlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbida tug‘ilib o‘sgan ona zaminiga bo‘lgan muhabbatni mustahkamlaydi, ularni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilgan sana hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, aholida milliy armiyadan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonch hissini oshirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni ta’minlash maqsadida 2018 yilning 13 dekabrida O‘zbekiston Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyish imzolandi.

Farmoyishga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 27 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishga bag‘ishlangan vatanparvarlik oyligini 2018 yil 15 dekabrdan 2019 yil 15 yanvarga qadar o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bu yilgi bayram tadbirlari “Vatan – muqaddas, uni himoya qilish sharafli burchdir!” degan umumiy g‘oya ostida tashkiliy jihatdan yuksak saviyada amalga oshirilyapti.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, «Vatanparvarlik oyligi» davomida «Harbiy-vatanparvarlik karvonlari»ning ta’lim muassasalariga tashrifini uyushtirish, yoshlar o‘rtasida «Men, albatta harbiy bo‘laman!», «Eng yaxshi mahalla» va «Eng yaxshi Jasorat klubi», “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovlarini o‘tkazish kabi ko‘plab vazifalar ko‘zda tutilgan.

Bugungi tahlikali zamonda bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch-osoyishta, erkin va obod hayotni har tomonlama asrab-avaylash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lib qolmoqda. Shu maqsadda milliy armiyamizni yanada takomillashtirib, uni zamonaviy texnika-texnologiyalar bilan jihozlash hamda taktik jihatdan yuqori darajadagi tayyorgarlikka ega qo‘shin turlarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz tomonidan milliy armiyamiz tarkibida xizmat qilish har bir o‘zbek o‘g‘lonining orzusi bo‘lishini ta’minlash maqsadida o‘tgan bir yarim yil mobaynida qator chora-tadbirlar belgilandi. Binobarin, davlatimiz rahbari tomonidan o‘nga yaqin qaror va farmonlar imzolandi. Bu o‘z navbatida Qurolli Kuchlarimizning jangovar salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili esa mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mazkur farmoyishda oylik bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritishga alohida e’tibor qaratilgan. Unga ko‘ra O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda o‘tkazilayotgan bayram tadbirlarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini, Qurolli Kuchlarni isloh qilish va rivojlantirish borasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, shuningdek, armiyadagi harbiy xizmatning nufuzini oshirishga qaratilgan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoyalash masalalariga bag‘ishlangan maqolalar, turkum teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tashkil etilmoqda. Ushbu vazifalarni umumlashtirish maqsadida esa O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshida Harbiy-vatanparvarlik kengashi ham qator vazifalarni amalga oshiriyapti. Bu esa davlatimiz mudofaa siyosatining ochiqligiga xizmat qilayapti.

Mamlakatimizdagi OAVning bu jarayonni yoritish, yutuq va kamchiliklarni tahlil qilishdagi roli qanday bo‘lmoqda? Mudofaa sohasini ommaviy axborot vositalarida yoritish tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan yilda respublikada chop etilayotgan bosma OAVda taxminan 1200 dan ziyod maqola, 600 dan ziyod fotosurat chop etilgan. Shundan taxminan 90 foizi “Vatanparvar” gazetasi va “O‘zbekiston armiyasi” ulushiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, bu mavzuda boshqa gazetalarda ham qator maqolalar chop etilyapti. Jumladan, “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 22 fevral sonida Mirbaxtiyor Mirfayziyevning “Vatan himoyasi – sharafli burch”, “Ma’rifat” gazetasining 3 mart sonida Iroda Toshmatovaning “Yoshlar harbiy-vatanparvarlik ruhida kamol topadi”, “Hurriyat” gazetasining 28 mart sonida E. Yodorovning “Chegarachilar qasamyodi”, “Toshkent oqshomi” gazetasining 29 mart sonida Ablay Kamolovning “O‘zbekiston qurolli kuchlari akademiyasi bilan tanishing, yoshlar!”, “Mahalla” gazetasining 7 aprel sonida L. Suvonovning “Chinakam mardlik, matonat va jasorat maktabi”, “Yoshlar ovozi” gazetasining 10 aprel sonida Zulfizar Mavlonovaning “Yo‘lida sobit o‘g‘lonlar”, “Milliy tiklanish” gazetasining 18 aprel sonida Orif Xoliqulovning “Vatanparvar yoshlar – yurt kelajagi, “Xalq so‘zi” gazetasining 22 iyun sonida Munisxon Karimovaning “Harbiylar va kitobxonlik madaniyati”, “Adolat” gazetasining 22 iyun sonida Jobir Razzoqovning “Harbiy xizmat: imkoniyat va qulayliklar” kabi materiallar berildi. “Pravda Vostoka” gazetasida tizimli ravishda “Sluju, tebe Uzbekistan!” rukni ostida maxsus sahifalar berib borilmoqda.

Albatta, OAVda ushbu mavzuni yoritilishda yetarli imkoniyatlar mavjud. Biroq, O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, mustaqillikni, tinch va osoyishta hayotni asrash borasida davlatimiz rahbari tomonidan yuritilayotgan siyosat xalqimizga to‘laqonli yetkazib berishda qator kamchiliklar bor. Faqatgina sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar borasida qanchadan qancha tahliliy material tayyorlash mumkin. Mavzu yuzasidan yoritilayotgan materiallarning 80 foizidan ortig‘i xabar janrida berilgan. Tahliliy materiallar juda kam. Ixtisoslashuv ham yetishmaydi. Tadbirda ana shu kamchiliklar va muammolar mutaxasssislar tomonidan atroflicha muhokama etildi.

Yig‘ilish yakunida jurnalistlar savollariga atroflicha javob qaytarildi.