“Ma’rifat”ga samimiyat keltirgan rahbar

2020-10-19T09:58:52+00:0019 October, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ustoz jurnalist, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni sovrindori Sa’dulla Hakimovning “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri vazifasida to‘rt yil davomida qanday amallar qilganligini batafsil tasvirlamasdan, bir misol bilan kifoyalanamiz. Jamoaga qo‘shilganimizga bir yil bo‘lgan fursatda, ya’ni 1996-yili tahririyatga uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangani to‘g‘risida Prezident farmoyishini maxsus konvertda keltirib, imzolatib ketishdi. Ezgu g‘oyalar bilan endi ish boshlagan yosh jurnalistga suyanchig‘ining boshqa ishga o‘tishi (katta lavozimga ko‘tarilayotgan bo‘lsa-da) kishini noqulay ahvolda qoldirarkan. Jamoani yig‘ib, Prezident farmoyishini o‘qib, yelkasiga chopon yopganimizda, Sa’dulla aka o‘ta samimiyat bilan jamoadan rozi ekanligini aytib, o‘zi ham rozilik so‘radi. Ko‘pchilik ochiqchasiga yig‘lagandi o‘shanda…

Negaki, Sa’dulla aka tahririyat rahbarligiga ishga kelganda xodimlar uch guruhga ajralib qolgan (muassis tomon, ularga qarshi va o‘z qalamiga ega bo‘lgan jurnalistlar), bir-biri­ning ustidan yozishmalar qo‘pgan payt bo‘lgan. Oradan to‘rt yil o‘tgan fursatda ijodiy faoliyatni erkinlashtirish, gazeta mazmunini yaxshilash, rasmiy yozish uslubidan qochish, eng asosiysi, tahririyatdagi muhitni tozalash, insoniy munosabatlarni joriy etishga bo‘lgan harakatlari, chekkan mashaqqatlari uning tahririyatni tark etishi davridagi ruhiy holatga kuchli ta’sir qilgandi.

Rahbarlikni ustozdan qabul qilib, uning mashaqqatlariga ilk bora duch kelinganidanoq bu insonning sabr-bardoshi, tang holatdagi sermulohazaligi, muammoni bartaraf etishda masala­ning barcha nozik jihatlarini nazardan qochirmasligi, turli darajada va kayfiyatdagi xodimlar ko‘ngliga yo‘l topish mahoratiga tahsin o‘qiganmiz.

Sa’dulla Hakim 69 yoshda edi. U Jizzax viloyatining Forish tumanidagi so‘lim maskan, havosi musaffo, odamlari shoir she’rlaridek samimiy Garasha qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirgi O‘zbe­kiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan bo‘lsa-da, faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituv­chilikdan boshlagan. Shu bois o‘zining “Ma’rifat” gazetasiga kelib qolishi bejiz emasligini o‘zaro suhbatlarda takrorlab turardi.

Jurnalistik faoliyatini esa “O‘zbekis­tonda sotsial ta’minot” jurnali mas’ul kotibligidan boshlagan. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida bo‘lim mudirligidan bosh muharrirligigacha, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, “Tur­kiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori va keyingi vaqtlarda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi sifatida mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, soha xodimlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berishga harakat qildi.

Ba’zi jurnalistlar uyushma faoliya­tidan norozilik bildiradilar. Fursat g‘a­nimatda guvoh sifatida aytishim mumkinki, Prezident o‘z nutqida alohida ta’kidlagan bo‘lsa-da, yosh jurnalistlarga uy-joylar ajratish, doimiy ro‘yxatda turish masalalari bo‘yicha qilgan murojaatlari ijro organlarining e’tiborsizligi, byurokratik to‘siqlarga duch kelayotganidan afsuslanar, choralar qidirardi.

Shu bilan birga matbuot sohasidagi ilmiy izlanishlarni ham surishtirar, erkin so‘z aytishni jamiyatga singdirish murakkab vazifa ekanligini, bu jarayon haqiqatan ham ilmiy asoslanishi zarurligini takrorlardi. Shu kunlarda esa taklif etayotganimiz — O‘zbekistonda axboriy jamiyat matbuoti nazariyasini uyushma rahbari bilan birga bosqima-bosqich hayotga tatbiq etish strategiyasi ustida ishlayotgan edik.

Sa’dulla Hakimning qanday shoir bo‘lganligini mutaxassislar aytishgan, bundan keyin ham yozishar. Uning “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so‘z”, “Saylanma”, “Ko‘ngil yuzi”, “Ko‘hna naql”, “Bola Botir”, “Oqsaroy” nomli she’r va dostonlari jamlangan kitoblari adabiyot muxlislariga yaxshi ma’lum. Jahonda mashhur bo‘lgan Gyote, Pushkin, Lermontov, Yesenin, Yunus Emro kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilgan.

Toshkentdan yiroqdamiz. Kutilmagan gapdan ko‘ngil xufton, bu sovuq xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham aks-sado berdi. Shu bois ijtimoiy tarmoqlarda bitilgan ba’zi dilnomalarni keltirishni lozim ko‘rdikki, bu yodnoma bir kishiniki emas, ko‘pchilikniki bo‘lsin.

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Jahongir Ismoilov: “Talabalikdan bir burda nonni birga baham ko‘rgan do‘stim… Mehr-oqibatli, dilkash INSON, qalban SHOIR, jo‘shqin va teran ijodkor edi”.

Filologiya fanlari doktori, professor Fayzulla Mo‘minov: “Sa’dulla aka haqiqiy jurnalist va buyuk shaxs edi”.

Taniqli rassom va adib Gulnora Rahmon: “Yaxshi inson, dilbar shoir edilar”.

Betakror yozuvchi Isajon Sulton: “Yaxshi shoir, ustoz jurnalist edi”.

Mahoratli pedagog, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sovrindori Mahmuda Valiyeva: “Samimiy, poki­za inson, adolatli rahbar, “Ma’rifat” gazetasida bosh muharrir, mehribon ota edilar”.

Telejurnalist, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Yulduz Fayziy: “Ustozim, juda mehribon inson… Esimda 2008-yil mart oyi, bundan 12 yil oldin Davlat mukofoti bilan taqdir­lanish oldi tabrikladilar. “Nima bo‘lyapti endi”, dedilar… “Taqdirlash marosimiga tayyorgarlik, qizlar bilan bozorga ketyapmiz”, desam, “ma, mendan senga suyunchi, sahnaga kiyadigan tuf­lingni olarsan, eslab yurasan”, dedilar. O‘sha vaqt qizlar bilan sahna uchun bir xil oyoq kiyim olardik. O‘shanda ular “Turkiston-press” axborot agentligining rahbari edilar. Sokin inson, daryodil inson, Ustozim…”.

Ustoz haqida ko‘p xotiralar bor. Shaxmatni yaxshi ko‘rardi. Mumtoz musiqani sevardi. O‘ziga yaqin davralarda tor chalib, katta pardalarda binoyidek qo‘shiq aytardi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Xalqaro Xoja Ahmad Yassaviy mukofoti laureati Baxtiyor Xolxo‘jayev “bolalikdan birga o‘sgan qadrdon shoir do‘stim bilan “Sen kutgan bahor”, “Navro‘z”, “Chaqmoq”, Yo‘qolmas”, “Ey, ko‘ngil” kabi bir qator she’rlari bilan ijodiy hamkorlik qilganmiz”, deydi uni eslab.

Maqolani Sa’dulla aka “Ma’ri­fat”da bosh muharrirlik qilganligi haqidagi gap bilan boshlagandik. Uning yakunini ham shu gazetadagi faoliya­tiga oid munosabat — o‘sha kez­larida bu insonga duch kelgan muallim Donoxon Usmonovaning fikrlari bilan xulosalashni lozim ko‘rdik:

“1993-yili “Yil o‘qituvchisi” ko‘­rik-tanlovining shahar bosqichida ha­kam bo‘lganlar. 90-maktabda notanish sinf­da jonli dars berganman. Mashg‘ulot tugagach o‘quvchilar meni o‘rab olish­di va “ertaga ham siz dars o‘ting”, deyishdi. Jarayonni kuzatib turgan hakamlardan biri ustoz Sa’dulla Hakim yonimga keldilar-da, “Bilasizmi, sizning eng katta yutug‘ingiz birin­chi darsning o‘zidayoq bolalar qalbidan o‘rin olgani­ngiz”, dedilar. Keyin ham ko‘p ko‘ri­shish nasib etgan. Juda samimiy va halol inson edilar”.

Ha, aytar gapimiz ko‘p hali.

Ollohdan iltijomiz bor xolos — Ustoz­ning oxiratlarini obod qilgin!

Halim SAYID,

“Mehnat shuhrati” ordeni,

“Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori.

 (“Ma’rifat” gazetasi saytidan olindi.)